Bugungi kunda Muhammad Saloh Misrning ramzi hisoblanadi. Kambag‘al oiladan chiqqan bolakay futbol olamidagi eng yorqin yulduzlardan biriga aylandi. Uning bolaligi qanday o‘tgan? Qanaqa qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgan? Nega aynan futbolni tanladi? Quyida shu va shunga o‘xshash savollarga javob beruvchi hikoya taqdim etiladi.
Jasminlar yurti va sirli qishloq
Muhammad Saloh tug‘ilgan Nagrig qishlog‘iga borish oson kechmaydi. G‘alati nom bilan atalgan qishloqqa yo‘lni ko‘rsatuvchi belgilar yo‘q. Biz qishloq deb ataydigan joyda 15 ming aholi istiqomat qiladi. Salohning tug‘ilgan qishlog‘i Misr poytaxti Qohiradan 131 kilometr uzoqlikda joylashgan. Manzilga yetish uchun 3 soat yo‘l yurish kerak. Sizni yo‘lda ko‘priklar, chorrahalar, aylanma yo‘llar kutib turadi. U yerda siz 1960-yillardagi Yevropa avtomobillari davriga tushib qolishingiz mumkin.
Atrofingizni transport vositalari o‘rab olganini, bolalar shovqini, 4 o‘rindiqli mototsikllar, unda ketayotgan ayollarning bola ko‘tarib olganini ko‘rish bu yerda odatiy hol. Ozgina yurgach projektorlar bilan yoritilgan sun’iy maydon va unda sevimli futbolchisining futbolkasini kiyib, yugurib yurgan bolalarni ko‘rishingiz mumkin. Chetda esa bolalarning o‘yinini tomosha qilayotgan kattalarni ko‘rasiz. Qanday qilib qishloqda shunday yaxshi maydon paydo bo‘lishi mumkin? Birovlar stadionni harbiy xizmat vakillari qurgan desa, boshqalar buni “Liverpul” homiysi bo‘lgan Pepsi’ning ishi deydi.
Muhammad Salohning tug‘ilib-o‘sgan joyini ko‘rish uchun butun dunyodan jurnalist va operatorlar tashrif buyuradi. Nagrig o‘zining qizil piyoz va jasminlari orqali mashhur. Bu mahsulotlar Fransiyaga, Rossiyaga va Ukrainaga eksport qilinadi.
Nihoyat Salohning oilasi istiqomat qiladigan uyga boramiz. U yer qanday ko‘rinishga ega? Boshqa uylardan ajralib turmaydi. Lekin e’tibor qaratiladigan bir jihat bor: darvozada tashqi kuzatuv kameralari joylashtirilgan. Butun qishloqdagi yagona kuzatuv kamerasi bor uy. Qo‘shnilar Salohning oilasi uyda yo‘qligini aytadi: ular yo Qohirada, yo Angliyada. Bu yerga tashrif buyurayotgan jurnalistlardan qochish maqsadida qishloqdan ketganini aytishdi.
Salohning sirli hikoyasini eshitishimiz uchun bizga Nagrig meri bilan uchrashuv tashkil qilindi. Mehmonxonada oltin rangdagi divan va kreslo joylashgandi. Yoshi katta erkak ko‘zoynagini to‘g‘rilab hikoyasini boshladi.
“Muhammad yaxshi oilada tug‘ilgan. Otasi davlat xizmatchisi va jasmin eksporti bilan shug‘ullanuvchi kishi edi. Onasi esa ofisda ishlardi. Uning oilasi futbolni yaxshi ko‘rardi. Uning otasi, Saloh Hamid Mehrez Zaki Gali, 80—90-yillarda mahalliy havaskor jamoada futbol o‘ynagan. U himoyada yaxshi o‘ynagan. Amakisi ham futbolchi bo‘lgan. Salohning futbolchi bo‘lishiga ularning ta’siri katta. Kichkina Muhammadni Al-Mahalla shahriga, “Baladeyet” futbol jamoasiga tibbiy ko‘rik uchun olib borishadi. Ammo klubga qabul qilinmaydi. Natijada u bu yerdan bir necha kilometr uzoqdagi “Ittihod Basyun”da o‘ynaydigan bo‘ladi”.
Merning uyi yaqinida sartaroshxona joylashgan. Unda Muhammadning sobiq jamoadoshi ishlaydi. “Biz u bilan bir paytlar maktab yaqinida futbol o‘ynardik, — eslaydi u. — O‘yinni doim ikkalamiz boshlardik. Keyin esa boshqa bolalar kelib qo‘shilardi. O‘yinni tomosha qilish uchun odamlar kelardi. Muhammad o‘sha paytlari porlashni boshlagandi. Iste’dodli bolalar ko‘p edi. Odamlar kimni qaysi jamoaga o‘tishi mumkinligini muhokama qilardi. Muhammad ikkalamiz “Ittihod Basyun”ga o‘tdik. Shundan so‘ng uning faoliyati boshlandi. Saloh shu paytgacha o‘zgarmagan. Oddiy va samimiy inson”.
Muhammadning boshqa bir do‘sti u haqida: “Saloh kafeda ping-pong va bilyard o‘ynaydi, suratga tushishni so‘ragan bolalar bilan selfi tushadi yoki dastxat ulashadi, — deydi. — Muhammad qishlog‘imiz an’analarini hurmat qiladi. Har bayramda kelib, ota-onasini ham ko‘rib ketadi”.
Qishloqdan Muhammad al-Bahnasini qidirdik. Aynan unga Muhammadning otasi, amakisi va akasi xayriya uchun ajratiladigan 50 ming misr funtini ishonib topshirgan. Bu pullar har oyda muhtoj oilalarga taqsimlanishi lozim. “Pullar bevalarga, yetimlarga, ko‘p farzandli oilalarga, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga yetkaziladi”, — deydi qariya. U ko‘k siyoh bilan yozilgan daftarni ko‘rsatadi. Unda yordamga muhtoj insonlarning ismlari yozilgandi. “Biz har bir vaziyatni o‘rganamiz va yordam berishga oshiqamiz. Bu Salohning xayriyalarining bir qismi, xolos. U yana bir qancha oilalarga o‘z yordamini ko‘rsatadi. Kimga, qanday yordam berganligini sir tutishni istaydi”. Qariya daftarni stolga qo‘ydi va ko‘zoynagini to‘g‘rilab, qo‘shimcha qildi: “Misrdagi iqtisodiy vaziyatni hisobga olsak, Salohga o‘xshagan insonlarning yordamlari biz uchun juda zarur. Saloh — Allohning in’omi. Uning yordami bilan men baxt ulashuvchi insonga aylandim”, — deydi al-Bahnasi.
Saloh mashg‘ulotlarga borish uchun 4 soat yo‘l yurardi. Kuch qolmasdi, avtobus yonida uxlab qolardi
Biz “Ittihod Basyun” stadioniga borishimiz bilan mahalliy bolalar qurshovida qoldik. Ular Muhammad Salohning ismini aytib hayqirishardi. Atrofda odamlar ko‘payib borar, ular arab tilida gapirardi. Ular Ronaldu, Messi, Neymar va Mbappe kabi yulduz futbolchilarni tanirdi, “Real Madrid”, “Barselona”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti” va “Liverpul” kabi grandlarni bilardi. Tarjimon orqali biri Muhammad singari chap qanotda o‘ynashini, biri chapoyoq ekanini, biri esa xuddi u singari Angliyaga borib to‘p surish orzusi ekanligini aytardi. Murabbiy bolalardan tinchlanishini va savollarni birin-ketin berishni so‘rardi.
“Osmanson Tanta”da Saloh bir mavsum: 2005-yildan 2006-yilgacha o‘ynagan. Murabbiylar bolakayning iqtidorga ega ekanini, uni poytaxtga qanday jo‘natganini darhol eslashdi.
Shundan so‘ng “Arab Kontraktors” stadioniga yetib bordik. U yerda Auad va Ali bizni kutib oldi. Sport komleksiga kirishga ruxsat berilgunga qadar biz Salohning o‘tgan safargi tashrifida tushirilgan rasmlarni tomosha qildik. “Muhammad Saloh haqiqatdan ham juda uzun sarguzashtlarni boshidan kechirgan, — deydi Saloh haqidagi kitob muallifi. — Nagrigdan Ash-Shin tomonga 2 kilometr masofani ba’zan piyoda, ba’zan velosiped bilan bosib o‘tardi. U yerdan Basyunga avtobus bo‘lardi. Basyundan keyin Tantaga, Tantadan Qohira maydoni Ramsesga borish kerak edi. Oldinda “Al-Mokavlun” tomonga avtobus bor edi. Tig‘iz taqvimda mikroavtobus odamlar bilan to‘lardi”.
Salohning bolalikdagi do‘sti Muhammad Abu Hatab bu haqida: “Ba’zan Salohning derazadan ichkariga kirishiga yordamlashardim. U esa ikkalamizga joy olardi”, — deydi.
4-4,5 soat borishga, xuddi shuncha vaqt esa qaytishga vaqt ketardi. 14 yoshli futbolchi ertalab 07:00 da uyg‘onardi, soat 08:00 da maktabga borishi va 9:30 gacha darslarga qatnashishi kerak edi. Maktabdan chiqqach Qohiraga borish lozim bo‘lardi. “Arab Kontraktors” Saloh 14:30 dagi mashg‘ulotlarga ulgurishi uchun darslardan ozod qilishni so‘rab xat yozib, maktabiga jo‘natadi. Mashg‘ulotlar 18:00 gacha davom etardi. U yuvinib olib, darhol ortga qaytardi. Agar hammasi joyida bo‘lsa, u 22:00—22:30 da uyida bo‘lardi. Ertasi kuni esa barchasi qaytadan boshlanardi.
Salohning onasi bundan xavotir olardi. U Muhammadni opa-ukalari yonida qolishini xohlar edi. Har safar farzandining ahvolini bilish uchun telefon qilganida Saloh go‘shakni ko‘tarmasdi. Otasi esa turmush o‘rtog‘ini tinchlantirib: “Uning futbol o‘ynashiga qo‘yib ber. Keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz”, — derdi. Nihoyat ichkariga kirishga ruxsat tegdi.
Hamdi Nuh, Muhammad Salohning sobiq murabbiyi va ikkinchi otasi, quvonch bilan eski xotiralarini yodga oladi: “Uni birinchi ko‘rganimdayoq iqtidorli bola ekanini bilgan edim. U chapoyoq edi. 14 yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘yinga professionallarcha yondashardi. Saloh juda kamgap bo‘lgan. Maslahatlarni diqqat bilan eshitardi. Uning javobi doim bir xil bo‘lardi: “Yaxshi, murabbiy, rahmat, murabbiy”, — xotirlaydi Nuh.
Xotiralar bo‘yicha estafeta tayoqchasini Said ash-Shishini oldi. U Muhammad Salohga “Kontraktos”ning U-16 va U-17 jamoalarida ustozlik qilgan.
“Qohira yoshlar ligasida 16 yoshli bolalar bilan mehmonda o‘yin o‘tkazdik. Raqibimiz kuchli edi. Biz 4:0 hisobida g‘alaba qozondik. Muhammaddan boshqa hamma g‘alabani nishonladi. Uning sherigi Zika het-trik qayd etgandi. Men ikkala yosh futbolchini yonimga chaqirdim. Zikaga 50 funt berdim. Salohga esa gol urmagan bo‘lsa ham 25 funt berdim. Kelajakda unda imkoniyatlar bo‘lishini, gollar urib, to‘purar bo‘lishini aytdim. Men shunchaki chiroyli so‘zlash uchun gapirmagandim, uning ko‘zidagi g‘azab, yoshlarni ko‘rib, uni tushungandim. Shundan so‘ng U-17 yoshlilar o‘rtasidagi milliy ligada 35 ta gol urgandi”.
Nagriglik 19 yoshli futbolchi 2010/11-yilgi mavsumda 20 ta o‘yinda maydonga tushdi. Misr Premyer Ligasida 4 ta gol va mamlakat Kubogida 1 ta golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Saloh Misr U-20 terma jamoasiga chaqirildi. Afsuski, yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mundialda Misr terma jamoasiga omad kulib boqmadi. Nimchorak finalda Argentina misrliklarni musobaqadan chiqarib yubordi. Vataniga qaytgan futbolchining Yevropa jamoalariga ketishi haqidagi mish-mishlar ko‘paydi. “Kontraktors” sport direktori Muhammad Saloh sotilmasligini ommaviy e’lon qildi. U jamoaning kelajagi ekanini ta’kidladi. Mavsum oxirida Saloh bir oyog‘i bilan “Al-Ahli” jamoasida edi. Lekin jamoa futbolchini qolishga ko‘ndirdi.
“Bazel” skautlari futbolchini kuzatishni boshladi. Misrdagi nazorat uchrashuvi gumonlarga o‘rin qoldirmadi: “Shartnoma imzolaymiz”
“2011-yil avgust oyida meni U-20 o‘rtasidagi mundialni kuzatish uchun yuborishdi, — eslaydi sobiq argentinalik himoyachi va “Bazel” skauti Roberto Krausas. — Musobaqa boshidan Misrning o‘yini meni hayratga solardi. O‘shanda men Muhammad Salohni o‘zim uchun kashf etdim. U qatnashgan 3 ta o‘yinni diqqat bilan tomosha qildim”.
Krausas darhol “Bazel”ning skautlar departamentiga xabar qildi. Hisobotida Salohni “juda yuqori tezlikka va to‘p bilan qoyilmaqom muomala qiladi”, deb ta’rifladi.
O‘sha vaqtda “Nyukasl” ham futbolchiga qiziqish bildirgandi. Lekin uni ijaraga olish uchun 500 ming funt to‘lashni istamagani sababidan Saloh Angliyaga o‘tmay qolgan.
“2012-yil yanvarda bir nemis agenti menga qo‘ng‘iroq qildi va Muhammad Salohni taklif qildi, — xotirlaydi “Bazel” sport direktori Georg Hayts. — Bu ism negadir menga tanish edi, keyinchalik bir necha oy oldin skautlar jamoamiz Salohni ham transferlar ro‘yxatiga qo‘shganini esladim. U ishtirok etgan bir nechta videorolikni tomosha qildim. Muhammadni tibbiy ko‘rik uchun taklif qilishga qaror qildik. Uni yaqindan bilish uchun ham bu kerak edi. Shunda xayolimizga o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazish g‘oyasi keldi. O‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdik va Muhammadni klub bazasiga 1 hafta muddatga taklif qildik. U jamoa bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishi va klub strukturasini yaxshiroq o‘rganishi lozim edi”.
Muhammad Saloh Shveysariyaga bordi. U jamoa xo‘jayinlari bilan uchrashdi. “U ingliz tilida zo‘rg‘a so‘zlashardi. U o‘rtoqlik o‘yinida qatnashib, Jerdan Shakirining o‘rnini egallay oladigan qobiliyatga ega ekanligini isbotlashni xohlayotganini sezdik”, — deydi sobiq sport direktori.
U ikkinchi bo‘limda maydonga tushirildi. Misrlik futbolchining bir nechta muvaffaqiyatli harakatidan so‘ng jamoa prezidenti Bernard Hoysler Haytsning oldiga keldi va unga qarab: “Bu nimasi bo‘ldi? Umrim davomida bunday tezkor futbolchini ko‘rmaganman!”, — dedi. Tez orada Saloh gol urdi.
Oradan bir oy o‘tib “Bazel” sport direktori Georg Hayts transferning oxirgi detallarini hal qilish uchun Qohiraga tashrif buyuradi.
“Masala hal bo‘lgan deb o‘ylagandim. Birinchi uchrashuvdayoq barchasini qaytadan boshlashimiz kerakligini tushundik. 2,5 million yevroga Salohni xarid qilish uchun 2 kun va 7 soatdan ziyod muzokaralar olib borishimizga to‘g‘ri keldi. Bu biz uchun juda katta pullar edi. Ungacha birorta futbolchiga buncha pul sarflamagandik. Tavakkalga qo‘l urdik. Undan tashqari jamoa tarixida birorta misrlik futbolchi to‘p surmagandi. Misrliklar Yevropada kamdan kam muvaffaqiyatga erishardi”, — deydi Hayts.
2012-yil 10-aprelda Saloh “Bazel” bilan 4 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Muxlislar transferdan norozi edi. Muhammadning moslashish jarayoni ham uzoq davom etdi
“Muxlislarning sabr kosasi to‘lgandi. Ushbu transfer juda ko‘p muhokama qilindi. U Shakirining o‘rnini bosishini judayam istagandik”, — deydi “Bazel”ning sodiq muxlisi Patrik Soter.
“Bazel” Chempionlar Ligasiga chiqolmadi. Murat Yakin esa Shveysariya jamoasining yangi murabbiyiga aylandi. Mutaxassis Muhammadning mashg‘ulotlardan so‘ng qolib o‘z ustida ishlashda davom etayotganini aytib o‘tdi. Saloh ingliz tilini faol tarzda o‘rgandi va jamoadoshlari bilan suhbatlasha boshladi. Maydondagi ishlari ham joyiga tusha boshladi. Ichki chempionatda kam maydonga tushsa-da, Yevrokuboklarda muntazam ravishda asosiy tarkibda tushardi.
Tez orada Muhammad texnik jihatdan jamoaning yetakchi futbolchisiga aylandi. Raqiblar ham uni hurmat qila boshladi. Chempionlar Ligasidagi “Chelsi”ga qarshi o‘yinda Saloh maydonda istagan ishini amalga oshirdi.
“O‘sha o‘yin u uchun barcha eshiklarni ochdi. Shveysariyada faqat u haqida gapirishardi, chempionatdagi himoyachilar undan qo‘rqardi. Misrdan va qo‘shni davlarlardan Muhammadning o‘yinini ko‘rish uchun o‘nlab muxlislar tashrif buyurardi”, — eslaydi Georg Hayts.
Misr 2014-yilgi Jahon Chempionati saralash bosqichidayoq ishtirokini to‘xtatadi. Bu esa Muhammadga qattiq zarba bo‘ldi. U terma jamoasini o‘z tarixida uchinchi marta (1936 va 1990-yilgi mundiallarda Misr terma jamoasi ishtirok etgan) mundialga olib chiqmoqchi edi.
2013-yilning yozida Salohga “Anderlext”, “Lion”, “Tottenhem”, “Manchester Yunayted”, “Yuventus”, “Bavariya” va boshqa jamoalardan takliflar tusha boshladi.
“U jamoamizga kelib qo‘shilganda “Bazel” uning uchun ko‘prik vazifasini bajarishini bilgandik. Saloh doim ko‘prog‘ini xohlardi. Dastlabki bir necha oy mobaynida u zaxira futbolchisi edi va har haftada mening ofisimga kelardi. Tabassum bilan inglizchada: ‘Siz bilan gaplashishni xohlayman’, derdi. U bilan munosabatlarimiz yaxshi edi. Shuning uchun mening yonimga kelishni istasa, o‘ylab o‘tirmasdi. Menga qanaqadir takliflar bormi, deb so‘rardi. Men esa unga: ‘Momo, sabrli bo‘lishing kerak, bu uchun qanchadir vaqt talab etiladi, lekin ertami-kech amalga oshadi’, deb aytardim. Nihoyat “Liverpul” Muhammad uchun 8 million yevro taklif qildi. Bu taklif bizga yoqmadi. Eng yaxshi futbolchimizni shunchaki arzon narxga qo‘yib yubora olmasdik. “Chelsi” bilan muzokaralar esa biz o‘ylagandek bo‘ldi. Yanvar oyida ikkala tomon ham o‘zini qoniqtiradigan narxga kelishdi. Saloh “Liverpul”ni tanlagan edi, lekin bitta qo‘ng‘iroq uni o‘ylashga majbur etdi”, — deydi sport direktori Georg Hayts.
“Menga shaxsan Joze Mourinyoning o‘zi qo‘ng‘iroq qildi. Juda uzoq suhbatlashdik. Unga kerak bo‘lgan futbolchi ekanligimni aytdi. “Chelsi”ning o‘yin uslubi menga mos kelishini ta’kidladi. Shuning uchun London jamoasini tanladim”, — tan oladi Saloh.
2014-yil 23-yanvarda “Chelsi” transfer amalga oshganini rasman e’lon qildi. Tranfer narxi 16,5 million yevroni tashkil etardi. Saloh Angliyaga kelishidan avval Shveysariyadagi oxirgi sovrinini qo‘lga kiritadi: u 2013-yilda Shveysariya Superligasining eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Mourinyo “Chelsi”da Salohning faoliyatini “ko‘mib yubordi”
Joze Mourinyo Salohning xarid qilinganidan xursand edi.
Ammo Saloh yangi jamoasida faqat o‘yin oxirida maydonga tushardi. Bir nechta o‘yindan so‘ng u o‘zining dastlabki golini urdi. Shunda ham Mourinyo uni zaxira ushlab o‘tirardi.
“Muhammad bunday vaziyatdan qanday chiqib ketishi bizni qiziqtirardi. Mourinyo yosh va iste’dodli futbolchilar bilan chiqisha olmasligini hamma bilardi. Kevin de Bryuyne va Romelu Lukakular shundan aziyat chekkandi. Endi esa Muhammad Saloh va Andre Shyurrlelar shu holga tushyapti”, — tan oladi “Chelsi”ning sobiq futbolchilaridan biri.
Liga Kubogi o‘yinidan so‘ng (Saloh o‘sha o‘yinda golli uzatmani amalga oshirgan) futbolchi Mourinyoning tanqidlar nishoniga tushib qoldi. “Kam o‘ynaydigan futbolchilar menga muammo tug‘diradimi? Men muammolarni yaxshi ko‘raman. Masalan, tanlov muammosi. Lekin bugungi o‘yindan keyin shanba kungi o‘yinga qaysi tarkibni tushirishimni aniqlab oldim. Saloh bilan Shyurrle meni hafsalamni pir qildimi? Ha!”
Aftidan mana shu barchasiga nuqta qo‘yilgan vaziyat edi. Shundan keyin Saloh deyarli maydonga tushmadi. Tushganda ham faqat zaxiradan maydonga tushdi. Tez orada Saloh va Mourinyo o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tdi.
“Saloh Mourinyo bilan suhbatda ochiq bo‘ldi. U juda xafaligini bildirdi. Bir nechta jamoa unga qiziqish bildirayotgani va ketishni xohlashini aytdi”, — tasdiqlaydi “Chelsi” vakili.
Takliflar haqiqatdan ham bor edi: asosiylari Angliya jamoalaridan. Lekin Muhammad “Fiorentina”ga ijaraga berib yuborildi.
Italiyaga borish — yosh futbolchi uchun o‘zini ko‘rsata olish uchun yangi imkoniyat edi
“A Seriya — juda yuqori darajadagi chempionat. Shuning uchun bu yerga keldim. O‘ylaymanki, bu yerda uzoq vaqt qolaman. Men mamlakat chempionatligini qo‘lga kiritmoqchiman va bir marta emas. “Chelsi”ga qaytish istagim yo‘q. “Fiorentina”da qolaman va shu yerda tajriba to‘playman, deb umid qilaman”, — dedi Saloh matbuot anjumanida.
Muhammad 7 o‘yinda 6 ta gol urdi. Italiyalik muxlislar uni yoqtirib qoldi. “Fiorentina” Salohni 18 million yevroga xarid qilishga qaror qildi. Faqatgina Muhammadning roziligi qoldi, xolos.
Salohning agenti esa: “Biz “Fiorentina”da qolmaymiz. Saloh kelayotgan yozda boshqa bir Italiya jamoasiga o‘tadi”, — dedi. Gap “Inter” haqida ketayotgan edi.
“Inter” bilan “Fiorentina” munosabatlarni aniqlashtirib olguncha, “Roma” Muhammad bilan shartnoma imzoladi. 2015-yil 6-avgustda Saloh rimliklar bilan 4 yillik shartnomaga imzo chekdi.
Totti? O, yo‘q. Saloh!
Saloh “Roma”dagi dastlabki 3 o‘yinida hech narsa qila olmadi. “Sassuolo”ga qarshi o‘yinda esa juda chiroyli gol urdi. Oldinda “Fiorentina” bilan o‘yin ham kutib turgandi. Mahalliy jurnalist Juzeppe Kalabrezi Salohga ochiq xat yo‘lladi. Ushbu xat Italiya nashrlaridan birida bosildi.
“Biz sen bilan qayta ko‘rishmaymiz degan umidda edik. Lekin sen yana “Fiorentina”ga kelyapsan. Bu safar sotqin sifatida. “Fiorentina” seni o‘z farzandidek qabul qilgandi, sen esa qochib ketding. Biz seni “Chelsi”ning o‘rasidan chiqarib olgandik, senga imkoniyat bergandik. Biz tufayli yana tabassum qilayotganding. Futboldan bahra olishni boshlaganding. Yana o‘zingni muhim futbolchi ekanligingni his qila boshlaganding. Sen bilan xuddi chempionlardek munosabatda bo‘lardik, afsuski, imkon bo‘lishi bilan qochib ketding. Buni tushuntirishga jur’ating yetmadi”.
O‘yin oldidan bosim juda kuchli edi. “Roma” murabbiyi Rudi Garsiya Salohni o‘yinga tushirish niyati yo‘q edi. Ammo baribir misrlik futbolchini dastlabki daqiqadayoq maydonga tushirdi. Mashg‘ulotlar vaqtidayoq unga nisbatan hushtakbozlik boshlangandi. Tribunadagilar bannerlar bilan tashrif buyurgandi. Ularda Salohni haqorat qiluvchi so‘zlar yozilgandi. Saloh gol urdi. Futbolchi qo‘llarini ko‘tardi va tribunadan uzr so‘radi. U golni nishonlashni istamadi.
“Roma” chempionatda uchinchi o‘rinni egallab, Chempionlar Ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Saloh esa 15 ta gol bilan jamoaning eng yaxshi to‘purariga aylandi. 2016-yil yozida “Roma” “Chelsi”dan Muhammadni to‘liq sotib oldi. Transfer narxi 15 million yevroni tashkil etdi. O‘sha yili Saloh eng yaxshi arab futbolchisiga aylandi. 2016/17-yilgi mavsumda rimliklarga chempionlik uchun bir qadam yetmadi. Muhammad A Seriyada 31 o‘yinda 15 ta gol urdi. Ikkinchi mavsumda ham sovrin yuta olmadi.
Mavsum yakunlanishi bilan Saloh “Liverpul”ga o‘tadi degan xabarlar chiqa boshladi. Lekin muzokaralar uzoq davom etdi: rimliklar futbolchini 50-55 million yevrodan kam narxga sotishni istamasdi. Angliyaliklar esa bu narx qimmatligini ta’kidlar edi. 22-iyunda esa “Liverpul” baribir Salohning transferini e’lon qildi. Tomonlar 42 million va qo‘shimcha 8 million bonus sifatida berilishiga rozi bo‘ldi.
Yana APL, lekin bu safar “Liverpul”
Yurgen Klopp Salohni xarid qilinishi judayam xohlardi.
“Muhammad juda yuqori texnikaga ega. U APLni judayam yaxshi biladi. Uni “Bazel”da o‘ynab yurganidan beri kuzataman. Hozir esa u ancha tajriba to‘plagan. U jamoa hujumiga tezlik qo‘shadi”, — aytib o‘tdi Klopp.
Klopp va Saloh bir birini juda tez tushuna boshladi. Saloh “Chelsi”dagi omadsizliklaridan keyin Angliyada o‘zini qaytadan ko‘rsatish istagida “yonardi”. Saloh “qizillar”ga juda tez moslashib ketdi. Kelganiga 1 oy bo‘lmasdanoq 7 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
2017-yil 8-oktyabrda Misr Aleksandriyaning “Borg al-Arab” stadionida Kongo bilan bahs olib bordi. Ushbu o‘yin misrliklarni 28 yildan so‘ng Jahon Chempionatiga yo‘llanma berishi mumkin edi. Lekin bahs juda katta bosim ostida o‘tdi: 94-daqiqagacha tabloda 1:1 hisobida yonib turardi. Navbatdagi hujumdan so‘ng esa hakam mehmonlar darvozasi tomon penalti belgiladi.
94-daqiqada Muhammad Saloh to‘pni o‘z qo‘liga oldi. Penaltini o‘zi amalga oshirmoqchi edi. Chap oyoqda zarba berdi. Darvozabon boshqa tomonga, to‘p esa boshqa tomonga ketdi. Hisob: 2:1! Misr Rossiyada bo‘lib o‘tadigan mundialga boradigan bo‘ldi. Muxlislar maydonga yugurib chiqdi. Butun Misr bayramni nishonlashga tushdi. Sharhlovchi esa “Bizning mamlakat, bizning sevimli Misr”, — deya ko‘zida yosh bilan gapirardi.
2017-yil 11-dekabrda BBC Salohni 2017-yilning Afrikadagi eng yaxshi futbolchi, deb e’lon qildi. Tez orada Misr ham qit’aning eng yaxshi terma jamoasiga aylandi.
Bahorda Saloh “Liverpul” bilan birga “Manchester Siti”ni taslim etdi. Mana shu o‘yindagi g‘alabadan so‘ng muxlislar Muhammadni yoqtirib qoldi: “Muhammad Saloh, qanotdan yuguryapti, Saloh, Saloh, Misr qiroli!”, — deya hayqirardi muxlislar.
“Liverpul” Chempionlar Ligasi yarim finalida “Roma”ni mag‘lub etdi
“Liverpul” Chempionlar Ligasi finaliga chiqqanidan so‘ng Britaniya nashrlari quyidagi sarlavhalarda yangilikalarni e’lon qilardi: “Shou Mo”, “Sensatsion Saloh”, “Tutqich bermas Saloh”, “Mo’jizaviy Mo “Roma”ni chiqarib yubordi”, “Dinamo Kiyev”, “Yerdagi buyuk Mo”. Muhammad Italiya nashrlarining ham nishoniga aylandi. La Gazette dello Sport nashri “Saloh “Roma”ni nokautga uchratdi” nomli sarlavha ostida xabar chiqardi. Muqovada esa Salohning gol urganidan so‘ng rimlik muxlislardan uzr so‘rayotgani tasvirlangan edi.
2018-yil 10-mayda Mo bir kechada uchta sovrinni qo‘lga kiritdi: “Mavsumning eng yaxshi futbolchisi”, “Futbolchilar fikriga ko‘ra mavsumning eng mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi”. Uchinchi sovrin esa Londonda kutib turardi. U yerda Saloh jurnalistlar tomonidan “Yilning eng yaxshi futbolchisi”, deya e’tirof etildi.
Misrlik futbolchi Sadio Mane va Roberto Firmino bilan ajoyib uchlik hosil qildi. Ular umumiy hisobda 89 ta gol urdi.
Hatto Saloh yordam berolmadi
Saloh mundialda ishtirok etadigan bo‘ldi.
Urugvayga qarshi o‘yin oldidan Kuper agar kutilmagan holatlar yuz bermasa Saloh maydonga bo‘lishini ta’kidladi. Lekin u Urugvayga qarshi bahsda maydonga tushmadi. U jarohatidan tuzalayotgandi. Misr 1-turda Urugvayga yutqazdi.
Rossiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Nagrigdagi odamlar, butun mamlakat, umumiy hisobda 100 million odam Saloh barchasini o‘zgartirib yuborishiga umid qilgandi. Saloh o‘yinga 100 % tayyorligi uchun emas, Misrga kerakligi uchun o‘ynayotgandek taassurot uyg‘otardi. U kuchini tejab, o‘ziga o‘xshamasdan harakat qilardi. U hamma ko‘rishga o‘rganib qolgan Saloh emasdi. Futbolchi penaltidan gol urgan urdi. Afsuski, umumiy hisob 3:1, rossiyaliklar foydasiga edi.
Saloh penaltidan gol urdi, lekin bu ham Misrni qutqarib qolmadi
Misr nashrlari Kuperning iste’fosini talab qilib xabarlar chiqara boshladi. Salohga esa iliq fikrlar bildirilardi: “Misrning sevimli farzandi jarohatiga qaramasdan maydonga tushdi. Saloh 28 yildan keyin Misrning mundialdagi dastlabki golini urdi”. Uchinchi o‘yin Saudiya Arabistoniga qarshi bo‘lib o‘tdi. Saloh birinchi bo‘limdayoq misrliklarni hisobda oldinga olib chiqqandi. Lekin ikkinchi bo‘limda Saudiya Arabistonining qo‘li baland keldi. Muhammad mundialda 2 ta gol urdi. Misr esa 3 ta o‘yinda umuman ochko ololmadi.
“Misr terma jamoasida mundialda qatnashish tajribasi yo‘q. Oradan 28 yil o‘tgach, Jahon Chempionatida qatnashdik. Futbolchilar qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. Kelajakda yaxshiroq natija ko‘rsatishimizga ishonaman”, — dedi Saloh.
Muhammad Saloh — butun dunyoda millionlab odamlarning sevimli futbolchisi
Nagrig qishlog‘idan chiqqan bolakay kim? U tabassum qilib turadi. Har bir golidan so‘ng barmoqlarini tepaga ko‘tarib, minnatdorchilik bildiradi. U axloqli musulmon. Ichmaydi, chekmaydi. Lekin guruch, makaron, sarimsoq, chechevitsa va achchiq pomidor sousini yaxshi ko‘radi. Har safar do‘stlari Misrdan shu mahsulotlarni olib borsa, mashinadayoq Saloh ularni yeyishga tushadi. U juda kamgap. Ijtimoiy tarmoqlardan ham juda kam foydalanadi va deyarli intervyu bermaydi. Maydondan tashqarida u oddiy hayot kechiradi.
Uning tatiurovkasi yo‘q, sochini bo‘yamaydi. Pullarini xayriyaga ishlatadi, Misr hukumati bilan hamjihatlikda nochor oilalarga yordam beradi. Atigi ikki marta siyosiy pozitsiyasini oshkor qilgan: “Makkabi Tel-Aviv” futbolchilari bilan qo‘l berib ko‘rishishdan bosh tortgan va Port-Saiddagi tartibsizliklardan so‘ng halok bo‘lganlar xotirasi uchun 74-raqamda maydonga tushgan.
U isyon qilmaydi, shov-shuvli narsalarga aralashmaydi. Balki, shuning uchun ham qisqa vaqt ichida butun dunyo futbol muxlislarining sevimli o‘yinchilaridan biriga aylangandir.
Salah qirol!
mening dustim
Messi bn shu Salahhi rasa yaxshi koʻramande.Nu uni qohirada tugʻlganini endi blvoldm.17 yoshlila oʻrtasidagi milliy ligada 35 gol urishiga sabab boʻgan oʻynni oʻqb oʻzini masulyatini biladgalla wunaqa boʻlishiga iwondm.Qoyil.Omaaaaaaaaaad
Salom Sumayya! Ko’p ishlagan inson, albatta niyatiga yetadi
Salah hozir dunyodagi eng yaxwi futbol4i
Mo Salah! Mo Salah running down the wing! Salah Salah Mo Salah, Egyptian King!
Benzema hozir Salohdan yaxwiroq
Saloh iloyim Afrika Kubogini yutib kelgin!
Salax haqiqiy geroy, juda zur inson
Sadiooooo Mane