Pul o‘z ahamiyatini yo‘qotgan kun – oddiylik haqida esse

Pul o‘z ahamiyatini yo‘qotgan kun – oddiylik haqida esse

Toshkentga kelib oyoqqa turgunimizcha, sakkiz joyga ko‘chganmiz. Ijarada turgan uylarimiz doimo tekin bo‘lgan, sababi sharoitsiz joylar edi. Biri chala qurilgan, biri tashlab ketilgan, biriga shunchaki qorovul kerak. Sharoitli uyda yashashga pulimiz yo‘q edi. Ha aytgancha birgina uyga ijara haqi to‘laganmiz. Uyning egasi xolani ilk marta ko‘rganimdagi taassurotim: odmi, rangi unniqqanroq ko‘ylak kiygan, poyafzali ham urfdan qolgan edi. Keyinchalik bu ayolning farzandlari yo‘qligini, ammo choli bilan juda ahil ekanligini bildim. Uyini bizga pulini qachon topsak bo‘lib-bo‘lib berish sharti bilan sotganining o‘zi bir mavzu… ammo gap bu haqda emas. Er-xotin oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, juda odmi yashashi, odmi kiyinishi va oddiy ovqatlanishida edi. U paytlari men pulim ko‘paysa qimmat restoranlarda ovqatlanishni, brend kiyimlarni kiyishni orzu qiladigan, to‘liq baxtni mana shunda deb biladigan fikrda edim. Odmi kiyingan chol va kampir esa ko‘zimga xasis va o‘zini yaxshi ko‘rmaydigan odamlardek ko‘ringan, ancha paytgacha ularning turish-turmushining ma’nosini tushunmaganman…

Bugungi dunyo-chi?

«Xarid qil, ko‘proq iste’mol qil» deb baqiradi. Reklamalar, blogerlar, hatto do‘stlar, qarindoshlar ham, go‘yoki odamlar bir-birini havaslantirish, hasadlantirish yoki zamonaviy tilda aytganda motivatsiya berish uchun poyga o‘ynayotgandek: yangi gadjetlar, moda kiyimlar, restoranlar, ziyofat va gap-gashtaklar. Hayotning mana shu g‘ildiragida aylanmasangiz go‘yoki zamondan orqada qolib ketgansiz…

Lekin bu qanday hayot? 

Yillar davomida shunday bir narsani angladim: kamroq bilan yashash mumkin ekan. Ha, ko‘proq ishlab, ko‘proq sarflashni orzu qilgan paytlar ham bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tib borgan sari hayot menga boshqa haqiqatni o‘rgatdi – tejamkor yashash bu kambag‘allik emas, bu o‘zini, hayotni, atrofdagilarni yaxshi tushunishdir. Lekin bu narsani hamma ham birdek qabul qilmaydi. Kimdir tejamkor so‘zini eshitsa, darrov kambag‘allikni, hatto xasislikni tasavvur qiladi. Men esa tejamkorlikni ichki dunyo bilan bog‘lagim keladi.

Tyejamkorlik – madaniyatmi yo ma’naviyat?

Uzoq yillar davomida o‘rgandim: kam narsa bilan yashash nafaqat mumkin, balki hayotni yengillashtiradigan bir ne’mat ekan. To‘qchilik va yo‘qchilikni ko‘rgan avlodman. Hamma narsa yetarli bugungi kunda men huv o‘sha yuz gramm arzon sariyog‘ni, xashak choyni olgan kunlarimni eslayman. Balki o‘shanda qachonlardir farovon kunlarim kelishini kutib entikkandirman ham. Ammo o‘sha kunlar keldi, men o‘ylagandek zavq-shavqqa to‘liq emas edi bu kunlar. Demak na yo‘qlik na to‘qlik insonni o‘zi istagandek baxtli qila olmaydi. Puling bor bo‘lib moddiyotdan ustun turgan kuningdan o‘zingni baxtli his qilish boshlanarkan. Bu na yo‘qlikda farovon hayot kelishini kutganingdagidek entikish yoki puling bo‘lganingda o‘zingga istagan narsani ravo ko‘rganingdagi oniy quvonchdan boshqacharoq tuyg‘u. Tejamkorlik – men uchun shunchaki faqat sarf-xarajatni kamaytirish emas…

U ongli tanlovmi?

Bu degani, har bir tiyin qayerga ketayotganini bilish, har bir xarid haqida o‘ylash va eng muhimi – haqiqiy ehtiyojni orzu-istakdan ajrata bilish? Masalan, menda bitta sevimli sumka bor. Har yili yangi modaga ergashmayman, shu sumkani tutaman. U ishonchli, mustahkam va qulay. Ya’ni moda menga xizmat qilmaydi, men ham modaga xizmat qilmayman.

Tejamkorlik – bu kambag‘allik emas. Bu boylikka boshqacha qarash. Tilla taqinchoqlarni emas, xotiralarni yig‘ish.

Tejamkorlikni ongli tanlagan kunimdan boshlab hayotimdagi har bir «yo‘q» – boshqa bir «ha» uchun joy bo‘shatdi. Yangi kiyim va yangi poyafzallarga yo‘q desam, yaqinlarim, farzandlarim bilan sayohatga «ha» deyman. Masalan qimmat kosmetikaga «yo‘q» desam, ehtiyojmand odamga sovg‘a olishga «ha» deyman. Menimcha, bugungi kunda tejamkorlik faqat iqtisodiy masala emas. U – madaniyat. U – erkinlik. U – qalb tarbiyasi.

Yaqinda bir dugonamnikiga mehmonga bordim. Tuppa tuzuk oshxonadagi qozonlaridan voz kechmoqchi. «Yo‘q, shoshma, dedim, senga nimasi yoqmayapti. Hali yangidek, shunchaki sen televizordagi reklamalarga aldanayapsan», dedim. Didro effekti haqida eshitganmisan…

Didro effekti yoxud qizil xalat quliga aylangan faylasuf

18 asrda yashab o‘tgan fransuz faylasufi Denis Didroga bir kuni qizil xalat sovg‘a qilishadi. Hammasi shundan boshlanadi. Yangi xalat shkafdagi eski buyumlar orasida o‘zini juda noqulay «sezadi». Didro shu xalatga moslab mebellarni – avval stolni, divanni, keyin gilamni, hatto kartinkalarni almashtirishgacha boradi. Qarasaki, bu zanjirning keti uzilmaydi. Anchagina pul sarflaydi. Shunda u aytadi: «Men eski xalatimning egasi edim, yangi xalatning quliga aylandim! Eski xalatim bilan xayrlashganimdan afsusdaman.»

Sen pul bo‘lgandan keyin ishlatish kerak-da deb o‘ylaysana, deyman unga. – To‘g‘ri  pulni biz sarflash uchun topamiz, ammo me’yordan oshib ketsa aniq maqsadlarimizdan chalg‘iymiz – bitta yangi mahsulot boshqa xaridlarni ergashtirib keladi.

Masalan, sen bu yil yangi palto olmoqchisan, pulni shunga rejalagansan. Ammo yangi paltongga etik to‘g‘ri tushmayotgandek, yarashmayotgandek tuyuladi. Yangi etik sotib olasan. Qarabsanki unga sumka mos kelmayapti – sumka olasan. Shunday qilib sen rejalanganidan ko‘ra ko‘proq pul sarflaysan.  Bilasanmi hayotdagi keraksiz narsalar va ortiqcha an’analardan xalos bo‘lish, sen ilgari hech qachon boshdan kechirmagan baxtni topishga yordam beradi. Buni minimalistcha turmush tarzi deyishadi, deyman o‘rtog‘imga astoydil bilag‘onlik qilib.

Minimalist turmush tarzi nima?

Bu faqat kerak bo‘lgan narsalar bilan yashashni va keraksiz narsalarni tashlashni anglatadi, kerak bo‘lmagan narsalarni sotib olmaslikni o‘rgatadi. Minimalist ko‘p kiyim-kechak, yangi jihozni sotib olmaslik, eng so‘nggi gadjetga ega bo‘lmaslik yoki kattaroq uyga ega bo‘lishni xohlash istagidan xalos odam.

Kichkina uyda yashashni afzal ko‘radigan, ozgina kiyim-kechakka va kam jihozlarga qanoat qiladigan minimalistlar bor, ba’zilari esa atrof-muhitga kamroq chiqindi chiqarish uchun minimalist bo‘ladi. U biror narsani sotib olishga qaror qilishdan oldin o‘zidan so‘raydi: «Bu narsa menga haqiqatan ham kerakmi?»

Minimalist turmush tarzida yashayotgan odamning ko‘proq pulga ega bo‘lish imkoni bor. Uning zahirada puli bormi demak moliyaviy stressdan holi. Chunki u foydasiz narsalarni sotib olishdan qutulgan, ya’ni u pulini uzoq muddatli, foydali, qimmat narsaga safrlashi mumkin.

Minimalist uyni tozalashga ham kam vaqt sarflaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘rtacha amerikalik xonadonda bir odam oyiga kamida 24 soat uy tozalaydi. Agar odam kamroq narsaga ega bo‘lsa, u tozalash ishlariga ham kamroq vaqt ajratadi. Uy tozalashdan ortgan vaqtini samaraliroq va muhimroq yumushlar uchun sarflaydi.

Katta, dang‘illama uy katta joyni anglatadi, demak uni to‘ldirish uchun ham ko‘p narsa xarid qilish kerak. Katta, narsalari ko‘p xonani tozalash uchun ortiqcha vaqt va kuch talab etiladi. Biz o‘zimizni charchatish va tozalashga ko‘proq vaqt ketkazamiz, ya’ni kerak bo‘lmagan narsalarga pul sarflaymiz. Bu mantiqiy emas, ya’ni biz o‘zimiz uchun o‘zimiz noqulaylikni yaratamiz.

Mutaxassislar ortiqcha narsalarning hatto sog‘liqqa zararini aniqladilar. Yuqori qon bosimi, depressiya, uyqu va ovqatlanish tartibidagi o‘zgarishlar, bosh og‘rig‘i, charchoq, ovqat hazm qilish muammolari shular jumlasidan.  Minimalist bo‘lish faqat o‘z manfaating uchun emas, ya’ni sen bu bilan ona zaminga yordam berasan. Kamroq narsaga egalik qilish orqali biz chiqindilar va chiqindixonalarni kamaytirishga hissa qo‘shamiz. Biz yashayotgan ona sayyorani avaylash bizning moddiy istaklarimizdan ko‘ra muhimroqdir. 

Men gapiraverdim, gapiraverdim u har holda jim eshitdi, keyin «haaaa, dedi cho‘zib o‘zimizning jaydarichasiga aytsak pishiqlik, tejab tergash-da.»

Tejamkorlik, minimalistik hayot haqida ko‘p yozdim va tanish-bilishlar orasida shu fikrni o‘rtaga tashladim, kam narsa bilan ham baxtli bo‘lish haqida gapirsam, ba’zilar eshitadi, ammo haliyam odamlar gapiradi degan iddaodan qutula olmayotgan ayollar qiz uzatish arafasida 10 talab ko‘rpa, 10 talab yostiq, chinni idish, sarpo suruq ichida adashib uloqib yuribdi.

Ba’zida ulardan so‘rayman: «onangiz ham yemay-ichmay sizga ko‘rpa to‘shak qilgan, ishlatmaganlaringiz ham bormi?»

Ular «nimasini aytasiz avvalgiday bola ham ko‘p emas, yotib qoladigan mehmon ham, lekin shu taxmon-taxmon ko‘rpa-ko‘rpacha qilish urf-odatda endi nima qilaylik», deb javob berishadi. Men uchun esa mana shu taxmondagi ko‘rpalar ishlatilmagan, biror ezgulikka xizmat qilmagan pullarga o‘xshab ko‘rinadi…

Minimalist hayot tarzi, tejamkorlikni qo‘llab-quvvatlay boshlasangiz sizni biladigan, bilmaydiganlar shunday xulosa qilishadi:  «u kambag‘al yoki ziqna…». Savol tug‘iladi: menga kimning bahosi muhim, javob esa juda oddiy – o‘zimniki.

Siz sarf-xarajatlaringizni nazorat qilishni boshlashingiz odamlarga samimiyroq bo‘lish uchun imkoniyatini beradi. Yaqinlaringiz bilan vaqt o‘tkazish uchun brend kiyimlar, yangi mashinalar, restoranlardagi to‘ylar kerak emas. Ongli hayotni tanlagan kuningizdan borib-borib atrofingizda o‘zingizga mos odamlar qoladi, qachonlardir tark etganlari qaytadi, hatto qattiq bog‘langanlaringiz ketadi.

Shunday kunlarning birida…

Atrofimga yana bir paytlar yo‘qchilikda topishgan dugonalarim paydo bo‘ldi. Oradan yigirma yil o‘tib-a. Bu orada bir-birimizni yo‘qotdik. Har birimiz bola-chaqa tashvishi bilan ovora edik. Hammamiz o‘qidik, ishladik, yo‘qchilikni ko‘rdik, moddiy to‘kinlikka erishdik. Bir-birimizdan uzilganimizning sababi ko‘ngillarimizda samimiy suhbatlar emas moddiy to‘kinlik tashvishi bo‘lgandir. Ammo oradan vaqt o‘tib anglab yetdikki u hayot biz uchun emas. Xuddi yo‘qchilik davridagidek yana birlashdik, kimlargadir aytsang ishonmas, hech birimizga to‘kin hayotimiz qiziq emas edi.

«Yangi kiyim kechak, yangi idish tovoq qiziq bo‘lmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan, hozir hech narsa olmayman, deydi – Komila opa bir suhbatimizda. – ishonasizmi o‘nta kosam bor yetib ortadi, onamdan qolgan men uchun qadrli, shuni angladimki ortiqcha narsalar miyani chalg‘itarkan… Onam rahmatli yosh o‘tib ketdi, idish-tovoqlarining sanog‘i yo‘q edi, qayerlarda qolib ketdi, bilmayman, shuncha narsaga imkon topdi, ammo sog‘lig‘iga mablag‘ topilmadi. Hayotni yengillashtirish uchun xarid qilish shart emas ekan. Aksincha, kam narsa bilan ko‘p narsa qilish – bu hayotning eng katta san’ati. Hozir daromadim bor, yolg‘iz boshim bilan farzand tarbiyaladim, ortiqcha pulim bo‘lsa bozorga chopmayman, vaholanki men topayotgan pul hozirgi urfdagi idish-tovoq, kiyim-kechak, qimmat restoranlarga bemalol yetadi, ammo bular nimagadir huzur bermay qo‘ygan… kimgadir yordam berolsam, ehtiyojmand odamning ko‘zi kulganini ko‘rsam, narsalik bo‘lgandek quvonaman…»

Qachonlardir men ham uy qurish orzusini maqsad deb bilganman. Qimmat mebel, zamonaviy maishiy texnika, bezakli pardalar – mening tasavvurimda uy shunday bo‘lishi kerak edi. Lekin endi bilaman: uy – u joy emas, balki halovat topadigan maskan. Uy tinchlik va samimiylik bor joy.

Biz uy qurdik, kam pul bilan, kam buyum bilan. Biroq u yerda ko‘proq baxt, ko‘proq sukunat, ko‘proq «o‘zimni topdim» degan his bor.

Endi men ko‘proq yashashga harakat qilmayman, yaxshiroq yashashga harakat qilaman. Yaxshiroq degani ko‘proq narsa emas, yaxshiroq degani kamroq tashvish, yaxshiroq degani ko‘proq ma’no, ko‘proq xotirjamlik. Bir oy, ikki oy, bir yil o‘tdi qarasam, kam narsa bilan yashash menga osonroq, hatto qulayroq. Bir xil kiyim, bir xil idish, bir xil divan – lekin har kuni xotirjamligim o‘sgandan o‘sdi.  Hissiyotlarim tarqoq emas, orzularim aniq.

Shunday paytlar bo‘ladi: bozorga chiqsam, yangi idishlar, ro‘zg‘or buyumlari yoki kiyim-kechaklarni ko‘raman. Qalbim shivirlab qo‘yadi: «ol», deydi. Lekin u ovozga boshqa ovoz qarshi chiqadi: «Bu quvonch uzoqqa cho‘zilmaydi, keyin uyam yotadi bir burchakda ivirsib, senga shu kerakmi?»

Ha, bu oson emas. Isrofni cheklash uchun inson o‘z nafsi bilan do‘stlashishi kerak. Har «yo‘q» – bu katta «ha»ga yo‘l ochadi: qarz olish uchun  «yo‘q», – ichki xotirjamlik uchun «ha». Kundalik mayda nafslarga «yo‘q», – kelajakdagi maqsadga «ha». Men shunday yashashni tanladim. Va buni kichik g‘alaba deb bilaman. 

O‘ziga to‘q ayolni bilaman. Har kuni ko‘raman: odmi kiyimda boshqalarga o‘xshamaydi. Hatto ba’zan o‘ylayman, balki malomat qilaman: «ehtimol u xasisdir, pulni o‘zidan ayaydi…»

Kecha yana uni ko‘rib qoldim. Ayol qo‘lida eskiroq sumkasi… bankka kirdi. Demak o‘yladim, omonatga pul qo‘yadi, bir xil odamlar shunaqa yemay-ichmay pul yig‘adiya, men tejamkorlikni targ‘ib qilsamda, bunday xasislikni oqlamayman.

Boshda ahamiyat bermadim. Keyinroq bilishimcha: u bankka pul qo‘yarkan va… yig‘ilgan pullarini bemor bolalarga berish uchun kasalxonadan bemor qidirarkan… internetda pul so‘rayotganlar tiqilib yotibdi, deyishsa ayol, birinchidan internetni unchalik tushunmayman, ikkinchidan ishonmayman, uchinchidan kasalxonada men aniq bemorlarga duch kelaman, har safar ularni ko‘rganimda pul hayotimdagi eng ahamiyatsiz narsaga aylanadi…

Yo‘q, u boy emas. U hayotdan ko‘p narsa talab qilmaydi. Uning ko‘zlarida «menga yana kerak» degan cheksiz talab yo‘q. Unda «menga shu kifoya» degan so‘zsiz qanoat bor.

Shunda angladim: ba’zilar uchun ehson – bu sarf, birovlar uchun esa – baxt, huzur. U pulni o‘zini xursand qilish uchun emas, boshqani shod qilish uchun tejaydi. U kam istaydi, lekin ko‘p baxt ulashadi. U bergan har bir so‘m – nafaqat bemorning tabassumi, balki o‘z yuragidagi ezgulikni oynada ko‘rishdir.

Ayolda shunday zavq ko‘rdimki, uning qalbida yaxshilik qilish xuddi brend sumka tutishdek emas, undan ham yuqoriroq hissiyot bo‘lib «yonadi». Ana shu zavq – eng go‘zal zavq.

So‘ngi rusmdagi sumka esa… u allaqachon unutiladi. Chunki modalar ham, narxlar ham, dunyo ham o‘zgarib turadi. Ammo yaxshilik unutilmaydi.

Essening boshida esingizdami bizni ijaraga qo‘ygan ayolning eski poyabzalini ko‘rib, ichimda «shuyam yashashmi» deb o‘ylaganim, mazza qilib yashash o‘rniga faqat uy olaverarkanda deb ichimda yozg‘irganman. Yaqinda eshitdim vafot etibdi –  barcha uylarini  uch nafar yetim bolaga meros qilib qoldiribdi. Balki uning tejab yashashidan maqsadi avvaldanoq kimlarningdir hojatini chiqarish bo‘lgandir. Bu oddiy yashash, kam narsaga qanoat qilish, o‘ziga ortiqcha narsalarni ravo ko‘rmaslik, balki o‘zining boyligini boshqalarga  yordam sifatida berish qarorini qabul qilish – bu xislat va hayotni yangicha idrok etish edi.

Esseni tugatish arafasida ijtimoiy tarmoqlarda oxirgi marta qancha pulga kiyim oldingiz degan so‘rovga bir ayol, 400, 500 dollarga oldim, o‘zimni sevaman va bu uchun pulni ayamayman, deb yozgani e’tiborimni tortdi. Kimdir 400 dollarlik ko‘ylakni «o‘zini sevish» deb qabul qilar, hayotning qisqaligini ro‘kach qilib, ko‘ngli tusagan har bir narsaga beayov pul sochar. Uning xayolida, kiyim qanchalik go‘zal bo‘lsa, ruh shunchalik shod, hayot shunchalik go‘zal bo‘lib ko‘rinar. Bunday qarashda jon bordir, ammo mening ko‘z oldimda butunlay boshqa manzaralar namoyon bo‘ladi. Oddiygina chit ko‘ylak kiygan, lekin qalbi cheksiz mehr va bag‘rikenglikka to‘la Nafisa opa kabi insonlar… Ular bemor va yetim bolalarning najot farishtasi emasmi?

Masalan Komila opa onasidan esdalik bo‘lib qolgan chinni kosalarda mehmon kutadi. Marhuma onasini har bir kosaga qo‘l tekkizganda, qalbi to‘lib, muhabbat bilan eslaydi. Umuman olganda, eski buyumlarda xotira, sabr va shukr yashaydi. Qalban boy odamlar hech qachon arzon kiyimda o‘zlarini kamsitilgandek his qilmaydilar. Ular uchun qimmat kiyim emas, balki olijanoblik muhimroq. Ular uchun o‘zini sevish – bu nafaqat o‘zini, balki atrofdagilarni ham qadrlash, ularning dardiga sherik bo‘lish, ularga yaxshilik ulashishdir. Ular ozgina narsa bilan ham cheksiz baxtli bo‘lish mumkinligini teran anglaydilar. Va eng go‘zal, eng ta’sirli ertaklar aynan shunday insonlarning qalbida yaratiladi, aynan shunday insonlar haqida yoziladi…

Bir insonning tejamkorligi, oddiy, hashamatsiz yashashi boshqalar uchun najotga aylanadi: siz uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotgan pul ehtiyojmand uchun qimmatli ko‘makka aylanadi. 

Sizning-chi, sizning hikoyangiz bormi? O‘zimdan ortsa saxovat qilaman degan emas, o‘zimga kam sarflab ehtiyojmandni xursand qilaman degan odamlar haqida hikoyalar yozishni, aytib berishni istaysizmi?

Kommentlar: 9 komment. 9 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Afsus hozir hamma faqat pulni oylidi, boshqa muammo yoq odamlarda

  2. Pul topish, qatga ketkazish, nima qilish faqat shula muammo dunyoda

  3. Lekin hamma unutadiki bu otkinchi dunyo, siz bu yerdagi narsalar uchun emas, keyingi hayot uchun harakat qilishila kerak

  4. Xudo bizga bu hayotni qanday yashashimizni korish uchun bergan

  5. Bu hayotdagi material narsalarga boglanmang, keyingi hayot uchun harakat qiling

  6. Yaxshi inson boling, Xudoga ishoning, yuragingizni sevgiga oching. Xudo bu sevgi, buni unutmang

  7. Dildora

    Togri etasiz Otabek, hayot bittagina, odam bolishni unutmasligimiz kerak

  8. Pul juda ahamiyatli narsa, lekin butun hayotni unga boglash notogri

  9. Nodirabegim

    Pulsiz hozir hech nima qilib bolmaydi, nima desangiz ham bu ozgarmaydi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social