Tilsiz qotil: ruhiy zo‘ravonlik salomatlikka qanday putur yetkazadi

Tilsiz qotil: ruhiy zo‘ravonlik salomatlikka qanday putur yetkazadi

Ko‘pchilik insonlar zo‘ravonlik deganda faqat jismoniy zarar yetkazishni tushunadi, ammo haqorat, tahdid, manipulyatsiya, mensimaslik yoki ataylab yolg‘iz qoldirish ham inson ruhiyati uchun xavfli tazyiqdir. Bularning barchasi ruhiy yoki psixologik zo‘ravonlik deb ataladi. Bu turdagi zo‘ravonlikning og‘riqlari tashqaridan ko‘rinmaydi, ammo salomatlik va ruhiyatni asta-sekin yemiradi.

Ruhiy zo‘ravonlik bu insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchidan mahrum etish, o‘zini keraksiz, arzimas, sevimli bo‘lmagandek his qilishga majbur etuvchi emotsional bosimdir. Bunday munosabatlar asosida nazoratda ushlash va manipulyatsiya qilish yotadi.

Ko‘pincha abyuzer (zo‘ravon) dastlab o‘zini g‘amxo‘r, mehribon va e’tiborli inson sifatida ko‘rsatadi. U sovg‘alar beradi, samimiy so‘zlar aytadi, tez-tez uchrashishni so‘raydi. Ammo vaqt o‘tgan sari bu niqob sekin ochila boshlaydi: mehr o‘rnini agressiya, tanqid qilish va hukmronlik istagi egallaydi.

Zo‘ravonlik belgilarini qanday aniqlash mumkin?

Quyidagi belgilar siz hissiy zo‘ravonlik qurboni ekaningizdan darak beradi:

Sizni haqorat yoki tanqid qiladi — yolg‘izligingizda ham, odamlar oldida ham zo‘ravon sizni “ahmoq”, “keraksiz”, “semiz”, “ozg‘in”, “befoyda” kabi so‘zlar bilan atashi, do‘stlaringiz yoki hamkasblaringiz oldida qasddan noqulay ahvolga solishi mumkin.

Sizni ayblaydi — o‘z ehtiyojlaringiz haqida gapirsangiz, sizni “o‘z manfaatini o‘ylaydigan”, “o‘ta talabchan”, “faqat pul so‘raydigan”, deb ataydi.

Sun’iy ravishda janjal chiqaradi — so‘zlashishni ataylab bahs uchun boshlaydi, gapida zid fikrlar bildiradi. Siz esa o‘zingizni “muz ustida turgandek” his qilasiz, chunki uning harakatini oldindan aytib berolmaysiz.

Imkonsiz talablar qo‘yadi — masalan, bolangiz yosh bo‘lishiga qaramay, uyda doimiy ozodalik bo‘lishini talab qiladi. Yoki sizni xafa qilgan voqeani muhokama qilganda aniq sana va vaqtni aytishni so‘raydi. Agar ayta olmasangiz, muammoni inkor etadi.

Doimo sizdan norozi bo‘ladi — siz uning talablariga moslashishga harakat qilsangiz ham, baribir yetarlicha “harakat qilmayapsiz”, deb tanqid qiladi.

Sizni jamiyatdan ajratadi — do‘stlar, oila yoki hamkasblar bilan uchrashishingizga to‘sqinlik qiladi, o‘qishga, ishga yoki sayrga chiqishingizga yo‘l qo‘ymaydi. Asta-sekin sizni yolg‘izlantiradi.

Ehtiyojlaringizni e’tiborsiz qoldiradi — masalan, shifokorga borishingizga to‘sqinlik qiladi yoki salomatligingizga befarq bo‘ladi.

Gazlayting qo‘llaydi — ataylab yolg‘on gapirib, o‘zingizni  “adashayotgandek” his qilishga majburlaydi.

Sizni nazorat qiladi — doimo qayerda va nima qilayotganingizni bilmoqchi bo‘ladi, muntazam aloqada bo‘lish yoki hozirgi manzilingizni yuborishni talab qiladi. Hatto telefon yoki ijtimoiy tarmoq parollarini ham so‘raydi.

Doimo rashk qiladi va sizni asossiz xiyonatda ayblaydi.

Moliyaviy nazoratni qo‘lga oladi — mayda xarajatlaringizgacha aralashadi, barcha pulingizni olib qo‘yadi yoki ishlashingizni taqiqlaydi.

Qo‘rqitadi — baqiradi, g‘azabini yashirmaydi.

Tahdid qiladi — o‘ziga, sizga, yaqinlaringiz va hatto farzandlaringizga zarar yetkazish bilan qo‘rqitadi.

Siz uchun qarorlar qabul qiladi — nima kiyishingiz, nima yeyishingiz yoki nimalar bilan shug‘ullanishingizni u belgilaydi.

Emotsional zo‘ravonlikning ruhiyatga ta’siri

Bunday zo‘ravonlik insonni ich-ichidan yemiradi va quyidagi oqibatlarga olib keladi:

  • Inson o‘ziga ishonchi pasayadi, odamovi bo‘lib qoladi.
  • Depressiyaga tushadi va doimiy xavotirda yashaydi.
  • Uyqusizlik bezovta qila boshlaydi.
  • O‘zini past baholaydi.
  • Uyda ham, ishda ham diqqatini jamlay olmaydi.
  • O‘z joniga qasd qilish fikri paydo bo‘ladi.
  • Ovqatlanish tartibi buziladi.
  • Stressga tushish holatlari ko‘payadi.
  • Giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga beriladi.

Ko‘pchilik jabrlanuvchilar bunday holatda o‘zlarini aybdor his qiladi. Go‘yoki bunga ular sababchidek tuyuladi va “munosabatni saqlab qolish” uchun yetarlicha harakat qilmaganlikda o‘zini koyiydi. Aslida esa hech kim zo‘ravonlik uchun jabrdiyda sababchi bo‘lmaydi.

Emotsional zo‘ravonlikning jismoniy salomatlikka ta’siri

Ruhiy tazyiq o‘tkazish tanani ham zaiflashtiradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, uzoq davom etgan zo‘ravonlik:

  • yurak va qon-tomir kasalliklari,
  • surunkali og‘riqlar;
  • semizlik;
  • nafas olish muammolari kabi kasalliklarga sabab bo‘ladi.

Agar jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik baravariga sodir bo‘lsa, bu jiddiy jarohat va infeksiyalarga chalinish xavfini oshiradi.

O‘zingizni qanday himoya qilishingiz mumkin?

Zo‘ravonlik yuz berganini tan olish tiklanish sari eng muhim qadam, zero inson o‘zining ruhiy salomatlik huquqi borligini anglashi kerak. Bu borada mutaxassislar quyidagi choralarni tavsiya etadi:​

  • O‘zingizni yaxshi ko‘ring va ustun qo‘ying.
  • Dam oling va to‘g‘ri ovqatlaning. Bu oddiy, ammo stressni kamaytiradigan muhim qadamlar. 
  • Zo‘ravonni “tuzatishga” urinmang. U faqat o‘zi xohlasagina, o‘zgaradi.
  • Janjallardan uzoq yuring, mojaro vaqtida o‘zingizni oqlash yoki uzr so‘rash zo‘ravonga yanada kuch beradi.
  • Yaqinlaringiz bilan muloqotda bo‘ling. Sizni tushunadigan va qo‘llaydigan insonlar bilan vaqt o‘tkazing.
  • Psixologdan yordam oling. Mutaxassis sizga sog‘lom chegaralar o‘rnatish va o‘zingizni tiklashga yordam beradi.
  • Ketish rejasini tuzing. Bunday munosabatda qolish ruhiy va jismoniy sog‘liq uchun xavfli. Ammo ajrimdan avval xavfsizlik choralarini ko‘rib chiqing.

Nimalar qilish mumkin emas?

Agar juftingiz sizga nisbatan ruhiy tazyiq o‘tkazayotgan bo‘lsa, birgalikda psixoterapevt konsultatsiyasiga bormang. Bunday terapiyalar zo‘ravonga siz haqingizda ko‘proq ma’lumot beradi, so‘ng bu bilimlarni u sizni yanada ko‘proq nazorat qilish uchun ishlatadi.

Shuningdek, abyuzer bilan bahslashish, ayblash foydasiz — u baribir barchasida sizni aybdor deb biladi yoki o‘zini jabrlanuvchi qilib ko‘rsatadi.

Ruhiy zo‘ravonlik ko‘rinmas, ammo sog‘liqda og‘ir asorat qoldiradigan jinoyatdir. Muhimi, bunday holatga tushganlikni vaqtida anglash, muammo borligini tan olish, o‘zingizni ayblamaslik va yordam so‘rashdan qo‘rqmaslikdir.

Kommentlar: 8 komment. 8 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Gulnoza

    Hammasi shunday, bunday munosabatlarga kirib qolsangiz, ulardan chiqish juda qiyin boladi

  2. Gulnoza

    Dugonam shunday munosabatlarda bolgan edi, juda qiynalgan

  3. Gulnoza

    Bunaqa munosabatlada ozilani yuqotasila, butun hayotila katta qiyinchilikka oxshab qoladi

  4. Men bunday narsani uchratmaganman, umid qilamanki uchratmimanam

  5. Ruxsora

    Raxmat, bunday gozal maqola uchun

  6. Ruxsora

    Men uchun juda foydali, shunday narsalarga juda qiziqaman

  7. Ruxsora

    Bunday munosabatlar emas, balki psixologik temalar

  8. Shunday qizlar ham boladi, ozi asosiysi qizlar bunday qilishadi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social