LEGO to‘plamlari dunyoni qanday zabt etdi?

LEGO to‘plamlari dunyoni qanday zabt etdi?

Har soniyada dunyo bo‘ylab 7 ta LEGO to‘plami sotiladi. Ulardagi ko‘plab qismlardan hashamatli guldastalardan tortib kosmik kemalargacha bo‘lgan har qanday narsani yasash mumkin. Biroq ularning eng katta yutug‘i xilma-xillikda emas, balki barcha avlodlar uchun dolzarb bo‘lib qolishda. LEGO kichkintoylar uchun birinchi konstruktor, kolleksionerlar uchun orzu qilingan san’at obyekti, hamda charchagan kattalar uchun stressga qarshi vosita bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu maqolada afsonaviy kubiklar tarixining boshlanishi, nima uchun ularni hamma sevishi va bu yerda Stiv Jobsning qanday aloqasi borligi haqida so‘z yuritiladi.

Bolalar va kattalar uchun o‘yinchoqlar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan biriga aylanishdan oldin LEGO uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Bu yo‘l hatto muvaffaqiyatli boshlash uchun mutlaqo noqulay bo‘lgan davrda – Buyuk depressiya paytida boshlangan edi.

1930-yillarda yosh daniyalik duradgor va bo‘lajak LEGO asoschisi Ole Kirk Kristiansen o‘zining mebel ishlab chiqarish korxonasidan ayriladi. Ochlik, to‘rt farzandi va xotinining to‘satdan vafot etishi uni hayotining asosiy ishiga – bolalar konstruktorlarini yaratishga undaydi. Dastlab bu konstruktorlar kompaniyaning hozirgi to‘plamlariga umuman o‘xshamasdi: Kristiansen ularni yog‘ochdan yasardi. Turli shakldagi arzon va oddiy o‘yinchoqlar shunchalik yaxshi sotiladiki, tez orada Kristiansen firmani butunlay o‘yinchoqlar ishlab chiqarishga yo‘naltiradi va uni LEGO (daniyacha “leg godt” – “yaxshi o‘yna” iborasining qisqartmasi) deb nomlaydi.

Na okkupatsiya, na urushdan keyingi inqiroz brendning rivojlanishiga to‘sqinlik qilolmadi. O‘yinchoqlar barcha davrlarda zarur bo‘lgani sababli XX asr o‘rtalariga kelib kompaniya assortimenti juda kengaydi: plastmassa koptoklar, yo‘l harakati qoidalariga asoslangan stol o‘yinlari, yog‘ochdan yasalgan hayvonlar va mashinachalar figuralari paydo bo‘ldi. Biroq LEGO mahsulotlari bozorda unchalik ajralib turmasdi: hatto o‘sha o‘z-o‘zidan mahkamlanadigan qurilish bloklari ham allaqachon ba’zi konstruktorlarda qo‘llanilayotgan edi. Kristiansen boshqalar o‘ylab topgan narsani takomillashtirishga harakat qiladi va bunga erishdi: 1958-yilda u bo‘laklar ichidagi bo‘rtiqlarni mahkamlash tizimi uchun o‘zining eng mashhur patentini oladi.

Oddiy konstruktordan ko‘proq narsa

Shundan keyin biznes yanayam yurishib ketadi: mashinalarning g‘ildiraklari uchun birinchi mahkamlagichlar, tabassum yuzli harakatlanuvchi “odamchalar”, elektr motorlar va tishli uzatmalar – keyinchalik Technic seriyasiga aylangan narsalar, kichkintoylar uchun kattalashtirilgan qismlarga ega DUPLO to‘plamlari, dunyoning barcha mamlakatlariga tarqalish va 2000-yillargacha daromadning barqaror o‘sishi. Bularning barchasi kompaniya asoschisining nabirasi Kyell Kristiansen tufayli yuz beradi. U bolalarga nima ko‘proq yoqishini intuitiv ravishda aniqlay olgani uchun “LEGOdagi Stiv Jobs” deb nom olgandi. Uning rahbarligi ostida korporatsiya ilmiy-tadqiqot markaziga aylandi. Bu yerda jonli qahramonlar va syujetlar bilan fantastik dunyolar yaratildi: 1989-yilda “Oltin medalyon” nomli komiksi chiqarilgan qaroqchilar, Oyni zabt etayotgan jasur astronavtlar va o‘rta asr qal’asi devorlari yonida ajdarlar bilan kurashayotgan ritsarlar ham bor edi. Biroz vaqt o‘tgach, ularga “Garri Potter”, “Yulduzlar jangi” va hatto “Vinni Pux” qahramonlari bo‘lgan vikinglar ham qo‘shildi.

Milleniallarning sevimli o‘yinchog‘i

Bugungi kunda LEGO nafaqat konstruktorlar, balki nostalgiya ishlab chiqaruvchi korporatsiyaga aylangan. LEGO g‘ishtchalari kompaniyaning gullab-yashnagan davrida bolaligini o‘tkazgan ko‘plab millenniallar uchun chin ma’noda zavqqa aylandi. Internetda ularni AFOL (Adult Fan of LEGO – “Katta yoshli LEGO muxlisi” so‘zlarining qisqartmasi) deb atashadi.

LEGO Statistics ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda LEGO o‘yinchilarining 25 foizi 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan insonlar, 20 va 11 foizi esa mos ravishda 35-44 yosh hamda 45-54 yosh oralig‘idagi guruhlarga mansub. Ushbu raqamlar barcha LEGO iste’molchilarining deyarli yarmini tashkil etishini hisobga olsak, LEGOning ulkan assortimentida kattalar auditoriyasiga mo‘ljallangan konstruktorlarning ko‘pligi taajjublanarli emas. 

Nega kattalar ham LEGO yig‘ishni yaxshi ko‘radi? Chunki ko‘pchilik uchun bu shunchaki xobbi emas, balki ichki va tashqi muammolarni hal qilish imkonini beruvchi terapiyadir.

“Atrofingizda tartibsizlik, ishdagi, munosabatlardagi muammolar, uydagi tugallanmagan ta’mirlash ishlari, mamlakatdagi va ijtimoiy tarmoqlardagi tartibsizliklar bo‘lsa, siz bunga ayni paytda ta’sir o‘tkaza olmaysiz, chunki hammasini bir zumda to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Ammo qandaydir kichik xaosdan kichik tartib yaratish qo‘limizdan keladi: kimdir uyni tozalashni boshlaydi, kimdir jumboqlarni yig‘adi, kimdir esa LEGO bilan shug‘ullanadi”, deya tushuntiradi konstruktor kolleksioneri va Land of Lego Telegram kanali muallifi Aleksandr Kanigin.

LEGO yordamida orzu va hissiyotlarimizni quramiz

LEGOning xavfsizlik, umid va nostalgiya hissini uyg‘otish, quvonch baxsh etish qobiliyati hissiy brendingning yorqin namunasidir. Kompaniya konsepsiyasi izchil marketing strategiyasi, mohirona hikoya qilish va o‘ziga xos dizayn yordamida maqsadli auditoriya bilan chuqur va mustahkam aloqalar o‘rnatishga asoslangan.

Brend yaratuvchilari o‘z mijozlari bilan g‘amxo‘rlik, quvnoqlik va ijodkorlikka asoslangan ishonchli munosabatlar o‘rnatishga e’tibor qaratadilar.

Raqamli texnologiyalar davrida, sun’iy intellekt va ma’lumotlar tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan bo‘lsa-da, LEGO mijozlar bilan munosabatlarda insoniy omilni saqlab qolishga erishmoqda. Shu tufayli 2025-yilda korporatsiya skrolling va bolalarning gadjetlarga global qaramligiga qarshi muvaffaqiyatli kurashmoqda. Kompaniya daromadi birinchi yarim yillikda “Botanicals” to‘plamlari va “Formula-1” superkarlar seriyasining yuqori sotuvi tufayli 12 foizga o‘sdi.

“Bu shunchaki bolalar o‘yinchog‘i emas — bu boshqotirma, ijod uchun vaqt, ekrandan boshqa narsaga e’tibor qaratish imkoniyati. Bu muammolarni yechish, bu hozir va shu yerda bo‘lish”, deya ta’kidlaydi yozuvchi Jozef Koelo.

Darhaqiqat, LEGO brendi allaqachon faqat o‘yin sifatida qabul qilinishni to‘xtatgan — bugungi kunda u ijod quvonchi, cheksiz tasavvur, g‘amxo‘rlik va iliq xotiralar haqida. Bunday yondashuv kompaniyani har bir kishining shaxsiy tarixining bir qismiga aylantiradi. Har kim taniydigan yorqin qizil logotipli karton qutini xarid qilish orqali odam shunchaki mahsulot sotib olmaydi — u tarix, his-tuyg‘u va xotiralarga ega bo‘ladi.

Kommentlar: 9 komment. 9 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Gulnora

    Bolaligimda Legoni har doim orzu qilardim

  2. Gulnora

    Lekin afsus ota onam oberishmagan edi, faqat arzonroq xitoy konstruktorlar olib berishgan

  3. Gulnora

    Hozirda bolamga olib beryapman, osishi sari, har xil variantlarini olib bermoqdaman

  4. Gulnora

    Ozim ham u bilan birga otirib yigaman, juda yoqadi menga buni qilish

  5. Gulnora

    Dostlar imkoniyat bolsa, olib bolangizga sovga qiling

  6. Gulnora

    Bu bolangiz bilan munosabatlaringizni mustahkamlaydi va u bilan yaqirqoq bolasiz

  7. Gulnora

    Ishoning, menga bu juda yordam bolgan qiyin vaziyatlarda

  8. Legoni hali ham yegishni yaxshi koraman, ozim har xil narsalarni qilishni yoqtiraman

  9. Faqat bitta narsa qurish mumkin bolgan legolar manga yoqmidi, zerikarli boladi

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social