Biron yangi yo‘nalishni yoki navbatdagi xorijiy tilni o‘rganish uchun yosh to‘sqinlik qila olmaydi. “Beshikdan to qabrgacha ilm izlang”, degan hikmatli so‘z zamirida aynan shunday ma’no yashiringan. Quyida nima uchun umr bo‘yi o‘qib o‘rganish inson uchun muhim ekanligi haqida so‘z yuritiladi.
Lifelong learning nima?
Lifelong learning yoki uzluksiz ta’lim tushunchasining ma’nosi “Beshikdan to qabrgacha ilm izla” maqolida yaxshi ifodalangan. Bu g‘oya insonning kasbiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarda doimiy rivojlanib borishini nazarda tutadi.
Uzluksiz ta’limni tavsiflovchi bir nechta tamoyillar quyidagilar:
- ixtiyoriylik;
- yangi narsalarni o‘rganishga ichki intilish;
- ta’lim jarayonini mustaqil ravishda boshlash;
- ko‘pincha – mashg‘ulotlarning norasmiy tarzda o‘tkazilishi.
Lifelong learning atamasi birinchi marta 1968-yilda YUNESKO konferensiyasida ishlatilgan. Biroz vaqt o‘tgach, Edgar Forning ushbu hodisaga bag‘ishlangan “Yashashni o‘rganish” nomli hisoboti e’lon qilindi. Fransuz siyosatchisi uzluksiz ta’lim tengsizlikni yumshatishga va rivojlangan hamda rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi farqni kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblagan. Uning g‘oyasini ko‘pchilik qo‘llab-quvvatladi.
Hozirgi kunda uzluksiz ta’lim haqidagi fikr-mulohazalar tobora ko‘payib bormoqda. Masalan, 2016-yilda Pew Research Center tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 73 foizi o‘zlarini umrbod o‘rganuvchilar deb atashgan. Shu bilan birga, respondentlarning 80 foizi buni asosan hayotlarini yanada qiziqarli va mazmunli qilish uchun amalga oshirishlarini ta’kidlashgan.
Butun umr davomida o‘qishning nima keragi bor?
Uzluksiz ta’lim shaxsiy qiziqishlar va intilishlarni amalga oshirishga yordam beradi. Mehnat bozoridagi tub o‘zgarishlarni hisobga olsak, bu odat shunchaki zaruriyatga aylanmoqda. Mana, nima uchun barchamiz “umrbod talaba” bo‘lishimiz kerakligining bir nechta sabablari.
1. Ishda muvaffaqiyatliroq bo‘lish yoki uni o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun
Yangi kasblar ro‘yxatida yaqin kelajakda IT-shifokorlar, ekotahlilchilar, estetik rivojlanish bo‘yicha murabbiylar va axborot uslubchilari paydo bo‘lishi haqida yozilgan. Shuningdek, aralash mutaxassislikdagi xodimlarga ham talab yuqori bo‘ladi.
Shuning uchun agar kasbingizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsangiz, yangi sohada doimiy rivojlanish va o‘rganishga tayyor turishingiz lozim.
Xalqaro iqtisodiy forum hisobotiga ko‘ra, 2025-yilga kelib ishchilarning 40 foizi o‘z ish o‘rnini saqlab qolish uchun yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga majbur bo‘ladi. Bularning barchasi uzluksiz ta’limsiz amalga oshishi mumkin emas.
2. Aql-idrokni sog‘lom saqlash uchun
Uzluksiz ta’lim miyamizga foyda keltiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, u neyronlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi va hatto keksalik davrida ham bilish qobiliyatlarini eng maqbul darajada saqlashga yordam beradi.
3. Yangi tanishuvlar uchun
Ta’limning ko‘plab shakllari yangi odamlar bilan doimiy muloqotni taqozo etadi. Agar keksalik chog‘ingizda ham do‘stlar orttirish, ular bilan fikr almashish va zamonaviy dunyo bilan aloqani uzmaslikni istasangiz, buning uchun eng yaxshi yo‘llardan biri – o‘quv kurslariga yozilishdir.
4. Baxtliroq bo‘lish uchun
Ijtimoiy tadqiqotlarga ko‘ra, umri davomida yangi narsalarni o‘rganadigan odamlar ko‘pincha o‘zlarini baxtli his qilishadi va sevimli ishlarida o‘zlarini to‘liq namoyon eta olishadi. Bundan tashqari, uzluksiz ta’lim ruhiy holatni yaxshilaydi va tushkunlikka tushishdan asraydi.
Uzluksiz ta’limni hayotingizga qanday tatbiq etish mumkin?
Ta’lim amaliyotini hayotimizning doimiy qismiga aylantirish uchun yana bir nechta muhim jihatlarni hisobga olishimiz kerak.
Ta’lim jarayoniga majburiyat sifatida qaramang
Faqat shunday bo‘lishi kerak deb o‘zingizni o‘qishga majburlamang. O‘zingizni qolipga solib, o‘zingizga qiziq bo‘lmagan ish bilan shug‘ullanish shart emas. Istalgan mavzu yoki fanni – o‘zingiz qiziqqan mavzuni tanlashingiz mumkin.
Hatto zarurat tufayli biror narsani o‘rganishga to‘g‘ri kelsa ham, masalan, ish uchun zarur bo‘lgan yangi ko‘nikmani o‘zlashtirish, bu masalaga har tomonlama yondashishga harakat qiling.
Jarayonni yanada qiziqarli qiladigan ilovalarni qidiring, o‘xshash tajribaga ega odamlarning hikoyalarini o‘qing, o‘zingiz uchun mukofot tizimini o‘ylab toping. Ta’lim jarayoni og‘ir bo‘lmasligi kerak.
Bundan tashqari, xato qilishdan qo‘rqmang – tajriba o‘tkazing, savollar bering, xatoga yo‘l qo‘ying. Agar siz mukammal bo‘lmaslikka yo‘l qo‘ysangiz, bu sizdan mas’uliyatning bir qismini olib tashlaydi va o‘rganish sizga uyat va afsus emas, balki quvonch keltiradi.
Siz bilan bir xil narsani o‘rganayotgan odamlar bilan muloqot qiling
Ular bilan o‘rganilgan materialni muhokama qilish yoki biror narsa tushunarsiz bo‘lsa, ularga savollar berish mumkin. Buning uchun maxsus netvorking-uchrashuvlar, tematik forumlar, nihoyat, o‘zingiz qiziqqan fan bo‘yicha ta’lim kurslari mavjud.
Hamfikrlar qurshovida bo‘lganingizda, yolg‘iz o‘zingizdan ko‘ra ko‘proq yutuqlarga erishishingiz mumkin.
O‘rganganlaringizni amalda qo‘llang
Bu bilimingizni sinashning eng yaxshi usuli. Shunday qilib siz ko‘nikmalarni takomillashtirasiz va ular xotirangizda yaxshiroq o‘rnashadi.
Ba’zida fanni yaxshiroq tushunish uchun o‘z maqomingizni o‘zgartirishga harakat qilishingiz kerak – o‘quvchi emas, o‘qituvchi bo‘lish. Fransuz yozuvchisi Jozef Juber: “O‘qitish ikki karra o‘rganish demakdir”, degan edi.
Dars berish o‘zingizga fanni yaxshiroq o‘rganishga yordam beradi. Shu bilan birga, u biz o‘rganib qolgan shaklda bo‘lishi shart emas.
Mavzuni yaxshiroq mustahkamlash uchun “Vikipediya”ga maqola yozishga, forumda kimningdir savoliga javob berishga, do‘stlaringizga darslikning yangi bobida o‘rgangan qiziqarli ma’lumotni aytib berishga harakat qilishingiz mumkin.
Qaysi usulni tanlashingizdan qat’i nazar, eng muhimi, hozirgina olingan ma’lumotlar xotirangiz tubida shunchaki yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir.
Men hozir 29 yoshdaman, hali ham oqishni tugatganim yoq
Institutni bitirib magistraturaga kirdim, hozir aspiranturadaman, har doim oqish va ozimni rivojlantirish bilan bandman
Uyda ham shu, kitob oqiyman, ularni dostlarim va yaqinlarib bilan suxbat qilaman
Manimcha oqishni va yangi narsani organishni toxtatgan inson, hech narsaga erisha olmaydi
Shunga hech qachon oqishni va osishni toxtatmela
Mandaka bolila
Ishlismi? Yoki vechniy studentmisiz?
Yoq, hali ishga chiqmadim
Tshunarli, oqib oqib, hayotiz otib ketmasin