Shaxsiy biznesga asos solishga xalaqit qiladigan 3 sabab va ularni bartaraf etish usullari

Shaxsiy biznesga asos solishga xalaqit qiladigan 3 sabab va ularni bartaraf etish usullari

Ish beradigan g‘oyalarni yaxshilang, aqlli kishilar bilan muloqotda bo‘ling va sarmoyadorlarni jalb qilishga harakat qiling.

Layfxaker sayti o‘z o‘quvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda saytning 2 372 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan. Natijalar tahlil qilingan va eng keng tarqalgan sabablar tanlab olinib, ularni bartaraf etish yo‘llari taqdim etilgan.

Birinchi sabab: «Pul keltiradigan g‘oyani topa olmayman»

Ovoz berganlarning 38 foizi biznes uchun yo‘nalish topa olmasliklarini aytishgan. Ularda quvvat, kuch va tadbirkor bo‘lish uchun imkoniyat mavjud. Biroq betakror va daromadli g‘oyani topa olishmaydi.

Muammoni qanday hal qilish mumkin?

Diqqatni g‘oya emas, muammoni izlashga qarating. Agar korxonangiz hech kimga kerak bo‘lmagan mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullansa, bunday biznes muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Muayyan odamlar guruhiga xos bo‘lgan muammoni topib, unga yechim taklif etish kerak. Aynan o‘zingiz boshdan o‘tkazgan muammo bo‘lsa yanada yaxshi.

Kelajak haqida o‘ylang. U uchuvchisiz qurilmalar, aqlli gadjetlar, sun’iy idrok qo‘lida. Ana shu narsalar atrofidagi g‘oyalarni izlang.

O‘zingiz faoliyat yuritadigan biznes yo‘nalishini ko‘zdan kechiring. So‘zsiz, sizda tajriba va tanishlar bor – bu esa tadbirkorlik olamiga kirishni yengillashtiradigan ijtimoiy mablag‘. Shuningdek, siz ishlayotgan kompaniya rahbariyati yoki mijozlardagi muammolar tushunarli.

Mavjud jarayonlarni optimallashtiring. Agar odamlar vaqt va pul yo‘qotayotgan sohani topish, keyin esa ushbu muammoning yechimini taklif etishga muvaffaq bo‘lsangiz, muvaffaqiyatli biznes yaratish ehtimoli yuqori.

Nusxa oling. Biroq to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirmang. Hozirda ishlayotgan g‘oyalarni yaxshilang – bu startapingizga mijozlarni jalb etishning yagona usuli.

Sayohat qiling va aqlli odamlar bilan muloqotda bo‘ling. Bu dunyoqarashni kengaytirish, demak ko‘proq muammolar va ularning yechimini topishning eng yaxshi usullari.

Maslahat: biznes uchun qanday g‘oyani tanlamang, u sizga juda yoqishi kerak.

Ikkinchi sabab: «Boshlang‘ich mablag‘ mavjud emas»

Ovoz berganlarning 34 foizi ko‘pchilikni joyidan qimirlamaslikka undaydigan eng tushunarli sabab – pulning yo‘qligini aytishgan. Ha, haqiqatan ham biznesning ko‘plab turlari uchun startda katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Maoshning o‘ziga yashash sharoitlarida ko‘pchilik o‘z biznesini ochish uchun moliyaviy imkoniyat topa olmaydi.

Muammoni qanday yengish mumkin?

  • Kerakli mablag‘ni jamg‘aring – eng xavfsiz usul ana shu. Afsuski, buning uchun ko‘p vaqt talab etiladi, biroq bu holatda faqat shaxsiy mablag‘ingiz bilan tavakkal qilasiz hamda biznes muvaffaqiyatga erishmasa, qarzdor bo‘lib qolmaysiz. Ayrim hollarda orzuingizdagi ishga asos solish uchun katta maqsadga yetarli pul yig‘ish uchun oraliq loyihani ham amalga oshiradilar. Nega ana shu usulni sinab ko‘rmaslik kerak?
  • Do‘stlar va qarindoshlarni jalb eting. Qarzga pul olishingiz yoki ularni yaqin hamkorlarga aylantirishingiz mumkin. Biroq yodingizda bo‘lsin, bu ssenariy munosabatlarning yomonlashuviga olib kelishi mumkin.
  • Sarmoyador toping. Bunday kishilar va tashkilotlar o‘z sarmoyasini kiritish uchun istiqbolli g‘oyalar izlaydilar. Albatta, buni mablag‘larini ko‘paytirish uchun amalga oshirishadi. Shuning uchun bu holatda biznesingizning katta ulushini sarmoyadorga berishingiz kerak bo‘ladi.

Maslahat: imkoniyatlaringizni sinchiklab baholang va real biznes-reja tuzing. Axir kreditning har bir so‘mini foizi bilan qaytarishga to‘g‘ri keladi.

Uchinchi sabab: “Kafolatning mavjud emasligi”

So‘rovnomada ishtirok etganlarning 13 foizi “teshik tog‘ora” yonida qolishdan cho‘chiydilar. Bu kabi qo‘rquvlar uzoq vaqt davomida yollanib ishlagan kishilarga xos: ular barqarorlikni yo‘qotishdan qo‘rqadilar.

Muammoni qanday yengish mumkin?

  • Hozirgi ishingizdan ketmang. Biznesning ko‘p turlarini asosiy ish faoliyati bilan parallel ravishda boshlash mumkin. To‘g‘ri, bu holda ta’til, dam olish kunlari, bo‘sh vaqt haqida unutishga to‘g‘ri keladi. Sizda faqat ish va biznesingiz qoladi, biroq shu tariqa biroz vaqt davomida barqarorlikni saqlay olasiz.
  • Yaqinlar yordamidan foydalaning. Ba’zida yonimizdagi kishilarga barqarorlik va qulaylik darajasini ta’minlashimiz kerak degan fikrlar bilan o‘z-o‘zimizni cheklaymiz. Biroq yaqinlaringiz bilan ochiqcha suhbat natijasida o‘zingizni cheklaydigan fikrlar faqat sizning miyangizda ekaniga ishonch hosil qilasiz. Agar sizni qo‘llab-quvvatlashsa va sizga ishonishsa, kafolatlar ham kerak emas.
  • Bir yil uchun real maqsadlarni aniq belgilang va ularni bir necha bosqichlarga ajrating. Odamlarni yirik loyihalar cho‘chitadi. Masalan, ikkinchi Facebook’ni yaratmoqchisiz. Bu kabi maqsad har qanday odamni qo‘rqitib yuboradi. Boshlagan ishingiz ana shu miqyosdagi biznesga aylanishiga hech qanday kafolat yo‘q. Biroq loyihangizni oraliq bosqichlar va real maqsadlarga ajratsangiz, masalan – ofis topish va ijaraga olish, YaTTni rasmiylashtirish, kredit olish uchun hujjatlarni to‘plash – u holda bularning barining uddasidan chiqasiz.

Maslahat: Afsuski, kafolat hech qayerda mavjud emas. Shuning uchun qiziq g‘oyaga duch kelsangiz va barcha xatar hamda imkoniyatlarni hisoblab chiqqan bo‘lsangiz, o‘zingizni sinab ko‘ring.

Reytingdan tashqari : “Men juda dangasaman”

Layfxaker tahririyati o‘quvchining haqqoniy izohidan hayratga tushgan. Unda “Men juda dangasaman” javobi berilgan. Afsuski, hamma ham buni tan olmaydi.

Muammoni qanday hal etish mumkin?

  • Agar bu holatingiz o‘tib ketadigan emas, doimiy bo‘lsa, tadbirkorlikni boshlamaganingiz ma’qul. Buni o‘zingiz ham bilsangiz kerak.
Kommentlar: 1 komment 1 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Rahmat.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social