Rasman: Yevropa klublari yangi Superliga tashkil etilganini e’lon qilishdi

Rasman: Yevropa klublari yangi Superliga tashkil etilganini e’lon qilishdi

Yevropaning 12 klubi yangi Superliga tuzilganini rasman e’lon qildi. Bu klublar UYeFAning YeChLni tashkil etishidan qoniqmaganini aytib, yangi liga tuzilganini e’lon qildi.

Quyidagi jamoalar Yevropa Superligasida ishtirok etishi ma’lum:

Ispaniyadan «Real» «Barselona», «Atletiko»;

Italiyadan «Milan», «Inter», «Yuventus»;

Angliyadan «Arsenal», «Chelsi», «Liverpul», «Manchester Siti», «Manchester Yunayted» va «Tottenhem».

Yangi tuzilgan Superliga prezidenti Florentino Peres bo‘ladi. Klublar bu musobaqani tashkil eta olishsa, uning o‘yinlaridan tushadigan foyda o‘zaro teng taqsimlanadi. Bu klublar UYeFA YeChLdan tushadigan daromadlarni noto‘g‘ri taqsimlashidan norozi bo‘lishgan.

Turnir formati

Musobaqada 20ta klub qatnashadi — 15ta ta’sischi klub va mavsumdagi natijalariga ko‘ra qo‘shiladigan yana 5 jamoa.

Jamoalar 10tadan bo‘lib, ikki guruhga taqsimlanadi va uy-safar tizimida o‘yin o‘tkazishadi. Har bir guruhdan 3tadan eng yaxshi jamoa chorak finalga yo‘l oladi. To‘rtinchi va beshinchi o‘rinni egallagan klublar qo‘shimcha ikki o‘yindan iborat pley-offda bellashadi. Chorak final va yarim final bahslari uy-safar tizimida, final neytral maydonda o‘tkaziladi. O‘yinlar har hafta bo‘lib o‘tadi.

Turnir avgust oyi o‘rtalarida boshlanishi rejalashtirilgan.

UYeFA va FIFA qarshi

UYeFA Superliga tuzilishini qabul qilmasligini, bu musobaqada o‘ynaydiganlar Yevropa va jahon miqyosidagi o‘yinlardan diskvalifikatsiya qilinishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, tashkilot Superliga taklifini qo‘llamagan Germaniya va Fransiya klublariga minnatdorchilik bildirgan.

FIFA ham bu tashabbusni ma’qullamasligini bildirdi.

«FIFA adolatli taqsimot modeliga qat’iy sodiqdir. Chunki jahon miqyosida futbolni rivojlantirish — tashkilotning asosiy vazifasidir.

Nizomga muvofiq, har qanday milliy, mintaqaviy va global miqyosdagi futbol turnirlari har doim moliyaviy taqsimotning asosiy tamoyillarini aks ettirishi kerak.

Shunday qilib, FIFA xalqaro futbol tuzilmalaridan tashqaridagi «Yevropaning yopiq ligasi»ga noroziligini bildiradi.

FIFA doim jahon futbolidagi birdamlikni qo‘llab-quvvatlaydi va qizg‘in muhokamalarda ishtirok etayotgan tomonlarni muvozanatli muloqotga chorlaydi», — deb bayonot beradi FIFA.

Kommentlar: 1 komment 1 ta kommentdan so'nggi 10 tasini ko'ryapsiz
  1. Hayot

    vau… juda qiziq! Bugungi kun tarixga kirishi mumkin! smile

Komment qoldirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Nima qidiramiz? Masalan,Inson

Social