Bunday suyuqliklar tarkibida yuqori miqdorda kofein va shakar mavjud. Mazkur moddalar yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi hamda miyadagi nerv hujayralarini “uyg‘otib”, faollashtiradi. Quvvat ulashuvchi ichimliklarni tez-tez qabul qilish uyqusizlik, charchoq va ruhiy beqarorlikka olib keladi. Me’yordan ortiq iste’mol esa yurak ritmi buzilishi, asabiylashish va hatto hushdan ketish holatlarini yuzaga keltirishi mumkin. Mutaxassislar bunday ichimliklar organizmni vaqtincha tetiklashtirsa-da, uzoq muddatli ta’sirda sog‘liq uchun katta xavf tug‘dirishini ta’kidlaydi.
O‘zbekistonda oxirgi yillarda energetik ichimliklar bozori keskin kengaymoqda. Toshkentdan tortib viloyat markazlarigacha deyarli har bir do‘konda ularning turfa xili savdo rastalarida mavjud. Ayniqsa, maktab va kollej yoshidagi o‘quvchilar hamda talabalar orasida bu ichimliklarga talab yuqori. Reklamalarda “energiya beruvchi”, “uyquni qochiruvchi” sifatida ko‘rsatiladigan suyuqliklarning asl tarkibi esa sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Bunday ichimliklardagi kofein yurakka, shakar metabolizmga, sun’iy qo‘shimchalar esa umumiy organizmga zarar yetkazadi. Ular tanaga tezda tetiklik ulashadi, lekin mazkur quvvat sog‘liqqa zarar yetishi hisobiga hosil bo‘ladi.
Kofein – tetiklik ortidagi xavf
Energetik ichimliklarning organizmni tetiklashtiruvchi asosiy “quvvati” kofeindan hosil bo‘ladi. Bu modda markaziy asab tizimi faoliyatini qo‘zg‘atib, uyquni qochiradi, sergaklik beradi va charchoqni vaqtincha bosadi. Shu tufayli ko‘pchilik imtihonlarga tayyorlanayotganda, tungacha ishlash yoki sport musobaqalariga qatnashish oldidan bunday ichimliklarni iste’mol qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir shisha (250–330 ml) energetik ichimlik tarkibidagi kofein miqdori ikki-uch stakan kuchli qahvaga teng bo‘ladi. Bunday yuqori dozadagi kofein yurak urishini tezlashtiradi, qon bosimini oshiradi va ayrim hollarda yurak ritmini buzishi mumkin. Ayniqsa, o‘smirlar va yurak-qon tomir kasalligi bor odamlarda bu holat xavfli oqibatlarni yuzaga keltirishi ehtimoli baland.
Kofeinning ortiqcha iste’moli uyqusizlik, asabiylik, qo‘l-oyoqlarda qaltirash, me’da-ichak faoliyatida buzilishlar va hatto bosh og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda organizmda “kofein qaramligi” shakllanib, inson tinchlanish yoki ishlash uchun doimo yangi dozaga ehtiyoj seza boshlaydi. Bu esa sog‘lom turmush tarziga zid bo‘lib, uzoq muddatli oqibatlarda organizmning umumiy zaiflashishiga olib kelishi mumkin.
Shifokorlar katta yoshdagilar uchun kofein iste’molini kuniga 400 mg.dan, o‘smirlar uchun esa 100–150 mg.dan oshirmaslikni tavsiya etadi.
Shakar – “shirin dushman”
Energetik ichimliklarning asosiy tarkibiy qismlaridan biri — shakar. Odatda, 0,5 litrli mashhur brend nomi ostidagi ichimliklarining har birida 15–18 choy qoshiq atrofida shakar bo‘ladi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kattalar uchun kunlik shakar iste’molini 5–6 choy qoshiqdan oshirmaslikni tavsiya qiladi. Demak, bitta energetik ichimlik ichish orqali odam kunlik me’yorni uch barobardan ortiq qabul qilgan bo‘ladi. Shakar tezkor energiya manbai sifatida qisqa muddatga tetiklik bag‘ishlashi mumkin, biroq bu ta’sir uzoqqa cho‘zilmaydi. Bir necha soat ichida organizmda keskin quvvat pasayishi, ya’ni “charchash sindromi” kuzatiladi. Shuning uchun ham odam o‘zini yana kuchsiz his qilib, qaytadan shirinlik yoki ichimlik iste’mol qilishni xohlaydi.
Uzoq muddatli oqibatlarda shakar iste’moli miqdorining haddan tashqari yuqoriligi semirish, 2-tur diabet va yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish xavfini oshiradi. Shuningdek, ortiqcha shakar tish emalini yemiradi va kariyesni tezlashtiradi.
Taurin, guarana va vitaminlar
Reklamalarda tez-tez tilga olinadigan taurin, guarana va B guruhi vitaminlari energetik ichimliklar tarkibidagi “quvvat manbai” sifatida ko‘rsatiladi. Ammo bunday ichimliklarda ularning miqdori juda past bo‘lib, organizmga foyda berishi ilmiy jihatdan isbotlamagan.
Masalan, taurin inson organizmida tabiiy ravishda sintez qilinadigan aminokislota bo‘lib, yurak faoliyati va mushaklar uchun muhim. Biroq energetik ichimliklarda uning miqdori organizm uchun zarur bo‘lgan darajadan ancha past bo‘ladi va kutilgan ijobiy ta’sirni bermaydi.
Xuddi shuningdek, guarana o‘simligi ham kofeinga boyligi bilan mashhur, biroq ichimlik tarkibidagi miqdori insonni sezilarli darajada tetiklashtira olmaydi. B guruhi vitaminlari esa asosan asab tizimi faoliyati va energiya almashinuvi uchun foydali sanaladi, ularni energetik ichimliklarni ichmasdan, oddiy ovqatlar orqali ham organizmga yetkazish mumkin.
Ichimlik tarkibidagi asl quvvat manbai sifatida ko‘rsatilayotgan taurin, guarana va vitaminlar iste’molchiga katta foyda bermaydi, balki odamni ichimlik xavflaridan chalg‘itish vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Shu sabab, mutaxassislar energetik ichimliklar tarkibidagi bu kabi qo‘shimchalarning foydasi ilmiy jihatdan isbotlanmaganini, aksincha, ko‘proq marketing usuli sifatida ishlatilishini ta’kidlaydi.
Sun’iy qo‘shimchalar
Energiya ichimliklarini xarid qilganimizda ularning yorqin rangi va o‘ziga xos ta’mi e’tiborni tortadi. Aslida esa bunday joziba ko‘pincha tabiiy emas, un’iy rang beruvchi va ta’m kuchaytiruvchi moddalar hisobiga yuzaga keladi. Mazkur moddalar organizm uchun hech qanday foyda bermaydi. Aksincha, ularning salbiy ta’siri haqida ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavjud.
Sun’iy rang beruvchilar uzoq muddatli iste’molda allergik reaksiyalarni qo‘zg‘atishi, terida toshmalar paydo qilishi yoki bronxial astmani kuchaytirishi mumkin. Bundan tashqari, bolalarda diqqat yetishmovchiligi va giperaktivlik sindromini kuchaytirishi ehtimoli ham mavjud.
Ta’m kuchaytiruvchi kimyoviy moddalar esa ovqat hazm qilish tizimiga yuklama beradi. Ular me’da va ichak shilliq qavatini yallig‘lashi, aksar hollarda ko‘ngil aynishini paydo qilishi mumkin. Ba’zi qo‘shimchalarning organizmda uzoq vaqt parchalanmay saqlanib qolishi ham aniqlangan.
Shunday ekan, energiya ichimliklaridagi sun’iy rang va lazzatlar “zararsiz bezak” emas. Ular qisqa muddatli maza va tetiklik evaziga organizmga ortiqcha kimyoviy yuklama beradi.
Dunyo tajribasi va O‘zbekiston
Manbalarda qayd etilishicha, energetik ichimliklarni me’yordan ortiq iste’mol qilish tufayli ko‘plab yoshlarning shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilishi soni ortgan. AQSh va Yevropada esa o‘lim holatlari ham qayd etilgan. Shu sababli ayrim mamlakatlarda bu ichimliklarni voyaga yetmaganlarga sotish taqiqlangan.
O‘zbekistonda esa energetik ichimliklar barcha yoshdagilar uchun birdek, hech qanday taqiqlarsiz, bemalol sotiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 5 yil ichida ularning import hajmi bir necha barobarga oshgan. Toshkentdagi ayrim do‘kon egalari aytishicha, bunday ichimliklarning asosiy xaridorlari 16–25 yoshdagilarni tashkil etadi.
Xulosa qilib aytganda, energetik ichimliklar inson organizmiga “quvvat” emas, aksincha, yashirin xavf olib kiradi. Ular qisqa muddatli tetiklik ulashishi bilan bir qatorda yurak-qon tomir kasalliklari, asab tizimi buzilishlari, uyqusizlik va hatto o‘lim xavfini yuzaga keltiradigan oqibatlar paydo qilish ehtimolidan xoli emas. Mutaxassislar bunday ichimliklarni sog‘lom turmush tarzini ta’minlovchi vosita emas, balki tijorat maqsadida keng targ‘ib qilinayotgan mahsulot sifatida baholashadi. Shu sabab, inson o‘z salomatligi uchun eng katta energiya manbaini quvvat ulashuvchi sun’iy ichimliklardan emas, tabiiy yo‘llar yordamida ya’ni sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik orqali topishi lozim.
Хозир ешлани хар бирини кулида шунака ичимликла
Котта муаммо, 18 дан ешларга запрет килиш кере
Бундо карасела, котталаям ичиб юради, факат ула 1-2 ичишса, ешла 4-5 талаб ичишади кунига
Ота оналаям ахамият беришла кере, болалага тшунтириш кере
Афсус лекин купчили ота оналага буни килишга воктлари йу, бошка нарсала билан овора булишади
Умид киламанки, якин орада буни каттуро контрольга олишади
Zato tami zor buni, menga juda yoqadi, kuniga 3 ta ichaman
Хар куни ичиш как раз котта проблемалага олиб келади, эхтиет булин
Bilmagan ekanman, shunchalik yomon taraflari borligini
Fignya
Нимага? Хаммаси тури езилган
Juda muhim mavzu bopti