Uorren Baffet Berksihre Hathaway investorlariga an’anaviy maktubida yillik daromadning 1900 foizga o‘sishi, investitsiyalarning nikohga o‘xshashligi, aksiyalarning obligatsiyalarga nisbatan afzalligi va fond bozoridagi bo‘lajak inqiroz haqida ma’lum qildi.
Baffetning har yilgi murojaati Uoll-stritda diqqat bilan kuzatib boriladigan hodisa hisoblanadi, deb yozadi USA Today. Investorlar va tahlilchilarni kompaniyadagi moliyaviy ahvol hamda milliarderning har yili o‘z maktubida beradigan maslahatlari qiziqtiradi. Forbes milliarderning maktubini qisqartirib chop etdi.
Berkshire Hathaway 2019 yilda 81,4 milliard dollar sof daromadga erishgan. O‘sish 2018 yildagiga nisbatan 1900 foizni tashkil etgan.
Baffet bu o‘sishni Donald Trampning soliq islohoti doirasida 2018 yilda kiritilgan yangi hisobot qoidalari bilan izohlaydi. Ular tufayli qimmatli qog‘ozlarga ega kompaniyalar o‘zlarining sof daromadlarida qimmatli qog‘ozlari qiymati o‘zgarishini, ya’ni “qog‘ozdagi” foyda yoki zararlarini hisobga olishlari kerak. 2019 yil yakuniga ko‘ra, Berkshire Hathaway portfeli qimmatlashgan va realizatsiya qilinmagan daromad 53,7 milliard dollarni tashkil etgan. 2018 yilda esa, aksincha, u arzonlashgan va kompaniya 20,6 milliard dollar miqdorida realizatsiya qilinmagan zarar ko‘rdi, natijada uning sof foydasi atigi 4 milliard dollarni tashkil etdi.
Milliarder Berkshire investitsiya kiritish uchun yangi korxonalarni tanlaydigan uchta mezonni sanab o‘tgan. Birinchidan, ular yaxshi foyda keltirishi va ishlashlari uchun zarur bo‘lgan moddiy kapitalga ega bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, ularni qobiliyatli va halol menejyerlar boshqarishi kerak. Uchinchidan, bitim qiymati oqilona bo‘lishi kerak.
Baffetning fikricha, agar AQShda hozirda mavjud asosiy stavka va korporativ soliq stavkasi mana shu darajada qolsa, aksiyalar uzoq muddatli obligatsiyalarga nisbatan ko‘proq daromad keltirishi “deyarli aniq”. Shu bilan birga, aksiyalar narxi bilan har qanday narsa yuz berishi mumkin va qachondir inqiroz albatta yuz beradi, deb ogohlantiradi milliarder. Uning so‘zlariga ko‘ra, u holda fond bozorining qulashi 50 foizga yetishi mumkin.
Baffet Berkshire Hathaway ulushlarga ega bo‘lgan eng qimmat 15 kompaniya orasida Apple, Coca-Cola, Goldman Sachs, JPMorgan, Moody’s va Visa kabilarni eslab o‘tgan.
“Balki ertaga, balki bir necha o‘n yildan keyin” “Katrina” va “Maykl” dovullarini (2005 va 2018 yillarda AQShga yopirilgan) ortda qoldiradigan jiddiy falokat yuz beradi, deya ogohlantiradi Baffet. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, falokat albatta tabiiy ofat ko‘rinishida bo‘lmasligi, masalan, kiberhujum bo‘lishi ham mumkin.
89 yoshli Baffet o‘z maktubida sarmoyadorlarni uning o‘limi “100 foiz tayyorgarlik ko‘rgan” kompaniya uchun zarba bo‘lmasligiga ishontirgan. Aktivlar sezilarli darajada diversifikatsiya qilingan, kompaniyani “malakali va sodiq” top-menejyerlar boshqarmoqda, direktorlar kengashi esa ishlarning holati va korporativ madaniyatning rivojlanishini doimiy ravishda kuzatib boradi, deya izoh bergan biznesmen.
Baffet Berkshire Hathaway’ning o‘ziga tegishli aksiyalarini sotmoqchi emasligini va o‘z vasiyatida boshqaruvchilarga bunday qilishni taqiqlaganini ma’lum qilgan. Merosxo‘rlar milliarderga tegishli aksiyalarni xayriya tashkilotlariga topshirishlari lozim.
Biznesmen kompaniyasining investitsiyalarini nikoh bilan qiyoslagan: “Bularning barchasi, albatta, quvonchli to‘y bilan boshlanadi, ammo keyin voqelik kutilganidan farq qiladi”. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkala holatda ham dastlab “orzularga berilish oson”, ammo keyin “yoqimsiz syurprizlar”ga duch kelish mumkin.
Baffet xulosa sifatida direktorlar kengashi uchun eng yaxshi top menejyerlarni topish juda muhimligini yozgan: u Berkshire rahbari bo‘lgan yillar davomida munosib odamlarni uchratgan, biroq ularning aksariyatiga pul va biznesni boshqarishni ishonib topshirolmaganligini bildirgan.