Rossiya «dunyodagi ilk vaksina»ni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Putin sinovda qizi ham qatnashganini aytdi

Rossiya «dunyodagi ilk vaksina»ni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Putin sinovda qizi ham qatnashganini aytdi

Rossiyada koronavirusga qarshi vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Vladimir Putin ma’lum qildi.

Bu dunyoda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan ilk vaksina hisoblanadi. Oldinroq Yevropa va AQShda rossiyalik olimlarning vaksina ishlab chiqarish tempiga shubha bilan qarashgandi. Farmatsevtika kompaniyalari esa vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshmaslikka chaqirgandi.

«Qaytaraman, hamma sinovlar o‘tkazib bo‘lindi»

«Bilishimcha, bugun ertalab koronavirusga qarshi dunyodagi ilk vaksina ro‘yxatdan o‘tkazildi», dedi Vladimir Putin hukumat vakillari bilan uchrashuvda.

«Men u ancha samarali ishlayotganini bilaman, vaksina barqaror immunitetni hosil qiladi. Shuni takroran aytamanki: u barcha kerakli tekshiruvlardan o‘tdi», degan Rossiya prezidenti.

Putin Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashkodan vaksina haqida gapirib berishni so‘ragan.

«Klinik sinovlar vaqtida vaksina yuqori samaradorlik ko‘rsatdi va xavfsiz ekani tasdiqlandi. Sinovda qatnashgan barchada yetarli darajada antitanachalar paydo bo‘lgan. O‘z navbatida ularda immunitet pasayish holatlari kuzatilmagan», degan Murashko.

Putinning qizi ham sinovda qatnashgan

Ma’lum bo‘lishicha, Vladimir Putinning qizlaridan biri ham emlash jarayonida qatnashgan. Putin qaysi qizi emlangani haqida aytmagan. U hech qachon qizlari haqida ma’lumot bermagan, biroq OAVda ularning ismi Mariya Voronsova va Katerina Tixonova ekani aytiladi.

«Vaksina adenovirus bazasida ishlab chiqilgan va uning ustunligi shundaki, sinovlar odamlarda o‘tkaziladi. Vaksina kerakli immunitet shakllantirganidan xabarim bor, axir qizlarimdan biri ham emlashda qatnashdi», deydi Putin.

Putinning aytishicha, birinchi emlashdan keyin qizining isitmasi 38 darajaga ko‘tarilgan, keyingi kunda esa 37 darajadan biroz yuqori bo‘lgan.

«Shu bilan bo‘ldi. Ikkinchi ukoldan so‘ng isitmasi biroz ko‘tarildi va keyin «senlashga o‘tishdi» (virus bilan chiqishib ketishdi ma’nosida – tarj.), hozir o‘zini yaxshi his qilyapti», degan Rossiya yetakchisi.

Prezident Rossiya vaksinani ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etishiga umid qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, Rossiyada emlash ixtiyoriy bo‘lishi kerak.

O‘z navbatida, Mixail Murashko vaksinani Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya markazi hamda «Binnofarm» kompaniyasi ishlab chiqarishi haqida xabar berdi.

Shuningdek, 2021 yil 1 yanvar kuni koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasi muomalaga chiqarilishi va keng ommaga taqdim etilishi ma’lum bo‘ldi.

Farmatsevtikachilar shoshilmaslikni so‘rashyapti

Rossiya Klinik tekshiruvlar assotsiatsiyasi mamlakatda ishlab chiqarilgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uchinchi bosqich sinovlari yakunlanishini kutish kerak deb hisoblamoqda. RBK nashriga kelib tushgan hujjatga ko‘ra, agentlik rahbari Svetlana Zavidova sinovlarda 100 nafardan kam odam qatnashganini, uchinchi bosqichda esa minglab odamlar sinov jarayonida qatnashishini ma’lum qilgan. Vaksinani sinovdan o‘tkazishning eng muhim qismi aynan uchinchi qismi bo‘lib, bunda preparatning xavfsizligi va immuniteti past odamlarga qanday ta’sir qilishi sinovdan o‘tkaziladi.

«Vaksina asoschilari uni dastavval qo‘llashdagi xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan odamlar, jumladan nafaqaxo‘rlarni emlashda ishlatishmoqchi. Biroq vaksina qariyalarga salbiy ta’sir qilmasligi haqida hech qanday isbot yo‘q», deyilgan RBK e’lon qilgan xabarda.

Ma’lumot uchun, Klinik tekshiruvlar agentligi xususiy tashkilot hisoblanadi va unga ko‘plab farmatsevtika korxonalari qatorida Pfizer, AstraZeneca va Bayer kabi sohaning dunyodagi yirik gigantlari ham a’zo.

Rosdravnadzor javobi

RBKda e’lon qilingan materialdan keyin Rossiya sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat nazorat tashkiloti Rosdravnadzor bu borada munosabat bildirdi.

«Klinik islohotlar agentligining vaksina haqidagi iddaolari tekshiruvlarga asoslanmagan. Sinovning uchinchi bosqichi ro‘yxatdan olishdan oldingi oxirgi bosqich hisoblanadi va unda minglab ko‘ngillilar qatnashadi. Bu pandemiya davridagi yirik tekshiruv bo‘ladi», deyiladi raddiyada.

Roszdravnadzor rahbarining o‘rinbosari Valentina Kosenkoning aytishicha, vaksina qonunchilikka muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

«Vaksinani tajribalar yakunlanmay turib ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lmaydi. Rossiya turli vaksinalarni ishlab chiqarish bo‘yicha boy tajribaga ega va bizda ko‘plab ilmiy tekshiruv markazlari bor. Vaksina ishlab chiqilgan Gamaleya nomidagi markaz kerakli talablarni bajarmaganiga ishonish qiyin», deydi Kosenko xonim.

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bosh infeksionisti Nikolay Briko ham vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishni paysalga solish uchun asos yo‘qligini aytgan.

«Hozircha uchinchi bosqich o‘tkazilmaydi. Bizda kasallikdan ogohlantiradigan yoki uni birdaniga davolaydigan mo‘jizaviy dori yo‘q. Kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan odamlarni himoya qilish juda muhim. Vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishda qonunbuzarlik bo‘lmaydi», degan Briko.

Rossiya vaksinasiga ishonchsizlik

G‘arbda Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinaga ishonchsizlik bildirish holatlari uchramoqda. Bu haqda nafaqat OAVda yozishmoqda, balki mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tizimiga javobgar insonlar ham gapirishmoqda. Masalan, AQSh bosh infetsionisti Entoni Fauchi Rossiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksinalarga shubha bildirgan va ularning sinovlari juda tez yakunlanganini g‘alati deb atagan.

Ma’lumot uchun, Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko 1 avgustda koronavirus vaksinasining birinchi klinik sinovlari yakunlangani, oktyabrdan rossiyaliklarni ommaviy emlash boshlanishini aytgandi. Rejaga ko‘ra, uchta kompaniya vaksina ishlab chiqarishga kirishadi. Oldinroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin butun mamlakatda bepul emlash o‘tkazilishi borasida ko‘rsatma bergani ma’lum bo‘lgandi.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social