Kamharakat hayot tarzi keltirib chiqaradigan 5ta jiddiy muammo va yechimlar

Kamharakat hayot tarzi keltirib chiqaradigan 5ta jiddiy muammo va yechimlar

Vazn orttirishdan tortib depressiya va tahlikagacha.

Kompyuterlar paydo bo‘lishi bilan juda ko‘p odamlar o‘tirib ishlash tarziga o‘tdi. Tabiiyki, bu butun kunni tik oyoqda o‘tkazishdan ko‘ra yoqimliroq. Ammo, ko‘plab boshqa yoqimli narsalar singari, o‘rindiqda harakatsiz vaqt o‘tkazish bir muncha salbiy oqibatlarga olib keladi.

O‘troq turmush tarzi qanday muammolar keltirib chiqaradi?

1. Vazn orttirish

Harakatlanish tanadagi to‘qimalarni qondagi lipidlar miqdorini boshqaruvchi va oziq-ovqatdan so‘rilgan yog‘ va shakarni qayta ishlashga yordam beradigan lipoproteinlipaz fermentini ishlab chiqarishga majbur qiladi. O‘tirib vaqt o‘tkazish tarzi, albatta, ushbu ferment yetishmasligiga olib keladi va yog‘ so‘rilishi ishiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Natijada siz semira boshlaysiz.

Uzoq o‘tirish metabolik sindrom xavfini oshiradi. Bu nafaqat uzoq vaqt o‘tiradigan, balki jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanmaydigan odamlar uchun ham birdek aloqador.

Ba’zan sportdan uzoq insonlar ham ortiqcha kaloriyani parchalay olishadi, ya’ni ular harakatsiz o‘tirmasdan yurishadi, tik turishadi, qimirlashadi. Shu sababli ish kuni davomida faqatgina yurish va turish imkoniyati tug‘ilgan taqdirda ham undan unumli foydalaning.

2. Erta o‘lim xavfi

Bir millionga yaqin inson salomatligini kuzatish tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, ko‘p o‘tiradigan odamlarda erta vafot etish ehtimoli ko‘proq. Faktlar keltiradigan bo‘lsak, o‘tirishga moslashgan turmush tarzini olib borishda erta o‘lim xavfi  22–49 foizga oshadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jismoniy faollik yetishmasligi dunyo bo‘yicha kuzatiladigan o‘lim holatlarining 6 foiziga sabab qilib ko‘rsatiladi. Shuningdek, harakatsizlik ko‘krak bezi va yo‘g‘on ichak saratoni holatlarining taxminan 21-25 foizi, diabet holatlarining 27 foizi va yurak-qon tomir kasalliklarining 30 foizida asosiy omil hisoblanadi.

3. Qandli diabet va yurak kasalliklari

Tadqiqotchilar deyarli 30 xil surunkali kasalliklarni nofaol hayot tarzi bilan bog‘lashadi. Xususan, uzoq vaqt o‘tirish yurak-qon tomir kasalliklari avj olishi xavfini oshiradi. Bundan tashqari, agar siz uzoq vaqt o‘rningizdan turmasangiz va kuniga 1500 qadamdan kam piyoda yursangiz, tanangizda insulinga qarshilik ortadi. Bu esa ikkinchi toifali diabetning asosiy sababidir.

4. Suyak va mushaklardagi og‘riq

Uzoq vaqt noqulay o‘rindiqda o‘tiruvchilar uchun bel va bo‘yin og‘riqlari begona emas. Jismoniy faollik yetishmasligi umurtqa qovurg‘alari va mushaklariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, qon ta’minotining asosiy roliga salbiy ta’sir qiladi, natijada kelajakda harakatlanishni qiyinlashtiruvchi surunkali og‘riqlar yuzaga keladi.

Oqibatda ayanchli zanjir paydo bo‘ladi: siz ko‘p harakat qilmaganingiz sababli mushaklaringiz og‘riydi va mushaklaringiz og‘rimasin deb ko‘p harakat qilmaysiz.

5. Depressiya va tashvish

Tadqiqotchilar uzoq o‘tirishni depressiya va tashvishlanish bilan bog‘laydi. Janubiy koreyalik mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, kuniga 8-10 soat o‘tirib ishlovchi insonlarning bu holatda faqat 5 soat sarflaydiganlarga nisbatan jiddiy depressiv kasallikka chalinish ehtimoli ko‘proq. Psixologlarning fikriga ko‘ra, nofaol turmush tarzida tushkunlik uch baravar ortadi.

Bundan tashqari, jismoniy faoliyatning yetishmasligi stressni orttiradi. Kuniga 6 soatdan ko‘proq o‘tirib ishlaydigan xodimlar jizzakiroq bo‘lishadi va ularda yoqimsiz holatlarga toqat qilish qiyinroq kechadi.

Muammodan qanday qutulish mumkin?

Kundek ravshanki, kamroq o‘tirish va ko‘proq harakatlanish zarur. Ammo bir kichik farqni ham hisobga oling. Maastrixt universiteti tibbiy markazi mutaxassislari olib borgan tajribalarga ko‘ra, bor imkoniyatlarni ishga solgan holda kichik muddatli jismoniy yuklama avvalgi ko‘p soatli harakatsiz o‘tirishning o‘rnini qoplab bera olmaydi.

Boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, uzoq vaqt davomida o‘tirib ishlash undan keyin qancha jismoniy faoliyat amalga oshirishingizdan qat’i nazar zararli bo‘lib qolaveradi.

Demak, harakatsiz ish kunidan keyingi muntazam mashg‘ulot zallariga qatnash vaziyatni yumshata olmaydi.

Minnesota shtatidagi Mayo klinikasi tadqiqotchisi doktor Jyeyms Levin «kundalik faoliyatning termogenezi» atamasini ishlab chiqdi, bu bizning uyqu, ovqatlanish va sportdan tashqari barcha harakatlarimizga sarflaydigan energiyamizdir. Yurish, tik turish, sirpanish, hattoki oshxonani tozalash va idishlarni yuvish — umuman, kichik bo‘lgan, ammo doimiy amalga oshuvchi xatti-harakatlar o‘tirishga moslashgan turmush tarzidan kelib chiqadigan muammolarga bardosh berishga muayyan intensiv mashg‘ulotga qaraganda ko‘proq qodir.

Jismoniy tibbiyot va reabilitatsiya bo‘yicha Amerika kengashi doktori Edvard Lasovskiy quyidagilarga muntazam ravishda amal qilishni tavsiya etadi:

  • Kamida har 30 daqiqada o‘rningizdan turing va o‘z xonangiz yoki ofisingizni aylanib chiqing.
  • Televizor tomosha qilish yoki telefonda gaplashishni tik turgan holda amalga oshiring. Siz ikki karra yutasiz: birinchidan, zarur jismoniy mashg‘ulotni bajarasiz, ikkinchidan, suhbat va televizor uchun sarflanadigan vaqtni qisqartirasiz, chunki buni tik turgan holatda hech kim soatlab davom ettira olmaydi.
  • Agar siz stolda ishlasangiz, kreslodan voz kechishga harakat qiling. Sozlamaga ega baland stol sotib oling va tik turgan holatda ishlang. Ba’zilar yugurish yo‘lakchasida yurib ishlashga ham muvaffaq bo‘lishadi.

Kolumbiya Universitetining Irving tibbiyot markazi tadqiqotchilari fikriga ko‘ra, yengil, ammo doimiy jismoniy faollik erta o‘lim xavfini 17 foizga kamaytirishga kifoya qiladi va agar bunga yugurish hamda velosiped haydash qo‘shilsa, natija 35 foizgacha ortadi. Umuman olganda, iloji boricha kamroq o‘tirishga harakat qiling.

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social