Tesla o‘n yillikning eng yaxshi avtomobilsozlik kompaniyasi deb e’tirof etildi

Tesla o‘n yillikning eng yaxshi avtomobilsozlik kompaniyasi deb e’tirof etildi

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning Tesla kompaniyasi o‘n yil avval aksiyalarini ilk bor birjada joylashtirgandan beri tahlilchilar va matbuot diqqat markazida qolmoqda. Kompaniya Maskning nomaqbul tvitlari sababli bir necha bor mushkul vaziyatda qolgan va anchagina pul yo‘qotgan. Shu sababli uning kasodga uchrashi haqida ko‘p gapirilgan.

Ammo shunga qaramay, Tesla joriy o‘n yillikni dunyodagi eng muvaffaqiyatli avtomobilsozlik kompaniyasi maqomida yakunlamoqda. 2010 yilda unga sarmoya qilingan har bir dollar 1190 foiz foyda keltirgan, deb xabar bermoqda Bloomberg axborot agentligi.

Dekabrda kompaniya aksiyalari rekord qiymat – 413 dollarga yetdi, umumiy qiymati esa 73 mlrd dollarni tashkil qildi. Tesla’dan qimmatroq faqat Toyota (230 mlrd dollar) va Volkswagen (98 mlrd dollar) turadi. Qolgan yirik raqobatdoshlar, jumladan General Motors va Ford allaqachon ortda qolib ketgan.

Sarmoyachilarni birinchi navbatda kompaniya savdolarining jadal o‘sishi jalb qiladi. Biroq bu yagona sabab emas. Tesla an’anaviy avtomobilsozlik kompaniyalaridan farqli o‘laroq, ekologik sof kelajak va yuqori texnologiyalar bilan bog‘lanadi. Bu esa ichki yonuv dvigatelli avtomobillarning yangi rivojlanish bosqichidan ko‘ra ancha istiqbollidir.

Ko‘rinishicha, yaqin yillarda kompaniyaning tushumi o‘sishda davom etadi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 14 foizni, 2020 yilda 21 foizni va 2021 yilda 18 foizni tashkil qilishi kutilmoqda. Bu orada eng yirik avtomobilsozlik kompaniyalarining tushumi o‘sishi yillar bo‘yicha mos ravishda 1, 4 va 3 foizni tashkil qilishi prognoz qilinmoqda.

Biroq ko‘plab tahlilchilar hamon elektromobillar sanoatiga ishonchsizlik bildirishmoqda va Tesla aksiyalarini sotib yuborishni tavsiya qilishmoqda. Bu esa Amazon ommaviy kompaniya sifatida birinchi o‘n yilda to‘qnash kelgan vaziyatga o‘xshaydi. O‘shanda ko‘pchilik kompaniyaning muvaffaqiyatiga shubha bilan qaragan, vaholanki Amazon bugungi kunda dunyoning bosh texnologik gigantlaridan biriga aylandi. Ehtimol, Tesla’ni ham shunday taqdir kutayotgan bo‘lishi mumkin.

Credit Suisse tahlilchilarining fikricha, Tesla akkumulyatorlar ishlab chiqarishdagi ilg‘or texnologiyalari hisobiga barcha raqobatchilaridan o‘zib ketgan. Qolgan kompaniyalar bu borada yechimni topguncha, Mask kompaniyasi olg‘a borishda davom etishi mumkin.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social