Bugungi kunda dunyo miqyosida har kuni milliardlab inson ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilmoqda. Jahonda, mamlakatimizda, qolaversa, yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan so‘nggi yangiliklardan boxabar bo‘lish, o‘zimizni qiziqtiradigan har qanday qo‘shimcha ma’lumotni soniyalar ichida qidirib topish, istalgan mahsulotni tez va oson xarid qilish – bularning barchasi endilikda internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan kundalik hayotimizning mazmuniga aylandi.
Bir qarashda ijtimoiy tarmoqlar inson uchun beqiyos qulayliklar eshigini ochdi. Masofadan turib dars olish, tibbiy xizmatlarga navbatsiz yozilish, hatto bozorga chiqmasdan kundalik ehtiyojlarni sotib olish… Ko‘rinishidan, ijtimoiy tarmoqlar odamzot hayotini misli ko‘rilmagan darajada yengillashtirdi. Ammo har qanday texnologik taraqqiyot singari, bu sohada ham ikkinchi taraf bor, ya’ni oddiy inson uchun xavfli, xatarli tarafi ham mavjud.
Yoshlar va oddiy foydalanuvchi – asosiy nishonda
O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilarining eng katta qismi – bu yoshlar, ya’ni o‘quvchilar va talabalardir. Ular juda ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazishadi. Boshqalarga qaraganda ma’lumotlarni ko‘proq hajmda “iste’mol” qilishadi. Mutaxassislarning fikricha, aynan mana shu toifa “internet fitnasi”ning eng oson nishonlaridan biriga aylanmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan zararli axborotlar, jumladan, iqtisodiy va moliyaviy firibgarlik, diniy ekstremizm va siyosiy manipulyasiyalar oddiy foydalanuvchilar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, yoshlar va axborotga tanqidiy yondashish ko‘nikmalari yetarli bo‘lmagan shaxslar bu kabi tahdidlarga nisbatan ko‘proq osonlikcha ta’sirlanadi.
O‘zini bank xodimi deb tanishtirib, odamlardan shaxsiy ma’lumotlarni so‘rayotgan firibgarlar, soxta xabarlar orqali adashtiruvchi feyk akkauntlar, vahimali axborotlar bilan odamlarni ruhiy bosimga olayotgan kimsalar – bularning barchasi ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalmoqda. Eng xavflisi esa – yoshlar orasida diniy va siyosiy ekstremistik g‘oyalarning tarqalishi, ularni g‘arazli guruhlar tomonidan “mafkuraviy qurol” sifatida ishlatishga urinishlaridir.
Masalaga jahon miqyosida yondashuv: nimalar qilinmoqda?
Bir qancha rivojlangan davlatlarda bu masalaga strategik darajada yondashilmoqda. Masalan:
• Finlyandiyada har bir maktab o‘quvchisi axborot manbalarini tahlil qilishni o‘rganadi. Ular axborot qanchalik ishonchli ekanini mustaqil baholay oladi. Ushbu mamlakat media savodxonlikni milliy ta’lim tizimiga muvaffaqiyatli integratsiya qilgan davlatlardan biri hisoblanadi. 2019 yili qabul qilingan “Media Literacy in Finland” siyosatiga muvofiq, media ta’lim maktabgacha ta’limdan boshlab barcha darajalardagi ta’lim dasturlariga kiritilgan. Bu orqali talabalar axborot manbalarini tahlil qilish, feyk yangiliklarni aniqlash va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lmoqda.
• Germaniyada “Ijtimoiy tarmoqlarda nafratga qarshi kurash” qonuni qabul qilingan bo‘lib, uni buzgan platformaga juda katta jarima solinadi. 2017 yili qabul qilingan “Network Enforcement Act” (NetzDG) qonuni ijtimoiy tarmoqlarda nafrat nutqi va soxta yangiliklarga qarshi kurashishni maqsad qilgan. Ushbu qonunga muvofiq, ijtimoiy tarmoqlar 24 soat ichida “ochiqdan-ochiq noqonuniy” kontentni o‘chirishi shart, aks holda 50 million yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu choralar ijtimoiy tarmoqlardagi zararli kontentni kamaytirishga qaratilgan.
• Yaponiyada hatto kichik yoshdanoq internet xavfsizligi asoslari o‘rgatiladi – bu o‘quv dasturiga kiritilgan. Eng qizig‘i, maktab darslariga o‘quvchi telefon bilan qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonda ham bu masalaga jiddiy e’tibor qaratilmoqda
Aholining media va axborot savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, keng aholi qatlamlarining media savodxonligini oshirish maqsadida 2024 yili ilk bor umummiliy axborot kampaniyasi muvaffaqiyatli tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shafe’ligida “Yangi media ta’lim markazi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan axborot kampaniyasi doirasida qator universitetlar professor-o‘qituvchilari, talabalari, milliy va mahalliy OAV vakillari, yetakchi blogerlar va inflyuenserlar, hatto taniqli tibbiyot xodimlari faol ishtirok etib, dezinformatsiya va feyk yangiliklarning oldini olish haqidagi media tadbirlarda, davra suhbatlarida qatnashdilar.
Shuningdek, boshqa qator tashabbuslar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025 yil 3 mart kuni YuNESKO tomonidan tashkil etilgan ko‘p tomonlama seminarda hukumat, universitetlar, OAV va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi. Tadbirda axborotni tanqidiy baholash va feyk kontentni aniqlash ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi zararli axborotlarga qarshi kurashish faqatgina davlat organlari yoki tegishli tashkilotlarning vazifasi emas. Bu jarayonda ta’lim muassasalari, OAV, fuqarolik jamiyati va har bir foydalanuvchining faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Axborotga tanqidiy yondashish, manbalarni tekshirish va media savodxonlikni oshirish orqali jamiyatda axborot xavfsizligini ta’minlash mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda axborot xavfsizligini ta’minlash uchun hamkorlik
2025 yil 17-18 aprel kunlari Qozog‘istonning Kaskelen shahridagi SDU universitetida “O‘zgarayotgan dunyoda Markaziy Osiyo: agentlik, huquqiy muammolar va OAV manzarasi” nomli xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning turli mintaqalaridan kelgan yetakchi olimlar va ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi, har bir plenar va trek sesiyalaridan keyin ko‘tarilgan bitta mavzu atrofida ilmiy bahs-munozaralar, tortishuvlar bo‘ldi.
Anjuman dasturiga muvofiq, biz ham “Dezinformatsiyaga qarshi kurashda nodavlat tashkilotlarning roli: O‘zbekiston tajribasi” mavzuida ma’ruza qildik. Hamkasblarimizni bu borada qiziqtirgan savollar, xususan, aholining media va axborot savodxonligini oshirish va bu borada mamlakatimizda erishilayotgan natijalar haqida atroflicha ma’lumot berdik.
Ma’ruzachilardan yana biri Germaniyadagi Vismar amaliy fanlar universitetining professori, huquqshunos, doktor Xans-Yoaxim Shrammning chiqishi bizda juda katta qiziqish uyg‘otdi va uni tanaffus paytida suhbatga tortdik:
– Hozirgi taqdimotigizdan ma’lum bo‘ldiki, Yevropa Ittifoqida internet va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga soluvchi juda ko‘p qonunlar qabul qilingan ekan. Ularning orasida 2016 yilgi “Umumiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi nizom (General Data Protection Regulation)dan boshlab, to 2024 yili qabul qilingan “Sun’iy itellekt qonuni” (AI Act) kabi hujjatlargacha bor. Ayting-chi, aynan mana shu qonunlarning qabul qilinishi Yevropa mamlakatlarida qaysidir ma’noda oddiy fuqarolarning so‘z erkinligini biroz cheklab, yoki umuman bo‘g‘ib qo‘ymayaptimi?
– Bizda haqiqatan ham bu kabi qonunlar, boshqa davlatlarga nisbatan, xususan, AQShga qaraganda ancha ko‘p. Amerikada ijtimoiy tarmoqlar sabab bir jiddiy holat sodir bo‘lsa, masalan, biron-bir ekstremistning yozishmalari aniqlangan bo‘lsa, keyin u bilan jiddiy shug‘ullanishni boshlashadi. Biz esa bu kabi salbiy natijani keltirib chiqaruvchi sababni aniqlash va imkon qadar uning oldini olishga ko‘proq e’tibor qaratamiz.
Men ma’ruzamda sanab o‘tgan qonunlar asosan Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan. Aksariyati tavsiyaviy xarakterga ega. Ya’ni hujjatlarining real hayotga tatbiq etilishi, ya’ni uning rostdan ham ishlashi YeIga a’zo mamlakatlarning o‘zigagina bog‘liq.
Bu borada asosiy regulyatorlik, boshqaruv vazifasini har bir davlatning o‘zi mustaqil tarzda bo‘yniga oladi. Albatta, gigant media kompaniyalar ham javobgarlikdan mustasno emas.
– Olim sifatida fikringiz qiziq, hozirgi paytda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotgan Yevropa fuqarosining shaxsiy axborot xavfsizligi darajasini qanday baholaysiz? Xususan, ularning ijtimoiy tarmoq vositasida axborot olish, foydalanish va tarqatish huquqlari haqidagi sizning shaxsiy bahoyingiz juda muhim. Masalan, bu boradagi bugungi real holatni 1 dan 10 gacha necha baho bilan baholagan bo‘lardingiz?
– Afsuski, bu masalaga aniq baho qo‘yoolmayman. Har holda u ijobiy emas. Bu borada qilinadigan ishlarimiz hali juda ko‘p. Masalan, 2024 yili qabul qilingan “Sun’iy itellekt qonuni”ning 5-moddasida odamlarni manipulyasiya qilish muammosi, ijtimoiy baholash, bashoratli tahlil qilish, identifikatsiyalash dasturidan foydalanish maqsadida sun’iy intellekt tizimi, har bir holatda ijro etish sohasidagi istisnolar haqida aniq yozib qo‘yilgan. Biroq ularning hayotda to‘g‘ri ijro etilayotgani hozircha bahsli masala bo‘lib qolmoqda.
Bu borada yana nimalar qilish zarur?
Ijtimoiy tarmoqlarning xavfiga qarshi kurashish – faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu – butun jamiyat mas’uliyatidagi masaladir. Ayniqsa, ta’lim tizimi, OAV va fuqarolik jamiyati bu jarayonda faol ishtirok etishi kerak.
Quyida bir necha takliflarni keltirish mumkin:
birinchidan, media savodxonlik bo‘yicha darslarni joriy etish – maktab va kollejlarda “Axborot xavfsizligi” yoki “Media tahlil” fanini kiritish va buni amaliy darslar bilan boyitish;
ikkinchidan, o‘qituvchi va ota-onalar uchun treninglar – bolalarni internet xavflaridan himoya qilishga qaratilgan ma’lumotlarni yetkazish, muloqot madaniyatini shakllantirish;
uchinchidan, fuqarolik jamiyatining ishtiroki – nodavlat tashkilotlar orqali ijtimoiy tarmoqlardagi yolg‘on va zararli axborotlarga qarshi axborot kampaniyalarini o‘tkazish;
to‘rtinchidan, qonunchilikni kuchaytirish – Internetdagi iqtisodiy firibgarlik va mafkuraviy tahdidlarga qarshi samarali yuridik mexanizmlarni, oddiy ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining himoyasini ta’minlovchi qonunchilikni ishlab chiqish va hayotga joriy etish.
Xulosa
Ijtimoiy tarmoqlar – bu qulaylik. Lekin uning ortida turgan xatarlardan xabardor bo‘lmasak, har qanday foydalanuvchi, ayniqsa, yoshlar – o‘zini himoya qilish imkonidan mahrumligicha qolaveradilar. Himoyaning eng kuchli vositasi esa – bilimdir. Axborotga tanqidiy qarash, uni tekshirish, tahlil qilish – bu bizning yangi axborotlashgan dunyodagi asosiy qurolimiz bo‘lmog‘i shart.
Хозирги кунда хамма иж тармолада утиришади
Хамма янгилила, дустлар хаети ва бошка нарсалани ушатта куришади
Яхши тарафи хамма нарсалани ушатда топса булади
Емон тарафи хамма нарсани ушатда топса булади
Афсус хозир ешла куп муаммолани ушатда топишади, бошкалани хаетини куриб, хавас килишади, психологик муаммолага дуч келишади и хаетларини бузишади
Hm, hammasi tori
Ijtimoiy tarmoqlar zlo!
Yaxshi yozilgan, bolalarni kontrol qilib tursak, hammasi yaxshi boladi
Menga yoqdi bu maqola
Ijtimoiy tarmoqlarda otirmayman, sizlarni gugldan topdim