Qanday qilib tilni kitobsiz o’rganish mumkin: to’rtta texnologik yechim

Qanday qilib tilni kitobsiz o’rganish mumkin: to’rtta texnologik yechim

Ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, o‘yinlar rivojlanishi til o‘rganish jarayoniga ham keskin ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Kutubxonalardagi o‘quv qo‘llanmalari asta-sekin o‘tmishga aylanib borayotgan bir vaqtda tilni osonroq va tezroq o‘zlashtirishga yordam beradigan yangi usullar paydo bo‘ldi. AQSH va Buyuk Britaniyadagi EF Academy maktab-internatlariga qabul bo‘yicha direktor Irina Xarlakina til o‘rganishdagi yangi imkoniyatlar borasida o‘z fikr va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Mobil ilovalar sizga oz-ozdan, biroq muntazam shug‘ullanish imkonini beradi

Ingliz tilini o‘rganish uchun mo‘ljallangan barcha ilovalar ikki turga bo‘linadi: kompleks va alohida maqsadga qaratilgan. Kompleks ilovalar tilni har tomonlama qamrab olgan: o‘qish, gapirish, yozish va tinglash. Mustaqil o‘rganish barobarida o‘sha tilda gaplashuvchi millat vakili bilan muloqot qilib borish mumkin. Bunday super ilovalarning qulayligi shundaki, agar oldindan yozib olingan dialoglarni tinglash va tahlil qilishdan charchagan bo‘lsangiz, Sherlok Holms haqidagi hikoyalarni o‘qishingiz yoki ingliz tilida shaxsiy kundalik yurita boshlashingiz mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat metrodagi va tirbandlik vaqtidagi diqqinafas vaziyatdan qutqaradi, balki qisqa vaqt ichida sezilarli foyda ham keltiradi.

Ikkinchi turi — til bilishdagi ma’lum bir ko‘nikmani rivojlantiruvchi ilovalar. Masalan, Grammarly klaviaturada yozayotganingizda grammatik xatolarni to‘g‘rilaydi, yaqinda shov-shuv bo‘lgan Wordle o‘yini so‘z boyligini oshiradi. Elsa Speak va Rosetta Stone talaffuzni yaxshilash va aksentni kamaytirishga yordam beradi, IELTS Prep ilovasi va IELTS Exam Preparation & Tutor esa sizni xalqaro IELTS imtihoniga tayyorlaydi.

Dasturchilar har qanday holatda foydalanuvchilarni zeriktirib qo‘ymaslik uchun til o‘rganishning o‘nlab usullarini taklif qiladi. Masalan, o‘yinlar, mnemonik mashqlar va hatto memlar orqali. Ilovalar shu qadar ko‘pki, tilni ko‘p kuch sarflamay o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi o‘z maqsadi, usuli va yoqtirgan dizayniga qarab tanlab olishi mumkin.

Irina Xarlakina til o‘rganishda muntazamlik muhimligini ta’kidlaydi:

Kuniga o‘nta so‘zdan muntazam o‘rganib borsangiz, bir yilda 3650 ta so‘z o‘rganasiz. Macmillan lug‘ati mualliflari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, ingliz tilida eng keng tarqalgan 2500 ta so‘z inglizcha nutqning 80 foizini tushunish uchun yetarli. Shu sababli tilni noldan o‘rgansangiz ham, bir yillik qisqa darslar davomida sezilarli muvaffaqiyatga erishasiz.

Interfaol platformalar ko‘proq vaqtni talab qiladi, biroq hamma narsani o‘rgatadi

Interfaol platformalar multimedia materiallari va o‘yin mexanikasi orqali til o‘rganmoqchi bo‘lganlarga mos tushadi. Lingualeo, Study.ru, Englex, Duolingo kabi saytlarning barchasi grammatikadan tortib talaffuzgacha bo‘lgan bilimlarni har tomonlama kuchaytirishga qaratilgan.

Darslarni boshlashdan avval tizim foydalanuvchining o‘sha vaqtgacha o‘zlashtirgan bilimini sinovdan o‘tkazadi. Oddiy grammatika testidan o‘tganingizdan so‘ng siz o‘z darajangizni bilib olasiz va tizim bu daraja uchun maqbul bo‘lgan mashg‘ulotlarni tanlaydi. Shunda foydalanuvchining yangi so‘zlar va qoidalarni o‘zlashtirishi uncha qiyin kechmaydi. Topshiriqlar tilning barcha asosiy jihatlarini qamrab olgan: o‘qish, yozish, tinglash va gapirish.

Interfaol platformalarda professional o‘qituvchilar yoki o‘sha til egalari bilan nutq mahoratini oshirish mumkin. Bu variant, odatda, bepul o‘quv rejasida taqdim etilmaydi. Shuning uchun keraksiz xizmatga ortiqcha pul to‘lamaslik yoki, aksincha, nutq amaliyotidan mahrum bo‘lmaslik uchun qaysi obuna sizga mos kelishini va yangi bilimni o‘zlashtirish uchun qancha vaqt hamda pul sarflashga tayyor ekanligingizni oldindan hal qiling.

O‘rtacha bilimga ega bo‘lgan kishi kasb taqozosi bilan yoki boshqa maqsadda tilni tushunish qobiliyatini oshirmoqchi bo‘lsa, lekin bunga pul sarflashni istamasa, Irina Xarlakina Openlearning Avstraliya platformasiga yoki  Coursera ta’lim agregatoriga murojaat qilishi mumkinligini tavsiya qiladi:

Bu variant til o‘rganishning boshlang‘ich bosqichidagilarga to‘g‘ri kelmaydi — darslar umumiy ta’lim uchun mo‘ljallangan, shu sababli uni tushunish uchun kamida o‘rtacha bilim darajasi kerak.

Afzalliklaridan biri shuki, siz til o‘rganishdan tashqari, tarix, tasviriy san’at, biologiyaga oid bilimlaringizni ham oshirib olishingiz mumkin — har qanday didga mos keladigan kurslar mavjud.

Serial tomoshasi va kitob o‘qishni samarali mashg‘ulotga aylantirish mumkin

Teleseriallar tomosha qilish va audiokitoblar tinglash inglizcha nutqqa ko‘nikib, so‘z boyligini oshirishning samarali usuli hisoblanadi. Shuningdek, real vaziyatlarda u yoki bu iboralarni qanday qo‘llashni eslab qolishga ko‘maklashadi.

Yangi boshlaganlar chet tilini eshitib, tushunishga qiynalishi mumkin. Bunday vaziyatda ona tilidagi subtitrlardan foydalanishni tavsiya qilinadi. Bir muncha vaqt o‘tib, tushunish osonlashganini sezsangiz, ona tilingizdagi subtitrni ingliz tiliga o‘zgartiring. Sevimli serialingizni shu yo‘sinda muntazam tomosha qilib borish tez orada umuman subtitrlarsiz, o‘qish va tarjima qilishga chalg‘imagan holda tomosha qilish imkonini beradi.

Mutaxassis til o‘rganishni endigina boshlaganlarga sevimli filmlarini asl tilida ko‘rib chiqishni tavsiya qiladi. Garri Potter haqidagi klassik afsonani aktyorlarning haqiqiy ovozi bilan tomosha qilganingizda u yangicha ranglarda jilolanadi. Yangi o‘rganuvchilarga ilk bosqichda miyani ortiqcha zo‘riqtirmaslik uchun 25–30 daqiqali epizodlarga e’tibor qaratish tavsiya etiladi — masalan, “Do‘stlar” (Friends), “Klinika” (Scrubs) yoki “Onangizni qanday uchratdim” (How I met your mother).

Mutaxassisning fikriga ko‘ra, til o‘rganishda audiokitoblar yetarlicha to‘g‘ri baholanmaydi. Lekin u tushunish ko‘nikmasini rivojlantirishga, so‘z boyligini oshirishga va mashhur iboralar bilan tanishishga imkon beradi:

Boshlang‘ich va o‘rta darajalar uchun mo‘ljallangan kitoblarning ko‘pini internetdan bepul yuklab olish mumkin. Ularni telefoningizga saqlab olib, yugurish vaqtida yoki metroda tinglasangiz bo‘ladi. Masalan, ilk bosqichdagi o‘rganuvchilarga mos bo‘lgan digitalbook.io yoki Storynory kabilarni sinab ko‘ring.

Kompyuter o‘yinlari va ijtimoiy tarmoqlar endi til o‘rganishdan chalg‘itmaydi, aksincha, yordam beradi

Agar kitob va seriallar ingliz tilini o‘rganish uchun juda ko‘p vaqt talab qiladigan usulday ko‘rinsa, unda YouTube va TikTok yordamga keladi. Youtube videoxostingida siz xorijiy tildagi har qanday didga to‘g‘ri keladigan ko‘ngilochar yoki ma’lumot beruvchi kontentni topishingiz mumkin: eng sirli jinoyat tafsilotlaridan tortib sevimli rejissoringizning shaxsiy uslubi haqidagi ma’lumotlargacha. Mutaxassis tanilib borayotgan akkauntlar orasida IELTS’ga tayyorlovchi English Speaking Success, Speak English with Misterduncan, BBC telekanali tomonidan taqdim etiluvchi BBC Learn English yoki biznes lug‘atini rivojlantirish uchun Business English Pod kanalini alohida ta’kidlab o‘tadi. Tunda kayfiyatni ko‘tarish uchun Yevropa kulgi ustalarining chiqishlarini miriqib tomosha qilishingiz yoki sevimli texnoblogeringiz kanalida so‘nggi texnologik yangiliklar bilan tanishishingiz mumkin.

TikTok trendlarida ingliz tilidagi foydali videolar ko‘p uchrab turadi. Videoroliklarga qo‘shiladigan ovozlarning aksariyati ingliz tilida ham yaratiladi — bu kulgili gaplar, taniqli shaxslardan iqtiboslar yoki mashhur qo‘shiqlardan parchalar bo‘lishi mumkin. Video uncha tushunarli bo‘lmasa, foydalanuvchilar yordamga keladi va gap nima haqida ketayotganini bajonidil tushuntirib beradi. Ko‘plab ingliz tilli blogerlar o‘z nutqiga subtitrlar qo‘shadi.

Mutaxassisning geymerlar uchun ham yaxshi yangiliklari bor: endi bu faoliyat foydalanuvchilarning kognitiv va ijodiy qobiliyatiga haqiqatan ham foyda keltirishi va rivojlantirishini isbotlashga hojat yo‘q. U bu haqida shunday deydi:

CS: GO, Warcraft, Minecraft kabi jamoaviy o‘yinlarda turli mamlakat o‘yinchilari o‘zaro muloqotda bo‘ladi. Bunda foydalanuvchilar tilni biryoqlama o‘rganadi, chunki muloqot jarayonida faqat matn terish tezligi va xorijiy nutqni idrok etish rivojlanadi. Ammo bu chet ellik hamfikrlar bilan tanishish va til bilan bog‘liq to‘siqni bartaraf qilishda ayni muddao. Bundan tashqari, so‘z boyligi ham oshadi.

Pandemiya davrida videomessenjerlar ko‘payishi chet tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan kishilarni bepul va qulay o‘quv vositasi bilan ta’minladi. Zoom, Skype kabi xizmatlar chet tilida so‘zlashuvchi kishilar bilan bog‘lanish imkonini beradi. Bundan tashqari, sizning tilingizni o‘rganayotgan chet ellik foydalanuvchilar bilan bepul yoki shartli ravishda bepul aloqa o‘rnatish mumkin bo‘lgan maxsus videoplatformalar mavjud. Shunday ekan, siz nafaqat ingliz tilini yaxshilashingiz, balki italiyalik yoki avstraliyaliklarni o‘z ona tilingizga qiziqtirishingiz mumkin. Mutaxassis howdoyou.do va lingoglobe saytlarida shu maqsadda do‘stlar orttirish mumkinligini ta’kidlaydi.

Kommentlar: 10 komment. 10 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Umida

    rahmat, yordam boladi yes

  2. Тимур

    уйин уйнабам урганса буладими? хайронман

  3. Jamshid

    albatta buladi, bowqa davlatdagi uyin4ila bilan gaplawsa, uyalmasa, bemalol gapira oladigan bupketasiz

  4. Odil

    raxmat

  5. Shavkat

    good

  6. Yunus

    ingliz tilini qanaqa tez organsa boladi?

  7. Shokir

    Salom Yunus aka, borib ingliz tilida tugilgandan beri gaplawadigan insondan urganin

  8. Samandar

    til biladigan faqat uwa davlatda yawidigan inson bilan gaplawsa, tilni urgansa buladi

  9. Довуд

    good

  10. Shokir

    chotko smile

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social