Inson hayotida har bir yoshning o‘z “ruhiy vaziyati” bor. 25 yoshda orzu, 35 yoshda mas’uliyat, 40 yoshda qayta baholash boshlanadi. Agar er va ayol bir-birining ana shu bosqichlarini tushuna olsa, oiladagi tinchlikni saqlab qolish mumkin.
Oilalarda tinchlikni, muvozanatni saqlash faqat muhabbat yoki iqtisodiy barqarorlikka bog‘liq emas. Ko‘pincha munosabatlardagi muvozanat — erkak va ayolning muayyan yosh bosqichlaridagi psixologik holatini to‘g‘ri anglashga bog‘liq bo‘ladi. Ilmiy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, inson hayotida bir necha ruhiy “burilish nuqtalari” mavjud va aynan shu paytlarda e’tibor, muloqot va munosabat shaklini o‘zgartirish talab etiladi.
25–30 yosh: ayol uchun “o‘zini topish”, erkak uchun “mas’uliyat bosimi” hisoblanadi. Bu yoshda ko‘p ayollar hayotdagi o‘z yo‘lini belgilashga, kim ekanini anglashga harakat qiladi. Ayrimlari ish bilan, ayrimlari oila va farzand tarbiyasi bilan band bo‘ladi. Shu bosqichda ichki ziddiyatlar — “men kimman?”, “o‘zim istaganday hayotda yashayapmanmi?” kabi savollar ko‘payishi tabiiy hol.
Erkaklar esa aynan shu davrda oila boshlig‘i sifatida moliyaviy va ijtimoiy bosimni his qiladi. Ularda “men yetarlicha ta’minlay olyapmanmi?” degan xavotir kuchayadi.
Psixologlar bu davrni “bir-birini eshitish va tan olish bosqichi” deb ataydi. Ayollar uchun “sening fikring men uchun muhim” degan ibora, erkaklar uchun “men senga ishonaman” degani katta emotsional tayanch bo‘ladi.
Undan keyingi bosqich esa 33–38 yosh: charchoq va qayta baholash davri bo‘lib keladi. Ko‘pchilik ayollar uchun bu yosh ruhiy charchoq davri. Bolalar, uy, ish, jamiyatdagi “qanday ona bo‘lish kerak?” degan bosim ularni hissiy tomondan charchatib qo‘yadi. Bu holat ko‘pincha depressiya emas — balki ichki qayta baholashning boshlanishi. Psixologlar bu paytda ayolga dam berish, qo‘llab-quvvatlash, uning shaxsiy vaqtiga hurmat bilan qarashni tavsiya qiladi.
Erkaklar ham bu yoshda ma’lum darajada sukutga beriladi. Bu ham charchoq signali bo‘lishi mumkin. “Senga ishonaman”, “sog‘ligingni asra”, “dam ol” degan oddiy so‘zlar munosabatdagi taranglikni kamaytiradi.
40–45 yoshga kelib qayta qurilish va o‘zini qayta kashf etish davri boshlanadi. Gormonal o‘zgarishlar, farzandlarning katta bo‘lishi va “hayot tez o‘tdi” degan his ayolda ham, erkakda ham paydo bo‘ladi. Bu bosqichni psixologlar “o‘rta yosh inqirozi” deb ataydi. Ayollar o‘z qadrini qayta baholaydi, yangi qiziqishlar paydo bo‘ladi. Erkaklar esa “men kimman?” degan ichki savolni berishni boshlaydi. Kimdir ishini almashtiradi, kimdir yangi munosabat qidiradi — buning zamirida “qayta qadrlanish istagi” yotadi. Bu yoshda tanqid o‘rniga tinch muloqot, birgalikdagi maqsadlar va yangi qiziqishlar — munosabatni saqlab qolishning asosiy vositasidir.
50 yoshdan keyin ayollar ham, erkaklar ham hurmat va qadrni istab qolishadi. Erkaklar bu yoshda hayotni baholaydi, sokinlikni xohlaydi. Ayollar esa ko‘p hollarda faol bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlaydi. Shu bois bu yoshdagi munosabatlar tenglik va o‘zaro hurmat asosida qurilishi kerak. “Hayotdagi eng muhim inson sensan” deya tan olingan ibora yoki kichik e’tibor — orada paydo bo‘lgan sovuqlikni yengib o‘tishi mumkin.
Muhabbatni saqlash uchun faqat gul yoki sovg‘a yetarli emas. Har bir yosh bosqichda insonning ehtiyoji o‘zgarib boradi. Kimdir eshitishni, kimdir qadrlanishni, kimdir dam olishni xohlaydi. Oiladagi muvozanat — hissiyotlarni tushunish madaniyati bilan mustakamlanadi.



Ajoyib yozilgan shu maqola
Oilada eng muhimi muhabbat emas, bir birini hurmat qilish
Suxbatlashishni bilish, bir birini eshitishni bilish
Munosabatlar juda qiyin narsa ozi, hamma sevsam boldi, hammasi zor boladi diyishadi
Koplar gaplashishni ham bilishmaydi, shu dib, kop muammolarga uchrashadi
Muhabbat, oila, bularning hammasi nega kerak?
Hammasi otadi ketadi baribir, sevgi tez yoq bolib ketadi
Sevgi hozirda haqiqiyligi yoq
Hamma bitta narsa qidiradi – bu esa pul
Pul dunyoda birinchi oringa chiqdi, bu manimcha juda achinarli holat
Mayli nima ham dirdim, men bitta odamman
Raxmat