Farzand tarbiyasi inson hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri ekani hech kimga sir emas. Bola katta hayotga qadam qo‘yib, jadallik bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda o‘z o‘rnini topib ketishi uning ayni vaqtda qanday bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirayotgani bilan chambarchas bog‘liq. “Layfhaker” nashri Skysmart onlayn maktabining akademik bloki rahbari Olga Lavrentyevaning bu boradagi tavsiyalarini e’lon qildi.
Ijodiy yondashuv
Kelajakka yo‘l ochuvchi asosiy qobiliyatlardan biri — ijodiy fikrlash, oddiy masalalarga noodatiy yechimlar topish. Bu xislat o‘smirga keng imkoniyatlarni ochadi.
Ijodkorlik nafaqat dizayner va reklama beruvchilarga kerak. Bunday qobiliyatga ega bo‘lgan mutaxassis qiyin vaziyatlardan chiqish uchun zarur bo‘lgan turfa xil g‘oyalar generatoridir. Muhandislar, tahlilchilar, menejerlar, jurnalistlar, marketologlar, boringki, har qanday mutaxassis muammoga odatdagidan kengroq qarash qobiliyatidan faqat foyda ko‘radi.
Rivojlantirish usullari
Odatiy fikrlash uslubini o‘zgartirishga yordam beradigan bir nechta mashqlar mavjud. Bu mashqlarni bajarishda bolaga ko‘maklashing va zinhor uni kalaka qila ko‘rmang, yo‘qsa u kelajakda o‘z g‘oyalarini oshkor qilishdan cho‘chiydigan bo‘lib qolishi mumkin.
Narsalar o‘rtasidagi kutilmagan o‘xshashliklarni aniqlang. Masalan, o‘ylab ko‘ring, sumka va bananning qanday umumiy jihatlari bor? Ikkala predmet ham sariq rangda va cho‘zinchoq shaklga ega bo‘lishi mumkin.
Buyumlardan foydalanishning noodatiy yo‘llarini o‘ylab toping. Masalan, qalamni nimaga ishlatish mumkin? U bilan nafaqat chizish, balki nimadir yasashda qog‘ozni burama holga keltirish, bo‘yoqlarni aralashtirish yoki cho‘zma sifatida foydalanish mumkin. Shu kabi usullardan kamida o‘ttiztasini topishga kelishib oling: bu ong chegarasini odatiy yechimdan chinakam ijodiy yondashuvgacha kengaytiradi.
Yuzta so‘zdan iborat hikoya tuzing yoki o‘nta slaydli prezentatsiya tayyorlang. Bolani roppa-rosa yuzta so‘zdan foydalangan holda nimanidir hikoya qilib berishga undang. Yoki uy loyihalari taqdimotini uyushtiring. Misol uchun, “Nega it boqib olishimiz kerak?” degan mavzuda o‘n slaydli prezentatsiya. Unga cheklangan resurslar bilan ham mavzuni imkon qadar chuqur va qiziqarli ochib berish mumkinligini ko‘rsatish muhimdir.
Tanqidiy fikrlash
Internet juda xilma-xil va har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydigan ma’lumotlarga to‘la. Muammoga yangicha nuqtayi nazar bilan qarash, aytilayotgan hamma gapga ishonavermaslik va obyektiv xulosalar chiqarish qobiliyati maktab davrlaridayoq rivojlantirish kerak bo‘lgan asosiy ko‘nikmalardir.
Bular turli mutaxassisliklar uchun, shuningdek, faqat ilhomga bog‘lanib qolmagan ijodiy kasb egalari uchun ham foydalidir. Axir xolislik va dalillarga asoslanish endilikda juda muhim.
Rivojlantirish usullari
Tanqidiy fikrlash qobiliyatini o‘yin ko‘rinishida rivojlantirish mumkin — shunda bolani jalb qilish osonroq kechadi.
Bir xil mavzudagi ikkita matnni toping. Masalan, global isish haqida. Mualliflar mavzuni qanday yoritayotganini, ular keltirayotgan dalillar o‘rtasidagi farq va qaysi tadqiqotlarga murojaat qilingani haqida fikr yuriting. Bu mashq bolaga doimo mustaqil fikr yuritishga va internet reklamalari ta’siriga tushib qolmaslikka yordam beradi.
Bola bilan tadqiqot o‘yinini o‘ynang. Unga kamida uchta dalil bilan isbotlash kerak bo‘lgan fikrni bering. Masalan, odam jamiyatdan ayro holda umr kechira olmaydi. Nima uchun? Chunki:
1. Inson — ijtimoiy mavjudot.
2. Inson kimgadir kerakligini va nimaningdir bir qismi ekanini his etishi muhim.
3. Ko‘nikma va iste’dodni jamiyatdan tashqarida yuzaga chiqarib bo‘lmaydi,
“Fakt yoki fikr” o‘yinini o‘ynang. Mualliflar o‘z qarashlarini bildirgan maqolani oling va boladan nima haqiqat va nima fikr ekanini aniqlashni so‘rang. Misol tariqasida quyidagi parchani keltiramiz:
Olimlar YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, inklar sivilizatsiyasidan qolgan Machu-Pikchu shahri aslida Uayna-Pikchu deb atalgan bo‘lishi mumkinini taxmin qildi.
Kimsasiz shahar YUNЕSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani — bu fakt. Olimlarning shahar boshqacha nomlangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmini — fikr.
Biror nima haqida bilgan va bilmaganlaringiz ro‘yxatini tuzing. Masalan, hayvonot bog‘idagi filni olaylik. Uning sut emizuvchilar oilasiga kirishi, rangi kulrangligi, Hindistonda yashashini bilasiz. Lekin ular nima bilan oziqlanishi va o‘rtacha necha yil umr ko‘rishi haqida ma’lumotga ega emassiz. Ushbu mashq yordamida bola bir qarashda juda tanish bo‘lgan obyekt haqida qanchalik ko‘p narsani bilmasligimiz mumkinligini tushunadi, quloqqa chalingan hamma narsani tekshirib ko‘rish va darrov ishonib ketavermaslikni o‘rganadi.
Jamoa bilan ishlash
Bu ko‘nikma boshqalar bilan samarali muloqot o‘rnatish va umumiy maqsadga erishish uchun shaxsiy qobiliyatni ishga solishga imkon yaratadi.
Jamoa bilan hamkorlik odamlardagi kuchli va zaif tomonlarni ochib beradi, dunyoqarashni kengaytiradi, chunki ishtirokchilar topshiriqqa turli tomonlardan qarashni, boshqalarning fikriga e’tiborli bo‘lishni o‘rganadi.
Mehnat bozoridagi deyarli barcha ish o‘rinlarida jamoa bilan ishlay olish ko‘nikmasi talab qilinadi. Biroq maktab mashg‘ulotlarida o‘qituvchilar har doim ham bu mahoratni shakllantirishga e’tibor beravermaydi. Demak, bolaga buni o‘zingiz o‘rgatishingizga to‘g‘ri keladi.
Rivojlantirish usullari
Hammasi sizdagi tasavvur kengligiga bog‘liq. Ba’zi texnikalarni misol tariqasida keltiramiz:
Qaysidir yumushni bajarishdan bosh torting va bola bunga qanday munosabatda bo‘lishini kuzating. U o‘sha ishni o‘zi mustaqil bajarishni istaydimi yoki sizni bunga undab, bu bilan o‘zidagi tashkilotchilik mahoratini o‘stiradimi?
Bir guruh bolaga umumiy topshiriq bering. Misol uchun, ikki soat ichida onalar uchun 8-mart sovg‘asini tayyorlash. Bolalarni kuzating va kim eng ko‘p g‘oyani ilgari surgani, kim tashkiliy ishlarda yordam bergani, kim hammasini o‘zi mustaqil bajargani va hech kim bilan fikrlashmagani to‘g‘risida xulosalar qiling.
Farzandingiz bilan jamoaviy ishdagi har bir rolning ahamiyatini sport o‘yinlari misolida muhokama qiling. Aytaylik, futbol. Agar darvozabon maydondan chetlatilsa, nima bo‘ladi? Murabbiy nima uchun kerak? Nega bir vaqtning o‘zida ham hujumchi, ham himoyachi bo‘lishning imkoni yo‘q?
Bolangizga arzimagan yumushga ham ishtiyoq bilan kirishishni o‘rgating. Masalan, ishlatgan idishini yuvib qo‘yishgina emas, hatto yo‘lakdagi chiroqni o‘chirish va oshxona polini yuvish. Qiziqishni kuchaytirish uchun uni ruhlantirish yo‘llarini o‘ylab toping. Misol uchun, finlyandiyalik bolalar psixologi Ben Furman o‘zining “Bolalar ko‘nikmasi amalda” nomli kitobida bolada ko‘nikma hosil qilish uchun birgalikda bayram uyushtirishni taklif qiladi. Odatda, bolalar faqat bayram kechasini emas, balki unga tayyorgarlik ko‘rishni ham yoqtiradi. Bu ularni ishni chala qoldirmaslikka undaydi, ota-onalar esa ko‘nikma, albatta, o‘zlashtirilishiga ishonch hosil qiladi.
Yangi sharoitga moslashuvchanlik
Bugun dunyo hatto o‘n yil oldingiga nisbatan tezroq o‘zgarmoqda. Yangi texnologiyalar ishlab chiqilmoqda, tanishlar doirasi kengaymoqda, mehnat bozorida doimiy ravishda yangi kasblar paydo bo‘lib, eskilariga ehtiyoj yo‘qolmoqda.
Shu barcha o‘zgarishlarga tezda moslashish qobiliyati odamni haqiqiy professionalga aylantiradi. U komfort zonasidan chiqib, bozor talablariga moslasha oladi va hozirda eng ko‘p talab qilinadigan sohalarda o‘z malakasini qo‘llashi mumkin bo‘ladi.
Rivojlantirish usullari
Bolaning fikrlash qobiliyatini yanada moslashuvchan qilishning eng yaxshi usuli ularning kundalik tartibiga o‘zgartirish kiritishdir.
Farzandingiz bilan uy vazifalarini bajarishning yangi usullarini sinab ko‘ring. Misol uchun, odatdagi kalkulyator o‘rniga, qog‘oz va qalamdan foydalaning yoki umuman barcha hisoblash ishlarini miyada bajaring.
Farzandingizni doimiy ishlarni boshqa qo‘lda bajarishga undang. Masalan, tishlarni yuvish, ovqatlanish yoki eshikni yopish. Ko‘plab psixologlarning ta’kidlashicha, bolalar bu kabi tajribalarni ishtiyoq bilan bajaradi. Pol Dennison esa o‘zining “Miya gimnastikasi” kitobida yangilik miyani yaxshiroq ishlashga undaydi, chunki miyaning ikkala yarim shari ham rivojlanadi, deb yozadi.
“Agar…” mashqini bajaring. Qiziqarli g‘oya yoki vaziyatni o‘ylab toping va bolaga buni muhokama qilishni taklif qiling. Masalan: “Agar butun dunyoda internet o‘chib qolsa, nima bo‘ladi?”
Sherlok Xolms bo‘ling. Bolaga tanish birorta joyni tanlang — xona, bog‘, maktabdan uygacha bo‘lgan yo‘l. Keyin o‘sha yerda jinoyat sodir bo‘lganini ayting. Buning uchun oldindan kichikroq voqea o‘ylab topib qo‘ying va dalillar keltiring. Masalan, yozuvdan parcha yoki kimningdir sharfi. Bolaning vazifasi — jinoyatni ochish. O‘yin vaqtida u tafsilotlarga e’tibor berishni, narsalarga turli tomonlardan qarashni va mantiqiy xulosalar qilishni o‘rganadi.
Farzandingiz bilan birga kitob o‘qing. O‘qish miyani faollashtirib, tasavvurni kengaytiradi. Biz haqiqatni ochiqroq ko‘ra boshlaymiz, biznikidan farq qiladigan nuqtayi nazarlarni hisobga olamiz va noaniqlik muhitida foyda beradigan yangi bilimlarga ega bo‘lamiz.
Diqqatni bir yerga jamlash
Bolaning diqqatini ma’lum bir narsaga qaratish qiyinroq, chunki ularning miyasi hali yetarli darajada rivojlanmagan. Lekin bola bu ko‘nikmani qanchalik tez o‘zlashtirsa, maktabda o‘qishi va kelajakda karyera qurishi shuncha osonroq bo‘ladi.
Muhim eslatma: diqqatni jamlash qobiliyati faqat murakkab faoliyat jarayonida rivojlanmaydi. Masalan, bolalar rasm chizayotganda, qurilish majmuasi bilan shahar qurayotganda, planshetda video tomosha qilishda yoki sizga tushunarsiz bo‘lgan o‘yinni o‘ynayotganda ham diqqatni jamlash ko‘nikmasi rivojlanadi. Bunday holatlarda ularga xalal bermaslik muhimdir.
Rivojlantirish usullari
E’tiborni muhim narsaga qaratishning turli usullari mavjud:
She’r yodlang. Farzandingiz uchun qiziq bo‘lgan shoir yoki mavzuni tanlang. Haftada bitta she’rdan (hatto parcha ham bo‘lishi mumkin) boshlang va yukni asta-sekin oshirib boring.
Boladan tirishqoqlikni va diqqatni bir yerga jamlashni talab qiladigan vazifalarni bajarishda “Pomidor” uslubidan foydalaning. Buni o‘tgan asrning 80-yillarida vaqtni boshqarish bo‘yicha mutaxassis Franchesko Chirillo taklif qilgan. Bir “pomidor” — 25 daqiqalik ish va besh daqiqa dam. Hammasi bo‘lib to‘rtta “pomidor yeyish” kerak, shundan so‘ng 15–30 daqiqa dam olishingiz mumkin bo‘ladi. Bolaning ishga moyilligini oshirish uchun uni bunga ruhlantirish kerak. Masalan, to‘rtta “pomidor”dan so‘ng shirinlik yeyishga borish yoki ijtimoiy tarmoqqa kirish.
Farzandingizni sport to‘garagiga yozdiring. Bu maslahatning diqqatni jamlashga umuman aloqasi yo‘qday, lekin unday emas. Jismoniy mashqlar miyaga chalg‘ituvchi narsalarga e’tibor bermaslikka ko‘maklashadi va irodani chiniqtiradi. Iroda diqqatni jamlash qobiliyatimizga ijobiy ta’sir qilishi ma’lum.
Mustaqillik
Mustaqil odam hayotdan nima kutayotganini anglay oladi, ongli ravishda tanlov qiladi va buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Odamdagi erkinlik va o‘zini nazorat qila olish hissi aynan bolalikda shakllana boshlaydi, yangi imkoniyatlar esa bolalarni minglab tajribalar qilishga undaydi.
Boladagi mustaqillikni oshirish uchun siz uni asta-sekin qo‘yib yuborishni, ulg‘ayganini qabul qilishni, xatolar qilish va ulardan xulosa chiqarishiga to‘sqinlik qilmaslikni o‘rganishingiz kerak. Har qanday sharoitda ham o‘ziga ishonch hissi va ish faoliyatida katta muvaffaqiyatlarga erishish imkoniyati paydo bo‘lishi uchun bu jarayonni bolalikdan boshlagan ma’qul.
Rivojlantirish usullari
Psixologlar quyidagi texnikalarni tavsiya qiladi:
Oddiy kundalik buyumlar bilan mustaqillikni rivojlantirishni boshlang. Bola ikki-uch yoshida kattalar yordamisiz kiyinishni, to‘shak yozishni va qo‘llarini yuvishni o‘rganishi mumkin. To‘rt-besh yoshida poyabzal bog‘ichini bog‘lash, stolni tozalash, hayvonlarni boqish yoki gullarga suv quyishni uddalaydi. Olti-sakkiz yoshida esa maktab sumkasini tayyorlashni, yuvinishni va tozalik qoidalariga rioya qilishni eplaydi.
“Qarshi savol” mashqini muntazam qo‘llab boring. Bola sizdan nimadir so‘raganda hamma masalani uning uchun yechib berishga shoshilmang — unga mustaqil o‘ylashga imkon bering. Qarshi savollardan foydalaning: “Sen nima qilgan bo‘larding?”, “O‘ylab ko‘raylik. Qanday variantlar bor?, “Senga qaysi javob ma’qulroq?”. Yosh ulg‘aygani sari savollar sonini va murakkabligini oshiring. Shunday qilib, bola hayotda har qanday qarorni mustaqil ravishda qabul qilish mumkinligini asta-sekin tushunadi.
Bolaga xato qilish huquqini bering. Uning o‘zi uchun tayyorlagan birinchi nonushtasi bemaza yoki iste’molga yaroqsiz bo‘lishi mumkin, lekin bu xatoni u bilan birgalikda tahlil qilish kerak. Aks holda, bola kelajakda doim sizga suyanadigan va noto‘g‘ri qarorlari uchun boshqalarni ayblaydigan bo‘lib qoladi.
Qoidalarni shaxsiy hayotingizdagi misollar bilan mustahkamlang. Bolalar kattalarga taqlid qilishga usta. O‘g‘il yo qizingizga erishgan yutuqlaringiz haqida gapirib bering — qanday qilib ota-onangiz yordamisiz o‘qishga yoki ishga kirganingiz haqida. Bu bolani ruhlantiradi va kelajakda o‘z qarorlari uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishi osonroq kechadi.
katta raxmat, men u4un juda foydali maqola, bolalarimni katta qilishda yordam b6ladi
oldinlari wunday narsala haqida uylawmasdi, wunday busada baribir juda kup ixtidor bolala usiwardi, nima uzgardi?
hozi hamma nejni bupqogan, sal gapirsa hapa buladi
buladi
bolalarim Xudo xohlasa wunday buliwadi
bolala bilan kupro vaqt utziw kere, wunda ula kup narsalaga eriwiwadi
nafaqat vaqt, balki ula bilan kup gaplawiw kere!
rahmat
Xudo bar4amizga sog’lom farzandlar bersin, hayotimiz yaxwi bulsin