Nafrat nimaligini tushunishga yordam beradigan 5 ta fakt

Nafrat nimaligini tushunishga yordam beradigan 5 ta fakt

1. Sevgi bilan nafrat o‘rtasida o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq o‘xshashlik bor

Birinchi qarashda bu kuchli tuyg‘ular — mutlaqo qarama-qarshi. Biri iliqlik, mehr va yonida bo‘lish istagi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi — rad etish, g‘azab va zarar yetkazish istagi bilan bog‘liq. Ammo inson miyasiga nazar tashlansa, manzara bunchalik oddiy emasligi ayon bo‘ladi.

Britaniyalik olimlar funksional MRT yordamida inson nafrat qiladigan odamlarning yuzlariga qaraganda miyaning qaysi hududlari faollashishini aniqlashdi: bu sobiq turmush o‘rtoqlar, hamkasblar yoki mashhur siyosatchilar bo‘lishi mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, ayni vaqtda miyada orolchalar (insula) va putamen — ya’ni “qobiq” deb ataladigan sohalar faollashadi. Aynan shu hududlar romantik sevgi paytida ham faol bo‘ladi.

Tadqiqot mualliflari buni mantiqan tushuntiradi: sevgi ham, nafrat ham insonni mantiqsiz, hattoki qahramonona yoki vayronkor harakatlarga undaydigan kuchli tuyg‘ulardir. Orolchalar miyaning hissiyotlar markazi bo‘lib, og‘riqni his qilish, jirkanish va hamdardlik kabi holatlarda ishtirok etadi. “Qobiq” esa, ayniqsa ijtimoiy vaziyatlarda, harakatlarni rejalashtirishga mas’ul sohadir.

Sevgi yoki nafrat obyekti ko‘z o‘ngimizda paydo bo‘lishi bilan miyamiz darhol tahlil rejimiga o‘tadi: «Bu odamga nisbatan nima qilishim kerak? Yaqinlashaymi? Yashirinaymi? Hujum qilaymi?»

Biroq bir muhim jihatda miya turlicha harakat qiladi: sevgi ongli tafakkur va xatarlarni baholash uchun mas’ul bo‘lgan sohalarning faolligini pasaytiradi. Shu sababli biz “qizil signallar”ni e’tiborsiz qoldirib, sherikni ideallashtirishga moyil bo‘lamiz. Nafrat holatida esa, aksincha, hisob-kitob va tahlil qilish qobiliyati faol bo‘lib qoladi — xuddi miya qarshi javobga tayyorlanayotgandek.

Har qanday holatda ham, sevgi va nafrat qanchalik farqli tuyulmasin, miyada ular o‘xshash sxemalar asosida ishlaydi. Bu — neyrobiologik haqiqat. Shu sababli biz ko‘pincha bir odamga nisbatan bu ikki tuyg‘uni bir paytda boshdan kechiramiz.

2. Nafrat tanani harakatga tayyorlaydi

Yuqorida tilga olingan britaniyalik olimlar tadqiqotida ishtirokchilarga nafrat qiladigan odamlarning suratlari ko‘rsatilganida yana bir qiziqarli kuzatuv aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, nafrat odatda harakatni rejalashtirish va xavfga javob berish bilan bog‘liq bo‘lgan miya qismi — o‘ng premotor po‘stlog‘ini faollashtiradi. Bu hudud inson biror ishni qilishga — harakatlanish, gapirish yoki zarba berishga — tayyorgarlik ko‘rayotganda ishga tushadi. Miya xuddi vaziyatni nazoratga olayotgandek bo‘ladi va harakat uchun tayyorlanadi, hatto bu harakatlar amalda sodir bo‘lmasa ham.

Bunda faqat motor tayyorgarlik emas, balki boshqa tizimlar ham ishga tushadi. Nafrat “ur yoki qoch” reaksiyasiga javobgar bo‘lgan simpatik asab tizimini faollashtiradi. Qonga kortizol va adrenalin ajraladi. Bu gormonlar yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi, tanani hushyor va tarang holatga keltiradi — bularning barchasi ehtimoliy tahdidga zudlik bilan javob qaytarish uchun.

Ammo agar bu tizim juda tez-tez yoki uzoq vaqt davomida ishga tushsa, u organizmni ichkaridan yemira boshlaydi. Gormonlar darajasi me’yorga qaytishga ulgurmaydi, buyrak usti bezlari zo‘riqadi, uyqusizlik, xavotir va surunkali taranglik paydo bo‘ladi. Natijada, nafrat inson uchun faqat ruhiy emas, balki jismoniy yuk ham bo‘lib qoladi.


3. Issiq havo odamlarni tajovuzkor qiladi

Potsdamlik olimlar 2014–2020-yillarda AQShda chop etilgan to‘rt milliarddan ortiq tvitni tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi: havo harorati 30 °C dan oshganda internetda tajovuzkorlik keskin ortadi. Bu insonning yashash joyi, siyosiy yoki diniy qarashlaridan qat’i nazar kuzatiladi — haddan tashqari issiqda odamlar ko‘proq dushmanona postlar yozadi. Shunga o‘xshash effekt sovuq havoda ham kuzatiladi, biroq aynan issiqlik onlayn agressiyani kuchaytiruvchi asosiy omil hisoblanadi.

Eng “osoyishta” iqlim esa 12 dan 21 °C gacha bo‘lgan kunlar bo‘lib chiqdi.

Aynan shu “qulaylik oynasi”da nafratga to‘la postlar eng kam miqdorda bo‘ladi. Ammo harorat bu chegaradan chiqishi bilan agressiv tvitlar soni oshadi. Juda issiq ob-havoda bu ko‘rsatkich 22% gacha ko‘tariladi. Hatto sovutkich va boshqa salqinlashtiruvchi vositalardan foydalana oladigan boy hududlarda ham agressiya kuchayadi. Bu odamning issiqqa moslashish imkoniyatlari cheklanganligini ko‘rsatadi.

Olimlar ta’kidlaydi: internetdagi nafrat bu raqamli davrga xos noqulaylik emas. Bu ayniqsa yoshlar va himoyasiz guruhlar orasida ruhiy salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan omil. Bundan tashqari, onlayn agressiya real hayotdagi tajovuzkorlikning xabarchisi bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, iqlim inqiroziga qarshi kurash — bu faqat ekologiyani emas, balki jamiyatning ruhiy muvozanatini saqlab qolish usulidir.


4. Nafrat empatiyani pasaytiradi

Agar inson muntazam ravishda nafratga to‘la so‘zlar — kamsitish va oldindan xulosa chiqarishga asoslangan bayonotlar bilan duch kelsa, bu uning boshqalar bilan hamdardlik tuyg‘usiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. MRT yordamida o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki: agar inson avval dushmanona bayonotlarni ko‘rsa, keyin esa birovning azob chekayotganini ko‘rsatuvchi hikoyalarni tinglasa, miyadagi reaksiya zaiflashadi.

Olimlar ishtirokchilarda o‘ng chakka-yelkali bo‘g‘im (temporo-parietal junction) faoliyati pasayishini aniqladilar. Bu miya sohasi boshqalarning nima his qilayotganini tushunishga mas’ul. Ya’ni, agressiv bayonotlarni eshitgandan so‘ng inson boshqaning, ayniqsa azob chekayotgan kishining holatiga o‘zini qo‘yib ko‘rishda qiynaladi.

Kutilmagan jihati shundaki, bu faqat “begonalar”ga emas, balki “o‘zimiznikilar”ga nisbatan ham yuz beradi.

Tadqiqotchilar bu holatni “hissiy karaxtlik” deb atashgan. Bu haddan tashqari ko‘p zo‘ravonlik sahnalarini tomosha qilgan odamlarda kuzatiladigan effektga o‘xshaydi: ular azobni ko‘rganida kamroq xavotirlanadi. Nafratga to‘la nutq bilan ham xuddi shunday mexanizm ishlaydi. Doimiy dushmanlik ichki javobni o‘chirib qo‘yadi. Biz shunchaki befarq bo‘lib qolmaymiz — insoniyligimizning muhim qismini yo‘qota boshlaymiz.


5. Nafrat organizmni tezroq qaritadi

Vujudida dushmanlik va nafrat kuchli bo‘lgan odamlar ko‘proq stressga uchraydi va unga yomonroq bardosh beradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, bu xususiyat nafaqat ruhiy holatga, balki organizmning qarish tezligiga ham ta’sir qiladi.

Bu jarayonda asosiy rolni telomeralar o‘ynaydi — ular xromosomalar uchida joylashgan himoya uchlari bo‘lib, har bir hujayra bo‘linishida qisqaradi. Telomeralar haddan tashqari qisqarganida, hujayra bo‘linish qobiliyatini yo‘qotadi, qariydi va nobud bo‘ladi. Yuqori nafrat va stress darajasiga ega odamlarning telomeralari odatda qisqaroq bo‘ladi.

Nima uchun dushmanlik hujayralarga bu qadar zararli? Chunki bu holatga ega odamlar ko‘proq stress gormoni — kortizol ajralishiga duch keladi. Bundan tashqari, ularda yallig‘lanish belgilarining darajasi ham yuqoriroq bo‘ladi. Bu omillar hujayralarning telomeralarni tezroq “yeb” yuborishiga va erta qarishga olib keladi. Natijada, tana o‘zini boshqarish qobiliyatini asta-sekin yo‘qota boshlaydi va bu yurak-qon tomir kasalliklari, zaiflashgan immunitet kabi muammolarga sabab bo‘ladi.

Kommentlar: 19 komment. 19 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Nafrat bor joyda hech qachon sevgi bolmaydi

  2. Nafrat odamni ozini birinchi orinda qiynaydi, u ozini kuydiradi

  3. Nafrat qilish sevgidan voz kechishdir

  4. Nafratlanmang, yuragingizni sevgiga toldiring

  5. Shundagina biz dunyoni ozgartira olamiz

  6. Shamshod

    Nafrat hayotni buzadi. A tak maqola qiziq good

  7. Nafrat qiladigan odam, hech qachon seva olmaydi

  8. To'maris

    Nafrat yurakdan emas, miyadan keladi

  9. Nafratga sevgi bilan javob bering

  10. Man bu narsalarni bilardim smile

  11. Saytda eski maqolalada kommentla yozilmetti. Nimadir qilila cry

  12. Ulug'bek

    Yozmen digani bu rofl

  13. Nafratlanmang, seving

  14. Nafrat hech qachon baxt olib kelmaydi

  15. Foydali maqola bopti

  16. Rahmat

  17. Maqola juda yoqdi

  18. Hammasi shunaqa

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social