VIP («Vip») atamasi tilimizga shunchalik o‘rnashdiki, ayrimlar uni hatto o‘zbekcha so‘z deb o‘ylashgacha borgan. Ammo biz tez-tez va alohida urg‘u qo‘yib ishlatadigan bu so‘z aslida abbreviatura ekanini, asl ma’nosi ham boshqacharoq ekanidan ko‘pchilikning xabari bo‘lmasa kerak.
VIP so‘zining hayotimizga shitob bilan kirib kelish davrini uyali aloqa tizimining dastlabki qadamlari, O‘zbekistondagi ilk «sotka»lar davriga bog‘lash mumkin. Bu matoh har kimda ham yo‘q, boridan ham foydalanish xizmati juda qimmat edi.
Kimda uyali telefon bo‘lsa, u obro‘li odam bo‘lgan davrlar. Ammo shu baxtlilar orasida ham bir toifa borki, ular aloqa kompaniyasining eng qimmat va hamma xizmatlarni jamlagan, bir so‘z bilan aytganda suhbatda cheklovni yo‘q qilgan «VIP» tarifidan foydalanadilar.
«VIP»chilarning obro‘si aloqa kompaniyasi oldida ham baland – ularga alohida e’tibor qilinadi, mo‘may daromad beruvchi yaxlit mijoz-da. Tanish-bilishlar esa «falonchining telefoni «VIP» deb alqashadi.
Asta-sekin aloqa narxlari arzonlashdi. «VIP» tarifiga ham hojat qolmadi. Ammo bu paytga kelib, o‘zbekcha so‘zlashuvga chuqur kirib ulgurgan bu atama bilan ko‘z o‘ngimizda ma’no ko‘chishi ro‘y berdi.
Endi biz uchun «VIP» – mo‘l-ko‘lchilikni, bemalolchilikni, o‘ylanmay foydalanaverishni, xotirjamlikni va umuman «hammasi to‘langan» degan tushunchani anglata boshladi. To‘yxona «VIP», mashina «VIP», oshxona «VIP», stadion «VIP»…
Qisqa qilib aytganda, hashamdor mehmonxonalardagi ruschasiga «Vsyo vklyucheno» (inglizcha all inclusive) atamasini biz «VIP» deya ifodalay boshladik.
Xo‘sh, bu dabdaba ufurib turadigan «VIP» atamasi nimani anglatadi?
Inglizchasiga Very Important Person yoki VIP abbreviaturasi «juda muhim shaxs», «rahbar», «yuqori martabali shaxs», «badavlat korchalon» kabi ma’nolarni anglatib, o‘ziga xos imtiyozlardan foydalanuvchi insonlarga nisbatan ishlatiladi.
Ruslar bu so‘zni o‘zlariga moslab – «Vesma imenitaya persona» (VIP) shaklida ham ishlatishadi.
Bu atama dastlab 1940 yillarda Buyuk Britaniya aviatsiyasida o‘ziga xos e’tibor va xizmatlarni talab qiluvchi yo‘lovchilarga nisbatan qo‘llana boshlagan. Tez orada atama boshqa sohalarga ham o‘tib, u orqali shou-biznes vakillariga, siyosatchilar, yirik xaridorlarga va umuman badavlat hamda taniqli shaxslarga ta’rif berilgan hamda ular alohida imtiyozlardan foydalanishini anglatgan.
Qisqa qilib aytganda, bu so‘z (aniqrog‘i abbreviatura) aslidagi ma’nosiga ko‘ra ko‘pchilik o‘ylaganiday ma’lum bir xizmat turi, vaziyat yoki alohida e’tiborni emas, shunga loyiq ko‘rilgan shaxsni anglatadi.