Doing less nazariyasining kouchi va g‘urusi Piter Teylor qat’iy ishonadi: agar siz o‘zingizga haddan tashqari ko‘p ish yuklasangiz, karyerada yuqorilamaysiz, aksincha holdan toyasiz. Tepaga yo‘lni esa oqilona “erinchoqlikni” bilgan odam bosib o‘tadi.
1915 yilda Albert Eynshteyn ilmiy olamga o‘zining dahiyona va inqilobiy nisbiylik nazariyasini taqdim etgan. Undan oldingi uch yil davomida u faqat shu ish bilan shug‘ullangan, boshqa hech narsaga chalg‘imagan. Ishga bo‘lgan bunday yondashuv — ya’ni butun diqqatni bitta aniq vazifaga jamlash — bugun “Eynshteyn prinsipi” deb ataladi.
Buyuk olim misoli ish vaqtini tashkil etishdagi doing less deb ataluvchi trendga yorqin dalil bo‘la oladi. Kamroq ish qilib, ko‘proq natijaga erishish usullari bugun juda ommalashgan. Bu nazariyaning yetakchi targ‘ibotchilaridan biri Piter Teylor ham bizni aynan shu tomonga yetaklaydi.
Ish qancha kam bo‘lsa, undan olinadigan zavq shuncha ko‘p bo‘ladi.
Siz oqqushmisiz yoki jo‘jami?
Men — jo‘jaman, u ham bo‘lsa boshsiz. Muhim bitta ishni qilishga o‘tiraman-u, doim yonma-yon boshqa yuzlab mayda ishlar bilan chalg‘ib ketaman. Ba’zan ataylab ham. Natijada kuchim behuda sovuriladi, erishilgan samara esa juda sust bo‘ladi.
Aslida esa men oqqush bo‘lishni istayman: hayotda bir yutuqdan boshqasiga chiroyli va vazmin harakat qilishni, maqsadlarni va ularga eltuvchi yo‘llarni aniq ko‘rib borishni. Axir muvaffaqiyatli karyerani bolalarni to‘laqonli tarbiyalash bilan uyg‘unlashtirib, yana ustiga-ustak ijtimoiy hayotga ham ulgurish qanchalik yoqimli! Bularning bari ortiqcha zo‘riqishsiz. Sizni ortiqcha mas’uliyat hissi yoki birovga “yo‘q” deyishdan qo‘rqish siqmaydi. Hamma oqqush bo‘lishni xohlaydi.
Taym-menejment bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri Piter Teylorning fikricha, bunday o‘zgarish kaliti — yalqovlikda. O‘zimizda sustkashlik va sekinlikka moyillikni rivojlantirishimiz kerak. Bu sifatlarni to‘g‘ri ishlata boshlasangiz, tilingizni chiqarib yuzta ishga chopgandan ko‘ra ko‘proq natija olasiz. Siz yanada unumdor, ijodkor bo‘lasiz, ishingizga ishtiyoq bilan yondashasiz va eng muhimi — haqiqiy bo‘sh vaqtingiz paydo bo‘ladi.
— “Pochta qutingizda nechta o‘qilmagan xat bor?” — deydi Piter. — “Menda to‘rtta. Sizda-chi?”
Men sanog‘ini yo‘qotganman.
— “Mana bu klassik xato. Siz elektron pochtani omborxona qilib yuborgansiz. U — bo‘sh vaqtingiz oqib ketadigan voronka. Xatlarni birma-bir o‘qishga tushsangiz, vaziyat ustidan nazoratni yo‘qotasiz. Bu — asosiy qoida.”
Bu qoida Piterga stresssiz, tartibli hayot kechirishga yordam beradigan tamoyillardan biri. U ularni “Dangasa g‘oliblar” (The Lazy Winners) kitobida ulashadi. Ushbu qoidalar orqali u meni cheksiz “qilishim kerak”lar ro‘yxatidan xalos qilishni va “yo‘q” deyishga jur’at topishni o‘rgatishni va’da qiladi. Mendan talab qilinadigan yagona narsa — bir nechta “dangasa” prinsiplarga amal qilish.
80/20 qoidasi
Mazmuni shuki: faoliyatimizning 80 foizi atigi 20 foiz haqiqiy zarurat sabab yuzaga keladi. Oddiyroq aytsak, kiyim shkafimizdagi kiyimlarning 20 foizini 80 foiz hollarda kiyib yuramiz yoki vaqtimizning 80 foizini eng yaqin 20 foiz tanishlarimiz bilan o‘tkazamiz. Bizga kerak bo‘lgan narsa — eng samarali bo‘lgan o‘sha 20 foiz harakatlarni aniqlab olish va qolgan behuda ishlarni qilmaslik.
Nazariyada hammasi chiroyli. Ammo ikki nafar farzand tarbiyalayotgan muharrirning betartib hayotida buni qanday amalga oshirish mumkin?
— “Eng ko‘p vaqt va kuchingizni nimaga sarflayotganingizni toping”, — deydi Piter.
Yarim yil davomida bolalar uchun katta bayramni qayerda o‘tkazishni tanlay olmayman. Barcha ota-onalar bilan elektron pochta orqali maslahatlashaman, SMSlar yuboraman. Holbuki, bitta xat yozib, g‘oyalarni so‘rab, yaramas variantlarni chiqarib tashlab, qolganini o‘g‘illarimga tanlatishim kifoya edi. Axir bu — ularning bayrami!
“Yo‘q” deyishni o‘rganaman
Bu prinsipni talabchan bir buyurtmachi bilan uchrashuvda sinab ko‘rdim. U uchun katta maqola yozishga rozi bo‘lgan edim. Oldindan bilardim: menga qo‘shimcha, lekin haq to‘lanmaydigan vazifalar yuklanadi. Piterning so‘zlari qulog‘imda jaranglab turardi: qo‘rqoqlarcha “ha” deyish hozir vaqtni tejagandek tuyuladi, ammo keyin katta vaqt yo‘qotishga olib keladi.
Gandi bu borada juda aniq aytgan:
“Qiyinchilik bilan aytilgan ‘yo‘q’, muammoni yumshatish yoki undan qochish uchun aytilgan ‘ha’dan yaxshiroq.”
Buyurtmachiga qo‘shimcha ishlar uchun yordamchi kerakligini aytish yoqmadi. Tishini g‘ijirlatdi va… rozi bo‘ldi.
Bunday yo‘l tutish uchun avval hech kim sizdan yaxshiroq qila olmaydigan mutaxassis sifatida obro‘ orttirish kerak. Obro‘ yig‘ilguncha o‘zingiz o‘zingizga assistent bo‘lib ishlaysiz, keyin esa hosilni yig‘asiz: ikki-uchta aniq, chiroyli harakat qilasiz, vaqtni yeb bitiradigan rutinani esa boshqalarga topshirasiz.
Vazifalar ro‘yxatini yozishni to‘xtataman
Bu meni xavotirga soldi. Men doim ro‘yxatlarga tayanaman. Ammo Piter tushuntirdi: bu shunchaki qilinmasligi ham mumkin bo‘lgan ishlar ro‘yxati xolos.
U tajriba uchun ro‘yxat yozishni, vazifalarni muhimligiga qarab saralashni va har bir bandda o‘zimdan so‘rashni taklif qildi:
— “Men buni qilishni xohlaymanmi?”
— “Buni qilishim shartmi?”
Ikkalasiga ham “ha” bo‘lsa — ish haqiqatan muhim. Usul menga unchalik ishonchli tuyulmadi. Yoqtirgan ishlarimni eslatmasiz ham qilaman. Hammomga borish uchun menga eslatma kerak emas. Ammo mashina solig‘i to‘lanmaganini eslatib turadigan sariq qog‘oz yomon emas.
Baribir ro‘yxatni tahrir qildim. Unda uchta ish qoldi: fotoapparatni tuzatish, otamga qo‘ng‘iroq qilish va manual terapevtga borish. Bularni men ham xohlar edim, ham qilishim kerak edi.
Piterga bu ham kamlik qildi:
— “Bularni hoziroq bajaring, nima uchun ro‘yxatda saqlaysiz?”
Uyalib ketdim. Uyga ketayotib ota-onamga qo‘ng‘iroq qildim, ustaxonaga va suyakchi oldiga kirib chiqdim. Kechqurun esa bo‘shab qolgan vazifalar ro‘yxati sabab bezovta bo‘lib yurdim.
Doing less maktablari
Zamonaviy kouchingda doing less falsafasi juda mashhur. Turli nazariyotchilar o‘ziga xos yondashuvlarni taklif qilishadi. Shulardan biri zen-buddizmning mistik amaliyotlariga asoslangan bo‘lib, uni Mark Lesser — zen ruhoniysi va bir vaqtning o‘zida kouching kompaniyasi rahbari — “Kamroq qilib, ko‘proq natijaga erishish” kitobida tasvirlagan.
— “Biz ko‘pincha yukni kamaytirish bizni dangasa qiladi, deb xato o‘ylaymiz. Aslida esa kamroq ish qilib, erishgan yutuqlarimizdan rohatlanishga imkon beramiz”, — deya boshlanadi uning “Kamroq” manifesti.
Muallif ish kunining qizg‘in paytida meditatsiyaga vaqt ajratishni, ongni tinchlantirishni tavsiya qiladi. Nafasni tekislashni hatto elektron xatlarni o‘qish oralig‘ida ham bajarish mumkin. Bu zo‘riqishni kamaytiradi, aniq vazifaga diqqatni jamlashga yordam beradi va haqiqatan muhim ishlarni keraksizlaridan ajratishga o‘rgatadi.
Pomidor metodi (taymer)
Doing less doirasida qiziqarli metodlar ko‘p. Shulardan biri — Pomidor metodi. Uni Franchesko Chirillo ishlab chiqqan bo‘lib, nomi amerikalik oilalarda mashhur bo‘lgan pomidor shaklidagi oshxona taymeridan olingan.
Asosi — 25 daqiqa uzluksiz ish, keyin majburiy tanaffus.
Qanday ishlaydi:
Vazifalar ro‘yxatidan eng muhimini tanlaysiz. Taymerni 25 daqiqaga qo‘yib, signal chalinguncha chalg‘imasdan ishlaysiz (har bir 25 daqiqa — “pomidor”). 5 daqiqa dam olasiz va keyingi “pomidor”ni boshlaysiz. Har to‘rt “pomidor”dan keyin 10–15 daqiqalik katta tanaffus qiling. Agar vazifa 5 tadan ko‘p pomidor olsa — uni bo‘laklarga bo‘ling. Bu metod diqqatni oshiradi, rejalashtirishni yengillashtiradi va ayniqsa dasturchilar uchun foydali.
Bo‘sh vaqtingiz bor ekan — yangi qiziqarli imkoniyatlarga ochiq bo‘lasiz.
Foydali yalqovlik
Doing less ichida haqiqatan samarali bo‘lgan va vaqt hamda kuchni tejaydigan usullar:
- Ortiqcha ish qilmaslik. Ba’zi ishlar umuman boshlashga arzimaydi.
- “Yo‘q” deyish. Hammasini rad etish emas, lekin ichki ovozingizni eshitish.
- Chalg‘ituvchilarni yo‘qotish. Ba’zan pochta va telefonni o‘chirish foydali.
- Tanaffus qilish. Hatto ish paytida uxlab olishni maslahat beruvchilar bor.
- Prokrastinatsiyani boshqarish. Eng yoqimsiz ishni ataylab kechiktirib, boshqa foydali ishlarni bajarish mumkin — masalan, ish stolini tartibga keltirish.



Ochig‘i, boshida “dangasa bo‘lib boyish” degan gapga ishonmadim. Lekin maqolani oxirigacha o‘qib chiqqach, muammo ko‘p ishlashda emas, balki keraksiz ishlarda ekanini tushundim. O‘zimni tanib ketdim.
O’zbekistonda bizga doim “ko‘p ishlasang — natija bo‘ladi” deb o‘rgatishgan. Ammo ko‘p ish hamisha samarali bo‘lavermas ekan. Ayniqsa, “yo‘q” deyishni o‘rganish qismi juda og‘riqli, lekin juda to‘g‘ri yozilgan.
Pomidor metodi haqida oldin eshitganman, lekin sinab ko‘rmagan edim. Shu maqoladan keyin majbur bo‘lib boshladim — ajablanarlisi, charchoq kamroq, diqqat esa ko‘proq bo‘lyapti.
Maqola odamni sekinlashtiradi, lekin ichkaridan uyg‘otadi. Hamma joyda shoshilish, yugurish, yetib olish… Balki ba’zan to‘xtab, ortiqcha yukni tashlab, faqat muhimini qilish kerakdir?
Спорный жойлари жуда куп бу мавзуда
Rostini aytsam, bu “kamroq qil, ko‘proq top” degan gaplar biroz erkalikdek tuyuladi. Oylikdan oylikka zo‘rg‘a yetayotgan odamlar buni qanday tushunsin?
Hammada Eynshteyn bo‘lishga sharoit bormi o‘zi? Ba’zilar kam ishlasa — shunchaki ishdan haydaladi.
Bu falsafa faqat tanlanganlar uchunmi yoki haqiqatan hammaga ishlaydimi?