Argentina terma jamoasi sobiq hujumchisi, afsonaviy futbolchi Diyego Maradona 60 yoshida vafot etdi. Bu haqda Argentinadagi nashrlar xabar bermoqda.
Oktyabr oyi oxirida u tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga yotqizilgan, unda subdural gematoma aniqlangandi. Bunday gematoma odatda bosh miya jarohati asoratlari natijasida paydo bo‘ladi. Yosh o‘tgandan keyin u surunkali gematomaga aylanishi mumkin.
Clarín nashri ma’lumotiga ko‘ra, noyabr oyi boshida uning miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan, unga 12 noyabr kuni javob berilgandi.
«Juda qayg‘uli xabar. Men yaxshi do‘stimni, dunyo afsonani yo‘qotdi. Hali ko‘p narsa aytish mumkin, lekin hozir oila a’zolariga sabr tilayman. Umid qilaman, bir kun osmonlarda birga to‘p teparmiz…», deb yozdi Maradonaning o‘limi haqidagi xabarlardan keyin boshqa bir afsonaviy futbolchi, braziliyalik Pele.
Ole nashri xabariga ko‘ra, futbolchi tiklanish jarayonini o‘tayotgan Buenos-Ayresdagi uyida o‘zini yomon his qila boshlagan va olamdan ko‘z yumgan.
Argentinada Maradonaning o‘limi tufayli uch kunlik motam e’lon qilingan.
- Diyego Maradona futbolchilik faoliyati davomida «Barselona», «Napoli», «Sevilya» klublarida o‘ynagan. 1977-1994 yillarda u Argentina terma jamoasi sharafini himoya qilib, 1986 yilgi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, 1990 yilgi mundialda esa kumush medallar bilan taqdirlangandi. U 1997 yilda, 37 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlagan.
- 2008-2010 yillarda terma jamoaga bosh murabbiy bo‘lgan. Keyinroq Meksika va BAAdagi klublarda bosh murabbiy sifatida ishlagan. U FIFA saytidagi ovoz berish natijalariga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olingandi.
- Diyego Maradona — qo‘l bilan urgan goli orqali yanada mashhur bo‘lgan. 1986 yilgi jahon chempionatida Angliyaga qarshi o‘yin vaqtida argentinalik futbolchi raqib jarima maydonida havodan uzatilgan to‘pga sakragan va qo‘li bilan zarba bergan, uning bu harakatini hakamdan boshqa barcha ko‘rgan va gol hisobga olingan.