Smartfonlar va ko‘rish qobiliyati: ko‘z nurini asrash bo‘yicha tavsiyalar

Smartfonlar va ko‘rish qobiliyati: ko‘z nurini asrash bo‘yicha tavsiyalar

Zamonaviy insonni gadjetlarsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Har birimiz borgan sari ko‘proq vaqtimizni monitorga tikilib o‘tkazyapmiz. Bu albatta tanamizda, ayniqsa ko‘zlarimizda iz qoldirmay ketmaydi. Quyida ko‘rish ne’matini asrashga oid tavsiyalarni keltirib o‘tamiz.

Inson butun axborotning 80 foizini ko‘rish orqali olishi allaqachon isbotini topgan. Bahosi yo‘q bu a’zomizning ahamiyatini his qilish juda oson – ko‘zingizni bir daqiqaga yuming va biror ishni bajarishga urinib ko‘ring.

Ammo so‘nggi yillar statistikasi juda qo‘rqinchli – odamzot gadjetlar ummoniga borgan sari ko‘proq sho‘ng‘imoqda va buning uchun ko‘zlarini qurbon qilishda davom etmoqda.

Tibbiyotda etalon hisoblanuvchi nemis klinikalarining so‘nggi tadqiqotlariga e’tibor bering. Mamlakatdagi 50 mln nafardan ortiq aholi smartfon va gadjetlarga tikilishni odat qilib bo‘lgan. Ayniqsa 14-29 yosh oralig‘idagi yoshlar har kuni (!) kamida 274 minutlarini monitorga tikilib o‘tkazmoqdalar. Bu 2015 yildagiga nisbatan 26 minut ko‘p degani. Arzimas farq tuyulishi mumkin, ammo bu bir hafta, oy yoki yilga ko‘paytirilsa, qancha muddatga aylanishini bilish qiyin emas va bu vaqtning hammasi ko‘zga bevosita zo‘riqish beradi.

Aynan mana shu so‘nggi uch yil ichida Germaniyada ko‘zoynak taquvchilar soni 1 mln kishiga oshgan.

Muammo nimada?

Aslini olganda, monitorga tikilib nimadir o‘qish yoki ishlashning jiddiy zararli tomoni yo‘q. Biroq me’yorni unutish albatta muammo tug‘diradi.

Odam ko‘zi shunday tabiatga egaki, hamisha nigoh nuqtasini o‘zgartirib turish zarur. Goh yaqin, goh uzoqqa, turli tasvirlarga tikilish ko‘zni mashq qildirib turadi. Gadjetlarga muntazam bir xil masofadan tikilib turish esa albatta ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Ko‘z olmasi yaqin turgan telefonni qamrab olish uchun zo‘riqib ishlaydi.

Raqamlar telefon zarariga

Bir vaqtlar gazeta yoki kitobni ko‘p o‘qish ham ko‘zga zararli hisoblangan. Lekin bugungi kun muammolari oldida u hadiklar o‘yinchoq bo‘lib qoldi. Inson gazeta o‘qiganida odatda gazetani 40 sm masofada ushlaydi. Kompyuterda ishlaganidan esa 60-70 sm masofa saqlaydi. Telefonda esa bu raqam 20-30 santimetrga tushadi va xavfli tus oladi.

So‘nggi 20 yil statistikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, Yevropaning aksariyat davlatlari orasida bolalar shabko‘rligi bir yarim barobar ortgan.

Ko‘zni qanday asrash lozim?

Avvalo, dastlabki belgilarga jiddiy qarash lozim. Ko‘z namligi pasayishi, qizarishi, ko‘rish o‘tkirligi o‘zgarishi, nurlarga ta’sirchanlik, yosh paydo bo‘lishi kabilarning biri yoki bir nechtasi paydo bo‘ldimi, darhol jilovni ortga torting. Chunki displeylardan taralayotgan ko‘kish nur ko‘z to‘r pardasiga salbiy ta’sir qiladi.

Uzoq vaqt monitorga tikilib o‘tirishi kerak bo‘ladigan kasb egalari imkon qadar tez-tez tanaffus olishlari, bu vaqtda uzoqroq nuqtalarga tikilishlari, ko‘z mashqlarini bajarishlari maqsadga muvofiq.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ochiq havoda muntazam sayr qilishga odatlanganlar shabko‘rlikka 30 foiz kamroq chalinarkanlar.

Ko‘z – vitaminlarga boy mevalarni «sevuvchi» a’zolardan biri, uni bu ne’mat bilan siylab turing. Eng muhimi – yiliga bir marta shifokor ko‘rigidan o‘tishni odat qiling.

Gadjetlarga qaytsak, ularning zarari isbotini topgan. Lekin aynan qancha foydalanish bezarar degan savolga aniq javob yo‘q, sababi, har bir organizm singari ko‘zlar ham o‘ziga xos. Lekin bu borada mutaxassislar «telefonlarga qancha kam tikilsak, shuncha yaxshi» qoidasini afzal biladilar.

Kommentlar: 1 komment 1 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Donik

    Хозир че то хамма телефон ва компга тикилвоган, как будто атрофда хаёт йу, атрофга карела одамла. хаёт гузал! телефонда бахт топа омисила

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social