Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi berildi.

Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi berildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 maydagi qarori bilan Toshkentdagi xalqaro aeroportga O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi berildi.

Hujjat bilan bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida xalqaro aeroporti infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining har tomonlama tayyorlanishini va asoslanishini ta’minlash bilan shug‘ullanuvchi maxsus komissiya tashkil etildi.

Bosh vazir «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqadi.

Dasturda quyidagi ustuvor vazifalarni bajarish o‘z aksini topishi belgilangan:

  • rejim-qo‘riqlash chora-tadbirlari tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, aeroportda zamonaviy, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yo‘lovchilarning bojxona, chegara va immigratsiya tartibotlaridan o‘tish vaqtini qisqartirish;
  • mavjud tarkibni tanqidiy tahlil qilish hamda bojxona, chegara va immigratsiya xizmatlari, ichki ishlar organlari va aeroportda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi xodimlari barcha toifalarini tanlashga nisbatan talabchanlikni oshirish, ular tomonidan xizmat vakolatlarining har qanday tarzda suiiste’mol qilinishining oldini olish va ularga barham berish;
  • poytaxtga va respublikaga keladigan yo‘lovchilar, mehmonlar va xorijiy delegatsiyalarga xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini ta’minlash, O‘zbekistonning bosh havo bandargohida o‘zbek xalqiga qadimdan xos bo‘lgan samimiy iltifot va mehmondo‘stlik muhitini yaratish;
  • zarur qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutgan holda aeroportning tegishli infratuzilma xizmatlari faoliyati samaradorligini ta’minlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ularning bagaji bilan ishlashning texnologik jarayonini optimallashtirish;
  • kuzatib qoluvchilar va kutib oluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maxsus ajratilgan hududda avtotransportlar to‘xtash joylarini tashkil etish, obodonlashtirish masalalarini kompleks hal etish;
  • aeroportning barcha xizmatlari faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish, shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning yanada qulay shart-sharoitlarini yaratish uchun ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish.

Manba: gazeta.uz

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social