Dushman otgan tosh emas, do‘st otgan gul qattiq tegar…

Dushman otgan tosh emas, do‘st otgan gul qattiq tegar…

Do‘stlik va sadoqat tushunchalari bir-biriga ma’nodosh va bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lgan so‘zlardir. To‘g‘rirog‘i, sadoqat bu – do‘stlik degani, do‘stlik esa sadoqat demakdir. Zero, arab tilidan kirib kelgan sadoqat so‘zi do‘stlik ma’nosini ifoda qiladi. Chunki haqiqiy do‘st sadoqatli bo‘ladi. Sodiq do‘st degan so‘z ham shundan kelib chiqqan. Sadoqat – do‘stlik kishi uchun nasib qilishi mumkin bo‘lgan ne’matlarning eng yaxshilaridan biridir, deb aytsak xato qilmagan bo‘lamiz. Bu ne’matni faqat haqiqiy do‘sti bor odamgina to‘laqonli his qila oladi.

Sadoqat – do‘stlik “sidq” so‘zidan olingan. “Sidq” esa rostgo‘ylik, samimiyat va vafodorlikni anglatadi. Zero, do‘st do‘stiga nisbatan rostgo‘y, samimiy va vafodor bo‘ladi.

Do‘stlik tushunchasining mazmun mohiyati haqida donishmand kishilar, olimu fozillar tomonidan ko‘plab so‘zlar aytilgan bo‘lib, ularning ba’zilarini siz azizlar bilan baham ko‘ramiz.

– Do‘stlik shunday bir daraxtdirki, urug‘i vafo, shohlari umid, yaproqlari saodatdir.

– Do‘stlik bir shahardirki, kaliti vafo, aholisi esa vafodorlardir.

– Do‘stlik usiz inson yashay olmaydigan kuch-quvvat manbaidir.

– Do‘stlik ikki shaxsning go‘yoki bir shaxs sifatida birlashib ketishi va yagona fikrni o‘zida tashimog‘idir.

– Do‘stlik u orqali kishi o‘z dardini chiqarib yuborib, yengil nafas oladigan bir tuynukdir.

– Do‘stlik o‘zga uchun o‘z manfaatlarini qurbon qilish, fidokor bo‘lish hamda xudbinlik illatidan ozod bo‘lishdir.

Do‘stlik va sadoqat vafodorlik va fidokorlik tushunchalariga tutash bo‘lgan tuyg‘udir. Xiyonat unga butkul begona. Haqiqiy do‘st do‘stiga hech qachon xiyonatda bo‘lmaydi.

Do‘stning, yaqin kishining xiyonati juda og‘ir va alamli bo‘ladi. Uni qalbdan butkul o‘chirib yuborish mushkul. Do‘st tomonidan yetkazilgan kichik aziyat ham zohiran kichik bo‘lib ko‘ringani bilan aslida katta bo‘lib, qalbda chuqur jarohat qoldiradi. Chunki, do‘stdan jafoning kattasi ham, kichigi ham kutilmaydi. Nainki jafo, balki, qandaydir e’tiborsizlik, bemehrlik ham do‘st bilinuvchi kishidan sodir bo‘lishi ko‘ngilga og‘ir botadi. Donishmandlardan biri shunga ishora qilib: “dushmanlarim tosh otdi, parvo qilmadim. Do‘stlarim otgan guldan boshim yorildi”, degan ekan. Demak inson o‘ziga yaqin bo‘lmagan, do‘st hisoblamagan odamlardan yetadigan aziyatlarga ular harchand katta va og‘ir bo‘lmasin, bardosh berishi mumkin. Ammo, do‘st deb bilgan insondan sodir bo‘ladigan kichik aziyatni o‘ziga qattiq olar ekan.

Do‘st, og‘a – ini shunisi bilan ham do‘stki, u do‘stining ahvolini aytmasa ham sezadi, uning ehtiyojini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yadi. Do‘stining dardi bilan o‘z dardidan ko‘ra ko‘proq og‘riydi. Uning tashvishi bilan yashaydi. Haqiqiy do‘stlik quyosh botishi kabi g‘oyib bo‘lmaydi, qorning erishidek erib ketmaydi. U hechqachon o‘lmaydi. Illo, qalbdagi muhabbat o‘lsagina o‘lishi mumkin. Do‘stlik bu iymon alomati. U vijdonni maskan tutadi, hech qanday mezonda o‘lchanmaydi. Uni moddiy qiymat bilan baholash mumkin emas.

Haqiqiy do‘st biror o‘tirishga kelib qolsangiz, darrov sizga joy beradi. Ko‘rishganda birinchi bo‘lib salom beradi. Mabodo, ishingiz tushsa quvonch va shodlik bilan hojatingizni ravo qilish yo‘lida yelib-yuguradi. U o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsasini sizga ham yaxshi ko‘radi. Hatto sizni o‘zidan ustun qo‘yadi. Doim sizga yaxshilikni ravo ko‘radi. Haqiqiy do‘st biror moddiy yoki ma’naviy manfaatni ko‘zlamagan holda sizni yaxshi ko‘radi. U hayotingiz to‘kin-sochinligida ham, mashaqqatli paytida ham, shodlikda ham, qayg‘uda ham, kengchiligu torchilikda ham yoningizda turadi. Haqiqiy do‘st aybingni ko‘rsa, tanholikda nasihat qiladi. Yaxshi ishingizni ustidan chiqsa, shijoatlantiradi. Ezgu ishlarni amalga oshirishingizda ko‘makchi bo‘ladi. Chin do‘st siz haqingizda doimo yaxshi fikrda bo‘ladi. Bordiyu unga nisbatan xatolikka yo‘l qo‘ysangiz ham buning uchun uzr topadi. Kechirib ketadi.

Ona zamin faqat ma’lum mavsumlardagina meva bersa, do‘stlik mevasi har lahzada teriladi. Hakimlardan biri do‘stlikni shamsiyaga (zontik) mengzatadi. Yomg‘ir kuchaygan sari soyabonga ehtiyoj ortganidek, musibat va mushkilot yomg‘irlari boshingiz uzra shiddatli tus olgani sari do‘stlik shamsiyasiga ham ehtiyojingiz kuchayaveradi. “Yomg‘ir”dan soyabon bo‘lmagan do‘st do‘st emas. U shunchaki, tanish -bilishlardan biridir.

Haqiqiy do‘st shunday kishiki, u bilan birga bo‘lsangiz, xuddi yolg‘iz holda bo‘lganingizdek o‘zingizni betakalluf tutasiz. U qaysidir kamchiligingiz tufayli sizdan yuz o‘girib ketmaydi. Yig‘ingiz uchun yig‘laydi, shodligingiz uchun quvnaydi. Uzringizni qabul qiladi, xatoingizni kechiradi va yo‘qligingizda ham sizga vafodorlikni saqlaydi, kam – ko‘stingizni to‘ldiradi.

Ehtimol, hayotingiz davomida shunday do‘stni uchratarsiz, ehtimol uchratmassiz. Ammo dunyo bunday kishilardan xoli emas.

Imom G‘azzoliy “Ihyou ulumi-d-din” asarida do‘stlikni uch martabaga bo‘ladi. Birinchi, eng quyi martabadagi do‘stlik shundan iboratki, do‘st o‘z do‘stiga xuddi quliga muomala qilgandek muomalada bo‘ladi. Ya’ni, xoja qulini xuddi o‘zi kabi ta’minlamasa ham ammo, och – yalang‘och bo‘lib qolmaydigan darajada o‘rtacha yeyish – ichishi va o‘rtacha kiyinishi, yotog‘i va kasal bo‘lib qolsa davolanishini ta’minlaganidek, do‘stini och va yupun holda qoldirmaydi, kasal bo‘lganini eshitgach, bilib turib, o‘lib ketishiga qarab turmaydi.

Ikkinchi martabadagi do‘stlikda do‘st o‘ziga qanday qarasa, do‘stiga ham shunday qaraydi. O‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani do‘stiga ham ilinadi. Bu birinchi martabadan yuqoriroq albatta. Uchinchi oliy martabadagi do‘stlik esa kishi o‘z do‘stining ehtiyojini o‘zinikidan ustun qo‘yishida aks etadi. U o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini endi o‘ziga emas, do‘stiga berib, uni o‘zidan iysor etadi.

Hozirgi moddiyot va boshqa turli xil muammolar girdobida qolgan hamda jamoaviylikdan ko‘ra fardiylik (individualizm) tobora kishilar ongiga hukmron bo‘lib qolyotgan bu asrimizda yuqoridagi misolda keltirilgan do‘stlik martabalarining eng pastki darajasini ham topish borgan sari amrimahol bo‘lib bormoqda. Lekin, avvalroq aytganimizdek, dunyoda chin do‘stlik hali ham bor. U zavol topmagan. Faqat, inson chin do‘stni topish uchun avval o‘zi kimgadir do‘st bo‘lishga harakat qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.

Yana mazkur asarni o‘qir ekanmiz do‘stlik tushunchasi va u taqozo qiluvchi majburiyatlar borasida ajib so‘zlarga duch kelamiz: “agar do‘stingga biror hojating tushadigan bo‘lsa, buni unga ayt. Mabodo unda hechqanday harakat ko‘rmasang, yana bir marta eslat, zero, inson unutuvchidir. Ehtimol yodidan ko‘tarilgandir. Agar yana esidan chiqib qolsa, yana eslat. Bordiyu, shunda ham sening ehtiyojing bo‘yicha unda hechqanday harakat sezmasang, unga to‘rt marta takbir aytginda, yo‘lingda davom etaver. Zero, u kimsa o‘lik ekan” (“Ihyou ulumi – d – diyn”). Demak, do‘st faqat o‘lik holda bo‘lsagina do‘stining shikoyatini tinglamas, unga yordam qo‘lini cho‘zmas ekan. Tirik bo‘la turib, do‘sti uchun yugurib – yelmagan inson ham o‘lik maqomida bo‘larkan.

Kommentlar: 7 komment. 7 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Raul

    Ҳақиқий дўстлар жуда кам. Чин дўст қийинчиликда эмас, балки ҳурсандчиликда билинади. Чунки ҳақиқий дўст сиз билан ҳурсанд бўлади, бошқалар эса кўромиди сизни.

  2. Sumayya

    ,,Dushmanlarim tosh otdi parvo qilmadim,Doʻstim otgan guldan boshim yorildiʼʼ, ,,Doʻstlik bir shahar kaliti vafo aholisi vafolilardirʼʼ.Naqadar goʻzal soʻzlar.Afsuski bu soʻzni hammasi bugingi kun haqiqati dp etish mumkin

  3. Fazo.tv

    Salom Sumayya! Hayotingizda yaqin do’stlaringiz bormi? smile

  4. Sumayya

    Doʻstla bor. Lekin ulari doʻst ekanligini bilmiman.Chunki biroʻni ichidagi sizga nisbatan boʻgan fikrini bilomasakansiz

  5. Fazo.tv

    Sumayya, shunday bo’lishi mumkin, chin do’stlar ko’pincha ayta olishadi. Qiyin bo’lsa ham

  6. Sumayya

    Deme bizzi hayot haqidagi fikrimiz judayam kamakan.Hayot biz oʻylagandanam goʻzal yoki murakkab ekan.
    Raxmat.

  7. Fazo.tv

    Salom Sumayya, hayot murakkab emas, insonlar uni o’zlari murakkab qilishadi. Hayotda baxtli va yengil yashashga harakat qilish kerak. O’zingiz ochiq bo’lsangiz, sizning oldingizga ham ochiq insonlar tortiladi.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social