Madaniyatli suhbatning 12 qoidasi

Madaniyatli suhbatning 12 qoidasi

Har qanday so‘zlashuvda qo‘l keluvchi chiroyli muomala qoidalari.

Quyida keltirilganlarning barchasini ingliz yuristi Metyu Heyl 1692 yildayoq o‘z vorislariga yozib qoldirgan. Bu maslahatlar bugungi kungacha o‘z dolzarbligini zarracha yo‘qotmagan.

1. Yolg‘on so‘zlamang

Yolg‘on — insoniyatga qarshi katta jinoyatdir. Haqiqatsiz jamiyatning xavfsizligi kafolatlanmagan. Yolg‘on so‘z gapiruvchiga zarar qiladi: nafaqat uyatga qoldiradi, balki kishida odat paydo qilib, hatto o‘zi istagan vaqtda ham rost so‘zlashga qiynala boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan so‘zlovchi o‘zining yolg‘on gapirayotganini ham sezmay qoladi.

2. Qo‘lingizdan kelmaydigan ishdan so‘z ochmang

Tilingizdan tasodifan asossiz gap chiqib ketuvchi vaziyatlardan uzoq turing. Ishonchingiz komil bo‘lmagan narsalarga boshqalarni ishontirishga urinmang. Yoki so‘zlayotgan gaplaringiz shunchaki taxmin yoki shaxsiy fikringizligini ochiqlang.

3. Kamgap bo‘ling

Bekordan-bekorga oraga suqilmang. Ozroq gapirish evaziga o‘zgalarni tinglash imkoniyatini yarating va yangi bilim, zakovat va malakaga ega bo‘ling.

4. Vazmin bo‘ling

Bahslar qaynagan vaqtda baqira ko‘rmang, o‘zingizni qo‘lga oling. Raqibingizni baland ovoz bilan emas, sog‘lom aql bilan jim qiling.

5. So‘zlovchining gapini bo‘lmang

Inson so‘zlayotganda har ne bo‘lsa ham uning gapini bo‘lmang. Oxirigacha tinglang. Shunda siz uni yaxshiroq tushunasiz va nisbatan munosibroq javob berishingiz mumkin bo‘ladi.

6. So‘zlaringizni chamalab boring

Avvalo o‘ylang yoki sukut saqlang. Aytmoqchi bo‘lganlaringizni ma’nosiga e’tibor qaratib, iboralaringizni chamalab oling. Bemulohaza odamlar so‘zlashni boshlamagunlaricha o‘ylashmaydi. Yoki gapirib bo‘lgandan keyin o‘ylashadi.

7. Yoqimsiz kishilarning kamchiliklarini kuzating

O‘ziga bino qo‘ygan va surbet kishilar orasiga tushib qolsangiz, ularning kamchiliklariga e’tiboringizni qarating va ehtiyot bo‘ling. Shunda suhbat davomida ham, umumiy muomalada ham ularning xatolaridan qochishning uddasidan chiqa olasiz.

8. O‘zingizni maqtamang

Maqtanmang va o‘z-o‘zingizni baholamang. Sizni maqtovchi faqat sizning tilingiz bo‘lsa, bu obro‘yingiz o‘ta past va tezlik bilan qulashda davom etayotganidan dalolatdir.

9. Insonlar orqasidan salbiy gaplar so‘zlamang

Davrangizda kimdir yo‘q bo‘lsa, uning ortidan iloji boricha faqat yaxshi so‘zlar aytishga harakat qiling. Salbiy mulohazalarga loyiq bo‘lmagan kishilar haqida hech qachon yomon so‘zlamang. Bu turdagi so‘zlashuvlar insonga yaxshiroq bo‘lishga yoki boshqalarni himoya qilishga xizmat qilsagina istisno bo‘lishi mumkin.

10. Nuqsonlarni mazax qilmang

Insonlarning tug‘ma kamchiliklari haqida hazil qilmang va bunday hazillarga qo‘shilib kulmang. Bu turdagi xatti-harakat juda yomon taassurot qoldiradi.

11. Salbiy mulohazalardan ehtiyot bo‘ling

Hech kimni tanqid qilmaslikka, tahdid qilmaslikka va kimningdir tomoniga qahrli so‘zlar aytmaslikka harakat qiling. Kishining xatosini ko‘rsatishingiz kerak bo‘lsa, eshituvchi kishiga noxush bo‘lmasligi uchun uni malomat va ginasiz aytish yo‘lini toping. Vaholanki bu kabi ta’nalar hech qachon foyda bermaydi, ammo dilni og‘ritadi va katta ehtimol bilan insonni sizga qarshi qayraydi.

12. G‘azablanmang

Agar ikkinchi shaxs qizishib ketib sizning tomoningizga nomaqbul so‘zlar gapirsa, yaxshisi unga achining va jahl otiga minmang. Sukut yoki o‘ta boadab javob bunga eng yaxshi reaksiyadir. Ular yo shovqin soluvchini yumshatib afsuslanishga majbur qiladi yoki unga jazoga aylanadi. Holat qanday tus olmasin, muloyimlik va xushmuomalalik o‘z asablaringizni asrashga yordam beradi, shuningdek aqlli va dono inson sifatida qabul qilishlariga sabab bo‘lib, obro‘yingizni oshiradi.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social