Terrafugia kompaniyasi AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasidan (FAA) o‘zining uchar avtomobilining uchishga layoqatliligiga doir sertifikat oldi.
Orzular ro‘yobi
Terrafugia – bu AQShning Massachusets shtatining Uoburn shahrida joylashgan Xitoy korporatsiyasi bo‘lib, Transition nomli radioboshqaruvli samolyot va TF-X nomli uchar avtomobil ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi.
10 yillik mehnatdan so‘ng AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasidan (FAA) Terrafugia Transition’ga Special Light-Sport Aircraft sertifikatini berdi va uchar avtomobilga «yashil chiroq» yondi. Bunday uchar avtomobilni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi va sport uchuvchisi guvohnomasi zarur bo‘ladi.
Qaysar mualliflarni faqat tabriklash mumkin, axir universal transport bo‘lgan Transition’ning ilk savdolari 2015 yilga belgilangan, keyin 2019 yilga ko‘chirilgandi. Sertifikat esa endi olindi va ikki o‘rindiqli ilk gibrid modellar 2022 yilda savdoga chiqariladi.
Albatta, orzular ro‘yobga chiqishi judayam quvonarli hol. Yana bir-ikkita mayda ishlar qolgan – yo‘lda harakatlanish uchun avtomobil sertifikati va qanotlarni yig‘ib olib shahar ko‘chalarini kezish mumkin. Uchar avtomobilning asosiy ko‘rsatkichlari:
- ikki kishilik modelining vazni 590 kg atrofida;
- havoda maksimal tezligi soatiga 160 kilometr, eng yuqori ko‘tarilish balandligi 3000 metr;
- yig‘iluvchi qanotlar kengligi 8,2 metr;
- samolyot rejimidan avtomobil rejimiga o‘tish tezligi – 1 daqiqadan kamroq;
- taxminiy narxi 40 ming dollardan boshlanadi;
Rotax 912iS Sport dvigateli aviatsiya yonilg‘isi yoki benzinda ishlaydi. Avtomobil rejimida gibrid elektrodvigatel ishga tushadi.
Nahotki kelasi yil…?
Terrafugia kompaniyasi uchar avtomobil 80 kunlik uchish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlashmoqda. Modelning barcha jihatlarini tekshirish uchun 150dan ortiq texnik hujjatlar FAA’ga topshirildi va uchish uchun Special Light-Sport Aircraft sertifikati qo‘lga kiritildi.
Terrafugia’ning asosiy konsepsiyasi – avtomobil egasi havo kengliklarini yengib o‘tib, kichik aeroport yoki yo‘lning o‘ziga qo‘nishi, qanotlarni yig‘ib garajga kirib ketishi mumkin. Qachonlardir shunaqa bo‘ladi.
Кейинги йили чикса оламан узимга битта. гаи тухтата омиди)))