Kechiktirilgan hayot sindromi nima va undan qanday qutulish mumkin

Kechiktirilgan hayot sindromi nima va undan qanday qutulish mumkin

Urfdan qolgan chinni to‘plamlar, xrustal idishlar, rangi o‘chgan kumush qoshiqlar, kuya yegan mo‘yna yoqali paltolar, devorga osilgan gilamlar… Bir paytlar noyob hisoblangan bu buyumlar chang bosgancha allaqayerlarda yotibdi. Bular sovet davrida hashamatli buyumlar hisoblanardi va ehtiyotkorlik bilan maxsus kunlardagina ishlatilardi. Hatto yaxshi kunni, bayramni kutib umuman ishlatilmagani, foydalanilmaganlari ham bor.

O‘sha keladigan kun ya’ni baxtli kelajak yorqin intizorlik holatiga tushiradigan qandaydir muhim voqea bilan boshlanishi kerak go‘yo. Shu bois ko‘pchilik, yorqin lahzalarni kutib, hozir, ayni damdagi zavqni unutib qo‘yishadi.

Kelajak qiyofasi juda jozibali…

Rus faylasufi Nikolay Berdyayev to‘g‘ri ta’kidlagan edi: «O‘tmish o‘tdi, kelajak hali bu yerda emas va hozirgi kunni tushunish qiyin».

Kelajak qiyofasi ko‘pincha ijobiy ma’noga ega, chunki u yangi yo‘lni tanlash imkoniyati tufayli yanada jozibaliroq ko‘rinadi, o‘tmishni esa o‘zgartirib bo‘lmaydi, bugungi kun mavhumdek.  

«Forbes» jurnalidagi ushbu mavzudagi maqolada ta’kidlanganidek, hozirgi avlod vakillari ongsiz ravishda o‘zlarining bobolari va buvilari chin dildan ishongan munosabatlarga amal qilishadi – baxtni kutish allaqachon dasturlashtirilgan hayot ssenariysining bir qismidir.

«Kechiktirilgan hayot» sindromi

Ha, aynan baxt kechiktirilgan hayot sindromi tufayli «kechikadi». Afsuski, juda ko‘pchilik «kechiktirilgan hayot» sindromi bilan yashaydi. Ular shunday o‘ylaydi: «haqiqiy» hayot oldinda va bugungi kun faqat o‘sha yaxshi kunlar uchun tayyorgarlik. «Oyligim ko‘paysa…», «oila qursam…», «o‘z uyim bo‘lsa…» men boshqacha yashayman. Muammo shundaki, «haqiqiy» hayot hech qachon kelmaydi. Va agar shunday bo‘lgan taqdirda ham, odam undan chinakam zavq olishi uchun juda kech qolgan bo‘ladi. «Kechiktirilgan hayot» sindromi (postponed life syndrome) bor odam baxt va zavqni hozir emas, balki kelajakka qoldiradi.  

«Kechikkan hayot sindromi» atamasi 1990-yillarda rus psixologi Vladimir Serkin tomonidan Magadan viloyati, Yakutiya va Chukotka aholisining mamlakatning markaziy hududlariga ko‘chib ketish sabablarini o‘rganishi orqali paydo bo‘lgan. Olim ta’kidlashicha, ko‘pchilik shimolliklar gullab-yashnagan mintaqaga ko‘chib o‘tgandan keyingina to‘liq hayot boshlashlariga ishonishadi. Yillar davomida «yaxshiroq hayot» kutgani sababli, inson hozirgi kundan zavqlana olmaydi, Serkin buni yashashga kechikish sindromi deb atadi. Bunday odamlar to‘liq baxtli hayot uchun baxtli munosabatlar, yuqori lavozim, sifatli ta’lim, ko‘p pul kerak deb o‘ylaydi. Semiz odamlar vazn tashlaganda, ba’zilar qarzlari yo‘q bo‘lsa, boshqalar yaxshi ishda ishlasa to‘liq yashayotgan bo‘laman deb o‘ylashadi. Mutaxassislarning fikricha, ayni damda shu yerda va hozir qanday quvonishni bilmagan odam, hatto rejadagi orzulari amalga oshganda ham buni qila olmaydi – miya har doim quvonchni keyinroq kechiktirish uchun sabab izlaydi. Kechiktirilgan hayot sindromiga uchragan odam mulk yig‘ish bilan umrini o‘tkazadi. Hayotning eng yorqin misoli – ota-bobolarimiz, momolarimiz quvonchli kunlarda kiyaman deb ohorli kiyimlarini asrab-avaylashi, chiroyli idishlarni o‘ziga ravo ko‘rmasligi. «Men nafaqaga chiqqanimda sayohatni boshlayman, ammo hozir vaqt yo‘q», «men farzandlarimni uyli-joyli qilsam, aylanishlarga boraman»… «shuncha vazn tashlasam, keyin shu ko‘ylakni sotib olaman…»       

Ular farzandlariga to‘liq hayot keyinroq boshlanishini aytadilar: «Kattarsang o‘zing bilganingni qilasan…», «Sevgi haqida o‘ylashga hali erta, diplomni olganingdan so‘ng…», «o‘qishni bitirsang keyin istaganingcha o‘ynab kulasan…»

Ushbu yondashuv tarbiyalaydi, rag‘batlantiradi, qat’iyatni o‘rgatadi. Ya’ni hayot va ish uchun muhim bo‘lgan ko‘plab ko‘nikmalarni rivojlantirishga imkon beradi. Ammo muammo shundaki, baxt uchun sharoitlarning chegaralari ko‘pincha xiralashgan.

Shu sababli, kechikkan hayot sindromi bo‘lgan odamlar, ishlashni boshlash uchun hali yetarli bilimga ega emas deb o‘ylab, doimiy ravishda ba’zi kurslarni tugatadilar. Yoki ular butun umrlarini martaba zinapoyasida ko‘tarilish bilan o‘tkazadilar, chunki ular hali kerakli daromad darajasiga erishmaganiga ishonishadi.

Kechiktirilgan hayot kechirish istagi nafaqat oilada shakllanadi. Bunga bir necha avlodlarning turmush sharoiti, ma’lum bir xalqning mentaliteti va madaniyati ta’sir ko‘rsatadi. Bunday omillar bir qancha. Yuqorida ta’kidlanganidek, SSSRdan qolgan meros bu ideal kelajak (kommunizm) haqidagi afsonalar. Hozirgi qiyinchiliklarni «ertaga tuzaladi» degan yolg‘on orqali oqlash. Vaziyat allaqachon o‘zgargan bo‘lsa-da, xuddi shu meros ota-onalardan bolalarga o‘tadi.

Yana bir omil o‘tkazib yuborilgan imkoniyatlar: «Qizim turmushga chiqsin, keyin o‘zim haqimda o‘ylayman», «ko‘p ishlab pul topay, keyin hayotdan zavq olaman», «yozuvchi bo‘lmoqchiman, ammo hozir vaqti emas…»

Bu sindrom nima uchun xavfli?

Biz hozirni yo‘qotamiz. Hayot doimiy ravishda «tayyorgarlik» holatiga aylanadi, baxt esa abadiy kechiktirilgan poyezd.

Kechiktirilgan hayotning ikkinchi tomoni, nostalgiya, o‘tmishni ideallashtirish. Kelajak kelmadi, demak endi «o‘tmish yaxshi edi» degan hissiyotni kuchaytiradi.

Bu nafaqat SSSR merosi balki, boshqa mamlakatlarda ham odamlar yashashga kechikishadi. Yaponiyada «karosi» (ortiqcha ishdan o‘lish) fenomeni bor. Yashashni emas, ishlashni birinchi o‘ringa qo‘yish: «hozir mehnat qil, keyin dam olasan.» Lekin ko‘pincha «keyin» degan dam umuman kelmaydi. AQSh va Yevropa  «workaholism» va «retirement dream» sindromi. Odamlar butun umr ishlaydi, baxtni va yashashni nafaqaga chiqishiga qoldiradi. O‘sha vaqt kelganda esa yo quvvat, yo salomatlik yo‘q. Osiyoning ayrim davlatlarida ota-onalar farzand uchun umrini kechiktiradi: «o‘g‘lim, qizim o‘qib odam bo‘lsin, keyin mening navbatim.» Lekin o‘z hayoti yo‘qolib ketadi. Ya’ni, «kechiktirilgan hayot» – universal illat, lekin possovet davrida u sistemali tarzda davlat ideologiyasi orqali kuchaytirilgan. Shuning uchun bu yerda sindrom ancha «og‘ir» ko‘rinishda.

Tanqislik

Yana bir sabab tanqislik fenomeni – Sobiq SSSRda qo‘lga tushganini «qora kunga» asrab qo‘yish tabiiy refleksga aylangan.  Mentalitetga singgan ortiqcha ehtiyotkorlik – qimmat narsani kundalikka ishlatma, eskirib qoladi, degan qarash ham yana bir sabab. Eslab ko‘ring, ota-onalarimiz uchgan piyolada choy ichib, chiroyli idishlarni mehmonga asrab o‘tirardi. Olma, apelsin, mandarinlar oddiy kunlarda dasturxonga qo‘yilmasdi, faqat yangi yilga asralardi.

Shu bois bolalar uchun Yangi yil — nafaqat archa, balki vitaminli mo‘’jiza ham edi. Qish uchun yopilgan tuzlamalarni ochishning o‘zi marosimdek qabul qilingan. Odamlar «hozir zavqlanish»ni emas, «keyin yirikroq zavq»ni kutgan. Hozir baxtli bo‘lishga haqli emasman, deb o‘ylashgan, avval sabr qilishim, ishlashim kerak degan ichki to‘siq bo‘lgan.

Biroq vaqt o‘tib, bu tanqislik tugadi. Bozor to‘la kiyim-kechak, idish-tovoq, oziq-ovqat, barcha narsa bor, ammo stereotip hali ham tirik, ya’ni odamlar pulni, vaqtni, orzularni keyinroqqa qoldiradilar.

Eng og‘iri aytilmagan so‘zlar. Hatto biz «yaxshi ko‘raman» degan so‘zni keyinroqqa qoldiramiz. Biz «uzr» degan kalimani asrab qo‘yaamiz. Biz bu gaplar bugun aytilmasa ham bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Shu «keyin»lar tufayli ko‘p munosabatlar sovuqlashadi.

Yoshlar bugun «asrab qo‘yish»ni kamaytirayotgandek tuyuladi. Ammo sindrom boshqa shaklga kirgan: masalan kreditda telefon olish, «hammasi Instagram uchun» hayoti, «bugun zavq, ertaga qarz» tamoyili.

Ammo bu ham chalg‘ituvchi ko‘rinish. Asosida yana o‘sha kechiktirish yotadi:
«Men haqiqiy hayotni keyin yashayman…». Oqibatda tabiatdan zavq olish, atrofda bo‘layotgan go‘zalliklarni his qilish suvday oqib ketadi.

Marshmello sindromi

Savol tug‘iladi: xo‘p men bugungi kunim bilan yashasam sabr-qanoat qadriyati qadrsizlanmaydimi, qiymati nima bo‘ladi?

1960-yillarda Stenford universitetida professori Uolter Mishel bolalar bilan qiziq tajriba o‘tkazdi. Har bir bola stol ustida turgan marshmello (shirinlik) oldida qoldirildi. Boladan tanlov so‘raldi: agar u shirinlikni hozir yesa ikkinchi shirinlik yo‘q. Agar 15 daqiqa sabr qilib, shirinlikka tegmasa unga ikkita beriladi.

Natijalar kutilgandek qiziq chiqdi: Ayrim bolalar sabr qilolmadi va darhol yeb qo‘ydi. Ayrimlar esa har xil yo‘l topdi: ko‘zini yumdi, qo‘shiq aytdi, o‘ynadi lekin sabr qildi va ikkinchi shirinlikka ega bo‘ldi.

Oradan o‘nlab yillar o‘tib, olimlar bolalarning hayotini kuzatdi. Ma’lum bo‘lishicha, bolaligida sabr qilib, «ikkinchisiga intilish»ni o‘rganganlar katta bo‘lganda: o‘qishda yaxshi natijaga erishdi, kasbida yuqori marralarga chiqdi, moliyaviy jihatdan barqaror bo‘ldi, stress va muammolarga chidamliroq bo‘ldi.

Biroq, «shirinlikni hozir yeb qo‘yganlar» ko‘pincha shoshma-shoshar, o‘ylamasdan qaror qabul qiladigan odamlar bo‘lib yetishdi.

Demak, insonning irodasi aynan shu «hozir» va «keyin» o‘rtasidagi tanlovda namoyon bo‘ladi. Ba’zan, hayot sizni faqat «hozir» bilan yashashga majbur qiladi masalan, qo‘lingizda bitta yong‘oq qolsa va uni asrab-asrab qo‘yish o‘rniga yeb qo‘ysangiz, bu ham tabiiy. Lekin umrning barqarorligi, orzu va maqsadning tikilishi «keyin» uchun sabr qila olishda.
Marshmello sindromi bu faqat bolalarning shirinlik bilan sinovi emas. Bu umrning sinovi. Har birimiz har kuni shunday tanlov qilamiz: «hozir» yo‘lidan borish oson, lekin «keyin» yo‘lida barqarorlik, chuqur ma’no va haqiqiy qoniqish bor.

Bu tajriba «sabr» va «qanoat» ning ijobiy qiymatini ko‘rsatadi. Ya’ni odam qoniqishni kechiktira olsa, kattaroq yutuqqa erishishi mumkin.

Xo‘p, unda nima uchun ko‘pchilik «hayot qisqa bugun yashab qol», deb bong uradi?

Kechiktirilgan hayot sindromidan voz kechish – bu sabr-toqatni qiymatsizlantirish emas. Balki aksincha: sabrning haqiqiy mohiyatini ochib berish. Sabr bu «yo‘q» holat emas, balki «bor», lekin natijasi «keyin» holati.

Kechiktirilgan hayot bu insonning hayotdan voz kechishi, «hozir» men uchun emas, hayot «keyin» deb yashashi. Sabr esa insonning jarayonni qabul qilishi, hosili uchun vaqt kerakligini anglashi.

Sabrda harakat va ma’no bor. Kechiktirilgan hayotda esa faqat qochish va umidsizlik.

Kechiktirilgan hayot sindromidan qanday qutulish mumkin?

Bu ba’zan bu juda murakkab bo‘lib tuyuladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, agar ishingizdan charchagan bo‘lsangiz ishni tashlab, boshqasini qidiring. Agar siz tashlamasangiz, bu hammasi yomon emasligini anglatadi. Ammo kechikkan hayot sindromi bo‘lgan odam uchun keskin o‘zgarishlar qilish qiyin, chunki u qo‘rqoq yoki zaif bo‘lgani uchun emas, balki nima uchun buni qilish kerakligini tushunmaydi.  

Siz uzoq vaqtdan beri amalga oshirmoqchi bo‘lgan rejalaringiz ro‘yxatini tuzing: ozish, dam olish, xizmatlaringiz narxini oshirish.

Muammoni hal qilish uchun aniq choralar ko‘ryapsizmi yoki yo‘qligini tahlil qiling. Masalan: Men ozishni xohlayman – sport zaliga boraman, kaloriyalarni hisoblayman, men yozni arzon sabzavotlar va mevalar bilan kutaman. Yoz keladi, barbekyu mavsumi boshlanadi. Bu yerda qanday vazn yo‘qotish mumkin? Bu muammodan qochish, o‘z-o‘zini aldash. Bu yerda aniq qadamlar yo‘q. Ana shu payti sabr yordamga keladi.

Sizda ortiqcha vazn bormi va sizga to‘g‘ri kelmaydigan kiyimlaringiz bormi? Ularni sotish, xayr-ehson qilish yoki tashlab yuborish yaxshiroqdir. O‘zingizga mos kiyimlarni sotib oling, chiroyli bo‘ling va hayotdan zavqlaning.

Charchadingizmi, ta’tilni kutmang, o‘zingiz uchun ta’tilni tashkil qiling: o‘z mablag‘ingiz bilan bir necha kun dam oling, parkda sayr qiling, kafe yoki kinoga boring.

Boshqa davlatga ko‘chib o‘tishdan, kasbingizni o‘zgartirishdan yoki yangi ish qidirishdan qo‘rqasizmi? Faqat ma’lumot to‘plashni boshlang. Ko‘pincha bizni qo‘rqitadigan narsa o‘zgarish emas, balki uning noma’lum ekanligi.

O‘z vaqtingizni, kuchingizni va imkoniyatlaringizni rejalashtirishni o‘rganing. Reja tuzing va unga amal qiling. Nimaga erishilgan va nima amalga oshmaganini tahlil qiling. Shunday qilib, vaqt o‘tishi bilan siz maqsadingizni tushunasiz.

Yashashga kechikmang. Har bir kun – bu imkoniyat, har bir lahza – o‘zingizni rivojlantirish va haqiqiy qoniqishga erishish uchun berilayotgan sovg‘a. Sabr – bu faqat kutish emas: bu hayotni faol qabul qilish va uning har bir daqiqasidan foydalanish yo‘li. «Hozir» va «keyin» o‘rtasidagi har bir tanlov sizga o‘z orzularingiz va maqsadlaringizga erishish yo‘lida qadam tashlash imkonini beradi. Shu tanlovlar orqali hayotingizni kechiktirilmagan, ma’noli va zavqli qilishingiz mumkin. Har bir kunni boyiting, kechiktirmang va haqiqiy hayotning lazzatini shunchaki «keyin»ga qoldirmang.

Kommentlar: 8 komment. 8 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Juda zor va foydali yozilgan maqola

  2. Bazan odamla bugungi kuni yoki hozr nima bolayotganini oylamasdan, kelajakni yoki boshqa narsalarni oylab

  3. Hayotlarini otkazib yuborishadi. Oddiy misol

  4. Ovqatlanayotgan paytda odamlar telefonga tikilib otirishadi, nima yeyishvotganiniyam bilishmaydi

  5. Ovqat tamini sezishmaydi. Bu eng oddiy misol. Hozirda nima bolayotganini kormay hayotni otkazish

  6. Shunga man oddiy bir fikrga kelganman, hayotimiz bir marta berilgan, har bir soniyasidan zavq olaylik

  7. Bolmasa hayotimiz qanday otib ketganidan achinmaylik smile

  8. Farangiz

    Juda togri etas Dilbar, gapizga butunlay qoshilaman

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social