Ba’zan hayot hammani teng mukofotlamaydi: sirg‘a faqat allaqachon zargarlik qutisiga ega bo‘lganlarga tegadi.
Matfey effekti nima?
“Matfey effekti” atamasi odamlarning mavjud kapitali qanchalik katta bo‘lsa, uni shuncha tez ko‘paytirishiga ishora qiladi. Nom esa Injilning Matfey xushxabaridan olingan: “Kimda bor bo‘lsa, unga yana beriladi va u boyiydi, kimda esa yo‘q bo‘lsa, undan bor narsasi ham tortib olinadi.”
Bu hodisa haqida ilk bor sotsiologlar Xarriet Zukerman va Robert Merton gapira boshlashgan. Zukerman Nobel mukofoti sovrindorlari bilan intervyular o‘tkazib, muammoni ko‘targan. Merton esa “Matfey effekti” atamasini kiritib, shu mavzuda tadqiqotlar olib borgan. Ular bu tushunchani avvalo ilm-fan kontekstida izohlashgan: mashhur olimlar yanada mashhurlashib, yirik kashfiyotlar ham ularga taalluqli deb tan olinadi. Noma’lum tadqiqotchilar esa soyada qolib ketadi.
Matfey effekti qanday ko‘rinadi?
U turli kapital turlarida ishlaydi — pulda, ijtimoiy aloqalarda va hatto ta’limda. Mana bir necha misol.
Ilmda
Hammasi aynan ilm-fandan boshlangan va hozir ham vaziyat uncha o‘zgarmagan. Bugun olimlar o‘zaro “Xirsh indeksi” orqali baholanadi: kim nechta maqola yozgan va ularni necha marotaba boshqa olimlar iqtibos qilgan.
Tasavvur qiling: siz maqola tayyorlayapsiz va qo‘lingizda mazmuni deyarli bir xil bo‘lgan ikki manba bor. Biri — nomi tanilmagan muallifniki, ikkinchisi esa mashhur olimniki. Albatta, mashhurning matniga ishonch ortiqroq: uni tez-tez sitata qilishadi, demak, unga tayanish ham xavfsizroq. Natijada mashhur olimning indeksi o‘sishda davom etadi, noma’lum muallif esa joyidan jilmaydi.
Kommunikatsiyalarda
Ko‘p do‘stga ega bo‘lgan odamga yangilarini topish osonroq. Bu nafaqat hordiq uchun tanishlar. Masalan, kimdir ijtimoiy tarmoqlarda “yaxshi stomatolog kerak” desa, 1 000 obunachiga ega odamning shifokor topish ehtimoli 30 obunachiga ega odamnikidan ancha yuqori.
Shaxsiy moliyada
Pulda ham xuddi shunday. Kimda mablag‘ ko‘p bo‘lsa, uni turli loyihalarga sarmoya qila oladi. Bir nechtasi muvaffaqiyatli chiqsa, kapital yanada o‘sadi. Ammo qo‘lida mablag‘i bo‘lmagan odam bunday imkoniyatga ega emas. Ko‘pchilik “dollar 30 bo‘lganida olmaganimdan afsusdaman” deydi, lekin o‘sha paytda ularning valyuta sotib olish uchun puli bo‘lmaganini unutadi.
Ta’limda
Matfey effekti ta’limda ham ko‘zga tashlanadi. Agar bola erta o‘qishni o‘rganib olsa, bu ko‘pincha keyingi yutuqlarga olib keladi. Sezilarli kechikkan bolalar esa yangi bilimlarni egallashda qiyinchiliklarga duch keladi. Chunki o‘qishga qiyinlanayotgan bola kitoblarni kamroq o‘qiydi va asta-sekin orqada qoladi.
Biroq bu “kech o‘qishni o‘rgangan bola hech narsaga erishmaydi” degani emas. Aksincha, bu farqlar ta’limdagi teng imkoniyatlarning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.
Nega Matfey effektini bilish foydali?
Motivatsiya uchun
Bu bilim odamni majbur qilmaydi, lekin ilhomlantirishi mumkin. Chunki Matfey effekti shuni ko‘rsatadiki: avval sen “zachyotka” uchun ishlaysan, keyin esa “zachyotka” senga ishlaydi. Ya’ni birinchi bosqichlarda ko‘proq kuch sarflasangiz, keyinroq yengilroq bo‘ladi. Chunki eski bilimlar asosida yangi bosqichlarni tezroq egallash mumkin.
Birinchi ish, birinchi kapital, birinchi ijtimoiy aloqalar — barchasi og‘ir boshlanadi. Ammo bu — kelajak uchun investitsiya.
Tengsizlikni tushunish uchun
Imtiyozlar qanday ishlashini hamma ham ko‘ra olmaydi. Imtiyozga ega odamlar ko‘pincha “qolganlar dangasa, shuning uchun yaxshi yashashmaydi” deb o‘ylashadi. Lekin aslida hammasi start pozitsiyasiga bog‘liq.
Masalan, yuqorida o‘qishni esladik. Ikki oilaning daromadi bir xil bo‘lishi mumkin. Lekin birida bolalar uchun ko‘plab kitoblar bor, boshqasida esa yo‘q. Bola qiziqishi o‘xshash bo‘lsa ham, imkoniyatlari turlicha bo‘ladi.
O‘z va boshqalarning yutuqlariga tanqidiyroq qarash uchun
Matfey effektini bilish bizni o‘z yutuqlarimizga va muvaffaqiyatsizliklarimizga ongliroq qarashga yordam beradi. Biz o‘zimiz uchun muhim maqsadlar qo‘yib, ularga intilishimiz mumkin. Bu normal hol.
Ammo o‘zingizni urish shart emas, agar siz kim bilandir “musobaqa” qilib, aslida u odam startda sizdan 100 metr oldinda bo‘lganini unutgan bo‘lsangiz. Shu bilan birga, agar imtiyozli odam o‘zingiz bo‘lsangiz, boshqalarning mehnatini ham kichraytirmaslik kerak.
Boy odam har doim boyroq bolishni yolini topadi
Kopchilik kambagallarga esa bu qiyin, chunki inson qorqib turadi, har bitta harakatida shubhalanadi
Bu effektni maktabdaligimda organgandim, hayotga katta effekti bor
Bu effektni yaxshiroq va ochiqroq organsa va yozsangiz bolardi
Juda muhim manoga ega, hayotda ham kerak boladi
Asosiysi bu narsadan qorqmaslik va oz foydasiga aylantirish
Birinchi marta bu haqida eshitishim, raxmat, qiziq boldi