2013 yil 6 iyun` kuni Buxoroda mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida “Universiada – 2013” respublika sport o`yinlarining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
“Buxoro” markaziy stadioniga “Universiada – 2013” respublika sport musobaqalari ishtirokchilari – Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri terma jamoalari kirib keldi. Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi M.Esonov O`zbekiston oliy ta`lim muassasalari talabalarining “Universiada – 2013” sport o`yinlarini ochib berdi. Shundan so`ng, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Universiada – 2013” sport o`yinlari ishtirokchilariga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o`qib eshittirdi. O`zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangrab, Davlatimiz bayrog`i hamda Universiada bayrog`i ko`tarildi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining quyosh o`chog`idan alanga oldirilgan mash`alani ko`targan yigit va qiz maydonga kirib kelishdi. “Universiada – 2013” respublika sport o`yinlari mash`alasini dzyudo bo`yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin va London Olimpiadalari sovrindori, “Universiada – 2010” g`olibi Rishod Sobirov va badiiy gimnastika bo`yicha Osiyo chempioni, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati Husniyabonu G`ulomova yoqdi.
Dasturning badiiy qismida yosh sportchilar, raqqosalar, taniqli estrada xonandalari ishtirok etishdi. Sho`x qo`shiq va taronalar marosimga bayramona kayfiyat ulashdi. Tantanali ochilish marosimi katta kontsert dasturi bilan yakunlandi.
Eslatib o`tamiz Universiada musobaqalari bu yil ham 12 sport turi – basketbol, voleybol, kurash, belbog`li kurash, dzyudo, engil atletika, tennis, stol tennisi, futbol, gandbol, shaxmat va suzish bo`yicha tashkil etilmoqda. Unda mamlakatimizning barcha hududida o`tgan ko`p bosqichli saralash musobaqalarida g`olib chiqqan yigit-qizlardan tarkib topgan 14 terma jamoa qatnashmoqda.
Universiada ishtirokchilariga OMAD!!!!
Stadiyonni zo’r qilib qoyibdi. Maladest!!!! Universiada orqali ham ancha joyda sport komplekslar rivojlanib qoladi.