Infantilizm — shaxsiy qaror, hissiyot va istaklar yo‘qligi, muammolardan qo‘rqish

Infantilizm — shaxsiy qaror, hissiyot va istaklar yo‘qligi, muammolardan qo‘rqish

Shaxsiy qaror, his-tuyg‘u va istaklar yo‘qligi, muammolarni birovning yordamisiz hal qila olmaslik va boshqa salbiy holatlar psixologiyada “infantilizm” atamasi bilan ifodalanadi. Yelena Miloslavskaya tomonidan Experimental Psychic portali uchun yozilgan maqolada infantilizm sabablari, oqibatlari va bartaraf qilish usullari haqida ma’lumot berilgan.

Infantilizim nima?

Infantilizm — bolatabiatlik yoki aqlan kamol topmaganlik, shaxsda psixologik rivojlanishning kechikishi, xatti-harakatlari yoshiga mos kelmasligi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olish va ongli ravishda qaror qabul qilishni istamasligida namoyon bo‘ladi.

Infantilizm turlari

Ushbu atama turli sohalarda turlicha talqin qilinadi. Psixiatriyada bu patologik rivojlanishning kechikishini, ya’ni o‘smirning xatti-harakatlari va hissiy reaksiyasi bolalarnikiga mos kelishini (yoki kattalar o‘zini bola yoki o‘smir kabi tutishini) anglatadi. Bundan tashqari, fiziologik infantilizm — fiziologik patologiya, ya’ni organlar va tizimlar rivojlanishida ortda qolish holati ham bor. Shunga qaramay, atamadan foydalanishda ko‘pincha patologiyalar bilan bog‘liq bo‘lmagan psixologik yoki ijtimoiy infantilizm nazarda tutiladi. Quyida gap aynan shu turlari haqida ketadi.

Infantil xulq-atvorning asosiy xususiyatlari va belgilari

Psixologiyada yoshi katta kishilarning kundalik hayotda bolaga, aniqrog‘i o‘smirga xos xususiyatlarni namoyon qilishi infantilizm sifatida baholanadi. Ayni vaziyatda qarshingizda ulg‘aymagan, infantil shaxs turgani ta’kidlanadi. Shu bilan birga, buning psixik patologiyalarga umuman daxli yo‘q. Bundan kelib chiqadiki, infantil shaxs mutlaqo sog‘lom, lekin uning fikrlash tarzi va xulq-atvori voyaga yetgan shaxsga xos emas. Aynan nima nazarda tutilmoqda?

Quyida infantilizmning eng yaqqol belgilarini ko‘rib chiqamiz.

Birinchidan, bu qaror qabul qila olmaslik, qilingan tanlov, bajarilgan ish va hokazolar uchun javobgarlikdan qochish. Voyaga yetgan shaxs o‘zining har bir qarori ma’lum bir oqibatlarga olib kelishini biladi — muhim yoki ahamiyatsiz, yaxshi yoki yomon. Bolatabiat kishi esa javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni mutlaqo istamaydi.

Bu esa infantil odamning yana bir muhim xususiyati bilan bog‘liq: u muammolarni qanday hal qilishni bilmaydi. Muammo tug‘ilsa, “katta” odam (ota-ona, turmush o‘rtoq, do‘stlar) kelib, vaziyatni o‘nglashini yoki hech bo‘lmasa qanday o‘nglash kerakligini aytishini kutadi. Bu esa shaxsning o‘z xatti-harakatlari oqibatini baholay olmasligiga olib keladi, chunki bunday baholash tizimini uning uchun odatda boshqalar amalga oshiradi. Ayrimlar har qanday qilmishning bahosini “maktab darajasida” qabul qiladi: hammasidan o‘qituvchining tanbehlari va kundalik to‘ldirish bilan qutulib ketsa bo‘ladiganday. Lekin katta hayotda hammasi ancha jiddiyroq.

Bolatabiat kishi mas’uliyatni boshqalarga yuklashga moyil bo‘ladi — u deyarli har doim boshqalarni ayblaydi. Bunday odam nafaqat o‘zi uchun, balki boshqalar uchun ham javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Bundan tashqari, u juda xudbin. Bu boshqalar fikrini, his-tuyg‘ularini va nuqtayi nazarini tushuna olmaslik natijasidir. Shu bilan birga, bu masalada barchasi ma’lum bir shaxs psixologiyasiga borib qadaladi.

Jiddiy ish va o‘yin-kulgidan birini tanlashga to‘g‘ri kelsa, infantil shaxslar aksar hollarda ikkinchisini ma’qul ko‘radi (ba’zan juda muhim vazifa bo‘lsa ham). Bolatabiat kishi ko‘pincha o‘zini biror ishni bajarishga majburlay olmaydi va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida o‘ylamaydi. U bir lahzalik istakni deb o‘zini o‘ta mas’uliyatsiz tutishi mumkin. U, shuningdek, o‘zining ham, boshqalarning ham kelajagi haqida deyarli bosh qotirmaydi.

Bu Maklinning “Uch miya” modelidagi limbik miya va neokorteks o‘rtasidagi qarama-qarshilikni yodga soladi. “Voyaga yetgan” kattalar limbik miyani bo‘ysundirib, neokorteksga quloq solishni biladi. Infantil esa ko‘p hollarda limbik tizimga bo‘ysunadi va uning impulslarini yengishga hatto harakat ham qilib ko‘rmaydi.

Ijtimoiy infantilizm

Ijtimoiy infantilizm ham psixologik infantilizmga juda yaqin. U ham qarshimizda ruhan sog‘lom, biroq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni va muammolarni hal qilishni istamaydigan kishi turganini ta’kidlaydi. Ayni vaziyatda u ijtimoiylashuv, atrof-muhit sharoiti va ijtimoiy qadriyatlarga moslashish masalasini ko‘taradi. Bu, asosan, “kattalarga” xos vazifalar bilan bog‘liq mas’uliyatlarni zimmasiga olmaslikdir.

Ta’kidlash joiz, ijtimoiy infantilizm nafaqat obyektiv, balki baholash komponentini ham o‘z ichiga oladi. Gap shundaki, jamiyat qadriyatlari va odatlari bu yerda boshlang‘ich nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Masalan, qadriyatlar avloddan-avlodga o‘zgaradi va bunday o‘zgarish natijasida ota-onaga o‘z farzandi ijtimoiy infantil bo‘lib ko‘rinadi.

Misol uchun, hozir ayrim ayollar oila qurish va farzand tarbiyalashday an’anaviy qadriyatda ma’no ko‘rmaydi. Jamiyatning bir qismida bunday ayollar kamida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamaydigan go‘dak qizlar sifatida gavdalanadi. Lekin jamiyatning boshqa qismi farzand ko‘rmaslik qarorini, farzandli bo‘lishdan ham ko‘ra mas’uliyatliroq ish sifatida baholashi mumkin, agar ayol moliyaviy yoki ma’naviy jihatdan bunga hali tayyor emasligini tushunsa.

Shunday qilib, agar keksa avlod vakillari yoshlarni yoppasiga infantil sifatida baholasa, katta ehtimol bilan, ijtimoiy infantilizmni nazarda tutayotgan bo‘ladi (bu so‘zni ishlatayotgan kishilarning o‘zi uning ma’nosini umuman tushunmasligi ham mumkin, lekin bu boshqa mavzu).

Psixologik va ijtimoiy turlar amalda bir-biriga yaqin bo‘lgani sababli, ularni birgalikda o‘rganib chiqamiz.

Infantil ishda va shaxsiy hayotda o‘zini qanday tutadi?

Infantil erkak va ayol jiddiy tashvish va muammolardan xoli bo‘lgan, bolalikdagi kabi yengil hayotga intiladi. Bolatabiat kishi o‘z sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lishi mumkin, biroq kundalik hayotda va munosabatlarda o‘zini o‘smir kabi tutadi (bo‘shang yoki injiq). Shu bilan birga, uning mehnat faoliyatida ham muammolar yuzaga kelib turadi. Masalan, ayrimlari kichik bir to‘siqqa duch kelishi bilanyoq, ortga chekinadi. Ular o‘sha ondayoq taslim bo‘ladi, loyihani boshqa xodimlarga topshirib yuboradi, uddalay olmasligidan qo‘rqib, istiqbolli lavozimlar va vazifalarni bajarishdan bosh tortadi. Boshqalari esa o‘ta mas’uliyatsiz, ularga ishonib bo‘lmaydi, chunki ular ishdan zerikib qolgani yoki boshqa nimadir bilan shug‘ullangisi kelib qolgani tufayli mas’uliyatni o‘z zimmasidan soqit qilishni normal hisoblaydi. Bularning barchasi, albatta, ish faoliyatini qiyinlashtiradi.

Infantilizm jins tanlamaydi: u erkaklarda ham, ayollarda ham tez-tez uchrab turadi. Shuni ham ta’kidlash kerakki, bu hodisa yangilik emas, bolatabiat kishilar har doim bo‘lgan.

Oilaviy hayotga kelsak, bu toifa kishilar qalin munosabat o‘rnata olishi mumkin. Lekin ular o‘ziga turmush o‘rtoq emas, balki ota-onasining o‘rnini bosib, ular uchun barcha muammolarni hal qilib beradigan odamni izlaydi. Agar ularning turmush o‘rtog‘i talabga javob bersa, unda hamkorlik ancha uzoq davom etishi mumkin. Bolatabiat kishilar o‘zi va boshqalar uchun mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgangan va hamma narsa o‘zi istaganidek bo‘lishini afzal ko‘radigan kishilarga mos keladi. Infantil shaxslar ham farzand ko‘radi. Ko‘pincha bu ikki “turdagi” bola birga vaqt o‘tkazishni, o‘ynashni va hokazolarni yoqtiradi. Lekin baribir o‘g‘il yoki qiz uchun “voyaga yetgan” katta odam namunasi ancha foydaliroq.

Ba’zi kishilar fikriga qaramay, kompyuter o‘yinlari, ilmiy fantastika, filmlar, kitoblar, komikslar, o‘yinchoqlar yig‘ish va hokazolarga bo‘lgan ishtiyoq kattalardagi infantilizm belgisi emas. Shuningdek, xarakterdagi shaxsiy xususiyatlar yoki nikoh, farzand, ish kabi muayyan hayotiy masalalarga munosabatda jamoatchilikdan farq qilish ham infantilizmdan darak bermaydi (bu alohida mavzu). Ta’kidlab o‘tamiz: infantillik yuqorida sanalgan ko‘plab xususiyatlarni kompleks ravishda namoyish qilishdir.

Infantilizmning kelib chiqish sabablari

Ma’lumki, shaxsiyatga xos ko‘plab xususiyatlar bolalikda shakllanadi. Ijtimoiy va psixologik infantilizm ham bundan mustasno emas. Boz ustiga, bu aksar hollarda aynan ota-onaning tarbiya jarayonida xatolarga yo‘l qo‘yishi bilan bog‘liq. Eng ko‘p uchraydigan sabab — g‘amxo‘rlikni haddan oshirib yuborish, doimo bolaning ko‘ngliga qarash istagi, uni barcha muammo va tashvishlardan himoya qilish, u hatto so‘ramasa ham, yordam berishga oshiqish.

Doimiy aybdorlik hissi — ota-onaning xatosi tufayli paydo bo‘ladigan yana bir noxush holat.

Bolaning fikr va his-tuyg‘ulariga umuman e’tibor bermaslik, u uchun barcha qarorlarni qabul qilish (qanday kiyinish, nimani o‘ynash va nima qilish kerakligi), qiz yoki o‘g‘il orqali o‘zi erisholmagan orzularni amalga oshirishga urinish bolaning kelajagiga salbiy ta’sir qiladi.

Bola shaxsiy rivojlanishda emas, balki pasportda ulg‘ayishining boshqa sabablari ham bor. Lekin tarbiya juda katta mavzu bo‘lib, uni alohida ko‘rib chiqish lozim. Eng asosiysi: ota-onalar bolaning qarorlarini, orzularini, intilishlarini, istaklarini, ambitsiyalarini, his-kechinmalarini, niyatlarini muntazam ravishda va ayovsiz “kallaklab” turishi natijasida u oxir-oqibat fikrlash va qaror qabul qilishni butunlay to‘xtatadi.

Hamma narsa onasi yoki otasi aytganiday bo‘lsa, o‘zini qiynashdan nima foyda? Shu sababli rivojlanayotgan shaxsda shakllanish va kamolga yetish jarayoni buziladi va natijada u go‘dakligicha qolib ketadi.

Voyaga yetgach, bunday odam o‘zi odatlangan qulaylikni saqlab qolish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qiladi — ya’ni hech nimani mustaqil hal qilmaslik, qiyinchiliklardan qochish, boshqalar ko‘magiga qaramlik. Buning ham o‘ziga yarasha afzalliklari bor. Lekin salbiy tomonlari-chi? Salbiy tomonlari anchagina ko‘p bolishi mumkin.

Infantil bo‘lishning nimasi yomon?

Ba’zi bolatabiat kishilar uchun asosiy muammolardan biri shundaki, ular chinakamiga baxtli bo‘lolmaydi. Ular hayotdan aslida nimani istayotganini bilmaydi, chunki shu vaqtgacha uning uchun boshqalar qaror qabul qilgan. Agar kimningdir omadi chopib, o‘z ishini chindan ham yoqtirsa, yaxshi. Lekin ko‘pchilik bu borada omadsiz, yillar davomida o‘zi yoqtirmaydigan ishni qilishga majbur bo‘ladi, chunki ish joyini yoki kasbini o‘zgartirishga jur’ati yetmaydi.

Oilaviy hayotda ham shu holat kuzatiladi — turmush o‘rtog‘i bo‘lishiga qaramay, bolatabiat kishi o‘zini juda yolg‘iz his qilishi mumkin. Sabablari: o‘ziga turmush o‘rtoq emas, balki hamma narsani o‘zi istagancha bajaruvchi ota-onasining o‘rnini bosadigan odam bilan yashaydi. Ikkinchidan, infantil u bilan o‘z qaroriga ko‘ra yashayotgani ham dargumon: uning uchun boshqalar qaror qilgan.

Ulg‘aymagan shaxs boshqalarga, ularing fikriga va harakatlariga qaram bo‘ladi. O‘z maylini birovga topshirish orqali nochor ahvolga tushib qolish xavfi tug‘iladi. Albatta, kamol topgan kishilar ham yaqin munosabatlarga muhtoj, lekin bu qaram bo‘lish degani emas.

Hikoyamiz qahramonlari ichki muammo va qo‘rquvlardan qochishga urinadi, chunki aynan shu vaziyatda boshqalar ular uchun qaror qabul qilolmaydi. Lekin bu kabi muammo va qo‘rquvlar hech qayerga yo‘qolmaydi, balki kuchayadi.

Bundan tashqari, noyetuk shaxslarning ko‘pchiligi laqma, boshqalar ta’siri va manipulyatsiyasiga osongina ergashadi. Ko‘pchilik reklamalarga, qanchalik shubhali ko‘rinmasin, ishonib, keraksiz narsalarni sotib oladi. Ba’zilar firibgarlik, moliyaviy piramida va hokazolar qurboniga aylanadi. Bu ko‘plab bolatabiat kishilarning zahmat chekmay, qandaydir mo‘jizaviy yo‘llar bilan daromad topishga intilishi natijasida yuz beradi. Bu mo‘jizaga ishonishning bolalarga xos bo‘lmagan, g‘ayritabiiy shakliday namoyon bo‘ladi.

Infantilizmdan qutulish mumkinmi?

Infantilizmdan qutulish mumkin. Bunday dunyoqarashni yengish uchun inson o‘z hayoti faqat o‘ziga bog‘liqligini, uni faqat o‘zi o‘zgartira olishi mumkinligini, o‘z fikri, qarorlari, hissiyotlari va istaklariga ega bo‘lish, ularni hayotga tatbiq qilishga haqli ekanini anglashi kerak. Bir qarashda osonday, chunki bu xislatlar nazariy jihatdan bizda tug‘ma hisoblanadi. Lekin amalda ongli yoshdagi odam hech qachon o‘ziga quloq tutmagan va mustaqil ravishda qarorlar qabul qilmagan bo‘lsa, uni qayta sozlash qiyin bo‘lishi mumkin. Shu bois hamma ham psixolog yordamisiz infantilizmni yenga olmaydi.

Insonning o‘zi o‘zgarishni istashi muhim. Aksar bolatabiat kishilar o‘zining fikrlash tarzi va xatti-harakatidagi xususiyatlarni payqamaydi. Yuqorida sanalganlarning barchasi ulardagi ong ostida yotadi. Onam, dadam yoki turmush o‘rtog‘im kelib, muammoni hal qilib beradi, deb o‘ylamaydi. Mustaqil qaror qabul qila olmasligini o‘zi fahmlamaydi. Ular yakuniy qarorga kelishdan avval maslahatlashib olishi kerakligi haqida o‘ylaydi (va boshqalarga shunday deydi). Bu toifadagi kishilar barcha qarorlarni o‘zi qabul qilayotganiga ishonadi va g‘ururlanadi.

Bundan tashqari, kimningdir doimiy g‘amxo‘rligi ostida yashash ancha qulay bo‘lib, shu vaqtgacha “ota-ona va bola” modeliga amal qilgan bo‘lsa, bundan qulaylikdan voz kechish oson emas. Lekin inson o‘zini yolg‘iz, baxtsiz his qilsa, qandaydir muammo yoki qo‘rquvni boshdan kechirsa, dunyoqarashidagi yoki hayotidagi nimanidir o‘zgartirishni istab qolishi mumkin. Shuning o‘zi bolatabiat kishi qo‘ygan katta qadam hisoblanadi.

Yaqin kishingiz infantil bo‘lsa, nima qilish kerak?

“Do‘st yomon kunda sinaladi” — bu maqolda infantilni ajratib olishning eng oddiy usuli ko‘rsatilgan. Ishingiz o‘ngidan kelib, muammolarsiz yashayotgan vaqtingizda noyetuk shaxsiyat o‘zini umuman oshkor qilmasligi mumkin. Lekin ba’zi muammolarni hal qilish kerak bo‘lganda do‘stingiz yoki hamkasbingizning bolalarcha xatti-harakati va fikrlash tarzi sezilib qoladi.

Yaqin kishingizga infantilizmdan xalos bo‘lishda ko‘maklasha olasizmi? Ha, ko‘maklasha olasiz. Lekin ota-ona vazifasini o‘z zimmangizga olib, u yordamingizga muhtoj yoki yo‘qligi haqida o‘zingizcha qaror chiqarmasligingiz kerak. Sizga kimdir noto‘g‘ri yashayotganday tuyilsa-da, aslida bunday hayot tarzi unga yoqayotgan bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, siz infantilning o‘rniga qaror chiqarsangiz, unda siz ham “ota-ona va bola” modeli doirasida harakat qilayotgan bo‘lasiz.

Qaysidir yo‘l bilan unga yordam berishni istasangiz, bu ishni tartib bilan bajaring. Kichik narsadan boshlang. Masalan, undan nimani xohlashi haqida ko‘proq so‘rashga harakat qiling. Boshlanishiga, dam olish kunini qanday o‘tkazish, nima pishirish va hokazolar tanlovini unga qoldiring, so‘ngra muhimroq masalalarga o‘ting. U o‘zini qanday his qilayotgani va nimani istayotgani haqida tez-tez so‘rab turing.

Lekin uning hislari va istaklari borasida hukm chiqarib, noto‘g‘ri ekanini aytmang — sizdan boshqalar ham infantilga bunday gaplarni ko‘p aytgan. Yaqin kishingiz o‘z qaroriga, hissiyotlariga va istaklariga ega bo‘lishga chindan ham haqli ekanini anglashi kerak. Biroq o‘z muammolarini ham o‘zi hal qilishiga qo‘yib bering — yonida bo‘lib, ko‘maklashing, ammo hech narsani uning uchun qilib bermang.

Yaqin kishingiz bolalikda qanday kasbni egallashni orzu qilgani haqida so‘rang va iloji bo‘lsa, ayni damda siz bilan birgalikda o‘sha orzu tomon ilk qadamlarni qo‘yishni taklif qiling. Balki, uning nisbatan “yangiroq”, amalga oshirish uncha qiyin bo‘lmagan orzulari ham bordir? Misol uchun, u rassomchilik yoki oshpazlik bilan shug‘ullanishni, Shekspirni asliyatda o‘qishni ista(yot)gandir. U bilan maxsus kurslarga a’zo bo‘ling. Qo‘llab-quvvatlashingiz juda zarur.

Asosiy qoidani yodda tuting — do‘stingiz uchun hech narsani bajarmang, uning o‘rniga qaror qabul qilmang. Buni o‘zi bajarsin, siz esa shunchaki yonida bo‘lib, kerak bo‘lganda qo‘llab-quvvatlang.

Ayrim bolatabiat kishilar birdan ulg‘ayadi, turfa xil jiddiy muammolar bolalarcha dunyoqarashga chek qo‘yadi. Lekin siz boshqalarni stress bilan “davolay” ko‘rmang (internetda shunga o‘xshash tavsiyalarni uchratish mumkin). Unutmang, bunday holatlarda kimdir o‘sadi, kimdir esa sinadi — nevrozga chalinadi, depressiyaga tushadi va hokazo.

Xulosa o‘rnida: kattalar bolalikning bir qismini o‘zida saqlab qolishi, albatta, kerak — mayda narsalardan mamnuniyat hissini, orzu qilish, mo‘jizaga ishonish va boshqa tuyg‘ularni. Lekin zarur vaqtda voyaga yetgan shaxs sifatida tizginni qo‘lga olish juda muhim. Bolalik qanchalik go‘zal bo‘lmasin, o‘rnini katta hayotga bo‘shatib berishi kerak, u ham o‘ziga yarasha afzalliklarga ega.

Kommentlar: 10 komment. 10 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Madina

    shunday katta va tushunarli maqola uchun raxmat!

  2. Нодир

    Хмм

  3. Abbos

    qiziq… hayronman

  4. javohir

    infantil insonlar kupini kurganman, hammasi bir xil buladi

  5. M

    good

  6. Jamol

    qiziq maqola bupti, raxmat.

  7. Mazura

    smile

  8. Oybek bola

    dash

  9. Manzura

    smile

  10. Oybek

    tin4lik bulsin!

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social