«Ko‘proq ishlasang — ko‘proq boy bo‘lasan» degan formula endi ishlamayapti: moliyaviy xavfsizlik chegarasidan qanday va nega chiqib qoldik?
Kun tartibimiz daqiqama-daqiqa rejalashtirilgan. Do‘stlar va yaqinlar bilan kamdan-kam uchrashish uchun ham deyarli bir oy oldindan «bo‘sh joy» band qilishga to‘g‘ri keladi. Taqvimdagi vazifalar soni esa kamaymaydi. Istalgan vaqtda — hatto tun yarmida ham — aloqada bo‘lish zarurati endi hech kimga g‘alati tuyulmaydi.
Bugun ish inson hayotidagi asosiy sohalardan biri bo‘lishdan chiqib, butun hayotimizni egallab oldi. Natijada har birimiz oldimizga bitta savol qo‘yilgan: muvaffaqiyatli bo‘lish uchun nimadan voz kechishga va nimalarga rozi bo‘lishga tayyorsiz?
Ammo bu yerda bir muhim jihat bor: lavozimda o‘sish, yutuqlar va hatto vaqti-vaqti bilan maoshning oshirilishi ham bugungi kunda bizni boy qilib qo‘ymaydi, hatto qashshoqlikdan himoya qilishga ham zo‘rg‘a yetadi. Ishlayotgan odamlar ham moliyaviy xavfsizlik chegarasidan tashqarida qolmoqda. Eng achinarlisi, muammo avvalgidek dangasalik yoki ambitsiyaning yo‘qligida emasga o‘xshaydi.
Xo‘sh, nega bunday bo‘lyapti? Keling, birgalikda tushunib olamiz.
Himoya yo‘q — faqat kurash
Yaqin-yaqingacha «oliy ma’lumot ol — ish top — o‘zingni hech narsadan mahrum qilma» degan formula deyarli hamma amal qiladigan universal reja edi.
Rasmiy maosh va mehnat shartnomasi o‘ziga xos kafolat vazifasini bajargan: millioner bo‘lmasligingiz mumkin, ammo qashshoq ham bo‘lmaysiz, degan qarash mavjud edi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zini o‘zi band qilish shaklida kompaniyalar bilan ishlaydiganlar «omadsizroq» hisoblangan.
Ammo bugun barcha ishlayotganlar go‘yo bir qayiqda o‘tirib qolgan.
Ish bilan band bo‘lish endi yetarli va barqaror daromadga tenglashtirilmayapti. To‘liq ish kuni esa hech bo‘lmaganda bazaviy moliyaviy mustaqillikni anglatmay qo‘ydi.
Halol mehnat qilish, o‘zingizni ishingizga bag‘ishlash, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash sizni mas’uliyatli va qonunga rioya qiladigan fuqaro qiladi. Ammo bularning o‘zi qashshoqlik chegarasidan yuqoriga chiqish uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin.
Agar ilgari qo‘rqinchli «inqiroz» so‘zi uzoqdan aks-sado berib, faqat eng og‘ir vaziyatlarda hayotimizga ta’sir qilgandek tuyulgan bo‘lsa, bugungi qattiq iqtisodiy sharoit har qanday moliyaviy silkinishni o‘zimiz va shaxsiy farovonligimiz orqali keskin his qilishga majbur qilmoqda.
«Ishlaydigan kambag‘allar» kimlar?
2025-yilda Rossiya Oliy iqtisodiyot maktabi tadqiqotchilari jamiyatdagi «ishlaydigan kambag‘allar» deb ataladigan qatlamni ajratib ko‘rsatdi.
Bir qarashda, bu guruhga odatdagidek kam maosh oladigan odamlar kiradi, deb o‘ylash mumkin. Ammo vaziyat bundan ancha jiddiyroq.
Bu odamlarning barqaror ishi bor, bozordagi o‘rtacha daromadga yaqin maosh oladi, to‘liq ish kunida mehnat qiladi, lekin shunga qaramay, kam ta’minlanganlar guruhida qoladi.
Tushunamiz, bunday holat faqat ertaklarda bo‘lishi mumkin deb o‘ylashga o‘rganib qolganmiz. Axir biz deyarli bolaligimizdan «ishlasang, o‘zingni ham, oilangni ham ta’minlay olasan» degan tushuncha bilan ulg‘ayganmiz.
Ammo iqtisodiy vaziyat ko‘plab odamlarni shunday og‘ir sharoitga olib kelmoqdaki, hatto oilaning umumiy daromadi ham qashshoqlik chegarasidan chiqish uchun yetmay qolmoqda.
Bu ijtimoiy qatlamga turli soha va kasb vakillari kirishi mumkin. Chunki bugun bozorda «o‘rtacha» deb ataladigan ko‘plab maoshlar aslida yashash uchun zarur bo‘lgan eng kam daromad darajasiga yaqinlashib qolgan.
Bunday sharoitda jamg‘arma, moliyaviy xavfsizlik yostig‘i yoki avtomobil va uy-joy kabi ko‘char va ko‘chmas mulk uchun kredit olish imkoniyati haqida gapirish qiyin.
Har qanday kutilmagan vaziyat — hatto oddiy shamollashning o‘zi ham — hayot darajasiga sezilarli ta’sir qilishi va jiddiy moliyaviy inqirozga aylanishi mumkin.
Demak, qashshoqlik tobora ko‘proq ishsizlik oqibati bo‘lishdan chiqib, ish bilan bandlikning o‘ziga xos xususiyatiga aylanmoqda.
Qog‘ozda maosh oshadi, ammo hamyonda sezilmaydi — bu qanday?
Bugungi kattalar uchun eng dolzarb jumboq mana shu.
Javob esa darhol xayolga keladi — maosh.
Amalda biz har yili ish haqi oshayotganini ko‘ramiz. Ammo o‘rtacha maosh ko‘rsatkichi biroz aldamchi: oz sonli mutaxassislarning juda yuqori daromadi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichni sezilarli ravishda yuqoriga tortadi, holbuki ko‘pchilik butunlay boshqa summalarni oladi.
Bundan tashqari, maoshning oshishi faqat dastlab katta tuyuladi. Keyin esa kundalik xarajatlar orasida erib ketadi.
Masalan, qo‘shimcha 500 ming so‘m yoki boshqa valyutadagi shunga teng miqdor yaxshi yangilikdek tuyulishi mumkin. Ammo shu paytga kelib oziq-ovqat, transport yoki kommunal to‘lovlar ham xuddi shuncha qimmatlashgan bo‘lsa-chi? Unda maoshning oshgani qayerda qoldi?
Maosh oshgan bo‘lsa-da, bu o‘sish nega erkinlik sifatida sezilmasligining yana bir sababi bor: daromadning katta qismi hali pul qo‘lga tegmasidan turiboq «band» bo‘ladi.
Ipoteka, ijara, kreditlar, bog‘cha, kommunal to‘lovlar, mobil aloqa, obunalar, qarindoshlarga yordam — pul hali kartaga tushmagan bo‘lsa ham, uning qayerga sarflanishi allaqachon ma’lum.
Afsuski, ko‘pchiligimiz aynan shunday vaziyatdamiz: daromad hayotimiz ancha qulay bo‘lishi uchun emas, shunchaki yomonlashib ketmasligi uchun oshmoqda.
Maoshga qo‘shilgan pul kompensatsiya vazifasini bajaradi: paydo bo‘lgan moliyaviy «teshik»ni yopadi, ammo baribir zaxira yaratishga imkon bermaydi.
Bundan tashqari, biz ko‘pincha odamlar **«shaxsiy inflyatsiya»**ni ham boshdan kechirishini unutamiz.
Rasmiy ma’lumotlar o‘rtacha iste’mol manzarasini o‘lchaydi. Ammo biz «o‘rtacha» hayot kechirmaymiz.
Bir xil daromadga ega bo‘lgan ikki oila maosh va shunga mos ravishda narxlarning bir xil o‘sishini mutlaqo boshqacha his qilishi mumkin.
Uzoq kutilgan boyish imkoniyati haqidagi moliyaviy tasavvur esa ko‘pincha eng oddiy ehtiyojlarni qoplashning o‘zidayoq tugaydi.
Yaxshi kiyim sotib olish yoki sayohatga chiqish esa xarajatlarni jiddiy qisqartirish va kerakli pulni bir necha oy davomida yig‘ishni talab qilishi mumkin.
Ijtimoiy lift buzilgan — zinadan foydalaning
Bugungi kunda farovon hayot kafolatini na oliy ma’lumot, na ishning o‘zi bera oladi.
Bundan tashqari, «ishlaydigan kambag‘allar» muammosi butun dunyoda dolzarb.
Inflyatsiya va kundalik ehtiyojlar narxining muntazam oshib borishi fonida ish hayot kechirishning yagona vositasiga aylanmoqda. Ammo u insonning hech bo‘lmaganda minimal darajada «yaxshi» yashashini ta’minlash uchun yetarli bo‘lmayapti.
Odamlar qo‘lini yoyib, barcha kuchini nima uchun sarflayotganini tushunmay qo‘ymoqda. Ular doimiy poyga sharoitida yashashga rozi bo‘lmoqda, ammo buning ma’nosi tobora yo‘qolmoqda.
Natijada motivatsiya pasayadi, javob yoki yechim esa topilmaydi.
Sotsiologlar vaziyatni faqat tubdan yangi yondashuv o‘zgartira oladi, degan fikrga tobora ko‘proq moyil bo‘lmoqda.
Buning uchun ish o‘rinlari sifatini oshirish, kam haq to‘lanadigan va himoyasiz mehnatning tarqalishini kamaytirish, rasmiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish hamda uzoq muddatli istiqbollarni yaratish kerak.
Va bir narsani ishonch bilan aytish mumkin: muammo sizning yetarlicha harakat qilmayotganingizda emas.
Ammo, afsuski, bu fikrning o‘zi ham ko‘ngilni to‘liq tinchlantirmaydi.
Biz paradokslarga to‘la davrda yashayapmiz: hatto mashaqqatli mehnat, yuqori professionallik va ishga to‘liq berilish ham insonni qashshoqlikdan himoya qila olmaydigan zamonda.



Rostan ham hozir ko‘p ishlash boyib ketish degani emas ekan maosh oshadi, lekin xarajat ham undan tezroq oshyapti.
Oylik tushgan kuni qayerga ketishi oldindan ma’lum hali kartaga tushmasdan qarzlar kutib turadi.
Eng achinarlisi, odam ishlamayotgani uchun emas, ishlasa ham yetmayotgani uchun qiynalyapti.
Ishlaydigan kambag‘allar degan tushuncha juda to‘g‘ri. Atrofimda shunaqa odamlar juda ko‘p.
Odam 8-9 soat ishlaydi, kechqurun yana qo‘shimcha ish qidiradi… shunda hayot qachon boshlanadi?
Maosh oshgani yaxshi albatta, lekin oziq-ovqat va ijara ham birga oshsa foydasi bilinmay qoladi.
Maqoladagi “daromad hayot yaxshilanishi uchun emas, yomonlashmasligi uchun oshadi” degan fikr juda aniq.
Hozir bitta kutilmagan xarajat chiqsa, butun oylik budjet buzilib ketadi
Ilgari ish = barqarorlik deb qaralardi. Hozir ishning o‘zi ham kafolat emas.
Eng og‘riqli joyi shu: ishlayapsan, soliq to‘layapsan, halol mehnat qilyapsan, lekin baribir pul yetmaydi.
“Ko‘proq ishlagin” deyish juda oson. Lekin odamning kuchi ham cheklangan-ku.
Sayohat, yaxshi kiyim, jamg‘arma haqida gapirmasa ham bo‘ladi, avval oy oxirigacha yetib olish kerak
Oylik oshganini nishonlashga ulgurmay turib kommunalka yoki ijara oshadi
O‘rtacha maosh degan statistika ham qiziq. Kimdir juda katta pul olsa, qolganlarning holati yaxshi ko‘rinib qoladi.
Ishdan tashqari hayot qolmayotgani ham alohida muammo. 24/7 online bo‘lish normalga aylanib ketdi.
Ota-onam “yaxshi o‘qisang yaxshi ish topasan, qiynalmaysan” deb katta qilishgan. Hozir esa unchalik oddiy emas ekan.
Odamning daromadi ko‘payib, lekin o‘zini boyroq his qilmasligi juda g‘alati tuyuladi.
Menimcha, eng katta muammo — zaxira pul yig‘ishning iloji bo‘lmay qolayotgani.
Oylik tushdi → ijara → kredit → kommunal → oziq-ovqat → 0 klassik sxema.
Ishla va hammasi yaxshi boladi degan formula biroz eskirib qolganga oxshaydi.
Ishlaydigan odam ham kambag‘al bo‘lishi mumkinligini ko‘pchilik tan olgisi kelmaydi.
Maqola og‘ir mavzuni ko‘targan. Ayniqsa yosh oilalar uchun juda tanish vaziyat.
Kutilmagan kasallik yoki boshqa xarajat chiqsa, birdan hamma rejalar buziladi. Shuning uchun moliyaviy zaxira juda kerak.
Lekin faqat davlat yoki ish beruvchini kutib o‘tirish ham to‘g‘ri emas, odam o‘z imkoniyatini ham oshirishi kerak deb o‘ylayman.
Haqiqat achchiq. Ishlashning o‘zi endi yaxshi yashashga kafolat bermayapti.
Qo‘shimcha daromad qidirish kerak deyishadi, lekin asosiy ishdan keyin odamda energiya qolmaydi-ku.
24 soat ishlashga tayyor bo‘lishni “professionalizm” deb ko‘rsatish ham noto‘g‘ri.
“Shaxsiy inflyatsiya” degan joyi qiziq ekan. Bir xil maosh oladigan odamlarning xarajati har xil bo‘ladi.
Farzandli oilada pulning qayerga ketishini bilmay qolasan ba’zida
Odamlar tashqaridan yaxshi yashayotgandek ko‘rinadi, aslida esa kredit va qarz bilan kun ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.
Menga eng yoqqan fikr — qashshoqlik faqat ishsizlik oqibati emas. Ishlab ham kambag‘al bo‘lish mumkin.
Odamlar “nega jamg‘armaysan?” deb so‘rashadi. Avval oy oxirida pul qolishi kerak-ku
Hayot narxi maoshdan tezroq oshsa, qancha harakat qilma, baribir bosim seziladi.
Ish joyida lavozim oshadi, vazifalar ko‘payadi, maosh esa unchalik emas
Eng yomoni, doimiy stress odamni nafaqat moliyaviy, balki ruhiy tomondan ham charchatadi.
Ishlash kerak, albatta. Lekin “hayot faqat ish” degan qarashdan qutulish kerak.
Maqoladagi “ijtimoiy lift buzilgan” degan metafora yaxshi tushuntiribdi vaziyatni.
Diplom oldim, ish topdim, lekin uy olish masalasi hali ham uzoqdagi orzu
Oldin bitta ish bilan oilani boqish mumkin bo‘lgan deyishadi. Hozir ko‘p oilada ikkala odam ham ishlaydi.
Menimcha, muammo faqat maoshda emas, xarajatlarning juda tez o‘sishida ham.
Ishdan keyin yana kurs, yana qo‘shimcha ish, yana freelance… odam qachon dam oladi?
Yoshlar “boyib ketish”dan oldin oddiygina moliyaviy xotirjamlikni xohlayapti aslida.
Juda real maqola. “Ko‘proq ishlasang boy bo‘lasan” degan gap har doim ham ishlamaydi.
Ba’zan maosh oshganidan keyin odamning xarajati ham avtomatik oshib ketadi. Lifestyle ham o‘zgaradi.
Lekin imkon bo‘lsa, baribir yangi ko‘nikma o‘rganib, daromadni oshirishga harakat qilish kerak.
Ishlayotgan odamning ham moliyaviy xavfsizlikka ega bo‘lmasligi juda katta muammo.
“Oyliging qancha?”dan ko‘ra “oy oxirida qancha qoladi?” degan savol muhimroq
Jamg‘arma qilishni hamma xohlaydi, lekin ijara, oziq-ovqat va boshqa xarajatlar orasida bu juda qiyin bo‘lib qolyapti.
Maqolani o‘qib oylik tushadigan kunni kutishim esimga tushdi tushganidan keyin esa 2 kun ichida yo‘q.
Odamning ko‘proq ishlashi emas, mehnatining qadrlanishi ham muhim.
Ish odamni kambag‘allikdan chiqarishi kerak, lekin ba’zida odam ishga borish uchun ham alohida pul sarflaydi
Chunki bizdagi oyliklar va narxlar faqat ovqatga yetadi