“Artemida-2” missiyasi astronavtlari Yerdan rekord darajada uzoqlashib, Oyning teskari tomonini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda NASA xabar berdi.
7-aprelga o‘tar kechasi amerikalik uch astronavt — Rid Uaysmen, Viktor Glover, Kristina Kox hamda kanadalik Jeremi Xansen bo‘lgan Orion kosmik kemasi Oyga 6 ming kilometr masofagacha yaqinlashib, uni muvaffaqiyatli aylanib o‘tdi.
Ushbu tarixiy parvoz davomida 1970-yildagi “Apollon-13” missiyasi o‘rnatgan rekord (400 171 km) yangilandi. Xususan, “Artemida-2” missiyasi Yerdan 406 771 kilometrgacha uzoqlashdi.
Kosmik kema Oyning teskari tomoniga o‘tayotganida Yer bilan aloqa 40 daqiqa davomida uzildi. Bu boshqariladigan parvozlar tarixida ekipajning Yer bilan aloqasi uzilgan eng uzoq muddat hisoblanadi.
Parvoz davomida astronavtlar Oy yuzasiga urilgan meteoritlar tufayli yuzaga kelgan taxminan oltita chaqnashni kuzatgan. Bundan tashqari, ular Quyosh tutilishini ko‘rib, Quyosh tojining suratlarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan.
Orion kemasi bilan aloqa rejalashtirilgan vaqtda tiklangan. Dastlab radiosignal qaytgan, keyin katta hajmdagi ma’lumotlar paketi uzatilgan. Shundan so‘ng Kristina Koxning “Xyuston, Integrity, aloqa tekshiruvi. Yerni yana eshitish juda ajoyib”, deb aytgan so‘zlari yangragan.
Ko‘p o‘tmay, astronavtlar bilan AQSH prezidenti Donald Tramp bog‘langan.
“Bugun siz tarixga kirdingiz va butun Amerikani chinakam va nihoyatda g‘ururlantirdingiz. So‘nggi paytlarda faxrlanish uchun sabablar ko‘p, ammo siz qilgan ishga o‘xshashi yo‘q: yarim asrdan ortiq vaqt ichida ilk bor Oyga yetib borib, uni aylanib chiqdingiz va Yerdan eng uzoq masofa bo‘yicha mutlaq rekordni yangiladingiz”, degan u.
Tramp, shuningdek, Orion ekipajini qaytgach, Oq uyga taklif qilib, ulardan dastxat olish niyatida ekanini aytgan.
Missiyaning asosiy bosqichi yakunlangach, astronavtlar Yerga qaytishni boshladi. Parvoz taxminan to‘rt kun davom etadi. Kosmik kema 10-aprel kuni (Toshkent vaqti bilan 11-aprelga o‘tar kechasi) AQSHning g‘arbiy qirg‘oqlari yaqinida Tinch okeaniga qo‘nishi kutilmoqda.










Vauuu bu juda katta tarixiy voqea ekan “Artemida-2” haqida o‘qib rosa hayratda qoldim! Odamlar qanchalik uzoqqa bora olishini ko‘rib faxrlanasan.
406 ming km uzoqlashganini o‘qib shok bo‘ldim bu oddiy gap emas! Haqiqiy jasorat bu.
Yer bilan 40 daqiqa aloqa uzilgani juda qo‘rqinchli tuyuldi… o‘sha paytda astronavtlar nimalarni his qilgan ekan
Oyning teskari tomonini suratga olish — bu umuman boshqa daraja! Ilm-fan qanchalik rivojlanib ketganiga qoyil.
Kristina Koxning “Yerni yana eshitish juda ajoyib” degan gapi juda ta’sir qildi shu joyi yurakka yetib bordi.
Shunaqa yangiliklarni o‘qib, insoniyat kelajagi kosmos bilan bog‘liq ekanini yana bir bor tushunasan
Juda ajoyib bopti, rasmla yoqdi