Agar sizda tanaffuslar bilan bo‘lsa-da ikki yoki undan ko‘p kun davomida hiqichoq tutayotgan bo‘lsa, shifokor qabuliga shoshiling.
Odatda hiqichoq xavfsizdir. Uni diagfragmalar — ko‘krak va qorin bo‘shlig‘ini ajratib turuvchi mustahkam mushaklarning — beixtiyor qisqarishi yuzaga keltiradi.
Diafragmalarning odatiy vazifasi nafas olishimizga sharoit yaratishdir. Ular pastga harakatlanganda, ko‘krak qafasi kengayadi va o‘pkaning o‘zini havoga to‘ldirishiga imkon tug‘iladi. Biz nafas olamiz. Ular yuqoriga ko‘tarilganda o‘pkadagi havo tashqariga siqib chiqariladi. Nafas chiqarish jarayoni yuz beradi.
Diafragma harakatlarini miya boshqaradi. Ammo ba’zida uning ishoralarida xatolik yuz berib, diafragma beixtiyor qisqarishni boshlashi mumkin. Har qisilishda o‘pka o‘zidan havoni itaradi, u hiqildoq orqali o‘tadi va tovush chiqaruvchi oraliq va kichik tilga uriladi. Ushbu jarayon o‘ziga xos ovozni — hiqichoqni yuzaga keltiradi.
Fiziologlar miyaning shunday oddiy harakat bo‘lgan nafas olish-chiqarish jarayonida xatolikka yo‘l qo‘yishi sababini haligacha anglab yetishmagan. Ammo hiqichoqni keltirib chiqara oladigan ba’zi omillarni aniqlashgan. Cho‘zib o‘tirmaymiz: ayrim vaqtlarda hiqichoq xavfli ishoradir.
Zudlik bilan shifokor qabuliga borishni talab qiluvchi holatlar
Mustaqil tadqiqotlar tashkiloti bo‘lgan Mayo Clinic mutaxassislari iloji boricha tez fursatlarda terapevt huzuriga borishni taqozo qiluvchi ikki alomatni qayd etishgan:
- 48 soat yoki undan ortiq davom etuvchi hiqichoq;
- kamroq davom etuvchi ammo ovqatlanish, suv ichish,uxlash yoki nafas olishga xalaqit beradigan charchatuvchi hiqichoq.
Tez yordamga qo‘ng‘iroq qilish talab etilmaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan holatlarda ham hiqichoqning o‘zi o‘lim darajasida xavfli emas. Biroq u vaqtida tashxisi qo‘yilishi zarur bo‘lgan jiddiy kasalliklardan darak berayotgan bo‘lishi mumkin.
Nega insonlarda hiqichoq tutadi?
Aksariyat hollarda hiqichoq xurujlari bir necha daqiqadan so‘ng o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Bunday hiqichoq qisqa muddatli deb ataladi. Qolaversa, tanaffuslar bilan yoki tanaffuslarsiz 2 kundan oshiq davom etmagan hiqichoqni ham qisqa muddatli deb hisoblasa bo‘ladi. Agar undan ortib ketsa, gap uzoq muddatli yoki kuchli hiqichoq haqida bormoqda.
Qisqa muddatli hiqichoq sabablari
- Gazlangan ichimliklar iste’mol qilish.
- Alkogolning ko‘p miqdori.
- Keragidan ortiqcha ovqatlanish.
- Haroratning tezlik bilan o‘zgarishi. Masalan, uydan shamolli ko‘chaga chiqqanda, yoki aksi, sovuqdan issiq ofisga yoki xonadonga kirganda.
- O‘ta issiq (tuzi va achchig‘i baland) yoki sovuq ovqat tanovul qilish.
- Xavotirlanish, hayajon, qo‘rquv, stress.
- Beixtiyoriy ravishda havo yutish. Bu holat saqich chaynaganda yoki obaki so‘rganda ro‘y beradi.
Kuchli hiqichoq sabablari
Ikki kundan uzoq vaqt davom etuvchi hiqichoqni o‘nga yaqin omillar keltirib chiqaradi. Ularni 3 xil kategoriyaga ajratish mumkin.
1. Asabiy bezovtalik yoki asab buzilishlari
Gap diafragmalar harakatini nazorat qiluvchi sayyor asab haqida ketmoqda. Ularning shikastlanishi yoki qo‘zg‘alishga olib keluvchi omillar:
- Quloqqa kirib, uning pardasiga tegayotgan soch tolasi, kichik g‘ubor yoki boshqa narsalar (masalan, kichik hasharotlar).
- Bo‘yin sohasida shish, o‘simta, buqoq.
- Laringit. Shiqildoq shilliq pardasining yallig‘lanishi shunday ataladi. Aksariyat hollarda u shamollash yoki qizamiq, ko‘kyo‘tal, qizilcha kabi yuqumli kasalliklarga aloqadordir.
- Jig‘ildon qaynashi. U gastroezofagial reflyuks bo‘lib, kislotali me’da shirasi qizilo‘ngachga o‘tib uning devorlarini tirnashidan kelib chiqadi.
2. Markaziy asab tizimidagi (MAT) buzilishlar
Turli jarohatlar natijasida markaziy asab tizimida infeksiya, shish, shikastlanish — bularning barchasi diafragmalarning beixtiyor qisilishiga olib kelishi mumkin. Quyida shu toifaga kiruvchi kasalliklardan atigi bir nechta misollar keltiramiz:
- meningit (bosh va orqa miya pardasi yallig‘lanishi);
- ensefalit (bosh miya yallig‘lanishi);
- miyaning jarohat orqali shikastlanishi;
- insult (bosh miyaga qon quyilishi yoki miya tomirlariga laxta qon tiqilishi natijasida ro‘y beradigan og‘ir kasallik);
- tarqoq skleroz;
- miya o‘smalari — yaxshi sifatlilar ham, yomonlari (saraton) ham.
3. Moddalar almashinuviga aloqador kasalliklar va ba’zi dori vositalarining qabuli
Kuchli hiqichoq tutishiga quyidagilar omil bo‘lishi mumkin:
- diabet (modda almashinuvining buzilishi natijasida yuzaga keladigan va siydik ko‘payishi bilan kechadigan kasallik);
- buyrak xastaliklari;
- elektrolitlar disbalansi;
- trankvilizatorlar (ya’ni asabni tinchlantiruvchilar), steroidlar, barbituratlar, og‘riq qoldiruvchi vositalarni shifokor nazoratisiz qabul qilish;
- alkogolga ruju qo‘yish.
Hiqichoq tutganda nima qilish kerak?
Agar bu qisqa davom etuvchi turi bo‘lsa, hech nima qilish shart emas. U 2-3 daqiqada g‘oyib bo‘ladi.
Kuchli va saqlanib turuvchi hiqichoqda terapevt bilan maslahatlashish muhim zaruratdir. U omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish uchun sizni tor mutaxassislar, masalan otolaringolog ko‘rigiga yuborishi mumkin.