“Qiz bola ham odam! Uning ham orzu, umidlari bor”. Qiz bo‘lib tug‘ilgani uchun maqsadlaridan voz kechishga majbur bo‘lgan ayollar bilan suhbat

“Qiz bola ham odam! Uning ham orzu, umidlari bor”. Qiz bo‘lib tug‘ilgani uchun maqsadlaridan voz kechishga majbur bo‘lgan ayollar bilan suhbat

O‘zbek jamiyatida ayolning aziz-u mukarramligi va uni qadrlash kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Katta-katta minbarlarda xotin-qizlar sha’niga she’rlar aytiladi, alqovlar o‘qiladi. Ammo amalda bu har doim ham o‘z tasdig‘ini topavermaydi.

Aksariyat oilalarda negadir qiz farzandlarning istaklari tugul, ilm olishi-yu, o‘zlari xohlagan kasb-hunar egasi bo‘lishiga cheklovlar qo‘yiladi. Oila a’zolari tomonidan orzulari saralanib, kezi kelsa, keyingi taqdiri ham tanlab beriladi.

Xullas, qon-qonimizga singib ketgan stereotiplar sabab o‘ziga nisbatan bahosi past, maqsadsiz, haqqini va haddini bilmaydigan qizlar voyaga yetaveradi.

Daryo” 25-aprel Xalqaro qiz farzandlar kunida qiz farzand bo‘lgani uchungina orzularidan voz kechishga majbur bo‘lgan ayollar bilan suhbatlashdi.

Suhbatdoshlarning iltimosiga ko‘ra ularning shaxsi oshkor qilinmadi.

Birinchi ayol hikoyasi

Qiz bola ham odam! Uning ham orzu, umidlari bor

Bolaligim boshqa bolalardek goh xursandchilik, goh qayg‘u bilan o‘tgan. Necha yoshda edim, eslolmayman, lekin juda kichkina edik. Singlim ikkimizga kalta ko‘ylak kiyish, ko‘chada o‘g‘il bolalar bilan o‘ynash taqiqlangandi.

Dadam kelgunicha uyda bo‘lishimiz shart edi. U yo‘q paytlari ko‘chada maza qilib o‘ynardik, uzoqdan ko‘rinishi bilan uyga yugurardik va ovozimizni chiqarmay o‘tirardik.

Ulg‘ayganim sari qo‘yiladigan taqiqlar kattalashib bordi. O‘quvchilik paytim biror to‘garak, qo‘shimcha darsga qatnashish mumkin emasdi. Faqat onam bilan buvim dadam safardaligida bildirmay yuborardi. Dadam bilgach, ruxsat bermasdi va “nima uchun” degan savolimga faqat bitta gap takrorlanardi: Qiz bolaga kerak emas!

Bolaligimdan advokat bo‘lishni xohlardim. Azbaroyi o‘qishni yaxshi ko‘rganimdan kitobdan bosh ko‘tarmasdim. Darslikdagi mavzularni ham o‘qituvchi o‘tishini kutib o‘tirmay o‘qib chiqardim.

Maktabni bitirar paytim dadam yoniga chaqirib, qayerga o‘qishga topshirmoqchiligimni so‘radi. Advokat bo‘lmoqchiligimni, shuning uchun akademik litseyda o‘qimoqchiligimni aytdim. Dadam: “Hamshira, shifokor, yurist bo‘lmaysan, qiz bolaga yarashmaydi. Boshqa xohlagan kasbingni tanla”, dedi.

Tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, hafsalam pir bo‘ldi. Noiloj tumanimizdagi kollejning hisobchilik yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirdim. Imtihonga ham bormadim, chunki menga farqi yo‘q edi.

Onam bilan buvim qiz bolaga chevarchilik yarashadi, deyishaverganidan o‘qishimni dizayner va tikuvchilik bo‘limiga ko‘chirdim. Keyin tikuvchiga shogirdlikka tushdim. Lekin qo‘limga igna olishga juda nafratlanardim…

Xayolimda nima bo‘lganida ham kollejni yaxshi bahoga bitirib, yuristlikka o‘qish fikri aylanaverardi. Yaxshi o‘qidim, a’lochilar doskasida rasmim turardi.

Har kuni darsim 14:00 da tugardi. 14:30 da uyda bo‘lardim. Lekin “Nega kechikding, nimaga bu yo‘ldanmas, boshqasidan kelding?” degan savollar jonimga tegardi.

Matematika o‘qituvchimiz repetitorlik qilardi. Bir kuni: “Darslarimga kir, tekinga o‘qitaman. Kollejimiz nomidan olimpiadaga yuboramiz” dedi. Jon deb rozi bo‘ldim.

O‘sha kuni qo‘shimcha darsdan chiqib, soat 16:00 larda uyga borsam, meni qiyomat kutib turgan ekan. Kech qolganimning sababini aytsam: “Darsdan kelayotganingni qayerdan bilaman? Balki…”. Shu gap hammasiga nuqta qo‘ydi.

Onam bilan buvim rosa yalinishdi, qaytib kollejga bormadim. Yaqinlarim bir tiyinga olmagan orzular ortidan men ham yugurmay qo‘ydim. Undan keyin ko‘p voqealar bo‘ldi. 2007-yili turmushga chiqdim, o‘g‘illi bo‘ldim. Biroq u oilada uzoq yashay olmay, ajrashdim. Menga achchiq qilib singlimni 18 yoshida uzatishdi. Keyin Turkiyaga ishlagani ketdim. Qo‘limda na hunar, na diplomim bor, pul topishga juda qiynaldim. Birovlarning uyida xizmatchi, enaga bo‘lib ishladim. 12 yildan beri shu yerlarda rizqimni terib yuribman.

Xudoga shukr, vaqt o‘tib hayotim uydagilarga dars bo‘ldi. Ikki singlim xohlagan o‘qishiga kirdi. Birisi hozir o‘z sohasi bo‘yicha ishlayapti. Boshqasi hali 1-kurs. Uydan uzoqda ijarada yashaydi. Hech kim yeb qo‘ygani, yomonotliq qilgani yo‘q.

Hozir uydagilarim menga qilganlaridan qattiq afsuslanadi. Ammo suvlar oqib ketdi, endi bu gaplardan nima foyda?

Hozir xorijlik fuqaro bilan oila qurganman. Bu yerda farzandlarni qiz yoki o‘g‘ilga ajratishmaydi. Aksincha o‘g‘il yo‘lini topishi oson, qizlarni o‘qitaylik, ertaga birovning qo‘liga muhtoj bo‘lmasin, deydi. Shuning uchun butunlay Turkiyada qolishga qaror qildim. Qizlar qiz bolaligi uchun kamsitilmasligini, u ham odam, uning ham orzu niyatlari borligini tushunadigan jamiyatda yashashni istayman.

Ikkinchi ayol hikoyasi

Ayol bo‘lib tug‘ilganim uchun hayotimda ko‘p qurbonliklar qilishga to‘g‘ri keldi

Namangandagi qishloqlardan birida rusiyzabon oilada voyaga yetganman. Ota-onam juda tartibli, talabchan va qattiqqo‘l insonlar edi. Har bir ishimizni xatosiz bajarishni talab etishardi.

Ikki opam va akam universitetda o‘qirdi. Oilamizda moddiy yetishmovchiliklar sekin-asta bilina boshladi. Sakkiz yoshimda ko‘chaga stol chiqarib, mayda-chuyda narsalar sotishni boshladim. Bir yil o‘tib, bu do‘konga aylandi. Bu orada dadam qo‘shimcha ikki gektar yer oldi. Opam ikkimiz paxta va g‘o‘za mavsumida daladan chiqmay, tinmay ishlardik.

10 yoshimda dadam vafot etdi va onajonim 48 yoshida olti farzand bilan beva qoldi.

14 yoshga to‘lganimda Toshkentga keldim. Bu vaqtda akam ishlar, opam talaba edi. Oyim akamga: “Endi singlingga o‘zing bosh bo‘lasan! O‘qitasan!” deb qoldirib ketdilar. O‘sha kundan boshlab akam: “Qiz bolaga u mumkinmas, bu xato” deya ko‘p ishlardan cheklay boshladi.

Taqiqlar sabab ko‘p imkoniyatlardan voz kechishimga to‘g‘ri keldi. Masalan, 14 yoshimda stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida ikkinchi o‘rinni egalladim va keyingi musobaqalarga ruxsat berilmadi.

Talabalik paytim Birlashgan Arab Amirliklari va Eronga o‘qish uchun to‘liq grant yutdim, lekin yana ruxsat berilmadi. 21 yoshimda Rossiyaga magistraturaga o‘qishga kirdim, baribir rozi bo‘lishmadi.

23 yoshimda Rossiyadan yirik loyiha, yaxshi maoshi bor ishdan taklif keldi, ammo… Qulog‘im ostida yana o‘sha gap jarangladi: “Qiz bolasan! Turmushga chiqib, ering bilan xohlagan joyingga boraverasan”.

Oila qurdim. Ishga joylashdim. Ishxonamdan Turkiyaga xizmat safariga yuborishayotganida esa bu safar turmush o‘rtog‘im ruxsat bermadi. Xullas, ayol bo‘lib tug‘ilganim uchun ushalib turgan orzularimdan voz kechishga, qurbonliklar qilishga to‘g‘ri keldi…

Uchinchi ayol hikoyasi

Qiz bolaga bir dunyo cheklov qo‘yib, undan erkaklar kabi daromad va muvaffaqiyat kutish tushunarsiz

Nafaqat qiz bola bo‘lganim, balki ota-onam ajrashgani uchun ham bolaligim og‘ir o‘tgan. Bo‘sh vaqtimizda ukamga ko‘chaga chiqib o‘ynashga ruxsat berilardi, menga esa yo‘q. “Qiz bolasan, uyda o‘tirib ishingni qil”, derdi buvim.

Maktabni bitirayotib, ingliz tili o‘qituvchisi, tarjimon, styuardessa yoki advokat, kelgusida prokuror bo‘lishni xohlashimni aytganimda: “Bu qiz bolaga to‘g‘ri kelmaydi”, deb ruxsat berishmagan. Faqat ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lish sharti bilan akademik litseyiga kirishimga rozi bo‘lishgan.

Litseyning oxirgi yillari universitetga kirish masalasi turardi. Shartnomaga ilinsam, o‘qimasligim aniq. Buni juda yaxshi bilganim uchun budjetga kira olishim mumkin bo‘lgan o‘qishlarni surishtirganman. Oilaviy kelishuvimiz bo‘yicha Jahon tillari universitetida tahsilni davom ettirishim kerak edi.

Lekin kursdoshlarim boshqa-boshqa sohalarga topshirayotganini ko‘rib, diplomatiya yo‘nalishida o‘qigim kelgan. Uydagilar: “Qiz bola chet elma-chet el yurmaydi, kimga erga tegasan keyin?”, deb rad etishgan.

Orzularimni sekin yuragimga ko‘mganman-da, Jahon tillari universitetiga topshirganman va grant asosida o‘qishga qabul qilinganman. Lekin ilk kundanoq darslar umuman yoqmagan.

Birinchi kun “To be” mavzusini o‘tganimizda uyga borib rosa yig‘laganman. “Shuncha yil qattiq tayyorlandim, o‘qishga kirish uchun grammatikani yodladim. Endi yana noldan boshlaymanmi, to‘rt yil umrim behuda o‘tadimi?” deb xafa bo‘lganman.

2-bosqichdaligimda ikkinchi chet tili sifatida nemis tili berilgan. Litseyda ham kuchli o‘qitilgani uchun bu borada bilimim yaxshi edi. 3-bosqichda DAAD talabalar almashinuv dasturi uchun Germaniyaga grantlar e’lon qilganini ko‘rib, yuragimga o‘t tushdi. Garchi kichikligimdan boshlab “qiz bola chet elga bormaydi, erga teggandan keyin ering bilan borasan” deb ko‘p qulog‘imga quyishgan bo‘lishsa-da, yurak yutib aytdim.

“To‘liq qoplanadigan grant ekan, stipendiya ham beriladi, ko‘p emas, bir yilgina Germaniyada o‘qib kelaman” dedim va doimgidek “yo‘q, qiz bolaga pishirib qo‘yibdimi? Birov qo‘lingdan tortib ketsa nima qilasan? Chet elga borib kelgan qizni yaxshi qiz deyishmaydi” degan gaplarni eshitib, yana chekinganman. To‘rt yil davomida ko‘p kursdoshlarim chet elga chiqib keldi, men esa hujjat topshirishga ham o‘zimni haqsiz hisoblar va o‘ksinardim. Oilamdan tashqari o‘qituvchilarim orasida ham mizoginiya (ayollarga nisbatan past nazarda bo‘lish) urchigan edi.

Esimda, ingliz adabiyoti o‘qituvchimiz: “Qiz bola kuchli bo‘lmasligi kerak, erkaklar kuchli ayollar bilan bir umr yashamaydi. Havas qilishi mumkin, do‘st bo‘lishi mumkin, lekin turmush o‘rtoq sifatida tanlamaydi. Ayol kishi ustunroq bo‘lsa (muvaffaqiyatga erishsa, ko‘proq pul topsa, biror lavozimga o‘tirsa), bu erkak kishining nafsoniyatiga tegadi. Baxtli ayol bo‘lishni istagan qiz doim pastroqda turadi” degandi.

Negadir shu gaplar miyamga qattiq muhrlangan. Shu sabab bir umr o‘qituvchi bo‘lishni reja qildim va boshqa orzularga chek qo‘ydim.

(Hozir qattiq afsuslanaman. Shaxs sifatida rivojlanishni, o‘z ustimda ishlashni, boshqa sohalarda ham bilimlarga ega bo‘lishni kech boshlaganimdan pushaymonman.)

Universitetni bitirgach, O‘zDJTU qoshidagi 2-sonli akademik litseyga ishga kirdim. Sohamni yaxshi bilganim uchun hammasi tekis ketdi.

Endi navbat oila qurishga deyishdi. O‘qimishli bolaga turmushga chiqishni xohlashimni aytsam, talabim noto‘g‘ri ekanini, “o‘zimcha o‘qishga kirib, boshqalarni mensimay qolganimni” aytib, tanbeh berishardi. Hatto magistraturaga kirganimda ham xursand bo‘lish o‘rniga urishishgan.

Shuning uchun hayotda kattaroq yutuqqa erishgan onlarimda ham to‘liq baxtni his qilolmaganman. Har safar diplomatiya universiteti oldidan o‘tsam yoki forma kiygan qiz-ayollarni ko‘rsam yuragim og‘rinadi.

Ba’zida shuncha o‘qib, nega vazirliklarda ishlamayotganim, boshqalar u yerda ishlab, katta pul topishini aytishadi va “bekor o‘qitibmiz” deyishadi. “O‘zinglar faqat o‘qituvchi bo‘lishim, shomdan keyin ko‘chada yurmasligim, ertaroq uyga qaytishimni aytgansizlar-ku” desam ranjishadi. Og‘ir. Qiz bolaga bir dunyo cheklov qo‘yib, uni muvaffaqiyatli erkaklar bilan bir xil daromad topishi va yuqori amallarda o‘tirishini talab qilishlari tushunarsiz.

Ota-onalarga qizlarini xohishlarini inobatga olishlarini, rivojlanishiga imkon berishlarini, hadeb cheklov qo‘yavermasliklarini tilagan bo‘lardim.

Hammasini eslab ko‘nglim cho‘kib qoldi…

Hozir tarjimonman, juda ko‘plab loyihalarda ishlayman. Lekin uy, mashina olish, chet elga sayohatga chiqishga haligacha taqiqlar bor… Ulg‘aysam-da, baribir bu bosimlarni yengib o‘ta olmayapman.

To‘rtinchi ayol hikoyasi

Qizlaringizni kelajakka tayyorlang, erga tegishi uchun emas

Bolaligim juda chiroyli o‘tgan. O‘ziga to‘q oilalardan edik. Sovet davrida tadbirkorlik qilish mumkin bo‘lmasa-da, dadam katta uyning yerto‘lasida poyabzal ishlab chiqarish korxonasi ochgandi.

Onam nimaniki so‘rasam, barini muhayyo qilardi. Hadeb kitob so‘rayverganimdan o‘sha vaqtdagi bazaga olib borib, bo‘ldi, bas demagunimcha kitob sotib olardik.

Mendan keyin uch ukam tug‘ilgan. Fe’l-atvor tarafdan butunlay bo‘lak olam edik.

14 yoshimda dadam kashta uradigan ikkita tikuv mashinasi olib berib, hunar o‘rganishimni aytdi. Mendan nimani so‘rashsa, o‘shani astoydil bajarardim. Men tikkan zarchoponlar naqshi hech kimnikiga o‘xshamasdi, yangidan yangi naqshlar o‘ylab topganim uchun bozori chaqqon edi. Balki, shungadir 8-sinfdanoq sovchilar eshik taqillatib kelaverishgan.

“Hali o‘qishim kerak, institutga kiraman”, desam, dadam oyim orqali: “Shartnomangga to‘laydigan pulimiz yo‘q!” derdilar. 18 ga to‘liboq turmushga chiqishim kerak edi. Men esa 16 yoshimda oliygohga hujjat topshirib, grantga kirganman. Rahmatli ota-onam esa bunga hecham ishonishmagan.

Dadam qarshilik qilsa-da, oyim albatta imkon berardi. “Mayli, qo‘ying, xolasinikiga bormoqchi ekan. Dam olib keladi. O‘qishga topshirsa ham o‘tolmaydi. Kimning ko‘zi uchib turibdi buni magistraturaga olishga?!”, — derdilar asta.

Magistraturaga ham grantga kirdim. Toshkent rivojlanishim uchun keng imkoniyatlarni berdi. Vaqtim kutubxona, Britaniya konsulligi, AQSH elchixonasi klublarida o‘tar, kechqurunlari repetitorlik qilib pul topardim. Jahon tillari universitetida ham dars berardim. Magistraturaning 2-kursi o‘rtalarida Mudofaa vazirligidan bitiruvchilarni ishga taklif qilishdi.

Yuzlab yigitlar qatori men ham imtihon topshirdim va muvaffaqiyatli o‘tdim. Vazir bilan bo‘ladigan suhbatga ham kirib chiqdim. Dadamga tushuntiraman, albatta, rozi bo‘ladi deb o‘ylagandim.

Afsuski, uch kun o‘tib, dadamning vafot etganlari xabari keldi. 22 yosh edim. Magistraturaning oxirgi kunlari, dissertatsiya himoyasi payti, kamiga suhbatdan o‘tib ishga kirgandim. Ko‘zimga hech nima ko‘rinmay Buxoroga ketdim. Dadamning ma’raka-marosimlari o‘tgach, bilsam, inon-ixtiyorimiz katta amakimga o‘tgan ekan. Endi oilamizda u kishining aytgani bo‘lardi.

“Nimaga qizing 22 yosh bo‘lsa ham turmushga bermayapsan? Uni o‘qishi kimga kerak? Agar tengdoshlari qatori vaqtida oila qurganida ukam 1-2 nevara ko‘rarmidi? Farzandlarining to‘yini ko‘rolmay ketdi” deb oyimga tinmay tanbeh berardi. Onam ham unga dadamga tushuntirgandek tushuntirolmasdi.

Harbiy sohadagi ishimga qarshilik qildi, meni hatto Toshkentdan butunlay qaytarib kelmoqchi bo‘ldilar. Biroq faqat universitetda ishlashimni aytib, ularni Toshkentda qolishimga ko‘ndirdim.

Bu voqealardan oldin bir gal xalqaro dastur doirasida AQSHga ketmoqchi bo‘lganimda oyim rozi emasman, deb yig‘lagandi.

Shunday qilib turmush qursang, keyin chetga ham chiqasan degan yolg‘onlar bilan oila qurdim. Lekin turmush o‘rtog‘im dadamdan ham qattiqqo‘lroq chiqdi. Hammasiga chidadim. Onam: “Ajrashishni xayolingga keltirma! Bizning oilada ajrashgan ayollar yo‘q. Er narkoman, alkash yoki bachchaboz bo‘lsagina ajrashishadi. Hatto ikkinchi xotin olsa ham chidaysan”, derdilar.

Erim ichmasdi, tarbiyali, lekin qattiqqo‘l edi. “Shim kiymaysan, soch kesmaysan, universitetda ishlamaysan, onamning xizmatida bo‘lish birinchi vazifang” deb qo‘ygandi.

34 yoshga to‘lgunimcha xorijiy mamlakatlarda o‘qish imkoniyatim bo‘lsa-da, erim ruxsat bermasdi. Belgilangan qonunga ko‘ra 34 yoshgacha viza (ovir) uchun uning roziligi kerak edi.

Bir safar xalqaro loyiha koordinatori sifatida Italiyaga borishimga to‘g‘ri keldi. Ruxsat so‘rasam, yana rad etildi. O‘shanda qo‘rqmasdan “Ajrashaman!” dedim. Vaqtlar o‘tib angladimki, shu paytgacha erimning emas, onamning gaplaridan qo‘rqib hammasiga sabr qilgan ekanman. Endi menga tanbeh beradigan onam ham yo‘q edi… Ajrashishga ariza berish uchun ruhan tayyor turdim.

Erim esa meni yo‘qotishidan qo‘rqsa-da, ajrashishga majburligini aytdi. Keyin o‘rtaga ukam tushdi. “Bir-birimizning orzularimizni tushunishimiz kerak. Buning uchun oilani qurbon qilish yaramaydi”, deb tushuntirdi.

Erim qaynisini juda hurmat qilardi. Erkaklar o‘zaro gaplashib olgach, xorijiy safarlarimga ham ruxsat berildi.

Bilasizmi, o‘qib yurgan kezlarim qarindosh-urug‘larimiz qizlarini 16–18 yoshda turmushga uzatishardi. Onamga: “Nega qizingni buncha o‘qitasan, professor bo‘larmidi?” — deb tanbeh berishardi. Mana, vaqt o‘tib hayot o‘sha qizlarning ko‘pini Rossiyada muhojirga aylantirdi.

Shuni alohida ta’kidlashim kerakki, ilm olib, muvaffaqiyatlarga erishsam-da, oilamda o‘z vazifalarim, haddimni bilaman. Men uchun oila va farzandlarim birinchi o‘rinda. Bolalarim mendan-da ilmli bo‘lishlarini istayman va bunga qattiq harakat qilaman.

Allohga shukr, qizim IELTS’dan 7,5 ball to‘plab, grant asosida o‘qishga kirdi. O‘g‘lim 11 yosh bo‘lsa-da, ingliz, rus, tojik, tillarini biladi va matematikani yaxshi ko‘radi, a’lochiligidan faxrlanaman.

Qizining baxti, kelajagini faqat turmushga uzatishda deb yashayotgan ota-onalarga iltimosim: qizlaringizga ishoning, ularni o‘qiting. O‘qimishli qizlar boshqa tengdoshlariga nisbatan mustaqil, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘ladi. Har narsaga oson yengilib qolmaydi. Chunki ilm insonning nafaqat aqlini, balki ruhiyatini ham tarbiyalab boradi. Qolaversa, ko‘p oilalardagi nizo-janjallar, ajrashishlar moddiy yetishmovchilikdan kelib chiqmoqda. Shunday vaziyatlarda ilmli ayol ro‘zg‘orning bir tirgagi bo‘lib, muammolarni hal etishga hissa qo‘shadi.

 

Manba: Daryo.uz

Kommentlar: 13 komment. 13 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Sumayya

    kiss bu maqolani yozgan insonga 5 baho!

  2. Aziza

    bizni mentalitetimiz uzgarsa, oilada qiz bola faqat tozalaw u4un emas, balki u ham odamligi twunilsagina, hamma narsa uzgaradi.

  3. Тимур

    Хамма тенг хукуклага эга, афсус буни купла эсидан чиказишади ва кизлани факат эрга бериш учун котта килишади… Худо булага ёрдам берсин.

  4. Otabek

    tugri yozilibti, barakalla

  5. Malika S.

    meni oilamda ham wunday, uqiwga quyiwmaydi, iwlamisan diwadi, erga tegasan, erin ruxsat bersa bilganini qil diyiwadi… erni ham uzlari tanlawarkan… nima qisam buladi? sad

  6. Laylo

    biz ham odammiz! juda tugri yozilgan!

  7. MM

    good

  8. Chingiz

    qizimni erkinlikka urgataman, uni uz ku4lariga iwoniwni va he4 qa4on eriga qaram bulmaslikni urgataman.

  9. Botir

    qizlaga erkinlini nima keregi bor? islomda yozib quygan, ayol eriga buysiniwi kere dib

  10. .

    bunaqa maqolalarni yozmela.

  11. Aziza

    nimagakan????

  12. Elbek

    zur maqola, kimga yoqmasa uqimasin

  13. Diyora

    kiss

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social