Chempionlar ligasining yangi formati: u qanday bo‘ladi?

Chempionlar ligasining yangi formati: u qanday bo‘ladi?

«Sport ekspress» nashri Chempionlar ligasining formati inqilobiy darajada o‘zgarishi kutilayotgani haqida material e’lon qildi.

Seshanba kuni UYeFA tashkilotning barcha a’zolarini Chempionlar ligasining formati 2024 yildan o‘zgartirilishi ko‘zda tutilgani haqida ogohlantirdi. Bosh yevrokubokning yangi tuzilmasi hozircha e’lon qilinmagan – uni Yevropa futbol ittifoqi ijroiya qo‘mitasi ham tasdiqlashi kerak. Ammo islohotlar loyihasi hozirdan ko‘pchilikka ma’lum – o‘zgarishlar birinchi navbatda guruh bosqichiga taalluqli.

Asosiy o‘zgarishlar
— Turnirning guruh bosqichi ishtirokchilari soni 32 klubdan 36taga yetkaziladi.

— Alohida guruhlar bo‘lmaydi. Barcha 36 jamoa yagona turnir jadvalida kuch sinashadi, jamoalar qisqartirilgan shveysarcha tizimda bir-birlari bilan o‘ynashadi.

— Hozirda guruh bosqichida jamoalar oltitadan o‘yin o‘tkazishsa, yangi Chempionlar ligasida guruh bosqichi o‘yinlari soni 10taga yetadi (beshta uy o‘yin va beshta safar o‘yini). Shu bilan birga, davra tizimi bo‘lmaydi: uy o‘yin — o‘nta turli raqiblar bilan o‘tkaziladi.

— Guruh bosqichi yakunlangach, 1-8-o‘rinlarni egallagan jamoalar pley-offga yo‘l oladi, 9-24-o‘rinlarni egallaganlar 1/8 finalga chiqish uchun qo‘shimcha raund o‘tkazishadi.

Qo‘shimcha 100 o‘yin. Taqvim bilan nima bo‘ladi?
Yangi formatda o‘yinlar soni ko‘payadi. Hozirda guruh bosqichida 96 o‘yin o‘tkaziladi. Islohotga ko‘ra 18tadan o‘yin o‘ynaladigan 10 tur nazarda tutilmoqda, ya’ni jami 180 uchrashuv. Bundan tashqari, guruh bosqichi va nimchorak final o‘rtasida pley-offga chiqish uchun qo‘shimcha raund bo‘ladi, bu bosqichda yana 16 o‘yin bo‘lib o‘tadi. Bundan kelib chiqadiki, Chempionlar ligasidagi o‘yinlar soni 100taga ortadi.

Guruh bosqichining kengaytirilishi taqvimni tig‘izlashtiradi, o‘z-o‘zidan qo‘shimcha to‘rt o‘yin uchun joy topish kerak (guruh bosqichida hozir 6 o‘yin o‘tkazilayotgan bo‘lsa, yangi formatga ko‘ra 10 o‘yin). Hozircha nimaning hisobiga o‘yinlar soni oshirilishi ma’lum emas. Bu holda ichki kubok o‘yinlarni o‘tkazishda davom etish xavf ostida qoladi. Ehtimol, kuzda milliy jamoalar o‘yinlari uchun ajratiladigan FIFA kunlari qisqartirilar — hozirda uch marta shunday tanaffus beriladi, shunday tanaffuslardan biri qurbon qilinishi ham mumkin.

Format hali tasdiqlanmagan, shunday ekan katta ehtimol bilan bu loyihada o‘zgarishlar bo‘ladi. Daily Mail nashri ma’lumotiga ko‘ra, ko‘plab klublar guruh bosqichida o‘n emas, sakkiz tur bo‘lishini istashmoqda. Shu bilan birga, taklif etilgan format saqlanib qoladi.

Top-klublar uchun imtiyozlar
Ehtimol, bu Chempionlar ligasi yangilanishining eng muhim jihatidir. UYeFA nega ishtirokchi jamoalar sonini 32dan 36taga oshirmoqchi? Barchasi oddiy: to‘rt qo‘shimcha o‘rin grand jamoalar Chempionlar ligasiga yo‘l ololmagan vaziyatda qo‘l keladi.

Masalan, hozir Angliya uchun Chempionlar ligasida to‘rt o‘rin ajratilgan. Ayni vaqtda premer-ligada beshinchi o‘rinni «Chelsi» egallab turibdi, bu esa ko‘klar jamoasi asosiy yevrokubokka yo‘llanma ololmasligini anglatadi. Ammo yangi tizim tarixiy natijalari orqali yuqori koeffitsiyentga ega bo‘lgan klublarga Chempionlar ligasida ishtirok etishga imkon beradi, agar jamoa o‘z ligasida 5-7-o‘rinlardan birini egallagan bo‘lsa — bu faqat to‘rt o‘rin ajratilgan ligalarga taalluqli. Shunday ekan, «Chelsi» yangi format joriy qilinganida xotirjam bo‘lsa bo‘laveradi.

Qolaversa, UYeFA 5-7-o‘rinlarni egallab, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma ololmagan ikki grand jamoaga YeChLda ishtirok etish huquqini beradi. Aytaylik, bu o‘rinlarni «Chelsi», «Liverpul» va «Manchester Yunayted» egallagan. Yangi qoidalarga ko‘ra, APLning eng yaxshi to‘rt jamoasi Chempionlar ligasiga yo‘l oladi, ularga «Chelsi» va «Liverpul» qo‘shiladi. Bir liga uchun maksimal kvota — oltita. «MYu» Yevropa Ligasiga yo‘l oladi. Yevropa Ligasi uchun kvotalar soni esa oshirilmaydi.

Bularning barchasi nega? Barchasi UYeFA top-klublar yopiq Superliga tuzib olishidan xavotirga tushayotgani sabablidir — bunday turnir tashkil etilishi haqidagi xabarlar so‘nggi yillarda keng miqyosda tarqalmoqda. Grandlar Chempionlar ligasiga yo‘llanma ololmasdan juda ko‘p pullardan mahrum bo‘layotganlaridan norozi. Bundan tashqari, top-klublar top-klublar bilan o‘ynashni istashmoqda, yangi format esa ularga buning imkonini beradi. Grandlar aksar hollarda g‘alaba qozonishadi, shunday ekan ular bir-birlari bilan o‘ynashi ehtimoli ortadi.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social