«Uzbekistan Airways» xorijiy kompaniya boshqaruviga berilishi mumkin

«Uzbekistan Airways» xorijiy kompaniya boshqaruviga berilishi mumkin

Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tender e’lon qilinadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 may kuni transport sohasi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston transport korxonalari karantin cheklovlari sababli hozirgacha 340 milliard so‘m zarar ko‘rgan.

Epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha bu raqamlar yana oshishi aniq. Shu bois sohada pandemiyaning ta’sirini yumshatish, korxonalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator choralar ko‘rilmoqda.

Masalan, karantindan eng ko‘p zarar ko‘radigan «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airpors» aksiyadorlik jamiyatlarining 122 million dollar kreditlari to‘lov muddatlari uzaytirildi, 60 milliard so‘mlik soliq imtiyozlari taqdim etildi. Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 50 million dollar miqdorida aylanma mablag‘ sifatida foizsiz ssudalar ajratildi.

Yig‘ilishda yangicha sharoit va talablar asosida transport sohasining barqaror ishlashini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Transport vazirligiga «Uzbekistan Airways» va «Uzbekistan Airpors» aksiyadorlik jamiyatlarini pandemiya ta’siridan olib chiqish bo‘yicha biznes model ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yevropa-Xitoy yo‘nalishida yuk tashish bozoriga kirish orqali qo‘shimcha daromad olish, joriy va investitsiyaviy xarajatlarni optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Raqobatni kuchaytirish uchun fuqaro aviatsiyasi bozoriga yangi tashuvchilarni jalb qilish, «Uzbekistan Airways»ni nufuzli xorijiy kompaniya boshqaruviga berish masalasi ko‘rib chiqildi.

Aeroportlarni modernizatsiya qilish, Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi, deyiladi prezident matbuot xizmati press-relizida.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social