7 fevral kuni Rossiyaning Sochi shaxrida XXII Qishgi Olimpiada uchun maxsus qurilgan «Fisht» stadionida jahonning etakchi mamlakat rahbarlari ishtirokida musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Ushbu marosimda turli xil chiqishlar hamda ajoyib sahna ko`rinishlari namoyish etildi va barcha davlatdan tashrif buyurgan sportchilar o`z bayrog`ini ko`tarib sahnaga birin ketin chiqib kela boshladi. Shu qatorda O`zbekiston bayrog`ini tog` chang`i sport bo`yicha O`zbekiston terma jamoa a`zosi Kseniya Grigor`eva ko`tarib o`tdi.
Ushbu Olimpiya o`yinlarida saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o`tgan sportchilarimiz Kseniya Grigor`eva va Artyom Voronov tog` chang`isi, Misha Ge figurali uchish musobaqalarida ishtirok etadilar. Olimpiada mash`alasining yoqilishi marosimning eng hayajonli damlardan biri bo`ldi. «Fisht» stadionidagi jomga mash`alani uch karra olimpiya chempioni, Rossiya xokkey federatsiyasi prezidenti Vladislav Tret`yak va muzda nafis uchish bo`yicha uch karra olimpiya chempioni Irina Rodnina olib keldi.
Sochi shahrida o`tayotgan XXII qishki Olimpiya o`yinlarida 90 ga yaqin mamlakatdan 5 ming 500 dan ziyod sportchi ishtirok etmoqda.