Fuqarolarga ko‘chib kelgani uchun pul to‘laydigan mamlakatlar

Fuqarolarga ko‘chib kelgani uchun pul to‘laydigan mamlakatlar

Boshqa bir mamlakatga ko‘chib o‘tish ko‘pchilik uchun go‘yoki ilojsizdek tuyuladi. Aksariyat holda odamlar hujjatlarni rasmiylashtirish, turar joy sotib olish, katta xarajat qilish, ish qidirish yoki til bilan bog‘liq muammo sabab bunday muhim qaror qilishni ortga suradi. Ammo internet orqali yaxshilab o‘rganib chiqilsa, ilojsiz narsaning o‘zi yo‘qligini tushunib yetish mumkin. Ayrim mamlakatlarning xorijliklarga yaxshi yashash imkonini, ba’zilarining esa hatto pul berishi ta’kidlangan turli dasturlarni taqdim qilishi bunga yaqqol isbot bo‘la oladi.

Bunday choralar ko‘rilishining sababi nimada?

Mamlakat va shaharlar turli sabablarga ko‘ra yangi, doimiy fuqarolarga ehtiyoj sezadi. Aholi sonining ortishi uchun esa hukumat ko‘chib kelayotgan odamlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashni afzal biladi. Qaysi o‘lkalar mana shunday “quchoq ochib” kutib olishi haqida esa quyida ma’lumot berib o‘tamiz.

Ponga, Asturiya provinsiyasi, Ispaniya

Aholi soni atigi 800 kishini tashkil qiladigan mazkur qishloq yangi ko‘chib keluvchilarni go‘yo qadrdonidek kutib oladi. Pongada yashash uchun kelgan yangi oilalarga 3 ming dollar, shuningdek, ko‘chib o‘tgandan keyin tug‘ilgan har bir bola uchun yana shuncha miqdorda mablag‘ beriladi. Ammo pul to‘lashining o‘ziga yarasha sharti bor: fuqaro Asturiya provinsiyasida kamida 5 yil yashashi kerak. Aslida bu juda oson. Biroz zerikarli ekanini aytmaganda borgan odam go‘zal manzara va tozalikdan bahri-dili yayrab, u yerni tark etgisi kelmaydi. Hukumatning bunday sharoit yaratishidan ko‘zlangan maqsad yoshlar e’tiborini jalb qilish hamda iqtisodiyotni jadallashtirishdan iborat.

Xarmoni, Minnesota shtati, AQSh

Gollivudcha yashashni orzu qilish, albatta, yaxshi lekin orzular mamlakatida qo‘nim topib, oyoqqa turishning o‘zi bo‘lmaydi. AQShning boshqa bir shahri — Minnesot shtatidagi Xarmonida esa hammasi biroz boshqacha. Aholisi bor-yo‘g‘i 1000 kishini tashkil etgan Xarmonining yangi fuqarolarga hamisha quchog‘i ochiq. Yanada quvonarlisi, yoshning, fuqarolikning, ish joyi va daromad miqdorining qancha ekani ahamiyatga ega emas. Asosiysi, ko‘chib kelib uy solishda. Qurilish uchun 5000 dollardan 12 000 dollargacha pul to‘lanadi.

Misima, Kagosima prefektirasi, Yaponiya

Yaponiyaning uchta kichik orolda joylashgan Misima qishlog‘ida atigi 400 kishi istiqomat qiladi. Aholining keksaligi va tezda kamayib borayotgani hisobiga hukumat yangi ko‘chib kelgan fuqaroga uch yil davomida oyiga 760 dollardan mablag‘ to‘laydi. Bundan tashqari, ko‘chib o‘tgandan keyin darhol 4,5 ming miqdorda mablag‘, sigir (ha, adashmadingiz o‘sha siz bilgan sigir) sovg‘a qiladi va shu bilan birga yo‘lga sarflangan xarajatlarni (840 dollar) qo‘shimcha ravishda to‘laydi. Ammo har yerni qilma orzu, har yerda bor tosh tarozi, deganlardek bu yerda yashash hammaga ham emas. Go‘zal tabiati, havosi bilan o‘ziga xos ekaniga qaramay, mashg‘ul bo‘lishga biror yumushning yo‘qligi asosiy kamchiligi hisoblanadi.

Lokana kommunasi, Borgomezzavalle, Italiya

Italiyaning uncha katta bo‘lmagan shahrida ko‘chib o‘tganlarga 9 ming yevro to‘lanadi. Bu haqda mer Jovanni Bruno Mattiet ma’lum qilgan: “Lokaneda sog‘lom turmush tarzi, ajoyib taomlar va yil davomida bo‘lib o‘tadigan folklor yarmarkalari sizni lol qoldiradi. Yangi kelganlarga ko‘chgani va tug‘ilgan farzand uchun uch yil muddatga 9 ming yevro miqdorda subsidiya beriladi. Bu yerda biznes boshlamoqchi bo‘lganlarga yana 2 ming yevro taqdim qilamiz”. Talaffuz qilinishi qiyin, shu bilan birga nomi quloqqa vahimali eshitiladigan Borgomezzavalledagi sharoitlar esa yanada qiziqroq. Tog‘ hududidagi xaroba uyni atigi 1 yevroga xarid qilishingiz mumkin, ammo bir sharti bor: turar joyni ikki yil ichida ta’mirlash kerak. Ko‘chib kelgandan keyin dunyoga kelgan har bir bola uchun esa yana 1 ming dollardan beriladi.

Andikitira oroli, Gretsiya

Firuza rangli dengizda cho‘milib, sohilda quyosh nurida toblanish ushalmas orzu deb kim aytdi? Masalan, Gretsiyaning Andikitira orolida yashay boshlaganlar nafaqat go‘zal manzaradan bahra olib hayot kechirishi, yo‘q joydan pul bilan ham ta’minlanishi mumkin. Gap shundaki, fuqaroga ko‘chib o‘tgani uchun uch yil davomida har oy 500 dollar miqdorda mablag‘ to‘lanadi.

Kaitangata, Yangi Zelandiya

Uy olish uchun butun umr misqollab pul yig‘ib yurganlarga Yangi Zelandiyaning Otago okrugi yaqinidagi shaharga ko‘chib o‘tish tavsiya qilinadi. Nega deysizmi, muqim yashash uchun kelgan fuqaroga 165 ming dollarlik uy, shundoq tekinga beriladi.

Bu qadar shart-sharoitning boisi ne?

“Mushuk tekinga oftobga chiqmaganda” shuncha mablag‘ va sharoitning taklif qilinishi bejizga emas, albatta. Yuqorida o‘qib guvohi bo‘lganingizdek, sanalgan shahar va qishloqlarning aksariyatida ko‘ngilochar markazlar, odatiy qulayliklar hamda ish o‘rinlari yo‘q. Aynan shu bois aholining yosh qatlam vakillari o‘qish, ishlash va faol hayot kechirish uchun yirikroq shahar hamda mamlakatlarga ko‘chib ketadi. Faqat keksalar va yoshi ulug‘lar qolgani hisobiga demografik o‘sish kuzatilmaydi. Shu sabab ham hukumatdagilar migrantlarni pul va turli shart-sharoitlar bilan jalb qilishga urinadi. Shahar shovqinidan charchagan, ekologik toza tabiatda sokin hayot kechirishni istaydiganlar uchun tilga olingan shahar va qishloqlar ayni muddao sanaladi.

Kommentlar: 4 komment. 4 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Qanday qilib u yerga k64ib ketsa b6ladi? yozmabsilaku

  2. Sumayya

    Demografik nma dgani

  3. Fazo.tv

    Sumayya, Demografik degani aholining kamayishini o’rganadigan fan. U shaharlarda aholi soni kamligi sababli, boshqalarga pul to’lashga tayyor

  4. Italiyaga a tak ketvorardim…

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social