Ronalduning 700-goli: Ko‘proq o‘ng oyoqda va bir marta qirmizi formada

Ronalduning 700-goli: Ko‘proq o‘ng oyoqda va bir marta qirmizi formada

Yevro—2020 saralashining 8-turi doirasida Portugaliya terma jamoasi Ukraina mehmoni bo‘ldi va mag‘lubiyatga uchradi (1:2). Lekin bu o‘yinda mehmonlar sardori Krishtianu Ronaldu yubiley golini urdi. Ukraina o‘yinning 30-daqiqasigacha 2ta gol urib oldi va keyin himoyaga yotdi. O‘yinning qolgan qismida Ronalduning o‘zi mezbonlar darvozasi tomon 8 bor zarba berdi, Portugaliyaning barcha futbolchilari bergan zarbalarning umumiy soni esa 18ta bo‘ldi (o‘yinning 30-daqiqasidan keyin Ukraina atigi bir zarba bilan kifoyalandi). Ronalduning 700-goli oddiy va odatiy bo‘ldi: u Stepanko o‘z jamoasi jarima maydonida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagach belgilangan penaltini aniq ijro etdi.

Portugallar o‘yin oxiriga qadar raqibni kuchli bosim ostida ushlab turishgan bo‘lsada (o‘yining so‘nggi soniyalarida so‘nggi zarba darvozaning yuqori burchagidan qaytdi) taslim qila olishmadi. Terma jamoa yutqazdi, ammo Krishtianu baribir qirol.

• Ronaldu 700ta gol urishi uchun 973 o‘yinda maydonga tushgan, bu o‘yinlarning 458tasida gol urishga erishgan. Har bir bahsga o‘rtacha — 0,72 gol!

• Bu gollarining 450tasini u «Real» safida urgan, 118tasini – «Man Yunayted», 95tasini – terma jamoa, 32tasini – «Yuventus», 5tasini – «Sporting» klublarining raqiblari darvozasiga yo‘llagan.

• U La Ligada – 311, YeChLda – 127, APLda – 84 golga mualliflik qilgan!

• Ronaldu hammadan ham ko‘proq «Sevilya» darvozasini ishg‘ol etgan – 27 gol. Keyingi o‘rinlarda «Atletiko» (25) va «Xetafe» (23) joylashgan. «Barsa» – bu borada beshinchi (18).

• U gollarining 444tasini o‘ng oyoqda, 126tasini – chap oyoqda, 128tasini – boshi bilan va yana ikkita golini – tanasining boshqa qismlari bilan urgan!

• Ronaldu birinchi golini 17 yil muqaddam – 2002 yil oktyabrida «Sporting» safida «Moreyrense»ga qarshi o‘yinda urgan.

• Ronaldu 700ta golli dovonni zabt etgan futbol tarixidagi oltinchi futbolchi bo‘ldi. Endi u Pele, Romario, Yozef Bitsan, Gerd Myuller va Ferens Pushkash bilan bir ro‘yxatda.

Yana bir fakt: Ronaldu gollarining 370tasini oq libosda urgan. Shuningdek, 177tasini — qizil, 40tasini — qora, 27tasini — oq-qora, 20tasini — ko‘k, 13tasini — yashil, 8tasini — kulrang, 5tasini — sabzirang, 5tasini — binafsharang, 3tasini — oq-yashil, 2tasini — qora-sariq (Krish o‘ynagan vaqtda «Sporting»ning mehmondagi formasi), 2tasini — to‘q kulrang va bittasini qirmizi rangli forma kiygan holda urgan.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social