Roman Abramovich yoshlarga 11 maslahati

Roman Abramovich yoshlarga 11 maslahati

Quyidagi material Roman Abramovichning talaba-yoshlar bilan uchrashuvlarda, suhbatlarda va intervyularda aytgan fikrlari asosida tayyorlangan.

1. Ko‘pchilik muammolar ongda sodir bo‘ladi

Ular aslida qaysidir voqea, omadsizlik, boshqalar xatti-harakatinig natijasi emas. Ular bizning fe’limizdagi salbiy xususiyatlar sababli yuzaga keladi. Quyidagi 10 ta fe’l-atvordan o‘zingizni xalos qiling va ular tufayli yuzaga keladigan muammolardan qutuling.

2. Shoshilinch xulosa, qaror qabul qilmang

Bu odatingiz hayotni ikki yo‘sinda murakkablashtirishi mumkin. Birinchidan, biz harakatimiz nima bilan yakun topishini bilsak ham, unga e’tiborsiz ravishda ish ko‘ramiz. Unutmang, xato tufayli o‘zini avliyo bilgan odamning yaramasdan farqi yo‘q. Boisi uning xato xulosasi o‘zining ham, boshqalarning ham hayotini izdan chiqarishi mumkin.

Shoshilinch xulosa chiqarish illatining ikkinchi yomon jihati shundaki, biz o‘zimizni go‘yoki boshqalarning ongini o‘qiy oladigandek, o‘zimizni boshqalar nega u yoki bu ishni qilayotgani, nimanidir o‘ylayotganini tushunadigandek tutamiz. Yana xato qilamiz va bu nodonligimiz ko‘pchilik bilan munosabatlarimizning buzilishiga olib keladi.

3. Fojia yasashga odatlanmang

Kichik omadsizlikdan yirik fojialar yasash, shuning asnosida ish ko‘rish ko‘pchilikka xos odat. Pashshadan fil yasash aslida mavjud bo‘lmagan yoki ahamiyatsiz vahimaning tug‘ilishiga olib keladi. Nega shunday? Ehtimol, insonlar o‘zlarining naqadar kerakli yoki ahamiyatli odam ekanliklarini ko‘rsatish uchun shunday qilishsa kerak. Nima bo‘lganda ham, bu – nodonlik va halokatlidir.

4. Qoidalarga yopishib qolmang

Siz to‘qib chiqargan, ishongan “kerak”, “kerak emas”larning aksariyati foydasiz, xato bo‘lishi mumkin. Bu qoidalar ko‘p hollarda asabiylashish, o‘zingizni gunohkor his qilishga olib kelsa, ehtimol ularni o‘zgartirish kerakdir. Bu qoidalarga ergashish evaziga miyaga keraksiz to‘siqlar qo‘yib, bachkana buyruqlar berasiz. Shuningdek, boshqalarni bu qoidalarga majburlash siz to‘g‘ringizda “o‘ziga bino qo‘ygan”, “xudbin” degan fikr shakllanishiga sabab bo‘ladi.

5. Qolipdan chiqib fikrlashga odatlaning

Siz gapirayotgan siyqasi chiqqan so‘zlar sizga pand berishi mumkin. Salbiy xususiyatga ega bo‘lgan fikrlar, nolish siz haqqingizda salbiy tasavvurga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, ilk marotaba odam bilan suhbatda ijobiy kayfiyat uyg‘oting.

Fikrni jamlab, uni tarkibiy qismlarga bo‘ling va bir-biriga qanchalar daxldor ekanini tahlil qiling. Bu sizga so‘zning chinakam salmog‘ini ko‘rishga, kerakli gapni gapirishga, fikrni batamom nokerak jihatlardan tozalashga yordam beradi. Qoliplardan qoching. Undan keyin boshqalarning sizga munosabatidan hayratga tushasiz.

6. Perfeksionist bo‘lishga oshiqmang

Hayot faqatgina “qora yo oq”, ya’ni “hamma narsa yoki hech narsa” emas. Ko‘p hollarda “yetarli”, bu – yetarli ekanini, siz chegarada turganingizni anglatadi. Modomiki ko‘nglingizdagidek ish qidirar ekansiz, hech qachon topa olmaysiz. Mukammallik insonga xos jihat emas.

Shu bilan birga, shu vaqtga qadar manzur bo‘lib kelgan ishlar ham nazdingizda yanada yomon bo‘lib tuyiladi. Odamlar bilan muloqotda ham ko‘nglingizga mos munosabatlarni izlashga intilmang. Aks holda, bir umr yolg‘izlikda yashashga to‘g‘ri keladi.

Perfeksionizm yoki ideallikka intilish, bu – sizni hayotdan zavq olishingizga to‘sqinlik qiladigan, har gal sizni sarob orzularga boshlaydigan ruhiy kasallik.

7. Umumiy xulosa yasamang

Bir ishda ikki marotaba muvaffaqiyatsizlik muntazam omadsizlik, degani emas. Tasodif zafar qozonish ham sizni dahoga aylantirib qo‘ymaydi. Yaxshi yoki yomon bo‘lgan biror holat, garchi qayta takrorlansa ham, vaqtinchalikdir. Ularning har biriga alohida munosabatda bo‘ling va umumiy qabul qilmang. Qoidaga ko‘ra, har narsa o‘zicha namoyon bo‘ladi, undan ortiq emas.

8. Munosabatlarni ko‘ngilga yaqin olmang

Ko‘pchilik, hatto do‘stlaringiz yoki hamkasblaringiz siz haqingizda 99 foiz holatda o‘z vaqtida gapirmaydi, o‘ylamaydi va qayg‘urmaydi. Siz xizmat qilayotgan tashkilotda ham, hattoki siz istiqomat qilayotgan mahalladagi qo‘ni-qo‘shnilar ham aftidan sizga befarqdek. Ha, bu ayni haqiqat, hammaga o‘z tashvishi yetarli. Bu siz uchun foydali.

Hayotda boshqalarning yuksalishi yoki aksincha qulashi, iliq yoki befarq munosabatining aslida boshqalar uchun daxldor jihatlarini topish mushkul. Har kim o‘z hayotiga o‘zi javobgar. Barcha mana shu kayfiyatda yashashga o‘rganib ketadi. Agar odamlar hadeb o‘zlarini sizga xayrixoh va mehribon qilib ko‘rsataversalar, siz o‘zingizni shuncha ko‘p baxtsiz va keraksiz deb hisoblay boshlaysiz.

9. Tuyg‘ularga ishonmang

Siz his qilayotgan voqelik, bu – ayni paytda sodir bo‘layotgan holatning to‘g‘ri ekanini anglatmaydi. Siz buni his qilyapsiz va hislar ko‘pincha aldamchi bo‘ladi. Ko‘p hollarda charchoq, ochiqqanlik yoki zoriqish, tushkunlik, g‘azab, xastalik yolg‘on tuyg‘ularga ehtiyojni yuzaga keltiradi.

Sizga vaqtinchalik erkinlik, quvonch yoki huzur berayotgan hislar sizning qarshingizdagi kelajakni o‘zgartirishga qodir emas. Hislar to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, ammo haqiqat bo‘la olmaydi.

10. Hafsalani o‘ldirmang

Ijobiy bo‘lishni odat qiling. Hayotda yoki ishda yomon narsani kutish – unga duchor bo‘lishga sabab bo‘ladi. Bu amalda isbotini topgan. Salbiy kayfiyatda yashash – dunyoga siniq va chirkin shishali ko‘zoynakda boqishga teng.

Nimadadir kamchilik ko‘rsangiz, uning uchun norozi bo‘lish, asabiylashish shart emas. Uni o‘zgartirish qo‘lingizdan kelsa, harakat qiling. Har noqulaylikni boricha ko‘rish, har narsada o‘z xohishini talab qilish o‘taketgan xudbinlik. Modomiki, voqeliklarda ijobiylik qidirar ekansiz, ularda keyinchalik o‘z istaklaringizni ham kashf qila boshlaysiz.

11. O‘tmish bilan yashamang

Bu hammasidan ham muhimroq maslahat. O‘rni kelganda unuting va yashashda davom eting. Dunyodagi eng jirkanch yovuzlik, umidsizlik, badbaxtlik o‘tmishi – eski xafagarchilik va muammolar bilan yashayotgan inson qalbida in quradi. Ularni ong chig‘irig‘idan o‘tkazgani sayin o‘tmish va baxtsizlik tobora bu odamni o‘z domiga yuta boshlaydi.

O‘tib ketgan muvaffaqiyatsizlik bilan kurashmang. Eng yaxshisi, uni unuting va hayotni davom ettiring. Shunda o‘tmishga sizni jarohatlashiga yo‘q qo‘ymagan bo‘lasiz.

Kommentlar: 3 komment. 3 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Roman juda aqlli kiwi. hayotida k6p foydali iwla qiladi. juda hurmat qilaman uni

  2. Ах Рома я любила тебя rofl

  3. Raxmat Roma!

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social