Har yili 1,3 mlrd tonna oziq-ovqat mahsulotlari tashlab yuboriladi, ularning aksariyat qismi chiqindixonalarga joylashtiriladi. Bu nafaqat atrof-muhitga zarar yetkazadi, balki iqlim o‘zgarishlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkaza oladi.
Shu kabi o‘ylamasdan amalga oshiriladigan isrofgarchiliklar insoniyat oldidagi eng katta muammolardan biriga aylanmoqda, deb hisoblaydi nyu-yorklik oshpaz Maks La Manna.
U shu mavzuga bag‘ishlangan «Ko‘proq o‘simlik, kamroq chiqindi» nomli kitobini yozgan.
Maks La Manna «Bi-bi-si»ga bergan intervyusida ushbu muammoni hal qilish uchun har birimiz nima qilishimiz kerakligi haqida to‘xtalib o‘tgan.
«Ovqat bolalik chog‘larimdan hayotimning muhim qismi bo‘lib kelgan, axir mening otam bosh oshpaz edi. Ota-onam meni ovqat isrofiga yo‘l qo‘ymaslikka o‘rgatishgan. Hozirgi kunda sayyoramiz aholisi deyarli 9 milliard kishini tashkil etadi, ularning 820 milliondan ortig‘i to‘yib ovqatlanish baxtidan mahrum.
Oziq-ovqat mahsulotlarini isrof qilish insoniyatning eng katta muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. Barcha oziq-ovqatlarning uchdan bir qismi shunchaki dalalarda chirimoqda yoki chiqindiga tashlanmoqda.
Shu bilan birga, nafaqat oziq-ovqat, balki pul, suv, energiya, yer va transport isrof qilinadi.
Siz chiqindi qutisiga tashlayotgan ovqat iqlim o‘zgarishlariga ham ta’sir ko‘rsatadi, chunki ularning aksariyati chirish jarayonida metan chiqadigan chiqindi tepalarga olib boriladi.
Agar oziq-ovqatlarni alohida mustaqil davlat sifatida tasavvur qilsak, u issiqxona gazlari manbasi bo‘yicha AQSh va Xitoydan keyingi uchinchi pog‘onada borardi. Ammo siz bunga qarshi kurashga hissa qo‘shishingiz mumkin», deydi u.
Maqsadli xaridlarni amalga oshirish
Biz ko‘pincha o‘zimizga keragidan ortiq ovqat xarid qilamiz.
Supermarketga borishdan oldin sizga haqiqatan ham kerak bo‘lgan narsalar ro‘yxatini tuzish va ortiqcha narsa xarid qilmaslik kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, keyingi safar do‘konga borishdan oldin bungacha sotib olgan barcha mahsulotlaringizdan foydalaning.
Ovqatni to‘g‘ri saqlash
Ovqat keraklicha e’tibor berib saqlanmasa yaroqsizga aylanadi.
Aksariyat kishilar aynan qaysi mahsulotlarni sovutgichda yoki xona haroratida asrash kerakligini bilishmaydi. Bu sabzavot va mevalar achishiga va keyinchalik buning natijasida chiqindi uyumlari «qad rostlashi»ga turtki bo‘ladi.
Kartoshka, piyoz, pomidor, sarimsoqpiyoz va bodringni muzlatkichda saqlash yaramaydi — ularni xona sharoitida saqlang.
Ko‘katlarni suvli idishda asrash mumkin.
Agar uyingizda keragidan ortiqcha non to‘planib qolsa, uni sovutgichning muzxonasiga qo‘ying.
Supermarket yoki boshqa turli do‘konlarda eng chiroyli ko‘rinishga ega bo‘lmagan meva va sabzavotlarni xarid qiling. Ularning mazasi boshqalaridan qolishmaydi, ammo aksariyat insonlar ularni sotib olishni xohlamaganliklari uchun bu kabi mahsulotlar chiqindixonalarni to‘ldiradi.
Agar sizda imkoniyat bo‘lsa, sarxil mahsulotlarni dehqonlarning o‘zidan yoki dehqon bozorlaridan sotib oling.
Muzlatkich chala iste’mol qilingan taomlar bilan band
Qoldiqlar ham foydalidir.
Agar siz tez-tez ovqat pishirsangiz va doimo nimadir ortib qolsa, haftada bir kuningizni muzlatkichdagi barcha chala yeyilgan qolgan taomlarni iste’mol qilishga yoki ishlatilmay qolgan mahsulotlardan foydalanishga sarflang.
Shunda bu ovqat chiqindiga aylanmaydi, vaqtingiz va pulingiz ham tejaladi.
Muzxona yoddan ko‘tarilmasin
Hammasidan osoni ovqatlarni muzxonada saqlashdir.
Masalan, sizda salat uchun mos bo‘lmagan yumshagan sabzavotlarni muzlatib, keyinchalik ulardan smuzi yoki boshqa nimadir tayyorlash mumkin.
Ortiqcha ko‘katlarni muz idishiga joylab, suv bilan muzlatib qo‘ysa bo‘ladi. Keyinchalik ularni sho‘rvaga solsa bo‘ladi.
Muzlatkichda chala yeyilgan taomlarni, hattoki suyuq taomlarni asrashning iloji bor. Shunda har doim mazali va tayyor ovqatga ega bo‘lasiz, buning uchun uni isitish kifoya.
Ish uchun uy tushligi
Hamkasblar bilan tamaddixonaga, ayniqsa sevimli restoraningizga borish, albatta, yoqimli. Ammo bunda pul ketishi va oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rinsiz sarflanishini ham inobatga oling.
Eng yaxshisi, uydan ovqat olib ketishdir. Agar ertalab ovqat tayyorlashga vaqtingiz bo‘lmasa, muzxonadan foydalaning.
Bulon tayyorlash
Ortib qolgan sabzavotlar va ishlatilmagan narsalarni tezda qovuring yoki qizdiring. So‘ng barchasini kastryulkaga solib, zaytun moyi yoki sariyog‘, sevimli ziravorlaringizni qo‘shib suv quying va o‘rtacha olovda qaynating.
Keyin o‘z pazandaligingizdan rohatlanishingiz mumkin.
Kompost tayyorlash
Kompost juda foydali organik o‘g‘it hisoblanadi, shuningdek bu atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda oziq-ovqat chiqindilaridan xalos bo‘lishning yaxshi usuli va yovvoyi tabiatga yordam berish hisoblanadi.
Hammada ham bog‘ mavjud bo‘lmasligi mumkin, ammo oddiy shahar xonadonida uy komposti tayyorlash uchun ko‘plab retseptlar mavjud.
Ushbu turdagi kompost xonaki o‘simliklaringiz barq urishiga ajoyib yordam beradi.
Qadamba-qadam
Oziq-ovqat chiqindilarini qisqartirishning yetarlicha usullari topiladi va har birimiz buni amalga oshira olamiz.
Agar siz oilangiz kuniga qancha ovqatni tashlab yuborishini tahlil qilib ko‘rsangiz, oilaviy odatlarni o‘zgartirib, qadrli tabiat boyliklarini asrashga o‘z hissangizni qo‘sha olasiz.
Hattoki xarid, ovqat tayyorlash yoki uni iste’mol qilish jarayonida amalga oshirgan mitti o‘zgarishingiz ham bizni o‘rab turgan olamni avaylashga yordam beradi.
Arzimagan kuch sarflab, siz chiqindi qutisidagi ovqat chiqindilarini kamaytirish, pulingiz va vaqtingizni tejash va eng asosiysi tabiatga shunchaki yordam berasiz.
Zor, rahmat.