Aksariyat norvegiyaliklar uylarini isitish uchun elektrda ishlaydigan isitgichlardan foydalanishadi.
Garchi ushbu shimoliy mamlakatda yilning bir necha oyi davomida binolarni istishga to‘g‘ri kelsa-da, Norvegiya aholisi elektr to‘lovlaridan aslo qo‘rqmaydi. Yuqori darajadagi ish haqi va elektr energiyasi tariflari pastligi hisobiga norvegiyaliklar o‘zlariga buni bemalol ravo ko‘ra olishadi. Shu bilan birga, xuddi shu kabi badavlat toifaga kiruvchi qo‘shni shvetsiyaliklar va daniyaliklar elektr energiyasi uchun katta miqdorda mablag‘ sarflashga majbur. Hamma gap Norvegiyaning Yevropa geografik xaritasida joylashgan ajoyib o‘rni bilan bog‘liqdir.
Norvegiyaning ustun jihati mamlakat Shimoliy va Norvegiya dengizlarida uglevodorod qazib chiqarishida emas. Darhaqiqat, neft qazib olish Norvegiya iqtisodiyoti tayanchlaridan biridir, ammo ishlab chiqarilgan uglevodorodlarning atigi 5 foizi ichki bozorda iste’mol qilinadi — qolgan qismi Yevropa Ittifoqi va AQShga eksport qilinadi. Ushbu shimoliy mamlakatning energetikasi suvga asoslangan. Bir qancha yirik gidroelektrostansiyalar mavjud bo‘lib, ular Norvegiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 95 foizini ta’minlaydi va bu dunyoda gidroyenergetikadan foydalanish darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Norvegiya go‘zal fiordlarga (qirg‘oqlari qoyali dengiz ko‘rfazi) ulanib ketuvchi tor va chuqur daryo vodiylari bilan to‘lgan Skandinaviya yarim orolining g‘arbiy qismini egallagan. Mamlakatning g‘aroyib relefi yuzaga kelishiga qadimgi tektonik jarayonlar, so‘nggi muzlik davrida bu yerda joylashgan va dengiz tomon chekinayotib shunday o‘ziga xos izlarni qoldirgan qudratli muz qoplamlari sababchi bo‘lgan.
Tor va chuqur daryo vodiylari to‘g‘on va suv omborlari qurish uchun juda qulaydir. Bundan tashqari, mamlakatda ko‘plab tabiiy sharsharalar va ko‘llar mavjud bo‘lib, ular ham energiya manbai sifatida xizmat qiladi. Norvegiya o‘z afzalliklaridan juda ustomonlik bilan foydalanadi, chunki bu mamlakatdagi GESlarda ishlab chiqarilgan energiya nafaqat norvegiyaliklarni ta’minlaydi, balki eksportga ham yo‘naltiriladi.
Ortiqcha ishlab chiqarilgan arzon elektr energiyasi tufayli Norvegiya zamonaviy Yevropada juda mashhur bo‘lgan shamol energiyasi yoki boshqa muqobil manbalarni ishlab chiqishga shoshilmayapti.
Qiziq, bizda lekin svet yo’q