Facebook nomini Meta’ga o‘zgartiradi

Facebook nomini Meta’ga o‘zgartiradi

Facebook kompaniyasining nomi Meta’ga o‘zgaradi. Bu haqda rebrending yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda Mark Sukerberg e’lon qildi. Facebook ushbu yo‘l bilan kompaniyaning nafaqat bitta ijtimoiy tarmoq, balki WhatsApp, Instagram, Oculus va boshqa aktivlarining ham egasi ekanligini namoyish qilmoqchi.

Iyul oyida kompaniyaning Facebook Reality Labs’ning bir qismiga aylanadigan “metaolam”ni yaratish uchun jamoa to‘playotgani e’lon qilingandi. Facebook Reality Labs virtual (VR) hamda to‘ldirilgan (AR) reallik loyihalari bilan shug‘ullanadi. Bu haqda AR va VR texnologiyalarga mas’ul bo‘lgan Facebook vitse-prezidenti Endryu Bosvort ijtimoiy tarmoqdagi o‘z sahifasida ma’lumot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, metaolam (raqamli dunyolar to‘plami) bugun allaqachon mavjud bo‘lib ulgurgan. Uning borligini isbotlovchi asosiy effekt — insonning raqamli olam bilan birga yashayotganini his etayotganligi. Shuningdek, Bosvort videoqo‘ng‘iroqlar uchun qurilma — Portal va virtual reallikning Oculus shlemi foydalanuvchini u jismoniy jihatdan qayerda ekanligiga qaramay, boshqa joyga va hatto virtual olamga teleportatsiya qiladi, boshqa bir inson bilan g‘oyibona uchrashishini ta’minlaydi. Ammo metaolam haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lish uchun mazkur bo‘shliqlarni o‘zaro bog‘laydigan ko‘rinmas ipni yaratish zarur, u fizika cheklovlarini olib tashlaydi va joydan joyga ko‘chish xonadan xonaga o‘tgandek juda osonlik bilan amalga oshadi, deb yozgan Bosvort.

Oktabr o‘rtalarida The Verge o‘z manbalariga tayanib, Facebook’ning metaolamga nisbatan yo‘nalishlarini to‘liqroq ko‘rsatish maqsadida kompaniya nomini o‘zgartirmoqchi ekanini xabar qilgandi. Mark Sukerberg ushbu nashrga bergan intervyusida loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, yaqin besh yil ichida kompaniya faoliyati ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolmasligi va aynan metaolamga aloqador bo‘lishini qayd etgan.

Shuningdek, Sukerberg ushbu intervyuda mazkur g‘oyani maktab davrlaridanoq rivojlantirib kelayotganini aytib o‘tgan. U yaratmoqchi bo‘layotgan narsalardan biri — bu “odamlarni atrofdagi muhitda ekanligiga ishontiradigan, turli joylarga teleportatsiya qiladigan va do‘stlar bilan uchrashtira oladigan moddiylashgan internet taassuroti”. Uning fikricha, masofalarni qisqartirish odamlarga yana boshqa imkoniyatlar beradi: turli ishlarni qilish mumkin, yangi ish o‘rinlari va yangicha ko‘ngilochar shakllar paydo bo‘ladi.

Facebook Inc’ning asosiy daromad manbayi hanuzgacha reklama bo‘lib turibdi — uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra reklamadan tushgan daromad 97,5 foizni, ya’ni 29 milliard AQSh dollarining 28,3 milliard qismini tashkil qilgan. Biroq kompaniya oxirgi moliyaviy hisobotida 2021-yilning to‘rtinchi choragidan boshlab virtual va to‘ldirilgan reallik bo‘yicha natijalarni alohida e’lon qilib borishini bildirgan (Facebook Reality Labs yoki FRL). Shuningdek, hisobotda 2021-yildagi operatsion daromad metaolamni yaratishga sarflanadigan mablag‘lar sabab 10 milliard dollarga kamayishi prognoz qilingan. 2020-yilda kompaniyaning operatsion daromadi 33,67 milliard dollarni tashkil qilgandi. Avval Facebook metaolam bilan bog‘liq dasturlarning ishlab chiqilishini kafolatlash uchun 50 million dollar investitsiya kiritishini e’lon qilgandi.

Statista prognozlariga ko‘ra, dunyo bozorining to‘ldirilgan, virtual va aralash realliklari uchun 2021-yil yakunidan keyin 30,7 milliard dollar, 2024-yilga borib esa 300 milliard dollar miqdorida mablag‘ sarflanishi mumkin.

Kommentlar: 6 komment. 6 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Meta? nega meta? boshqacha chiroyli nom qomabtimi?

  2. Kozimjon Shodijonov

    Facebookni oʻzi nomi yaxshi edi.

  3. Fazo.tv

    Salom Kozimjon Shodijonov! Facebook nomi qoladi, faqat firmaning nomi o’zgaradi

  4. Meta? Mataverse? juda qizu

  5. qanaqadur Meta, telegramda reklama… hammayo pul bo’pketgan

  6. manda haliyam Facebook yozilgan pardon

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social