Nohaqligingizni o’zingiz tan olasizmi?

Nohaqligingizni o’zingiz tan olasizmi?

Men shaharda yashayman. Bir kuni itim Reks ikkovimiz maydonchada politsiyachiga duch kelib qoldik. Uning qo’li hukmfarmolik alomatida keskin harakatlar qilar edi. “Siz nega o’rmonda itingiz tumshuqg’ilof va bog’ichisiz yugurib yurishiga yo’l qo’yyapsiz?! Nima, bu qonun bilan ta’qiqlanganini bilmaysizmi?”- deb so’roqqa tutdi meni. “Bilaman, muloyimlik bilan javob qaytardim, – biroq it bu yerda biron narsaga ziyon yetkazmaydi deb o’ylagan edim”.

“Qonun – sizning nima deb o’ylashingiz qiziqtirmaydi. Itingiz biror kimni tishlab olishi mumkin. Agar yana bir marta shu ahvolda duch kelsangiz jarima to’laysiz.” Men qonunni buzmaslikka va’da berib hayrlashdim. Va bir qancha vaqt so’zimning ustidan chiqib yurdim. Biroq Reks ham, men ham tumshuqg’ilof hamda bo’yinbog’ni yoqtirmasdik. Tavakkal qilib yana erkin holda sayrga chiqa boshladik. Bir kuni yana o’sha politsiyachi uchrab qoldi. Politsiyachining dag’dag’asini kutib o’tirmay birinchi bo’lib, o’zim gap boshladim, chunki bu safar ham men aybdor edim.

– “Ofitser, siz meni jinoyat ustida qo’lga tushirdingiz. Aybdorman. O’zimni oqlash va kechirim so’rashga ham haqqim yo’q. O’tgan gal ogohlantirgan edingiz, endi jarimaga tortsangiz ham mayli”, dedim.

– “Qo’ysangiz-chi, – dedi u bu safar ancha muloyim ohangda, – kuchukchaning bu erda chopqillab yurishi qancha zavqu shavq berishini bilaman. Qolaversa, atrofda hech kim yo’q.”

“Xa, albatta, katta maroq bag’ishlaydi, lekin bu qonun bilan taqiqlangan-ku?!”. “Bunaqa jonivor hech kimga ziyon yetkazmaydi”, – dedi u tobora yumshab. Keyin esa shunday taklif berdi: “Siz bunday qiling, itingizni men ko’rinmaydigan anavi tepalik ortida sayr qildiring va shu bilan bu mavzuni unutamiz”. Agar o’sha kishi aybini tan olmay, himoya qilishga uringanida, nima bo’lardi. Politsiyachi bilan hech tortishib ko’rganmisiz? Agar biz baribir to’qnashuv muqarrarligini bilsak, u holda tashabbusni o’z qo’limizga olib, raqibimizdan oldiroq harakat qilganimiz ma’qul emasmi? Birovning ayblovini eshitganimizdan ko’ra o’z-o’zimizni tanqid qilish yengilroq emasmi? Suhbatdoshingizning dilida, tilining uchida turgan siz haqdagi barcha haqoratlarni undan oldinroq o’zingiz, o’zingizga aytib ko’ring.

Mabodo xatoga yo’l qo’ygan taqdirimizda, uni ham ochiq tan olishga harakat qilaylik. Bu nafaqat yaxshi natija beradi, balki xoh ishoning – xoh yo’q, muayyan vaziyatlarda o’zingizni himoya qilishdan ko’ra yoqimliroq ham bo’ladi. Unutmang: Musht ishlatib ko’p narsaga erishib bo’lmaydi, biroq yon berish bilan kutganingizdan ko’proq g’alabani qo’lga kiritishingiz mumkin. Shunday qilib kishilarni o’z nuqtai nazaringizga moyil qilmoqchi bo’lsangiz ushbu maslahatga amal qiling: Agar nohaq bo’lsangiz, buni tez va qat’iyat bilan tan oling.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social