Tahlikali davrlarda yangiliklar va ijtimoiy tarmoqlarni qanday o‘qish kerak?

Tahlikali davrlarda yangiliklar va ijtimoiy tarmoqlarni qanday o‘qish kerak?

Mohiyatan, yangiliklar — sodir bo‘lgan faktlarning oddiy bayonidir. Biroq muhim voqealar haqida gap ketsa yoki mualliflar hissiyotlarni sun’iy ravishda kuchaytirsa, bunday xabarlar baribir kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otadi. Yangiliklarga nisbatan kuchli hissiy munosabat hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtirishi, hatto ruhiy buzilishlarga olib kelishi mumkin. Keling, bu zararni qanday kamaytirish mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

O‘zingiz uchun qulay yangiliklar oqimini sozlang

Ilgari yangiliklardan xabardor bo‘lish uchun gazeta olish, televizor yoki radioni yoqish kerak edi. Texnologiyalar rivojlangani sari bizga har tomondan ma’lumotlar yog‘ila boshladi. U hatto siz umuman kutmagan manbalardan ham “hujum” qilishi mumkin. 

Tabiiyki, siz ko‘plab xabarlarga hissiy munosabat bildirasiz. Ular odatda sizni dahshatga solishi, g‘azabingizni qo‘zg‘atishi uchun — xullas, befarq qoldirmaydigan qilib beriladi. Bularga internet tufayli xabardor bo‘lib turganimiz tanishlarimizning yangiliklari ham qo‘shiladi. Kimdir ajrashibdi, kimdir kasal bo‘lib qolibdi — bularning barini yurakka yaqin olmaslik oson emas.

Agar doimiy hissiy hujumga uchrasangiz, ruhiy barqarorlikni saqlash qiyinlashadi. Aynan shuning uchun ham axborot oqimini nazorat qilish zarur. Buning uchun voqealardan xabardor bo‘lish uchun ertalab va kechqurun yarim soatdan vaqt ajrating. Qolgan vaqtda esa axborot saytlariga yoki shunga o‘xshash resurslarga kirmaslikka harakat qiling.

Uyqu oldidan yangilik o‘qimang

Sifatli uyqu — salomatlik va yaxshi kayfiyat uchun zarur shartlardan biridir. Agar uxlashdan oldin xavotirli xabarlarni o‘qisangiz, xohlaysizmi, yo‘qmi bir necha soat tashvishlanasiz. Shuning uchun uyqudan oldin ijobiy kontentga e’tibor qaratgan ma’qul — zero, aynan u stressga qarshi kurashishga yordam beradi.

Izohlarni o‘qimang

Ayniqsa, ularda bahslashmang. Ba’zi narsalar odamning g‘ashiga tegadi. Shuning uchun odamlar nima deb o‘ylayotganini bilgimiz kelib, beixtiyor izohlarni ochamiz. Ular esa har xil, jumladan, siz mutlaqo qo‘shilmaydigan fikrlarni ham aytishadi. Lekin yangilik fakt bo‘lsa, fikrlar shunchaki talqindir, qolaversa, ular har doim ham ekspertlarniki bo‘lavermaydi. Izoh mualliflarida ham xuddi sizdagi ma’lumotlar bor, shuning uchun hech kim voqea aslida qanday bo‘lganini aytib bera olmaydi. Ammo salbiy his-tuyg‘ularni osonlikcha qo‘zg‘ashi mumkin.

To‘xtashni o‘rganing

Dumscrolling degan atama bor. U yomon xabarlarni o‘qishga moyillikni anglatadi. Odam xavotirli xabarlarni varaqlayverib, umidsizlik girdobiga tobora chuqurroq sho‘ng‘ib boradi. Yoki biror narsa qattiq ta’sir qilsa, u haqda iloji boricha ko‘proq bilgingiz keladi. Aytaylik, hodisa oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, hammasi aynan qanday sodir bo‘lganini batafsil bilish chindan ham shartmi?

Bu holatni nazorat qilish lozim. Agar biror ma’lumot sizni qattiq bezovta qilsa, masalani yanada chuqurroq o‘rganishdan oldin biroz tanaffus qiling.

Hamma uchun qayg‘ura olmasligingizni tushuning

Shuni tan olish kerakki, hamma narsani hal qila olmaysiz. Qayg‘urishdan charchash esa tabiiy holatdir. Shifokorlarni ba’zan bemehrlikda ayblashadi, lekin ular har bir bemorning kasalligini yuragiga yaqin olsa, bu ularni shunchaki ezib tashlaydi. Hatto yangiliklar bilan ishlovchi jurnalistlar ham, garchi faqat birovning dardini tasvirlasalar-da, tezda toshbag‘ir bo‘lib qoladilar.

Kontentni ishonchli manbalardan oling

O‘zingiz ishongan va pozitsiyasi sizda hurmat uyg‘otadigan bir nechta OAVni tanlab oling va ularni asosiy axborot manbayingizga aylantiring. Albatta, ba’zan boshqa fikrlarni bilib qo‘yish ham foydali. Ammo ularni xotirjam vaqtingizda o‘rganganingiz ma’qul.

Ijobiy yangiliklar manbasini toping

Odamlar ko‘pincha OAV faqat yomon xabarlarni taklif qilishidan shikoyat qiladi. Hodisalar va mojarolar istagancha topiladi-yu, ijobiy ma’lumotlar deyarli yo‘q. Biroq saytlar statistikasini o‘rgansangiz, yomon xabarlar ancha ko‘p ko‘rilishiga guvoh bo‘lasiz. Demak, bu talabdan kelib chiqqan taklifdir.

Agar yaxshilab izlasangiz, o‘zingiz uchun yaxshi yangiliklar manbalarini topishingiz mumkin. Bu sizga hali hammasi tugamaganligiga ishonch bag‘ishlaydi.

Yangiliklarni hamfikrlaringiz davrasida muhokama qiling

Sharhlarga aralashmaslik kerakligini yuqorida aytib o‘tdik. Ammo inson ijtimoiy mavjudot bo‘lib, u uchun axborot almashish, yolg‘iz o‘zi tashvishlanmayotganini bilish muhim. Shu sababli yangiliklarni hamfikrlar bilan muhokama qilish tabiiy va foydali holatdir.

Hammasi sizning qo‘lingizda emasligini tushuning

Shu bilan birga, butun insoniyat uchun mas’uliyatni o‘z zimmangizga olmang. Agar Janubiy Amerikaning biror yerida dovul bo‘layotgan bo‘lsa, qurbonlar uchun achinasiz, albatta. Lekin hoziroq u yerga ko‘ngilli bo‘lib ucha olmasangiz, bu bilan kelishib, hayotni davom ettirishdan o‘zga chora qolmaydi.

Atrofdagilardan ko‘p narsa talab qilmang

Hamma yoqda ahvol yomon bo‘la turib, odamlarning qanday qilib xotirjam yashay olishini qabul qilish ba’zan juda qiyin. Biroq ularga qarshi “urush” e’lon qilish yaramaydi. Qandaydir muhim narsalar haqida xabardor qilish — mumkin. Faqat tajovuzkorliksiz, aks holda shunchaki orangiz buziladi. Kimnidir nimadir qilishga majburlash esa deyarli imkonsiz. Buning o‘rniga o‘z asablaringizni yeganingiz qoladi.

Hamma narsani bilish shart emasligini tushuning

Gohida go‘yo avvallari tinchlik va osoyishtalik hukm surgan-u, hozir esa atrof faqat manyaklar, qotillar va terrorchilarga to‘la, degan taassurot paydo bo‘ladi. Ammo gap ilgari dahshatli voqealar bo‘lmaganida emas. Shunchaki hozir axborot juda tez ommalashib ketmoqda.

“Hammasi yomon” degan tuyg‘u vaziyat keskin yomonlashgani uchun emas, balki siz hamma narsadan xabar topganingiz uchun paydo bo‘ladi. Agar ruhiyatingizni asramoqchi bo‘lsangiz, bunday “tadqiqot” bilan shug‘ullanish shart emas.

O‘z hayotingizga diqqat qarating

Ba’zan yangiliklardan olingan his-tuyg‘ular shu qadar junbishga keladiki, odamning hech narsa qilgisi kelmay qoladi. Ammo hayot davom etmoqda, shuning uchun o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishingiz zarur.

Mutaxassisga murojaat qiling

Agar ahvolingiz chidab bo‘lmas darajaga yetganini sezsangiz, psixolog yoki psixoterapevtga murojaat qiling. Ular muammolaringiz bilan ishlashni bilishadi. Ehtimol, bir necha seansning o‘ziyoq sizga sezilarli yengillik olib kelishi mumkin.

Kommentlar: 7 komment. 7 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. rost gap oxirgi payt lenta ochsam faqat negativ yangilik kayfiyat nol bolib qoladi

  2. bazida telni ochirmasdan yashash kerak shekilli miyaga dam berish ham kerak

  3. ijtimoiy tarmoqda hamma ekspert bolib ketgan qaysi biri togri qaysi biri fake tushunish qiyin

  4. kop yangilik oqisang odam yana koproq stress bolarkan shuni ozim sezdim

  5. men ham oxirgi payt limit qoydim kuniga ozgina koraman boldi

  6. baribir hammasini oqib nerv qilishdan kora oz hayotinga koproq etibor berish yaxshi ekan

  7. Тимур

    Мухим макола, хозирда янгилила камро кирган яхши

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social