Ruhiy qaramliklar safiga gadjetlarga qaramlik ham qo‘shilib, insoniyatni ancha o‘ylantirib qo‘ydi. Smartfonga mukkasidan ketish hozirda ko‘pchilikda va ayniqsa yoshlarda hamda bolalarda kuzatilmoqda. Uning alomatlari va asoratlari darrov yuzaga chiqib, yaqqol namoyon bo‘ladi, yashirin kechish yoxud tashxislash muammosi yo‘q.
Ammo asosiy bosqich – davolashga kelganda xato usullar qo‘llanilmoqda.
Ya’ni, ko‘pchilik o‘zida gadjetga qaramlikni sezsa va bu holatidan qoniqmasa, ulardan bir yo‘la voz kechish orqali muolajaga kirishmoqchi bo‘ladi. Yoki farzandining virtual olamga ruju qo‘yganidan xavotirlangan ota-onalar unga smartfon va planshetlarni mutlaqo taqiqlab qo‘yadilar. Bu muammoga yechim bo‘lolmaydi. Aksincha, vaziyatni yanada chigallashtiradi.
Binobarin, gadjetlarga qaramlik ruhiy buzilishlar ortidan kelib chiqadi. Shaxsiy hayotidan ko‘ngli to‘lmagan odam muammolaridan telefon ekrani ortiga yashirinishga urinadi, gadjetni ruhiy quvvat manbaiga aylantirib oladi. Undan dabdurustdan ayrilish esa depressiyani kuchaytirib yuboradi. Shuning uchun avvalo xotirjamlikka erishish, noroziliklarni kamaytirish, hayotdagi muammolarga to‘g‘ri nigoh bilan qarashni o‘rganish kerak. Demak, birinchi ishingiz telefonni ko‘zdan yo‘qotish emas, balki ko‘z o‘ngidagi yoqimsiz taassurotlardan xalos bo‘lishdir.
Hayotni sevgan, o‘z umridan minnatdor odam tiriklikning har bir lahzasidan zavq olib yashasa, u uchun telefon juda bir zerikarli buyumga aylanib qoladi. Chunki real hayotda undagidan-da yaxshi voqealarni, smartfondan samimiyroq do‘stlarni, yaqinlarining mehr og‘ushini topadi-da!
Gadjetlardan bir kunda qancha vaqt davomida foydalanishingizni hisoblang. Agar bu 8 soat bo‘lsa va siz muddatni 2 soatga tushirsangiz, ruhiy zarba olishingiz tayin. Shu bois asta-sekinlik bilan kamaytirib boring. Kun sayin daqiqalar soatlarga almashsin.
Telefondan foydalanishda ijtimoy tarmoqlarni tekshirish ko‘p vaqt oladigan jarayon hisoblanadi. Nima, ijtimoiy tarmoqqa javobgar ilovani o‘chirib tashlash kerakmi? Aslo yo‘q! Balki uni tekshirish uchun kunning bir qismidan vaqt belgilang va faqat o‘sha soatdagina foydalaning. Zarurat yuzasidan, masalan, ishga bog‘liq hujjatlarni jo‘natish yoki qabul qilishga to‘g‘ri kelib qolganda ijtimoiy tarmoq emas, elektron pochtani tanlang. U sizni uzoq ushlab qolmaydi.
Saralash – yaxshi davo. Keraksiz kanal va guruhlardan chiqib ketish, tasodifiy a’zoliklarni taqiqlovchi konfidensiallikni o‘rnatish ayni muddao. Bir necha guruh va kanallarni tark etiboq o‘zingizda darhol yengillikni his qilasiz, pala-partish emas, saranjom uyga kirgan odamdek ko‘nglingiz yorishadi.
Ijtimoiy tarmoqlar masalasi hal bo‘ldi. Endi ilovalarga o‘tamiz. Smartfoningizdagi ahamiyatga ega bo‘lmagan dasturlar, o‘yinlar, ilovalarning bahridan o‘ting. O‘rniga foydali ilovalarni yuklab olishingiz mumkin. Rejangiz mana bunday bo‘lsin: o‘chirildi – 5 ta ilova, yuklandi – 1 ta ilova.
Telefonni ishlatmayotganda internetini ham o‘chirib qo‘ying, shunda yangi xabarlardan ogohlantiruvchi signal sizni bezovta qilmaydi. Umuman olganda, miyangizni ikki ish bilan band etmaslikka harakat qiling. Masalan, telefon emas, taomning tashqi ko‘rinishini tomosha qilgan holda mazza qilib ovqatlaning, kino ko‘rayotganingizda qo‘lingizda telefon bo‘lmasin, kitob o‘qishni boshlaganingizda telefonni o‘chirib qo‘ying. Ovqat yeb, kino ko‘rib, kitob o‘qib bo‘lgach esa telefondan foydalanishga alohida vaqt ajrating.
Kun bo‘yi o‘zingizni charchating. Agar aqliy mehnat kishisi bo‘lsangiz, jismoniy yumushlar bilan band bo‘ling, sport bilan shug‘ullaning, piyoda yuring, raqsga tushing. Ayniqsa, kechki payt faollashing. Gadjetga qaramlarning kechasi bilan telefon titadigan, smartfonini quchoqlab uxlaydigan odati bor. Birinchidan, kun davomida charchagan odamning ko‘ziga faqat yostiq ko‘rinadi. Bordiyu shunda ham qo‘lingizga telefon olishga kuchingiz yetsa, darrov «Musiqa» papkasiga kiring, sokin kuyni jaranglatib, ko‘zlaringizni yuming.
Qo‘l soati taqing. Buni telefonga qaramlikka nima aloqasi bor, dersiz. Zamonaviy kishilar smartfonga vaqtni bilish maqsadida ko‘p nazar soladilar va shu bahona virtual olamning boshqa eshiklari ochilib ketadi. Muolaja davrida soat nechchi bo‘lganini haqiqiy soatdan bilganingiz ma’qul.
Gadjetlarga qaramlikka qarshi muolajalar «Raqamli parhez» deb ataladi. U esa texnik vositalardan voz kechish emas, balki to‘g‘ri foydalanishni ifodalaydi. Zotan, taomlardan parhez qilayotgan odam och yurmaydi, balki mutanosib ravishda sog‘lom ovqatlanadi. Gadjetlardan parhezda ham ular bilan uyg‘un yashash va unumli ishlatish nazarda tutiladi. Shu yo‘sinda telefonga kasal bo‘lganlarga tabibu malham sifatida telefonning o‘zidan foydalaniladi.
wunga uxwaw maqola bor edi silada manim4a
telefonga qaram buliw yomon iw
telefonsiz hozir hayot yu
vawe zur maqola, raxmat
hozir hamma nimagadur qaram, kimdir telefonga, kimdir dinga
mani butun iwim telefonda busa, nima qili?
хеч нима, ишла и булди)
telefon hozir eng muhim narsa
bumagan narsa telefonga qaramlik diganla, prosto buw vaqti kupla uwatta utriwadi