5 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Rasmiylarning bildirishicha, qonunning maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqini ta’minlashning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini takomillashtirishdan iborat.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha e’lon qilinganidan buyon (2020 yil avgust oyida) aholi, xalqaro tashkilotlar va mahalliy ekspertlar tomonidan 700dan ortiq taklif kelib tushgan. Loyiha qo‘mita va partiyalar fraksiyalarida ham keng muhokama qilingan. Deputatlar yangi qonun loyihasida aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklovni olib tashlagan.
Bundan tashqari, diniy ta’lim muassasalarida diniy ta’lim beruvchilarga markaziy organning alohida roziligini olish talabi, diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun notarial tasdiqlangan hujjatlarni taqdim etish tartibi, diniy tashkilotni tuzishda mahalla fuqarolar yig‘inlari roziligini olish talabi bekor bo‘lmoqda.
Shuningdek, diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi ham biroz yengillashtirilmoqda, ya’ni:
– diniy tashkilotni tuzish uchun tashabbuskorlarning soni 100 nafardan 50 nafarga qisqartirilmoqda;
– diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilgandan keyin 6 oy mobaynida (amalda 3 oy) adliya organiga murojaat qilish huquqi mustahkamlanmoqda;
– taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqarmoqda;
– ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etilmoqda;
– diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning 3 oylik muddati 1 oy etib belgilanmoqda;
– ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilanmoqda.
Lekin yangi tahrirdagi qonunda ham xususiy diniy ta’limga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolmoqda. Bu jamoatchilik faollari va diniy ulamolar tomonidan norozilikka sabab bo‘lgan.
Shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar ham ushbu qonun inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga va YeXHT oldida inson huquqlari borasida O‘zbekiston bo‘yniga olgan majburiyatlarga to‘la mos kelishi uchun jiddiy qayta ko‘rib chiqish kerakligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun joriy yilning 4 may kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan, 26 iyun kuni Senat tomonidan qabul qilingan.
«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston qonuni matbuotda rasman e’lon qilingan kundan, ya’ni bugundan kuchga kirdi.
Juda yaxwi qonun. Afsus bu yerda k6pla vijdon erkinligi nima ekanligini tuwuniwmaydi
Bizda hamma musulmon. Vijdon erkinligi nima keragi bor!