Poliz tabibi – tarvuz haqida siz bilmagan faktlar

Poliz tabibi – tarvuz haqida siz bilmagan faktlar

Ayni pishiqchilik davri, tarvuz ham serob. Bu mahsulot xushta’mligi, chanqovbosdiligi bilan birga, salomatlik uchun ham koni foyda.

Tarkibi

Tarvuz – A, S, Ye vitamini, V guruhi vitaminlari, magniy, kaliy, kalsiy, fosfor, temir va natriy moddalarini o‘zida saqlaydi.

Shuningdek, tarvuz antioksidant moddalar bo‘lmish likopin, niatsin, tiamin moddalariga boy. 100 gr tarvuz 38 kilokaloriyaga ega.

Foydasi

  • Tarvuz suvga boyligi bois peshob va safro haydovchi ta’sirga ega. Sharbati buyraklar va jigarni toksinlardan tozalaydi. Organizmda xolesterin miqdorini kamaytiradi.
  • Uning tarkibidagi foliy kislotasi teri va soch go‘zalligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, hazm tizimini yaxshilaydi, moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
  • Qarish jarayonini sekinlashtiradi, onkologik kasalliklardan profilaktika qiladi.
  • Mahsulotning 100 grammi organizmning magniyga bo‘lgan ehtiyojini 60 foizga to‘ldiradi. Bu esa boshqa moddalarning so‘rilishiga yordam beradi, yurak-qon tomir tizimi uchun foydali.
  • Stressdan himoyalaydi, baxt gormonlarining ishlab chiqarilishiga impuls beradi.
  • Ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, immunitetni mustahkamlaydi.
  • Ochlik hissini neytrallashtirgani bois parhezbop sanaladi, ozishga yordam beradi.

Qachon va qanday iste’mol qilish kerak?

Tarvuzni haddan tashqari ko‘p yeyish peshob xaltasida diskomfortni keltirib chiqaradi. Ovqatdan keyin darhol yeyish mumkin emas, bu qorin dam bo‘lishi (meteorizm), ichakdagi buzilishlarga sabab bo‘ladi.

Tarvuz mag‘zi va po‘stlog‘i mikroblar ko‘payishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Shu bois uni kesilgan holatda uzoq saqlash, kesilgan tarvuzni xarid qilish tavsiya etilmaydi.

Sun’iy sharoitlarda, tezlashtirilgan tarzda yetishtirilgan tarvuzni tanlash maqsadga muvofiq emas. Chunki bunda mahsulot azotli o‘g‘itlar bilan to‘yintiriladi. Ular organizmga tushgach, nitritlarga aylanishi, bu moddalar yurak-qon tomir kasalliklari, nafas olish va peshob ayirish tizimida muammolarni keltirib chiqarishi ma’lum.

Kimlarga mumkin emas?

Peshob yo‘li kasalliklari (peshob xaltasi yoki buyrakdagi tosh), diareya, meteorizm, oshqozon osti bezida muammolari bo‘lganlar tarvuzni ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishlari kerak.

Qandli diabeti bo‘lganlar ham tarvuz iste’molida me’yorni unutmasliklari lozim. Tarvuz qondagi glyukoza miqdorini qisqa muddatga, ammo tez ko‘taradi.

Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga tarvuz berish tavsiya etilmaydi – bu ularda allergiya chaqirishi mumkin. 2-3 yoshdagi bolalar uchun tarvuzning kunlik miqdori 80-100 gramm, 3-6 yoshlilar uchun 150 grammdan oshmasligi kerak.

Tarvuz iste’moli homilador ayollar uchun ham foydali. Undagi V9 vitamini homilaning asab tizimi shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Emizish davrida me’yorida iste’mol qilingan tarvuz onada sutni ko‘paytiradi. Ammo me’yoridan ortiq iste’mol qilish meteorizmga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak.

Tarvuzni ertalabki paytda yoki boshqa taomlardan alohida iste’mol qilish maqsadga muvofiq.

Tarvuz tanlashni o‘rganamiz

  • Lat yegan, yorilgan yoki ataylab kesilgan tarvuzni xarid qilmaslik kerak. Chunki bu yuqorida aytilganidek, mikroblarning ko‘payishi uchun qulay muhit hisoblanadi.
  • Yaxshi yetilgan tarvuzning dumi qurigan, yon tomonida och sariq dog‘ bo‘ladi, chiziqlarning rangida kontrast yuqori bo‘ladi.
  • Tarvuz po‘stlog‘iga tirnoqni yengil botirib ko‘ring. Agar tezgina kirsa, demak, mahsulot hali yaxshi yetilmagan. Shuningdek, po‘stloqni ishqalaganda hech qanday hid taralmasa, bu pishgan tarvuz, o‘tlarning hidi kelsa, bu tarvuz hali xom.
  • Pishgan mahsulotni sekin urib ko‘rganda toza va jarangdor tovush chiqishi kerak.
  • Tarvuzning qanchalik tabiiy sharoitda yetishtirilganini mag‘zidan bilish mumkin. Mahsulot mag‘zini suvga solib ko‘ring, agar suv pushti yoki och qizil rangga kirsa, demak, u nitritlarni saqlaydi. Toza mahsulotda suv rangi o‘zgarmasligi kerak.
  • Shuningdek, tabiiy sharoitda yetilgan tarvuzning mag‘zidagi «sochlari» oq rangda bo‘lishi kerak.
  • Tarvuz hajmiga kelsak, o‘rtacha kattalikdagi, 5-7 kg.dagi mahsulotni tanlash maqsadga muvofiq.
Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social