Yolg‘iz farzand bo‘lishning o‘zi kasallikmi? – bu fikr atrofidagi bahslar

Yolg‘iz farzand bo‘lishning o‘zi kasallikmi? – bu fikr atrofidagi bahslar

Ota-onasining yolg‘iz farzandi bo‘lib ulg‘aygan kishilarda xarakterning salbiy jihatlari rivojlanishi haqidagi fikrlash odatga aylangan. Bunday bolalar erkatoy egoist bo‘lib o‘sishadi – nima uchun ana shu tarzda fikrlash yuzaga kelgan va u adolatdanmi? Bu borada tadqiqotchilarning fikri qanday?

Men ana shunday bola bo‘lganman. Biroq bolaligimda o‘zimni yolg‘iz his etmaganman va menda uka-singillarim bo‘lsa edi, degan istak yo‘q edi. Lekin yolg‘iz ekanim bilan ham maqtanmasdim, deya yozadi BBC muxbiri Uoker Jyenevev.

Yolg‘iz farzandlar salbiy sifatlarga ega bo‘lishi haqidagi fikrlarni doimo bilganman va unday emasligimni isbotlashga harakat qilganman.

Yoshligimda biror kishi bilan tanishganimda va suhbat davomida yolg‘iz farzand ekanim ayon bo‘lsa, suhbatdoshimning odatiy reaksiyasi quyidagicha bo‘lardi: «Yo‘g‘e, hech qachon shunday deb o‘ylamagan ekanman!»

Darhol «nima uchun menda hammasi joyida ekani» borasida yodlab olgan fikrlarimni aytishga kirishardim: to‘liqsiz oilada katta bo‘lganim va bolalikdan ishlarga yordam berishga majbur bo‘lganim, bundan tashqari, oilamiz o‘rta sinfning quyi qatlamiga mansub ekani, shuning uchun ham meni tantiq qilib o‘stirmaganliklarini tushuntira boshlardim.

Keyinchalik boshqa yolg‘iz farzandlar ham yagona farzand bo‘lish kamsitilganlikdek, darhol bu holatdan chiqishga harakat qilishlarini payqadim.

Yolg‘iz farzandlar haqidagi salbiy stereotiplar bir necha asrlardan beri mavjud: vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar bunday bola tantiq, yo‘l bo‘shatishga moyil emas, jamiyatga moslashmagan, buyruq berishni yaxshi ko‘radi va bir vaqtning o‘zida uyatchan.

Shu bilan birga, bir necha o‘n yilliklar davomida sinchkovlik bilan o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu nuqtayi nazar haqiqatga yaqin emas – ilmiy va xulq-atvorga xos asoslar ham yo‘q. Individual xarakter har qanaqa bo‘lishi mumkin. Guruh sifatida yolg‘iz farzandlar ularga tegishli deb ataluvchi jihatlarni rad etishadi.

Shunga qaramay, istalgan tanishingizdan yolg‘iz farzandga xos bo‘lgan xususiyatlar haqida so‘rab ko‘ring-chi, yana o‘sha tanish fikrlarni eshitasiz: eng yaxshi holatda tantiq va yolg‘iz, yomon holatda esa ota-onasi uni muvaffaqiyatsiz bola taqdiriga mahkum qilgan.

Nima uchun bu stereotip o‘zgarmas? Butun dunyoda bolalar sonining kamayish tendensiyasi hisobga olinsa, bu stereotip yo‘qoladimi?

«O‘xshash jihatlar»

Yolg‘iz farzandlar to‘g‘risidagi o‘xshash fikrlar tarixi ancha uzoq tarixga ega. Masalan, Buyuk Britaniyada Viktoriya davri va bolalar psixologiyasining fan sifatida paydo bo‘lishi bilan bog‘liq.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ko‘plab olimlar, eng avvalo, bolalar psixologiyasi asoschilaridan biri Stenli Holl va uning izdoshlari yolg‘iz farzandlarga odatiy munosabatga asos solgan asarlarini chop ettirishdi.

Farzandlarini telbalarcha sevadigan ota-onalar ularni erkalaydilar va shu tariqa o‘z shaxsiyatiga oid barcha narsaga o‘ta ta’sirchan bo‘lgan katta narsisslarni tarbiyalashadi, deya yozishgandi tadqiqotchilar.

Hollning quyidagi fikri ko‘pchilikka ma’lum: «Yolg‘iz farzand bo‘lishning o‘zi kasallik».

Individ psixologiyasi maktabi asoschisi Alfred Adler mazkur nazariyaning yana bir nufuzli tarafdori bo‘lgan.

«Oila tuzilishi, xususan, farzandlar o‘rtasidagi aka-ukalik tartibi shaxs rivojlanishiga qanday ta’sir ko‘rsatishini birinchi bo‘lib Adler o‘rganib chiqdi va batafsil tasvirladi», — deydi amerikalik psixolog, «Yolg‘iz farzandlar to‘g‘risidagi stereotiplar o‘zgarishi, adabiyotlar sharhi va amaliy maslahatlar» kitobi muallifi Adrian Mansilas.

«Adler o‘zi duch kelgan klinik holatlarga asoslangan asarlarida yolg‘iz farzandlarni o‘ta salbiy tasvirlagan. U bunday farzandlar hayotga moslashmagani va ikkinchi farzand dunyoga keltirmaslikka qaror qilgan ota-onalar birinchi farzandlariga ruhiy zarar yetkazishini ta’kidlagan».

Ana shu pozitsiya umumqabul qilingan pozitsiyaga aylandi. Ehtimol, oilalar katta bo‘lgan, yolg‘iz farzand o‘smirlari orasida istisno sanalgan davrda bunday tushuncha o‘z ma’nosiga ega bo‘lgandir. Ota-onalar esa o‘z farzandlari haqida ayniqsa ko‘proq g‘amxo‘rlik qilish va uni himoyalashga instinktiv ravishda kirishishgan.

«Muammo shundaki, ular kamchilik edi. Sutemizuvchi hayvonlarning istalgan guruhida ayrim belgilarga ko‘ra kamchilikka tegishli bo‘lsangiz, sizni zaharlay boshlashadi», deydi Buyuk Britaniya psixologiya jamiyati a’zosi va «Oiladagi o‘rningiz xarakteringiz haqida nima deyishi mumkin?» kitobi muallifi Linda Bler.

Hatto keyinchalik AQSh va Buyuk Britaniyada oilaning o‘rtacha hajmi kichraygan bo‘lsa ham yolg‘iz farzandlar normadan og‘ish sifatida qaralgan. Ikki farzanddan iborat «nuklear oila» 1950-yillarda shakllangan ideal hisoblangan.

«To‘g‘ri oila bu – ota, ona va ikkita bola degan tushuncha madaniyatimizga chuqur singgan va undan og‘ish kishini bezovta qiladi», deydi amerikalik sotsial psixolog, «Yolg‘iz farzand holati» kitobi muallifi.

Ko‘plab televizion shoular, masalan, 1957-1963 yillarda mashhur bo‘lgan «Tasavvur qiling bu Buveru» sitkomi ota-ona va bir necha farzanddan iborat oila haqidagi tasavvurni singdirdi. 1986 yilning «Azob chekuvchi Dennis» filmida oiladagi yagona farzand tabiiy ofat sifatida aks ettirilgan.

O‘n yillar davomida ana shunday davom etib kelgan. Agar oilada bir nafar farzand bo‘lsa, u oila oila emas, muvaffaqiyatli farzand esa oiladagi yagona farzand bo‘lishi mumkin emas – nuqta!

Stereotiplar va haqiqat

1980-yillar oxiriga kelib, amerikalik tadqiqotchilar Toni Falbo va Deniz Polit oilada yagona farzand bo‘lgan 141 nafar bolaning xarakteri va xulq-atvorini o‘rgandi. Ular shunday xulosaga kelishdi – ko‘plab jihatlariga ko‘ra, ular boshqalardan farq qilmagan. Yutuqlari, rag‘bati va atrofga moslashuvchanligi bo‘yicha hatto ulardan o‘zib ketishgan. Yolg‘izlik, egoizm va moslasha olmaslik kabi hislar umuman bo‘lmagan.

«Tantiq va ichki yolg‘iz «mitti imperator» stereotipi haqiqatda o‘z tasdig‘ini topmaydi», deydi Vashington shtati universiteti antropologiya professori va «Yaxshi bola: Xitoy bolalar bog‘chalaridagi axloqiy tarbiya» asari muallifi Tszin Syuy.

U o‘z kitobida shaxsning axloqiy shakllanishida oiladagi holatlar, ta’limning o‘rni, shuningdek, keng ma’noda Xitoydagi ijtimoiy o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan masalani ochib beradi.

Tszin Syuy asari Shanhaydagi o‘rta sinf yashaydigan rayondagi bolalar bog‘chasida to‘plangan material asosiga qurilgan. Mazkur bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ko‘pchiligi oilada yolg‘iz farzand bo‘lgan.

Bunday bolalar intizom, ijtimoiylashuv va jamoadagi hayot jihatidan boshqalardan farq qilmasligi aniqlandi. Tszin Syuyning so‘zlariga ko‘ra, yolg‘iz farzandlar atrofdagilarni oqilona baholashi, do‘stlar tanlashi va munosabatlar qurishi uni hayratga solgan.

Yolg‘iz farzandlar uyatchan va ijtimoiy moslashmagan tushunchadan farqli ravishda ular jamiyatga moslashish uchun yaxshi tayyorlangan ekani olim tomonidan qayd etilgan. Chunki ular opa va ukalari bo‘lmagani tufayli ko‘plab vaziyatlarda o‘ziga ishonishga va boshqa oila farzandlari bilan munosabat o‘rnatishni erta o‘rganadi.

Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oiladagi yolg‘iz farzandlar bir qator afzalliklarga ega: ularda nutq ko‘nikmalari yaxshiroq shakllangan va ularda rag‘bat kuchliroq.

Linda Blerning aytishicha, ota-onalar tomonidan qo‘shimcha e’tibor har doim ham yomon degani emas.

«Pul ahamiyatga ega. Biroq muhimi oiladagi yolg‘iz farzandga ota-ona ko‘proq vaqt ajratadi, u kattalarning boyroq va rivojlangan nutqini o‘zlashtiradi hamda ko‘p bolali oilalarga qaraganda hayoti tartibliroq bo‘ladi», deydi Bler.

Albatta, salbiy jihatlari ham bor. «Tadqiqotlarga ko‘ra, aka-singillar ota-ona o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni yengishda bir-biriga yordam beradi», deydi Adrian Mansillas.

Davolovchi ruhshunosning shaxsiy tajribasiga asoslangan holda, Bler yolg‘iz farzandlar akasi yoki singlisi bo‘lganlardan farqli ravishda kattalarsiz vaqt o‘tkazmasligini qayd etadi.

Shuning uchun nostandart vaziyatlarda reaksiya qilish va o‘zgalarning tuyg‘ularini his qilish ularga qiyinchilik tug‘diradi. Masalan, boshqa bola sen yig‘gan Lego konstruksiyasini tepib yuborishini.

Blerning ta’kidlashicha, yolg‘iz farzandlik holati uni yomon narsaga ham, yaxshi narsaga ham yo‘naltirmaydi. Boshqa omillar muhim ahamiyatga ega: oiladagi muhit, ota-onalar amal qiladigan qadriyatlar, boshqa qarindoshlar bilan munosabatlar, do‘stlarning mavjudligi.

«Oiladagi yolg‘iz farzandlar va ko‘p bolali oila farzandlari o‘rtasida farqlarga qaraganda umumiy jihatlar ko‘proq», deydi Syuzan Nyumen.

Qayta o‘rganish mushkul

Bizga ma’lum bo‘lgan barcha narsalarga qaramay, shakllangan fikr hech qayerga yo‘qolmaydi.

Linda Bler asosiy sababni stereotipni aniq faktlar bilan inkor etish qiyinligida ko‘radi. Barcha odamlar turlicha, agar istasangiz, hayotda hamma narsaning tasdig‘ini topishingiz mumkin.

Oila tuzilishi asta-sekin o‘zgarmoqda. Agar avvallari ko‘p bolali oila tabiiy holat deya qabul qilingan bo‘lsa, hozirda ko‘pchilik mamlakatlar bitta farzandli oila sari harakatlanyapti. Masalan, 2017 yil ma’lumotlariga ko‘ra, ingliz oilalarining 40 foizida bir nafar farzand bo‘lgan. Kanadada esa 2011 yilda bunday oilalar 38 foizni, AQShda 2015 yilda 23 foizni tashkil etgan. 2019 yilda Kanadada tarixdagi tug‘ilish ko‘rsatkichining eng past darajasi qayd etildi.

Yolg‘iz farzandlar endilikda kamchilik emas, bu tobora normaga aylanib bormoqda. Ehtimol, bu shakllangan stereotipni o‘zgartirar?

Buning ayrim belgilari bor. Syuzan Nyuman hozirda 1990-yillarda boshlangan «Yolg‘iz farzand» loyihasi doirasida yangi tadqiqot o‘tkazyapti. Undagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jamiyatning yolg‘iz farzandlar to‘g‘risidagi fikri sezilarli o‘zgargan.

«Odamlar bor-yo‘g‘i bir nafar farzandi bo‘lsa, o‘zini oqlashni joiz deb hisoblamayapti. Salbiy izohlar avvalgidan ancha kam va asosan oldingi avlod tomonidan bildirilyapti», deydi u.

Kommentlar: 6 komment. 6 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Gulrux

    nega o’zi bunday mavzu bor? yagona bola bo’liwning yomon tarafi yo’qku, hayronman

  2. Taxmina

    qiziq maqola 4iqibdi, raxmat good

  3. Yulbars

    Men yagona bolaman, endi nima? men jinnimanmi?

  4. Jam

    sad yoqmadi menga

  5. Mansur

    Qiziq maqola 4iqibdi, raxmat

  6. Gulli

    by ajoyibku yolgiz erkatoy bazida masuliyatli bazida qiyin yolgiz farzand bolish manimcha yaxshi qaniydi men ham yolgiz erkatoy farzand bolsam

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social