Shunchaki shiftga qarab yotgingiz keladigan holat barchaga tanish bo‘lsa kerak. Bu paytda eng oddiy ishlar: tushlik tayyorlash yoki uyni yig‘ishtirish bilan shug‘ullanishga ham kuch yo‘qdek tuyuladi. Psixologlar bunday holatni resursdan chiqish, ya’ni motivatsiya va energiyaning yo‘qligi deb atashadi. Buning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin, oddiy charchoqdan tortib kasbiy charchoq va depressiyagacha. Apatiya to‘liq dam olishdan keyin o‘tib ketishi yoki psixologik buzilishga aylanishi mumkin. Keling, o‘zingizni bo‘m-bo‘sh his qilganingizda nima qilish kerakligini ko‘rib chiqaylik.
Shunchaki harakatlaning
Agar ishga darhol kirishish kerak bo‘lsa-yu, sizni loqaydlik chulg‘ab olgan bo‘lsa, faol harakatlar yordam beradi. Musiqani yoqib, bir necha daqiqa raqsga tushishingiz, qo‘l silkitishingiz, sakrashingiz — xohlaganingizni qilishingiz mumkin. Maqsad — chuqur nafas olish va qon aylanishini tezlashtirish orqali tanani kislorod bilan to‘yintirish.
Bir necha daqiqalik faollik sizni tetiklashtiradi va hech bo‘lmaganda bitta ishni boshlashga yordam beradi.
Ahvolingiz yomon bo‘lgani uchun o‘zingizni koyimang
Agar birinchi bandni bir zumda qo‘llash mumkin bo‘lsa, qolganlari uzoq masofada ishlaydi.
Ko‘pincha odamlar avvalgidek samarali bo‘lishga qodir emasligidan xavotirga tushadi. Do‘stlari oldida ham o‘zini noqulay sezadi — ular bilan navbatdagi uchrashuv o‘rniga ba’zan kun bo‘yi to‘shakda yotgisi keladi. Shuning uchun ba’zilar kuch-quvvatdan qolishdan tashqari, aybdorlik hissini ham sezadi — u goh chekinadi, goh yana qaytadi, lekin odamni uzoq vaqt tark etmaydi.
O‘zingizga ayting va kerak bo‘lsa, bir necha bor takrorlang: sizda hech qanday ayb yo‘q. Hayotiy tonusning pasaygan davrlari hammada bo‘ladi.
Agar do‘stingiz yoki yaqin kishingiz shunday vaziyatga tushib qolsa, unga hamdardlik va g‘amxo‘rlik kerak bo‘lardi. O‘zingizga ham tushunish va hatto hamdardlikka muhtoj inson sifatida qarang. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday munosabat xavotir va stressni kamaytirishga hamda uning oqibatlarini yumshatishga yordam beradi. Demak, kuchingizni tezroq tiklang.
Rejalashtirilmagan dam olish kunini belgilang
Ish yuzasidan barcha muhim qo‘ng‘iroqlar va uchrashuvlarni keyinga qoldiring. Bu dam olish kunida muhim narsalar va uy ishlari bilan shug‘ullanmang. Kunni o‘zingiz xohlagandek o‘tkazing. Agar nima bilan o‘zingizni band qilishni bilmasangiz, o‘zingizdan so‘rang: “Hozir meni nima xursand qilgan bo‘lardi?”.
Asosiy vazifangiz — tanangiz va ongingizga dam olish imkonini berish. Shuning uchun faqat o‘zingizga yoqadigan ishni qiling. Agar kun bo‘yi kresloda o‘tirib, musiqa tinglashni va eski fotosuratlarni tomosha qilishni istasangiz, juda yaxshi. Ko‘chaga chiqqingiz kelsa — ajoyib. Karaokeni yoqib, yarim kun yolg‘iz qo‘shiq aytishga qaror qiling — bu ham yoqimli mashg‘ulot.
Lekin internetda xavotirli yangiliklarni o‘qimang va navbatdagi shov-shuvli ma’lumotlar muhokamasini kuzatmang — bu mashg‘ulot kuchingizni sovuradi.
Tanangizning asosiy ehtiyojlarini qondirayotganingizni tekshiring
Mutanosib ovqatlanmaslik, yetarlicha harakat faolligi yo‘qligi, uyqusizlik va hatto yopiq xonada uzoq vaqt qolish tufayli kuch-quvvatning pasayishini his qilish mumkin. Shuning uchun turmush tarzingizni osongina o‘zgartirishingiz mumkinligini o‘ylab ko‘ring.
Ehtimol, har kuni kamida 10 daqiqa cho‘zilish mashqlarini bajarish kerakdir. Yoki iste’mol qilinadigan shirinliklar miqdorini ikki barobarga kamaytiring. Yoki yana serial ko‘rgingiz kelsa ham, bir soat oldin uxlashga yoting.
Deyarli har bir odamda befoyda yoki zararli odat bor — boshlanishiga faqat bittasini o‘zgartirishga harakat qiling, lekin uni muntazam qiling. Ikki-uch haftadan so‘ng yengillashdingizmi yoki yo‘qligini baholang va hayot tarzingizda yana nimalarni tuzatish mumkinligini o‘ylab ko‘ring.
Ko‘proq sayr qiling
Olimlarning fikricha jonli tabiat bilan muloqot qilish ruhiy salomatlik uchun foydali. Ular muntazam ravishda ochiq havoda bo‘lgan tajriba ishtirokchilarining kayfiyatlari ko‘tarilib, o‘zlarini yaxshi his qilishlarini aytishdi. Hatto tabiat bilan muloqotdan so‘ng o‘zlarini yanada baxtliroq his qila boshlaganlari ham bo‘ldi.
Boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sayr qilishni o‘z ichiga olgan aerobik mashqlar hatto depressiya alomatlari bo‘lgan odamlarda ham ijobiy his-tuyg‘ularning intensivligini kuchaytiradi.
Shuning uchun tez-tez sayr qilib turing — bu quvvat beradi. Buning foydasini esa birinchi sayrdan keyinoq sezish mumkin.
Ilgari yaxshi ko‘rgan ishlaringiz bilan shug‘ullaning

Avvalo bolaligingizdan boshlab sizni quvontirgan barcha mashg‘ulotlar ro‘yxatini tuzib chiqishingiz mumkin. Bu ish sizga bir necha yoqimli daqiqalarni taqdim etishi mumkin. Axir, siz o‘zingizga nima zavq berganini eslaysiz va yana qisman bo‘lsa-da, yoqimli his-tuyg‘ularni boshdan kechirasiz.
Har kuni bo‘sh vaqtingizda ro‘yxatdagi kamida bitta ishni bajarishga harakat qiling. Avvalo o‘zingizga eng jozibali tuyulganini tanlang. Masalan, buvingizning retsepti bo‘yicha o‘zingizga quymoqlar va mazali kakao tayyorlang. Ertasiga boshqa ish bilan shug‘ullaning — butun oqshom komediya tomosha qilishingiz yoki muz maydoniga borishingiz mumkin.
Agar yana biror yoqimli ishni eslasangiz, bu xursandchiliklar ro‘yxatini to‘ldirishingiz mumkin. Yoki anchadan beri sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan, lekin qila olmayotgan mashg‘ulotingiz haqida o‘ylab ko‘ring, balki, hozir ayni vaqtidir.
Ko‘p vaqt yolg‘iz qolmang
Ba’zida o‘zingizni uydan chiqishga majbur qilishingiz kerak. Psixologlarning fikricha, turmush tarzini faollashtirish sizga kuch to‘plash va befarqlikdan xalos bo‘lishga yordam berishi mumkin. Masalan, sevimli qahvaxonangizga borib mazali shirinlikni tatib ko‘rganingizda xursand bo‘lasiz. Yoki do‘stingiz bilan konsertga borishga rozi bo‘lsangiz u yerda ijobiy his-tuyg‘ular bilan quvvatlanasiz.
Agar o‘zingizni yaxshi his qilgan bo‘lsangiz, keyingi safar ko‘proq ishtiyoq bilan uydan chiqasiz. Keyin esa “ijobiy natija kutish — tasdiqlandi” siklini boshqa ishlarda ham takrorlashingiz mumkin.
Rejalashtirish bilan shug‘ullaning
Agar hozirgi ishlar bilan shug‘ullanishga na kuch, na rag‘bat bo‘lmasa, kelajakni rejalashtirishni boshlash mumkin. Va shu bilan birga, rejalashtirilgan barcha narsalarni bajarganingizda nima olishingizni va qilingan ishdan qanday xursand bo‘lishingizni bo‘yoqlar bilan tasavvur qiling.
Yo‘q, bu kechiktirish emas. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar amalga oshirmoqchi bo‘lgan harakatlarining natijalarini tasavvur qilsalar, ularda motivatsiya ortadi. Bundan tashqari, ular natijalardan ko‘proq zavq kutishadi, keyin esa sa’y-harakatlari uchun mukofot olganlarida yanada ko‘proq xursand bo‘lishadi.
Rahmat. Depressiyadan chiqishga qiynalyapman
Bu tavsiyalarga quloq solib koraman
Balki menga yordam bola olar, bilmadim
Bu hammasi qiyin menga
Tohirjon qiynalmen, hammasi yaxshi bolib ketadi
Siz yolgizmassiz, shuni unutmen
Maqola zor, manga yoqdi
Tushkunlik nima u? Depressiyami?
Hm, osha narsa
Juda qiyin mavzu, lekin oqishga ishlata olaman
Men shunday holatdaman…
Ancha narsalarni yozmay qoldiribsila
Depressiya ozidan ozi bolmaydi, buni prichinasini topish kerak
Shundagina u bilan ishlasa boladi, qiyin vaziyatlar dori beriladi
Sila yozganila bu faqat tepasi muammoni