Yarangni bog‘lab qo‘yaymi, bolam? (Hayotiy hikoya)

Yarangni bog‘lab qo‘yaymi, bolam? (Hayotiy hikoya)

Kecha Anqaradan kech kelganimga qaramay, barvaqt uyg‘ondim. Bu kunlarda uyqu meni tark etgandek go‘yo. Nonushtaga o‘tirdim. O‘zimni majburlab bir nimalar yegandek bo‘ldim. Telefonim chaldi. Muazzam opam ekan.

– Sabo, bir millatdoshimiz Chekmako‘yda ekan. Shifoxonaga olib borish kerak.

– Xo‘p, opa. Raqamini bering, hoziroq yetib boraman.

Yana besh daqiqa o‘tib qo‘ng‘iroq keldi.

– Sabo, turklar opamizni elchixonamizga olib borishibdi. Elchixonadagilar shug‘ullanishadi. Siz qolganlardan xabar oling. Muazzam opaga javob berishim bilan, Fazliddin aka qo‘ng‘iroq qildi.

– Sabo singlim, hormang. O‘zbekistonga yordam samolyotlari qo‘yilyapti. Sizni yoningizda bo‘lgan vatandoshlarimizning ma’lumotlarini jo‘nating. Ularni vatanga yuboramiz.

– Xo‘p,aka. Ularni yoniga ketyapman. Bugunoq ma’lumotlarni yetkazaman.

Yo‘lda ketarkanman, odamlar to‘planib turgan katta binoga ko‘zim tushdi.

Istanbulning ijtimoiy yordam markazi zilziladan jabr ko‘rgan insonlar bilan to‘lgan. Yordamga muhtoj o‘zbeklar bormikan, deya u yerga bordim. Bu yerda hech kimni ko‘ziga qarab bo‘lmaydi. Tanasi tirik bo‘lsada, ruhi o‘lib bo‘lgan, soatlarcha avval o‘lim bilan yuzma yuz kelgan mungli ko‘zlarga qarashning iloji yo‘q.

Aylanib yurdim. Hammaga bosh sog‘lig‘i tiladim. Bitta ham o‘zbek topmadim. Bir tarafdan shukur qildim. Bir tarafdan, tuproq ostida bo‘lganidan ko‘ra bu yerda bo‘lganlari yaxshi edi, deb o‘yladim. Tashqarida tez yordam mashinasining ovozi keldi. Yaradorlarni birma bir mashinalarga chiqara boshlashdi. Beshta mashina kasalxonalarga yo‘l oldi. Bir birini hayotda ko‘rmagan insonlar shunchalik mehribon edilarki, Allohning irodasiga qoyil qolmasdan bo‘lmaydi.

Orqamga qaytib chiqmoqchi edim. Qo‘lida suv ko‘tarib olgan, ko‘zlari olazarak bolakayga ko‘zim tushdi. U kimnidir qidirardi. Borib qo‘llaridan ushladim.

– Tinchlan, nima bo‘ldi?

– Onamni olib ketishibdi. Onam yo‘q.

– Shifoxonaga olib ketishgandir. Yig‘lama, hammasi yaxshi bo‘ladi.

– Xola, meni onamning yoniga olib boring. Otam o‘ldi, ukam o‘ldi. Bitta onam bor. Uni ham yo‘qotishni hohlamayman.

– Kel, shu yerdagi ma’sullardan surishtiraylik. Qaysi shifoxonada bo‘lsa olib boraman. Faqat ko‘zlaringni art. O‘g‘il bola yig‘lamaydi. Isming nima?

–  Emir.

Emirning onasini Bag‘chalievlar davlat shifoxonasiga olib ketishibdi. Emirni shifoxonaga olib boraman deb anchagina yalinib yolvordim. Oxiri izn oldim. Telefon raqamim va kimligimni fotonusxasini olib qolishdi.

Taksiga o‘tirdik. Emir kamgap bola ekan. Undan gap olmoqchi bo‘lib ancha qiynaldim. Shifoxonaga yetmay, bitta oshxona oldida tushib qoldik. Uni ovqatlantirmoqchi, bu bahonada Emirning hayotini o‘rganmoqchi bo‘ldim. Emir hech narsa yemadi. Faqat suv ichdi. Hayotini ravon tushuntirib berolmadi. Lekin ko‘p narsa o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim.

– Yoshim o‘n ikkida. Xatayda yashar edik. O‘zimning onam o‘lganida olti yoshda edim. Uni elas-elas xotirlayman. Juda chiroyli ayol edi. Bir yildan keyin otam uylandi. O‘gay onam mehribon edi menga. Onamni yo‘qligini bildirmas edi. Ikkinchi yili ukam Enes tug‘ildi. Endi hamma e’tibor unga qaratilgandi. Negadir o‘zimni yolg‘iz sezardim. Onamni menga va ukamga qilgan muomalasini taqqoslayverardim. Otam Enesga ko‘proq mehr bersa tumshayib olardim. Enes juda shirin bola bo‘ldi. Yonimdan ketmasdi. Men ham uni yaxshi ko‘rardim. O‘sha kuni kechqurun birga taom yedik. Keyin darslarimni takrorlayman deb xonamga kirdim. Ozginadan keyin Enes kirdi. Kitoblarimni titishni boshladi. Qo‘liga qalamni olib daftarimga yozmoqchi bo‘ldi. Men bunga ruhsat bermadim. U erkalanib men bilan qalam talasha boshladi. Jahlim chiqib uni itarib yubordim. Enes yiqildi. Boshini o‘rindiqni qirrasiga urib oldi. Uning baqirig‘iga ota-onam yugurib kirishdi. Onam Enesni ko‘tarib oldi. Otam yonimga kelib menga tikildi.

– U hali yosh bolaku. Nahotki,ukangga rahming kelmasa.

Ular chiqib ketishdi. O‘rnimga yotib yig‘lab yubordim. Sekingina eshik ochildi. O‘zimni uxlaganga solib oldim. O‘gay onam kelib yonimga cho‘zildi. Har doimgidek sochlarimni silay boshladi. Demak, otam Enes bilan uxlayapti. Onam meni xafa bo‘lmasin deb yonimga kirgan. Qachon uxlab qolganimni bilmayman. Tushimda o‘zimni onamni ko‘rdim. Oppoq libosda edi. O‘rningdan tur deb imo qilardi. Cho‘chib uyg‘onib ketdim. Nafasim yetishmayotgandek edi. O‘gay onam yonimda uxlagan ekan. U ham uyg‘onib ketdi. Suv so‘radim. U oshxonaga chiqarkan, men ham orqasidan chiqdim. Birdaniga boshlandi. Gumburlagan ovoz. Yer qimirlayotganini bildim. Mehmonxona eshigida Enesni ko‘tarib olgan otamni ko‘rdim. Lekin bizgacha yetib kelolmadi. Uyimiz qulay boshladi. Onam meni quchoqlab burchakka siqib oldi. Keyin nima bo‘lganini bilmayman. O‘zimga kelganimda onam indamay yotardi. Qop-qorong‘u edi. Onamni silkitib ko‘rdim. Jim-jit. Yelkasiga beton tushib bosib qolgandi. Kichkina yo‘l topdim. Emaklay boshladim. Yorug‘lik tushib turgan yerga borguncha qiynalib ketdim. Tashqariga chiqqanimda dahshatning o‘zi edi. Odamlar yugurishar, baqirishar, kim nima qilayotganini bilib bo‘lmasdi. Bitta daraxtning tagiga borib o‘tirdim. Ko‘zlarim yumilib ketardi. Tushimdami, xayolimdami bilmayman. Oppoq libosli onamni yana ko‘rdim. Vayron bo‘lgan uyimiz tarafga borib, meni imlab chaqirardi. Uyg‘onganimda juda ko‘p qutqaruvchilar yetib kelgan ekan. Tepalikka aylanib qolgan uyimizni ko‘rib yig‘lab yubordim. Orqamga burilganimda yerni tagidan ovoz keldi. Kimdir toshni betonga qattiq qattiq urardi. Ovozim boricha baqirdim.

–  Yordam bering. Qutqaring. Ovoz keldi. Tiriklar bor.

Bir zumda amakilar yetib kelishdi. Besh soat ichida onamni tirik qutqarishdi. Enesni quchoqlab olgan otamni jasadini topishdi. Bizni Istanbulga olib kelishdi. Onamni yelkasidan operatsiya qilishar ekan. Suv olgani chiqqan edim. O‘sha payt olib ketib qolishibdi.

Emir gapirar ekan, qo‘lidagi yarani g‘ijimlab qonatib yubordi.

–  Yarangni bog‘lab qo‘yaymi, bolam?

Emir yo‘q, deb boshini silkib qo‘ydi. Titrayotgan qo‘llarini yuragini ustiga bosdi.

– Yaralarim og‘rimayapti, xola. Mana bu yerim og‘riyapti. O‘zimni kechirolmayabman. Koshki, o‘sha oqshom hamma kitob-daftarimni ukamga bersam edi. Koshki, hammasiga chizib yirtib tashlasa edi. Faqat o‘lmasa bo‘ldi edi.

Yig‘idan ko‘zlarim ko‘rmay qoldi. Emirni onasiga topshirib tashqariga chiqdim. Ularning ayanchli yuzlarini ko‘rib turishga, boshqa matonatim yetmadi.

Yana bir shifoxonaga bordim. Qahramanmarashdan olib kelingan Akramjonni ziyorat qilishim kerak edi. Rangi ancha o‘ziga kelib qolgan Akramjonni kayfiyatini ko‘tarish uchun hazillashdim.

– Akramjon, bunaqa to‘polon qilmangda. Yiqilib tushibsiz. Yiqilganingizda butun Turkiya qimirlab ketibdi.

Ko‘chaga chiqqanimda yomg‘ir boshlagan edi. Qorong‘u tushib bo‘lgandi. Oqsaroyga qarab ketdim. Yordamga muhtoj vatandoshlarimiz haqida ma’lumotlar berishim kerak edi. Men ikki oilani joylashtirib ketgan uy eshigini qoqdim. Endigina ikki oylik bo‘lgan Abutolibning onasi ochdi. Kira solib Abutolibni ko‘tarib oldim. Munchoqdek ko‘zlarini menga tikib, tishsiz milklarini ko‘rsatib kula boshladi.

– Kul, toychog‘im, kul. Sen kulsang, dunyo kuladi. Sen kulaver. Men esa sening shirin kulgungni orqasiga, dunyo tashvishlarini yashirib qo‘yay.

Hayot juda qisqa. Qalblarni parchalash bizga yarashmaydi. Sizlarni yaxshi ko‘raman.

Kommentlar: 21 komment. 21 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Тимур

    cry сильно

  2. Rossa yigladim oqib sad

  3. Дилдора

    Сиздайларни борига шукур smile

  4. Sumayya

    SubhanaALLOH

  5. Wunday odamla borligidan hursandman

  6. Jamilaxon

    Turkiya uchun ibodat qilila cry

  7. Inshalloh

  8. Xudo bar4amizni oz panohida asrasin!

  9. Farangiz

    cry

  10. Мадина

    Йигладим…

  11. Manzura

    cry cry

  12. Нозим

    Яхши одамла дунеда купайсин

  13. Dunyoda tin4lik busin

  14. Xudoyim, shunday insonlar dunyoda ko’paysin. Hayotimizni yaxshiroq qilgin. Omin.

  15. Alisher

    Xudo bar4amizni Uzing asra

  16. Insholoh olohim shunday mehribon insonlarni kopaytirsin chin insoniylik tuygusi hech kimni tark etmasin hammani olohim panphida saqlasin bularni oqib kozimga yosh keldi lekin quvondim shunday mehribon insonlar borligidan agar gamma shunday bolsa butun dunyo ozgarar edi

  17. Assalom alaykum by hikoya qayta qayta oqib kozim yoshdan toldi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social